Matsuo Basyo (1644-1694)

Matsuo Munefusa (松尾芭蕉) 1644 yili Yaponiyada tug‘ilgan. Basyo uning taxallusi bo‘lib, Matsuo hokku janrida muvaffaqiyatli ijod qilgan shoirlardan biridir.
Basyo yoshligida samuray bo‘lgan, lekin u 1666 yildan keyin shoir bo‘lishga qaror qiladi. U o‘z hokkularida hayotda uchraydigan holatlar, xursandligu-qiyinchiliklar haqida yozadi.
O‘zini hayotda yolg‘iz his qilganida esa, u o‘zini “bashoan” – chaylasiga (basho – o‘simlikdan yasalgan kulba) urdi. Aynan Basyo taxallusi ham shundan. Basyo o‘z she’rlarida tabiatni madh etishga, unga oqilona munosabatda bo‘lishga chaqiradi. Basyo hokkularida so‘z o‘yinini qo‘llagan bo‘lib, bu uning ta’sirini oshiradi.
Basyo umrining oxirgi 10 yilida birqancha sayohatlar uyushtiradi va lar ta’sirida ijodiy ilhom oladi. Mana shunday sayohatlarining biri haqida “Oku-no-hosomichi” (“Shimolga olib boruvchi qisqa yo‘l”, 1702 yil) da ma’lumotlar yozilgan.

XOKKULAR

  * * *

Gulgun bahor bayrami,
Juldur chopon bir gado.
Kimdir ul? Ehtimol, dono?

* * *

Tol uxlaydi bosh egib,
Go‘yo uning joni kabidir,
Butoqda bulbul.

* * *

Shoxdan-shoxga uchadi
Ohista marjon tomchi.
Bahoriy yomg‘ir.

* * *

Ulug‘vor qiyofada
Boqmas gilos guliga
Tanho qayin daraxti.

* * *

Oh, uyg‘on, uyg‘on!
Hamdard o‘rtog‘im bo‘l, sen,
Uyqudagi parvona.

* * *

Yakka kulba ustunin
Qattiq taqillatar
O‘rmon arbobi.
* * *

Shubhalanma!
Dengizning o‘z bahori bor –
To‘lqin gullari.

* * *

Oh, qutlug‘ zavq-shavq!
Yashil va yosh yaproqqa
Oqar kun nuri.

* * *

Poyoni yo‘q dengiz hayqirar,
Hali yiroq sado qirg‘og‘i,
Somon yo‘li yozilur.

* * *

Bu qanday azob?
Dorda kichik qafasda
Asir chigirtka.

* * *

Tinch soy sabosi.
Choy yaxshi! Sharob yaxshi!
Oydin kecha yaxshidir!

* * *

Tun. Zimiston. Men yotdim,
Chiroqqa yo‘q moy… Birdan
Derazadan boqar oy.

* * *

Kiftimga olayin, onajonginam,
Qaynoq yoshim ila eritay
Sochingda oq qirovni!

* * *

Birinchi qor yuzida
Qish tongi go‘zal ko‘rinur
Badbashara qarg‘a ham.

* * *

Ko‘za sindi charsillab,
Suv bor ekan, muzlabdi,
Men uyg‘ondim daf’atan!

* * *

Kech kuzak payti.
Tanholikda o‘ylayman:
“Qo‘shnim holi ne kechdi?”

* * *

Hasrat to‘la qalb,
Butun g‘amu hayajonni
Barno tol uchun baxsh et!

* * *

Chor atrofdan
Olcha barglari uchadi
Nio ko‘liga.

* * *

Uzun kun bo‘yi
Bahor chog‘i kuylashdan
Hech tinmas to‘rg‘ay.

* * *

Kapalakning parvozi,
Tong quyosh nuri ila
Uyg‘otar tinch dalani.

* * *

Mag‘rur turadi
Boqmay olcha guliga
Tanho bir eman.

* * *

Tag‘in qalbda tirildi
Ota-onam hasrati.
Dod solar toq qirg‘ovul!

* * *

Bu jajji bug‘u
Budda tug‘ilgan kuni
Dunyoga keldi.

* * *

El esar zamon
Tol shoxi butog‘idan
Uchar kapalak.
* * *

Pion gul dargohidan
Bolari dardchil ketar,
Oh, ul nochor ayrilar!

