Sharofat Ashurova. Behbudiyning qabri qayerda? (2002)

O‘n to‘qqizinchi asrning ikkinchi yarmida mustamlakachilar Turkistonni batamom qo‘lga kiritdilar. Ammo xalqning katta qismi bosqinchilarning asl niyatini yaxshi anglab yetmasdi. Chunki bosqinchilar o‘z maqsadlarini ochiq-oydin namoyon etmas, goh ittifoqchi ko‘rinishida, goho O‘rta Osiyoni G‘arb davlatlaridan qo‘riqlayotgan “do‘st” sifatida maydonga chiqardilar. Bunday siyosiy makkorlikka dastlab Xiva, Qo‘qon xonlari, hattoki, ancha hushyor Buxoro amiri ham ishondilar.
Ana shunday murakkab vaziyatda xalq orasidan chiqqan ziyolilar avom xalqqa bor haqiqatni aytishga urindilar. Bosqinchilar esa yerli xalqning ko‘zini ochayotgan ma’rifat fidoyilarini hayot sahnasidan butunlay olib tashlash rejasini tuzdilar. Mahmudxo‘ja Behbudiy ana shunday munavvarlarning biri edi.
Turkiston jadidchilik harakatining rahnamosi, yangi maorif me’mori, olim, dramaturg, publitsist Mahmudxo‘ja Behbudiyning qatl etilishi, uning qotillari borasida turli taxminlar mavjud. Mustaqillikka qadar Behbudiyning shaxsi va faoliyati deyarli yoritilmadi yoki atayin turli xil talqin etildi…
Shu munosabat bilan bir voqea esimga tushadi. 1985 yili Qarshi shahrining Iqbol ko‘chasidan choqqina hovli sotib oldik. Qamashidan otam kelib bir haftacha mehmon bo‘ldi. Qo‘shnimiz Musaxon buvani suhbatga chaqirdi. Musaxon buva yigirmanchi yillari Qarshi mahbusxonasida ishlagan ekan. Yoshi to‘qsonlarga borib qolgan bo‘lsa-da, ko‘p voqealar kechagidek xotirasida edi. Otam u kishiga dedilar:
— Boy-quloq qilish kampaniyasi boshlanib, mol-mulklarimiz tortib olingach, bu yerlar torlik qilib qoldi. Tuyalarimni haydab Tojikistonning Qo‘rg‘ontepa tumaniga o‘tib ketdim. U yerda Fayzulla Xo‘jayev bilan uchrashib qoldim. Fayzulla aka qayerdan ekanligimni bilib, “Bizning ustozimiz Behbudiyni Qarshida qatl etganlar, ammo qabri hamon sir saqlanmoqda. Imkoni bo‘lsa, Qarshiga tushib, yaqinlaringizdan surishtirsangiz”, dedi. Qashqadaryo bilan Tojikiston o‘rtasida borib keluvchilarni kuzatuvchi, himoyachi qilib qo‘limga qurol berdi. Qarshiga jo‘nadim, tanishlarni ishga solib, surishtirdim. Biroq hech narsani aniqlab bo‘lmadi. Fayzulla Xo‘jayevdek rahbar qiziqqan odam kim bo‘ldi ekan, deb o‘ylardim. Siz qamoqxonada ishlagansiz, balki, bilarsiz?
— Behbudiy deganlari qatl etilganda biz o‘smir bola bo‘lganmiz. Ayni qama-qamalar davrida Qarshi qamoqxonasida ishladim. Biz bilan birga ishlaganlar Behbudiy Xo‘ja Abdulazizxon madrasasi yaqinidagi beklik chorbog‘ida qatl etilib, shu yerning o‘zida ko‘mib, qabri tekislab tashlangan, deyishardi. Shahidlar bir necha kishi bo‘lgan ekan. Ularni o‘ldirgan yigit keyin jinni bo‘lib qolganini aytadilar.
Behbudiy domlaning shogirdlari ko‘p ekan chog‘i, tinimsiz qabrini izlashgan, biroq topolmaganlar. U kishining qabri qayerdaligini bilganlar ham, o‘ldirilgan, deyishadi. Qarshiga Behbudiy nomi qo‘yildi, ammo Behbudiyni tilga olganlarni jadidchi deb qamadilar. Qamoqxonalar tiqilib ketdi. Siyosatga aralashganlarni Toshkentga jo‘natishardi. Qolganlarini tunda olib chiqib, eski qal’a yonida yo‘q qilardilar…
Bugungi kun ziyolilari istiqlol fidoyilarining faoliyatlariga doir manbalarni izlayaptilar. Ko‘p manbalar izsiz yo‘qolgan. Yoki voqea-hodisalar teskari talqin etilgan. Shunday bo‘lishiga qaramay, xalq hofizasiga tayangan holda izlanishlar davom etmoqda. Kunlarning birida “Oltin meros” xayriya jamg‘armasi Nishon tumani bo‘limining boshlig‘i Po‘lat Xidirov bir suhbatni xotirlab qoldi.
