Van Vey (xitoycha: 王維 (ikkinchi ismi: Mo Sze 摩詰) (699—759) Tan sulolasi davri she’riyatining ikki buyuk siymosi Li Bay va Du Fu kabi Xitoy adabiyotining eng ardoqli vakilidir. Shoir hayoti qashshoqlik, surgunu qamoq mashaqqati bilan oliy maqomli saroy amaldorining davlatmand turmushi lavhalariga boy tarzda kechdi. Ham mashhur shoir, xitoy tasviriy san’atida o‘ziga xos manzara (peyzaj) maktabiga asos solgan mo‘yqalam ustasi, usta xattot va tengi yo‘q musiqachi bo‘lgan Van Veyni zamondoshlari «Budda shoiri», keyingi avlodlar esa «Jannatdan tushgan maloik» deya sharaflaganlar. Uning ijodiy faoliyati bugungacha adabiyot va san’at ahli uchun o‘rnak bo‘lib kelmoqda.
BAHOR TUNI BAMBUKDAN TIKLANGAN ShIYPONChADA
LANTYaNGA QAYTAYoTGAN AMALDOR SYaNYuGA TAQDIM ETAMAN
Sokin kecha. Borliq uyquda —
Tiriklikni quchgan farog‘at.
Bambukzorning ortida esa
Itlar hurar tinmasdan faqat.
Men eslarman ushbu on olis
Tog‘lar aro yotgan o‘lkani
Va sharqiroq jilg‘a bo‘yida
Qad tiklagan mo‘jaz kulbani.
Siz baxtlisiz, havasim kelar:
Siz jo‘naysiz erta kun chiqmay,
Unda tonglar giyoh terasiz,
Boylik, amal tashvishin chekmay.
ChJUNNAN TOG‘LARIDAGI KULBA
Etib kelgach umr o‘rtasi
Dil suyarkan haqiqatniyam.
Janub tog‘in boshpana etdim
Sochimga oq qirov qo‘ngan dam.
Quvonchlarni tuyib shodumon
Sayr etarman endi men tanho.
Go‘zal go‘sha tomon eng yaqin
Yo‘ldan bormoq endi muddao.
Shaddod jilg‘a boshigayam eng
Qisqa yo‘lni topib borurman,
So‘ng yonboshlab cho‘qqini quchgan
Bulutlarga uzoq boqurman.
Ba’zan uchrab qolar yo‘limda
O‘tinchi chol — hordiq olurmiz,
Uzoq suhbat qurarmiz dildan,
Kech kirganin bilmay qolurmiz.
AVJI BAHOR PALLASI
DALA-BOG‘LARNI KEZIB YoZAMAN
Uy ichidan tinglarman uzoq:
Kabutarlar sarmast g‘uv-g‘uvlar.
Huv, qishloqning orti bog‘larda
Qiyg‘os-qiyg‘os o‘riklar gullar.
Goh boltani qo‘limga olib
Shart kesaman, qurigan shoxni,
Goho olis toqqa yo‘l solib
Men izlayman shaffof buloqni.
Qaldirg‘ochlar parillab uchar
Bo‘g‘otlarga — inlari tomon.
Qo‘llarida yangi yilnoma
Qariyalar o‘qishar har on.
Sharob to‘la kosani labga
Olib bormay xayolim uchdi:
Qayg‘u quchdi ko‘ksimni birdan,
Olis do‘stim yodimga tushdi.
YoMG‘IRDAN SO‘NG DALALARGA BOQAMAN
Yana osmon sarhadi
Vodiy uzra bepoyon.
Boqqan bilan to‘ymaysan —
Gard yo‘q, tiniqdir har yon.
Chorrahada darvoza
Va qishloqning devori.
Suv ustiga engashmish
Daraxtlarning shoxlari.
Ochiq dala, undan so‘ng
Hovuzlar ko‘rinadi.
Adirlarning ortida
Alp tog‘lar surinadi.
Bu yerda dangasa yo‘q,
Hosil yig‘ish avjida.
Hovli-joylar kimsasiz,
Kunlar mehnat mavjida.
AMALDOR ChJANGA JAVOB YoZAMAN
Faqatgina farog‘at
Men cholga aziz endi.
Ming xil o‘yu tashvishlar
Yiroqdir, ko‘nglim tindi.
Endi orzu, rejalar
O‘ylarimni band etmas.
Yolg‘iz orzum: ul aziz
Qayinzorga qaytsam bas.
Qayinlarni shamollar
Bukar ekan, o‘sha choq
Tog‘ hiloli ostida
Sin*ni chalgum men o‘ynoq.
So‘rasang: Qaydan, deya
Bu quvonchu bu kadar?
Daryo yoqdan baliqchi
Qo‘shiq-la javob berar.