* * *

Chavandoz! Otni hayda,
Dala bo‘ylab u tomon.
Unda kuylar kakku qush.

* * *

Zarpechak guli.
Menga u ham va lekin
Do‘st emas ortiq.

* * *

O‘choq yonida,
Hamma unut…
Yig‘lar chigirtka.

* * *

Men hasratgarni
Ortiq g‘am ila to‘yg‘az,
Olis kakku firog‘i.

* * *

Yarqirar shudring.
Unda bor g‘am belgisi,
Unutmang zinhor.

* * *

Men bilan bir go‘shada
Ikki qiz: gul shox biri,
Biri tanho oy.

* * *

Kuz ham tugadi!
Ammo ko‘zga nur berar hamon
Ko‘m-ko‘k mandarin.

* * *

Ko‘chib yurguvchi o‘choq.
Shunday, sayyoh uchun va senga
Hech qayerda orom yo‘q.

* * *

Oh, yengil-engil
Osmon bo‘ylab suzadi
Bulutlar va oy.

* * *

Yodingdami o‘sha qor, do‘stim?
Bultur ko‘rgan edik sen bilan,
Nahot o‘sha qor yana yog‘ar?

* * *

Ona qishloq yodimga tushdi.
Unga kindik qonim to‘kilgan,
Men yig‘layman yillar g‘amida.

* * *

Tinchidi kuz quyuni.
Undan qolgan narsa faqat shu –
Olis to‘lqin shovqini.

Rus tilidan Rauf Parfi tarjimalari

* * *

Oqshom chog‘i safsargul
Meni asir ayladi –
Hushim yo‘qotib qo‘ydim.

* * *

Ey,olcha g‘unchalari,
Shabboda ko‘nglin olib
Kulib yuboring tezroq!

* * *

Sochi yoyiq majnuntol…
Uyimga ketolmasdan,
Mixlanib qoldim uzoq.

* * *

Olcha gulladi qiyg‘os –
Bekindi bulutlarga
Sharmandasi chiqqan oy.

* * *

Yo‘llar bosdim ko‘p uzoq.
Huv,bulutlar ortida
O‘tirib dam olurman.

* * *

To‘shakda yotganimda
“Kuz yetib keldi!” deya
Qulog‘imga shivirladi yel.

Yana vatanimga qaytib

Hech to‘ymasdan boqurman –
Ado tog‘i ustida
Balqqan oy buncha go‘zal.

Shogirdimga javob

Men bir oddiy odamman!
Pechakgul gullaganda
Eganim quruq shovla.

Qariya Du Fu

Bo‘ronni uyg‘otib soqoling bilan
Qayg‘urarsan,kech kuz kirdi deb…
“O, kim senga bag‘ishladi jon?”

“DALADA OQARIB YoTGAN SO‘NGAKLAR” DEB NOMLANGAN YO‘L DAFTARIDAN ShE’RLAR:

* * *

Tuman yuzar, kuz yomg‘iri yog‘ar.
Ko‘zga ko‘rinmasa ham Fudzi cho‘qqisi,
Bu dam u ko‘nglimni yoritib turar.

* * *

Uxlab qoldim ot ustida.
Uyqu aralash ko‘rdim: olislarda porlar oy.
Qaydandir tutun o‘rlar.

* * *

Oysiz kecha. Zulumot.
Ming yillik daraxt bilan
Olishar tungi bo‘ron.

* * *

Shu yerda halok bo‘lgan
Esimito qalbidek
G‘amlisan, kuz shamoli!

Dunyodan o‘tgan onamning soch tolalari

Eriyotir kaftimda
Ko‘zyoshlarim taftidan
Sochlarning oq qirovi.

Saygyo kuylagan buloq

Avvalgidek buloqning
Shabnamlari tomchilar…
Kir hayotni yuvsaydim!

Imperator Godaygo qabri yonida

Unut qabrni bosmish
“Qayg‘u o‘ti”… Ayt, nechun
Qayg‘urarsan, ey maysa?

* * *

Mayli, ho‘l bo‘lsin ko‘ylagim,
O Fusimi shaftolilari,
To‘king, yomg‘ir tomchilarini!

* * *

Toqqa qarab o‘rlayman… Birdan
Engil tortdim, quvonib ketdim:
O‘tlar aro binafsha gullar.