— 1967 yil edi, chamamda, otam bilan qo‘shnimiz Husayinov bobo gurunglashib o‘tirgan ekan. Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida gap ketdi. Qo‘shnimiz qartayib qolgan, g‘assollarning piri edi. U kishi, 1919 yilning mart yoki aprel oylarining oxiri edi, deya esladi. Qarshi begi Tog‘aybekning mirshabi ruhiy kasal bo‘lib, huzuriga kelgani, u yigit Behbudiyning qatli vaqtida hovliqib qolganidan boltasi qo‘lidan chiqib ketgani, amallab boshini olgani, shu kundan buyon ko‘zida uyqu yo‘qligini gapirib berganini aytdi. Suhbatni eshitib, men ham qiziqib qoldim. Chunki Behbudiy kim ekanini bilishni istardim. Qatlda qatnashgan mirshab yigit Behbudiy va do‘stlarining qabrlarini tekislab, ustiga yo‘ng‘ichqa urug‘i sepganlarini aytibdi. Shunda g‘assol: bu musulmonning ishi emas, qanday bo‘lmasin qabrga belgi qo‘yib, Qur’on tilavot qilib kelasan, shundan so‘ng u odam seni bezovta qilmaydi, debdi. Mirshab uch chorshanba davolanib, o‘zi ko‘mgan ikki qabrning ustiga tuproq uyib, belgi qo‘yib kelganini aytgan ekan. Men gapga aralashib, o‘sha joyning qayerdaligini so‘raganimda Xo‘ja Abdulazizxon madrasasi devorining ortidagi ikkita tutning tagidaligini aytdi. O‘sha paytlari g‘ayratli jurnalistman, qo‘shnimiz aytgan joyni borib ko‘rdim, haqiqatan ham ikkita qabr qarovsiz yotardi. U kishining suhbatidan keyin radioda Behbudiy va uning qabri to‘g‘risida kattagina eshittirish berdim, biroq bunga hech kim e’tibor qilmadi. Haqiqatan ham Husayinov bobo aytgan voqealar bo‘lgan ekan…
1909 yili Xo‘ja Abdulazizxon tomonidan qurilgan madrasaga Qarshi bekligining chorbog‘i tutashib ketgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy shu chorbog‘da so‘roq qilingan, pinhona shu yerda Ahmad afandi bilan 4 kishining o‘zlariga qabr qazdirib, qatl etilgan. Bu voqealarni kimlardandir eshitgan kishilar 1980-yillari ziyoratga kelganlar. Hozirgi kunda Xo‘ja Abdulazizxon madrasasida viloyat o‘lkani o‘rganish muzeyi joylashgan. Muzey xodimlaridan Muhtaram opa bir qariya kishi kelib, o‘zini 1-maktabning tarix o‘qituvchisi, deb tanishtirgani, muzey devori ortidagi ikki tut tagida Behbudiy va uning maslakdoshlari ko‘milganini aytib, joylarini ko‘rsatib, bu gaplar omonat ekanini aytib qarovsizlikda yotgan qabrlar ustida duoi fotiha qilib ketganini so‘zlab berdi…
Viloyatda ko‘pgina qatag‘on-qirg‘in qurbonlari, shu jumladan, Mahmudxo‘ja Behbudiyning faoliyatini o‘rganish, qabrini izlab topish borasida ba’zi ishlar olib borildi. Jumladan, taniqli olimlar — Begali Qosimov, Poyon Ravshanov, ustozlarimiz — Samar Nurov, Chori Hamro, viloyat o‘lkani o‘rganish muzeyining direktori Solijon Po‘latovning sa’y-harakatlari diqqatga sazovor.
Urushdan keyingi yillarda beklikning chorbog‘i yonidan shoir, maorifchi Chori Hamro hovli olgandi. U kishi madrasa, chorbog‘ning atrofida ko‘plab qabrlar chiqqach, odam suyaklarini yig‘ishtirib, Eshon shahid qabristoniga olib borib ko‘mgani, ammo shoir Behbudiyning qabri devorga yaqin joyda bo‘lib, buzilmaganini aytgan edi.
