Xakusyu Kitaxara (北原 白秋; 25 yanvar 1885, Yanagava, Fukuoka — 2 noyabr 1942, Tokio) — yapon shoiri, bolalarga atalgan asarlari ham mashhur. Haqiqiy ismi — Ryukiti Kitaxara (北原 隆吉).
«Siyohrang suvratlar» kitobidan
O‘n oltinchi kechada to‘lin oy
yonboshladi ufqqa sal.
Zulmat ichinda yog‘du.
Miltiraydi olis yulduzlar,
Nilufar gul bulutlar,
Zulmat ichinda yog‘du.
Dengizlar-da sokin mavj, to‘lqinlar ham qotgan jim
Dovulning taraddudi.
Zulmat ichinda yog‘du.
Oy yonadi porillab – tepamda xansirar
Qalin o‘sgan bambukzor.
Zulmat ichinda yog‘du.
Barcha maysazorlarda sayraydi chigirtkalar,
Yaltirar kuzgi shudring.
Zulmat ichinda yog‘du.
* * *
Oy tuqqan tun
ko‘rinmaydi tamaki tutun –
faqatgina hid.
* * *
Go‘dak tabassumi –
Endigina tug‘ilgan oy –
yulduz misol xira miltirar.
* * *
Shudring tushdi
qizg‘aldoq yaprog‘iga oydin tunda
bambukning ildizida.
* * *
Yonma-yon yangradi
Odamlarning tovushlari o‘tloqda,
Na’matak belangan oyning nuriga.
* * *
Oydin kechada
ko‘rinmas tumanlar emanlar ichra
tomchilaydi tomchilab.
* * *
Oy yog‘dusi ostida
o‘tloqdagi so‘qmoqda tinmaydi aslo
bedananing sayrog‘i.
* * *
G‘ira-shira tun chog‘i
oy yoritgan to‘lqinlar ichra
yurib boradi qayiq.
* * *
O‘rmonzor o‘tlog‘ining naqd yuragida
Ulkan daraxtlar aro chuvaladi tor so‘qmoq.
Tuman va yomg‘ir aro o‘sha tor so‘qmoq bo‘ylab
Necha yillar izg‘idi tog‘larning bo‘ronlari.
Ruschadan Tursun Ali tarjimalari
QIRMIZI QUShChA
– Qushcha,
Nima gap o‘zi,
Nega ranging qirmizi?
– Qizil mevalar yedim.
– Qushcha,
Qushcha, ayt, o‘rtoq,
Nega buncha ranging oq?
– Tutxo‘rlik qilgan edim.
– Qushcha,
Patlaring moviy,
Nega ranging samoviy?
– Osmonni cho‘qib yedim!
Rus tilidan Nurulloh Oston tarjimasi