“DARVISh ShOIR MAKTUBLARI” NOMLI YO‘L DAFTARIDAN:

Xatsusadagi ma’buda Kannon ibodatgohida

Ibodatgoh .Bahor kechasi.
Huv,burchakda ibodat qilgan
Qiz chehrasi naqadar go‘zal.

Bodaysen tog‘idagi ibodatgoh xarobalari

Ey, ko‘kat tergan odam,
So‘yla, bu tog‘ o‘tmishda
Ne-ne hasratni ko‘rgan?!

* * *

Yana dilda uyg‘ondi birdan
Ota-onam qayg‘usi, yodi.
Tanho tustovuq sasi.

* * *

Sovuq ham gap bo‘ptimi!
Do‘stim bilan tunadik birga.
Yuragim to‘la quvonch.

* * *

Qani tezroq, do‘stlarim!
Ilk qor tushdi – kezaylik
To yiqilib qolguncha.

* * *

Qani ketdik! Men senga ko‘rsatay
Yosino bog‘larida gullagan bog‘chalarni,
Ey,eskirgan qalpog‘im!

Dunyodan o‘tgan shoir Sengin bog‘ida

Ne-nexotiralani
Uyg‘otdingiz ko‘ksimda,
Qari bog‘ olchalari!

Isa ibodatgohini ziyorat qildim

Qayerda u, qaysi daraxtda
Yashnar bu gul – o‘zim bilmayman,
Biroq hidi dimoqqa yetdi.

Saygyo yashagan kulba yonidagi jilg‘a

Bahor yomg‘ri kabi
Oqar butoqlar aro.
Shivirlab turgan buloq.

Xurshid Davron tarjimasi

***

Qorli tong.
Yana quritilgan baliqni
Eyman shekilli yolg‘iz bir o‘zim.

***

Dengiz suvida suzib yurar
Mayda yaltiroq baliqchalar
Tutaman desang yo‘q bo‘lib qolishar.

***

Sovuq shamollarda sholoplar eshkak
Yuragim siqilar
Tun yana ko‘z yosh…

***

Shu qoyadan turib
Ko‘m – ko‘k dengizga
Qalpog‘imni uloqtiraman!

***

Qishki dala
Uzoqlarda yurar dexqonlar
Qolgan – qutgan cho‘plarni yig‘ib

***

Sochim o‘sibdi
Ozib ketdim, rangim olingan
Bug‘u oyidagi yomg‘ir to‘xtamas.

***

Banan yaproqlari so‘lg‘in
Oyning porlab chiqishini
Sarg‘ayib kuzatar dexqonlar

***

Yo‘llar toyg‘oq muzlama
Attang, toyib yiqildi
Shirakayf do‘stim.

***

O‘lgan o‘g‘lin eslab yig‘ladi ota
So‘nayotgan gulxan cho‘g‘lari
O‘chib qoldi uning ko‘zyoshlaridan.

***

Egnimdagi qog‘oz ko‘ylagimni
Ivitib yirtibdi
Bahor yomg‘iri.

***

Muzlagan olabug‘a baliqlari
Irjaytirib yotar tishlarin
Sovuq do‘kon peshtaxtasida.

***

Qaydasan sen, mening tayanchim?
Xassa qilib olgan cho‘pagimni
Sindirdi kuzgi shamol.

***

Ufqlarga botmoqda quyosh
Kuzgi daryo suvlarida
Yaltillaydi mayda baliqlar.

***

Choponim yupqa.
Kun bo‘yi o‘tirib undagi bitlarni
Terib o‘ldirdim.

***

Juda qalin qor yog‘ibdi
Endi Xakbinz tog‘idan
Qanday oshib o‘tar odamlar?

***

Yosinodagi gullagan giloslarni
Ko‘rsataymi senga,
Mening qalpog‘im?

***

Oxir quvib yetdim
O‘tgan bahorni
Olis “Vaka” bandargoxida.

***

Voy bayov!.. Voy bayov!..
Yana nima deyish mumkin siz xaqingizda
Yosinodagi gullagan giloslar!

***

Ot ustida uxlab qolibman.
Uyg‘onganda ko‘rdim olisda oyni
Tongi tutunlar.

***

Qarayman, aylanar qorga
Qorong‘u kechada
Qishki yomg‘irlar.

***

Ustunlariga has – xashak ilingan
Ko‘prik xayrlashayotir
To‘lin oy bilan.