Bu haqda dramaturg Solijon Po‘latov “Nasaf” gazetasida (2000 yil) shunday yozadi: “Men Mahmudxo‘ja Behbudiyning qatliga doir ma’lumotlarni ko‘zdan kechirdim, qariyalar bilan suhbatlashdim. Shu narsalarga amin bo‘ldimki, ular yashirin holda atrofi qalin devorlar bilan o‘ralgan xilvat chorbog‘da o‘ldirilib, so‘ng madrasa devori yaqinidagi tut daraxti yoniga ko‘milgan. Bu qabrlar 1950-yillargacha mavjud bo‘lgani, keyinchalik boshqa joyga ko‘chirilgani, qayerdaligi noma’lumligini so‘zlab berishdi, joyini ko‘rsatishdi, hozir bu tut saqlanib qolmagan. ( Hozirgi “Umid” bolalar bog‘chasi darvozasiga yaqin joyda bo‘lgan.)”
Behbudiy hazratlarining hayoti haqida ustozimiz taniqli yozuvchi Samar Nurov bilan ham suhbatlashdim. U kishi shunday dedi:
— Balki, Xo‘ja Abdulazizxon madrasasi devori tagidagi tutning yonidagi qabrlar u kishi va do‘stlarinikidir. Ammo, yana bir narsani ta’kidlashni istardim, boshimizda yetmish yil qilich o‘ynatgan siyosatdonlar o‘z ortlarini tozalab ketishni ham bilganlar. Balki, Qarshi shahridagi bolalar bog‘iga to‘rtta qabr ko‘chirilgan edi, shular jadid bobolarimizniki bo‘lishi mumkin. Chunki o‘ttizinchi yillari shahid bo‘lganlarning qabrlarini shu yerga ko‘chirib keltirish urfga aylangan. Ammo u kishi buyuk zot bo‘lgan, Amirni qoralash uchun ham, jadidlarni qatag‘on qilishda ham Behbudiyning ulug‘ligi qo‘l kelgan. Behbudiyni Amir o‘ldirtirdi, deb xalqni chalg‘itganlar, shogirdlari sifatida ziyoli qatlamlar yo‘q qilingan. Shuning uchun ham qotillik, uning qabri pinhona saqlangan…
Umid qilamizki, olimlarimiz bu boradagi izlanishlarini davom ettiradilar.

TAHRIRIYaTDAN:
Inson yorug‘ olamga hur bo‘lib, teng bo‘lib keladi. Har bir odam bu dunyoda baxtli bo‘lib yashashga haqlidir. Biroq baxtli hayotga o‘z-o‘zicha erishish g‘oyat mushkul. Buning uchun kurashmoq, jonni fido qilmoq kerak! Chunki haq olinur, berilmas! — munavvar bobolarimiz bizga shuni vasiyat qilganlar. Ulug‘ ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy va hammaslaklari ana shu e’tiqodda bo‘lganlar, ana shu buyuk e’tiqod yo‘lida jon fido qilganlar.
Istiqlol yillari jadid bobolarimizning qayta tug‘ilish yillari bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Xalqimizning bu asl farzandlarining tabarruk nomlari qayta tiklandi, ularning asarlari e’lon qilindi, faoliyatlari tadqiq etildi. Bu savobli ishlar izchil davom qildirilmoqda. Biroq tariximizning — mard bobolarimiz hayoti va faoliyatining noma’lum sahifalari hali ko‘p. Jumladan, Mahmudxo‘ja Behbudiy hayotini to‘liq o‘rganib bo‘ldik, deya olmaymiz. Masalan, bu inson va uning safdoshlarining so‘nggi makoni qayerdaligi bugungacha aniqlanmagan. Qashqadaryolik adiba Sharofat Ashurova maqolasida bu haqda ancha qiziqarli mulohazalar aytilgan. Xo‘sh, Behbudiyning qabri qayerda? Bu ulkan va haqli savolga behbudiyshunoslar, tibbiy ekspertiza xodimlari, antropolog va boshqa mutaxassislardan iborat nufuzli ekspeditsiyagina aniq javobni berishi mumkin, deb o‘ylaymiz. Axir, ming yillar burun yashab o‘tgan Abu Abdulla Rudakiy qabrini ustod Behbudiyning shogirdi Ayniy domla rahbarlik qilgan ilmiy ekspeditsiya aniqlab bergan edi-ku!..
Inshoolloh, ulug‘ ustozimiz Behbudiyning qabri albatta topilajak!

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 33-sonidan olindi.