_________
* Sin – cholg‘u asbobi
VAZIR ChJAN NOMIGA SZINChJOUGA YuBORAMAN
Qaylarda yurar bugun
Panogoh bo‘lgan do‘stim?
Szinmen tog‘iga
Boqib zirqirar ko‘ksim.
Bu ochunda qolmadi
Dil ochguvchi bir sirdosh,
O‘chmas mehru oqibat
Bo‘lguncha umrim odosh.
Dehqonlar ila kun-tun
Yosh nihollar ekaman,
Qadim tepada yashnoq
Bog‘imda ter to‘kaman.
Boqurman janub yoqqa
Uchgan g‘ozlar iziga:
Koshki ular bilan xat
Yuborolsam do‘stimga!
TOG‘LARDA KUZ OQShOMI
Kimsasiz tog‘da yomg‘ir
Bir zum tinmay to‘kilar,
Shom cho‘karkan osmonning
Qora ko‘ksi so‘kilar.
Archazor uzra hilol
Yaraqlaydi naq yaroq.
Tovlangancha jildirar
Toshlar aro sho‘x irmoq.
Bambuk titrar — daryodan
Kirchi xotinlar qaytar.
Nilufar titrar — suzar
Baliqchilar qayiqda.
Garchi atru iforlar
Qolmasayam gullarda,
Men istarman: men ila
Qolsangiz kuz kelganda.
VANChUAN DARYoSIGA QAYTA TURIB
Sokin qo‘ng‘iroq sasi
Eshitilar yiroqdan.
Goh o‘tinchi, baliqchi
Duch keladi so‘qmoqda.
Olis tog‘lar ortida
Kun cho‘g‘lari eriydi.
Huv, bulutlar tomonga
Borurman oqshom payti.
Qiyoq bargi egilib
Namga qolgan yopishib,
Tol to‘zg‘og‘i uchadi
Bir-biriga qapishib.
Bahorda sharq o‘tlog‘i
Quvontirar barchani.
Ko‘pchib yurak firog‘i
Jim yopurmai darchani.
TOG‘DAGI KULBA
Darchani yopdim asta,
Shafaq titrar ko‘kda jim.
Har bir qayin ustida
Turna uyasin ko‘rdim.
Kunlar o‘tar, darchani
Ochgani yugurmayman.
Necha vaqtki do‘stlarim,
Jo‘ralarim ko‘rmayman.
Qizil rangli nilufar
Bargini to‘kib bo‘ldi.
Bambuk yashnar — chorbog‘lar
Gullar atriga to‘ldi.
Olis kechuv tomonda
Chiroqlar qator porlar,
Suv yong‘og‘in yig‘ib, so‘ng
Tarqaladi odamlar.
Xurshid Davron tarjimalari
SOHIL BO‘YI
Sohil bo‘yi osuda, sokin,
Yashayapman dilda halovat.
Ko‘rinmaydi atrofda tog‘lar
Yastangan keng dalalar faqat.
Tutzorlarning ortida qizg‘ish,
Ufq bosh qo‘yar yotog‘iga jim.
Ikki qishloq – ikki sohilda
Yarqiraydi daryo ham lim-lim.
Qishloq… yashil so‘qmoqlar aro
Cho‘pon bola tashlaydi qadam.
Soyasidek ortidan qolmay
Ovchi it ham chopadi ildam.
Ne bilan band kun bo‘yi zohid?
Izlab javob topolmayman hech.
Shox-shabbadan yasalgan eshik
Ochilmaydi ertadan to kech.
NILUFARLAR O‘SGAN KO‘L UZRA…
Nilufarlar o‘sgan ko‘l uzra…
Suzmoqdaman, dilda ehtiros.
Omonatroq, eski bir qayiq,
Ulkan orol – go‘zal beqiyos…
Kechga qadar qaytgum va lekin,
Ortga surgum fursatni biroz.
To‘lqinlarda sirg‘algum asta,
Ko‘l oromin buzmay, deb bexos.
Qo‘rqgum, ivib qolmasin gullar
Egnidagi baxmalrang libos.
TOG‘ BAG‘RIDAGI UY
Umrimning kuziga yetganda navbat,
Sochimga inganda oppoq tolalar.
Haqning mohiyatin anglab birma-bir
Tog‘lar yon-bag‘rida yashagim kelar.
Qanday baxt! Hurlikni sog‘inib, quchib
Sayr etgum eng dilxush manzillar aro.
Irmoqning boshiga borgum tik yo‘ldan,
Tin olib, termulgum tog‘larga… Birdan
tog‘lar cho‘qqisida uyg‘onar bulut.
Bir otaxon uchrar, boshlanar gurung;
Dilkash suhbat kechar oqshomga qadar,
Ketish fursati-da bo‘ladi unut!
Rus tilidan Nodira Abdullayeva tarjimalari