***

Qaydan keldi bu yalqovlik?
Bugun arang uyg‘otishdi meni
Shovullaydi bahor yomg‘iri.

***

Qiziqamiz yonar qurtlarga,
Qayiqchidan umid yo‘q, u mast,
To‘lqinlar qayiqni surib bormoqda.

***

Oydin qish kechasi
Qor bosgan yo‘llar,
Itga otay desam topilmaydi tosh.

Xoldor Vulqon tarjimasi

* * *

“Xazon fasli keldi!”
Qulog‘imga shipshidi shamol
Shundoqqina bag‘rimda yotib.

* * *

Majnuntol uxlaydi egib boshini,
O‘ylaymanki, novdasiga qo‘ngan bulbul
Uning yuragiga o‘xshaydi.

* * *

Suv shunchalar sovuqki:
To‘lqinlarda chayqalib-chayqalib,
Uxlay olmas chag‘alay.

* * *

Ichidagi suvi muzlab,
Qarsillab sindi ko‘za.
Uyg‘onib ketdim cho‘chib.

* * *

Sharob to‘la qadahga,
Qaldirg‘ochlar, tushirib qo‘ymang
Tumshug‘ingizdagi loyni.

* * *

Qishning so‘nik oftobi.
Ot ustidaman
Muzlab qoldi ko‘lankam.

* * *

Mov mushuklar jimib qolishdi.
Tuman qo‘ynidan boqar
Yotoqxonaga oy.

* * *

Sovuq tushdi yo‘lda to‘satdan,
Choponini yechib olsammikin,
Daladagi cho‘p qo‘riqchining?

* * *

Shogirdimga

Uzoq yurtga ketgan, yo‘lovchi,
Qaytgil,
Najib chechaklarni ko‘rsatay senga.

* * *

Qarg‘a, aytgil, bu yerdan
G‘ala-g‘ovur shaharga
Nega uchib ketgaysan?

* * *

O‘rdak yerga qapishib oldi.
Qanotlari – ko‘ylagi bilan
Yashirdi yalang‘och oyoqlarini.

“Maymunning somon soyaboni” to‘plamidan

* * *

“Issiq, buncha issiq, quvvat yo‘q…”
Dod eshitilar har darvozada.
(Basyo)

* * *

Shamol va yomg‘irga ham usti ochiq,
Yupungina turar chaylacha…
Umrboqiy boshpana, mangu boshpana!
(Basyo)

* * *

Yolg‘iz kechgan umr gultoji –
Yaratildi she’rlar kitobi!
(Kyoray)

* * *

Qariya mutolaa qildi she’rlarni,
Titrab ketdi xotiralar…
Sevgan edi necha bora!
(Bontyo)

* * *

Shoirlarga intiho bitta:
Jinko‘chada nochor qashshoqlik…
(Basyo)

Ruschadan Tursun Ali tarjimalari

* * *

Unsiz, mungli
Bargdan-bargga tomchilar
Kuz yomg‘irlari!

* * *

Kech kuz shomi.
Ship-shiydam novdada
Qunishgan birgina qarg‘a.

* * *

Yoz ang‘izlari!
Yashillik qurbonlari
Jon berarlar qanday mardona…

Rus tilidan Abdu Nabi tarjimalari

BAHOR

Majnuntol egilib uxlar xotirjam.
Yam-yashil shoxida qo‘ngan bulbulni
Tolning yuragiga o‘xshatgim keldi.

* * *

Oqshom chog‘i safsargul
Meni asir ayladi –
Hushim yo‘qotib qo‘ydim.

* * *

Ey, olcha g‘unchalari,
Shabboda ko‘nglin olib
Kulib yuboring tezroq!

* * *

Ey, eskirgan qalpog‘im, qani ketdik, tezroq yur,
Yosino bog‘larida gullagan bog‘chalarni
Senga ko‘rsatib kelay.

* * *

Yopiray!.. Yopiray!..
Hayratimga so‘z topolmayman –
Yosinoda gullabdi bog‘lar!

YoZ

* * *

Yozgi o‘tlar qalin yuksalmish –
Shonu shavkat deb yongan qadimiy jangchilardan
Nima qolgan bo‘lsa, shu o‘tlar qolgan.

KUZ

* * *

Molxonaning tomi ostida
Chivinlarning zaif ovozi;
Kuchaymoqda kuzning shamoli.

Xurshid Davron tarjimalari