Muhammad Siddiq Navro‘zov

Yangi uyg‘ur adabiyotining dastlabki namoyandalaridan biri Muhammad Siddiq Navro‘zov XX asrning o‘ttizinchi yillari oxirlarida ijod etib, uyg‘ur adabiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan adib.
Sharqiy Turkiston o‘lkasining ko‘zga ko‘ringan madaniyat arboblaridan biri bo‘lgan Muhammad Siddiq Navro‘zov bir necha yillar davomida Uyg‘uriston yozuvchilar ittifoqining «Shingjong adabiyot san’ati» («Torim») jurnalida muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Uyg‘ur adabiyoti va san’atini rivojlantirish borasida ijodiy-tashkiliy ishlarda faol qatnashgan. Qardosh xalqlar adabiyoti namunalarini uyg‘ur tiliga tarjima qilishda tashabbuskorlik ko‘rsatgan.
Uning «Muhabbat va Nafrat» deb nomlangan to‘plami uyg‘ur, rus va o‘zbek tillarida nashr qilingan.

BIZ TUPROQMIZ

O‘lsak, tirilmasmiz, bunisi ma’lum,
Shohlar ham kiradi qorong‘u joyga.
Ular o‘tkazurlar xalqqa ko‘p zulm.
Oxir aylanurlar tuproqqa, loyga.

Jismimiz bir bo‘lib qolar ekan-da!
Yo‘q, yo‘q, «attang» deymiz xo‘rsinnb shu on,
Shohlarning bag‘ri — tosh, tosh bo‘lib qolar,
Xalq-chi, tuproq bo‘lib beraverar don!

BIZGA HAM BAYRAM BU

Yorkent turmasida 1944 — 1946 yillar ichida halok bo‘lgan siyosiy mahbuslar xotirasiga

Munglarim mungdosh bo‘lib, esdi bugun,
Toleyim ko‘p qorayib, bezdi bugun.
Subhidam zulmat bosib oldi meni,
Dushmanim ham tangligim sezdi bugun.

Yo mador ketdimikan qo‘llarimdan,
Chang-to‘zon ko‘tarilmas yo‘llarimdan?!
Bukchayib qoldim butun jim, besado.
Aylanmaydi ayol o‘ngu so‘llarimdan.

Bilmam endi, hiyla-nayrang dunyomikan,
Azal menga yozug‘ bu shum qazomikan?
Bulutlar ham ketar deyman yiroqlarga,
Hozircha shu qiynoq bilan jazomikan?

Dard kelib, dardmand bo‘lib, o‘tdi bobom,
La’nati qachongacha qilar davom!
Bilmadim, taqdir bitgan bo‘lsa kerak,
Qisar jismu jonimni bu kishan tamom!

Qo‘l-oyog‘im qaqshasa-da, mayli deyman!
Dushmanimning zulmi, — zamon zayli deyman.
Uzoqlarga ko‘z yugurtib, yig‘ib mador,
Bizlarga ham bo‘lur bayram sayli deyman!

Bir burchakka uzoq qarab ko‘zim tolmas,
Aytganlarim ro‘yob bo‘lib, so‘zim qolmas!
Qilichlarim qindan chiqib, ot solganda,
Bu kishanlik, zo‘rlik zamon, tuzum qolmas!..

TO‘RTLIKLAR

Qizlarning kulgusi — yigit hissasi,
Yigitlar sevgisi — qizlar qissasi.
Tilagim shul erur, kelib tushmasin
Hech kimning boshiga Vatan g‘ussasi.

* * *

Har qishloqning boshi bilan oyog‘i bor,
Har bir yurtning o‘z tentagu sayog‘i bor.
Hammasiga mayli deymiz, lek tuzalmas
Zolimlarga haqning tegar tayog‘i bor!

* * *

Javob bergumizdir kelajakka biz,
Javob berajakmiz har gap, har ishdan.
Biroq biling; kelajak poydevorini
Quryapmiz biz faqat qon, ter, ko‘z yoshdan!

Mirzo Kenjabek tarjimasi