Yosa Buson (与謝蕪村) yapon she’riyatida xokkunavislikning piri komili hisoblangan Matsuo Basyodan keyingi o‘rindagi ulug‘ shoirdir. U 1716 yilda Osaka shahri yaqinidagi qishloqlarning biri – Kemada dunyoga kelgan. Uning otameros familiyasi Taniguti bo‘lgan. Onasi Yosa degan joydan bo‘lgani uchun u Yosa Buson taxallusini olgan degan naql mavjud.
Taxminan 17-19 yoshlarida u xokkunavislik va tasviriy san’at surlarini egallash maqsadida Edo (bugungi Tokio) shahriga borib, o‘sha davrning mashhur shoirlaridan bo‘lgan Xayano Xadzinadan saboq oladi. Ustozi vafot etgach, Yosa Buson Edoni tark etib o‘n yil davomida Yaponiyani kezib chiqadi. Keyinchalik Kioto shahrida qo‘nim topib,olimigacha shu yerda yashaydi. O‘tgan vaqt mobaynida u nafaqat yetuk shoir, balki mohir musavvir sifatida ham nom chiqaradi.
Yosa Buson she’r yozish san’ati ulug‘ Basyo o‘limidan keyin tanazzulga uchragan bir paytda yashab,ijod qildi. U Basyoning she’riy runini jonlantirishga kirishdi va bu yo‘lda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Shoirning merosi “Etti she’r kitobi” nomi bilan mashhur.
Yosa Buson 1783 yilda Kiotoda olamdan o‘tgan.
* * *
Shabnam tushdi saharga yaqin.
Tog‘olchaning tikankarida
Shoda-shoda marvarid porlar.
* * *
Quyib berdi sharros yomg‘ir!
Chumchuqchalar galasi
Qo‘ngan o‘tlar chayqalar.
* * *
Zerikarli bahor kunlari.
Men esa yana
O‘tmish yodi bilan sarmastman.
* * *
Dehqon ketmon chopmoqda.
Bog‘ orti – sajdagohdan
Qo‘ng‘iroq sasi kelar.
* * *
Sarhadsiz dengiz yoqda
Bahor quyoshi porlar.
Tog‘larda olcha gullar.
Olis qishloqda
O‘tkinchi savdogarning
Ortidan it akillar.
Shaftoli gullayotir.
* * *
Yosinoda o‘g‘ri yo‘q!
Gullagan olcha shoxin
O‘g‘irlab olmas hech kim.
* * *
Bahor ham ketayotir…
Faqat ketgisi kelmas
Kechikkan olcha guli.
* * *
Og‘ir,cho‘yan qo‘ng‘iroq.
Uning tiliga qo‘nib
Qotib turar kapalak.
* * *
To‘rt yon shumg‘iyo guli.
g‘arbda kun botayotir,
Sharqdan oy chiqayotir.
* * *
Olislarda,tog‘ cho‘qqisida
Oqarib ko‘rinar ko‘ha bir qal’a –
Sabza barglar qurshagan uni.
* * *
Bulbullar sasi ila
Quchog‘i to‘la bahor
Kunlari o‘tib ketdi.
* * *
Sandalni qo‘lga olib
Sokin yoz jilg‘asini
Kechmoq qanday yoqimli.
* * *
O,qandayin bedodlik!
Sallagullar gullabdi
Men kirmagan jomeda.
* * *
Salqin shabada esar.
Qo‘ng‘iroqni tark eta
Suzar oqshomgi jarang.
* * *
Oy nuri buncha porloq!
Men bilan to‘qnasharkan,
Ko‘r qahqahlab kuladi.
* * *
Qaroqchilar boshlig‘i.
Hatto u shunday tunda
Oy haqda qo‘shiq bitdi.
* * *
“Bo‘ron yaqinlashmoqda!” –
Yo‘lim to‘sgan qaroqchi
Xatardan ogoh etar.
* * *
Titrab ketdim: yotoqda
Bosib oldim marhuma
Xotinimning tarog‘in.
Xurshid Davron tarjimalari
* * *
Butalar tikoni yonoqlariga
Isirg‘a bo‘lib
Sham tushdi.
Rus tilidan Abdu Nabi tarjimasi
* * *
Mas’um atir!
Gullagan olxo‘ri novdasi
Ajin bosgan qo‘llarda.
* * *
Tutunga burkangan oy…
Qurbaqalar loyqalatdi hovuzni.
Qayda suv? Qayda osmon?
* * *
Oy nuri G‘arbga qarab
Kezar. Gullar soyasi
Sharqqa qarab yuradi.
* * *
It huradi qattiq
Ostonada savdogarga.
Shaftolilar gullagan qiyg‘os!
* * *
Mana, qutilardan chiqdingiz…
Nahot, qiyofangiz unuta olsam?
Bir juft bayram qo‘g‘irchog‘i.
* * *
Og‘ir qo‘ng‘iroq.
Uning po‘lat gardishida
Mudrar kapalak.
* * *
Yoz tuni qisqadir!
Kapalak g‘umbagida yaltirab ketdi
Tonggi shudring tomchisi.
* * *
Atrofda sariq gullar.
G‘arbda quyosh botadi.
Sharqda esa oy tug‘ar.
* * *
Toshib kelgan to‘lqinlar
Ko‘k qarqara oyog‘in yuvar.
Kunbotar shabadasi.
* * *
Tepalikka chiqdim men,
Ko‘nglimga g‘am to‘ldi, ne bo‘pti?
Ana, gullab yotar na’matak!
* * *
Fudziyama cho‘qqisi faqat
Poyidagi yosh yaproqlarning
Tepasidan tuproq tortmaydi.
* * *
Tosh yo‘nadi toshtarosh!
Olovli uchqunlar
Daryo bo‘ylab suzadi.
* * *
Ikki yoki uch dona yaproq
Bir-birining ustiga tushdi…
Sallagullar uchadi.
* * *
Bir tutamsan, yoz tuni!
Qamishzorlar orasidan
Suzar yengil ko‘piklar.
* * *
Ikki monax-qaroqchi kurash
Tushmoq uchun bir-biri bilan
O‘t ichiga ko‘milib ketar…
* * *
“Mana, sizga sovg‘a xonbaliq!”
Deya tun yarmida baliqchi
Darvozani taqillatadi.
* * *
Izg‘irin ufurar tun!
O‘z soyamni bosaman
Daryo qirg‘og‘i bo‘ylab.
* * *
Salqin shabada.
Qo‘ng‘iroqdan uchib chiqib
Taraladi kechki zang.
* * *
Qishloqdagi eski quduq.
Sakrab pashsha tutdi baliq…
Zulmat shalopladi tubanda.
* * *
Shiddatli do‘l yog‘ar!
Tarmashadi zo‘rg‘a maysaga
Qarg‘alarning galasi.
* * *
Shundoq yo‘lning bo‘yida
Ochildilar tungi yomg‘irda
Tashlandiq chinni gullar.
Tursun Ali tarjimalari
***
Yog‘du sochdi oy!
Ko‘r turtinib ketdi men bilan
Va kuldi u…
***
Qaroqchi qo‘rboshi ham
Shunday tun oy haqida
Qo‘shiq to‘qir, ehtimol!
Rauf Parfi tarjimasi