Lyudmila Skirda (1945)

Ukrain shoirasi va madaniyatshunosi Lyudmila Skirda (Lyudmila Mixaylіvna Skirda) 1945 yili Kirovograd shahrida tug‘ilgan. 1968 yili Kiyev Milliy universitetini tamomlagan. U Malishka, Skovorodi, Viinichenko nomidagi adabiy mukofotlar sohibi, Ukrainada xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.


FAQAT YuZLAR NURLANDI

Ikki sevishganning visol onlarin
Kuzataman frantsuz restoranida.
Qiz o‘n sakkiz yoshda.
U qizil kimonoda,
Oddiy yerlik qizdan ko‘ra u
O‘xshar atirgulga ko‘proq.
Ularning stoli
Kattakon oynavand devor yonida,
Undan ko‘rinib turar gullagan sakura.
Ular so‘z qotmaslar,
Termulishar faqat sakuraga jim,
Goh-goh bir-biriga tashlarlar nigoh.
Yigitning har nigohidan keyin
Qizning mayin yonoqlariga
Tepchir qizillik.
Va u yengil paydo bo‘lar-da,
Engil yo‘qolar.
Taomni keltirarlar. Qiz teginmaydi ularga –
Yigit yemakka da’vat qilaroq
Qo‘llariga pichoq va sanchqini
Olmaguni qadar.
Biroq yana lahza o‘tmay,
Ular qo‘llaridagini qo‘yib,
Termularlar sakuraga –
Xuddi sehrlangandek.
Ular xatti-harakatida ko‘hlik namoyon.
Men qiz ko‘nglidagi
Masarratni tuyaman, –
Uni taomdan to‘xtatib qo‘ygan.
Oyna tashidagi oppoq gullardan
Ko‘z uzmaydi u.
Bunday latif holat davom etar uzoq.
Taomlar bir-birin o‘rnin egallar,
Teginmagan holda olib ketar ularni restoran bekalari.
Yo rab, sevishganlar bir-birlariga
So‘z qotmaslar to mudom.
Faqat yuzlari nurlanar ichki tuyg‘udan.
Qo‘l yetmas bo‘ladimi sukunat ham shu qadar…

TABIAT UYG‘ONIShI BAYRAMIDA

Setsbun-matsuri*  ayyomi – ibodatxonada
Qovurilgan no‘xatlarni otardik.
Bizlar bolalardek quvnardik
Nishonga tekkanda otgan no‘xatlarimiz.
Nishon – shlyapalar, beretlar,
To‘rvalar, xaltalar, soyabonlar edi.
Odamlar jinlar bilan yashashni istamaslar.
Shu bois xonadonlarining qorong‘i burchaklariga
No‘xatlar otib, deydilar:
“Uyda baxt qolsin – jinlar yo‘qolsin!”
Ularning munavvar yuzlariga boqib,
Ishongim keladi,
Ertaga jinlarning dunyoda kamayishiga.

_______________
* Qishda nishonlanadigan tabiat uyg‘onishi bayrami.

SENING ISMINGDAGI GULLAR

Men bir umr sevdim nilufarlarni,
Usta gulkorlarning gullarini.
Marmar qo‘ng‘iroqlar
Sehrli bo‘ylarini tarar.
Tokioda ilk nilufarlarni xarid qilaman
Va so‘rayman gulchidan:
– Bu gullar yaponchasiga qanday atalgay?
“Yuri”, – deydi u.
Va biram mamnun jilmayar,
Xuddi bu sening isming
Ekanin bilgandek, yolg‘izim…

TABIAT BILAN YoNMA-YoN

Syodzi – me’morchilikdagi ajoyib g‘oya,
Deb o‘ylayman men.
Bu borada bahslar ortiqcha.
Ayting, yana qayerda oddiygina uy
Qo‘lning yengil harakati ila
Bog‘ning bir qismiga aylanib qolar,
Ya’ni gullar, novdalarning ajib ifori,
Quyosh harorati va sarin epkin
Sizni o‘rab olar, chulg‘ar daf’atan.
Yapon xonadonin royishi ushbu:
Jihozlar, gilamlar, buyumlar nechun –
Turganda tabiat shundoq yonma-yon?

IKEGAMIDAGI NITEREN* QABRI TEPASIDA

Men bilaman,
Insonni nima boqiy etajagini –
Bu nurdir,
U tirik qalblarda qoldirgan…

____________
* Niteren (1222–1282) – mashhur yapon rassomi.

* * *

Soddalik, donishmandlik –
Ajralmas qismlari bir butunlikning.
Halqadagi yanglig‘ –
Boshi qaydadir, so‘ngi ham shunda, –
Uqtirar Sensey*.
Me’yor va marom shu, shudir farog‘at.

__________
* S ye n s ye y – yaponlarda ustoz ma’nosida qo‘llaniladi.

* * *

Gullagan sakura shoxida g‘ujg‘on
Asalarilar.
O‘nlab kameralar suratga olar:
Qovushgan onini
Ikki olamning –
Go‘zallik va
Mehnat olamin.

* * *

Aprel. Gulga kirdi yaydoq novdalar.
Tovlandi binafsha rangida dunyo.
Shodumon tuyg‘ular toshdi ko‘ksimdan.

* * *

Aprelda gulladi magnoliyalar,
Sakuralar, azaliyalar, oleandrlar,
Kameliylar, gortenziyalar, forzitsiy*lar!
Hamda son-sanoqsiz turfa giyohlar…
Oshufta yurakka yana ne kerak?

__________
Yaponiyada o‘sadigan gullar nomlari.

* * *

Yigirma yil burun
Yozgandim: “She’riyat bu – go‘zallik!” deya.
Shunda bilmaganman,
“Manyosyu*”ning besh ming muallifi ham
Shundoq o‘ylashin.

___________
* “M a n ye s yu” – birinchi yapon she’riyati majmuasi, VIII asr ikkinchi yarmi.

* * *

Xaruki Murakami* deydi:
“Hech kimga hech narsa aytmoqchimasdim…”
Men uni tushundim.

___________
* X a r u k i  M u r a k a m i – zamonaviy modern adabiyoti namoyandasi.

* * *

Quloqlaring agar ko‘rishni bilsa,
Eshitishni bilsa agar ko‘zlaring,
Daytokudzi ibodatxonasin
Hovlisida kuz yomg‘iri-la,
Albatta, sen til topishgaysan.

* * *

Tushkinlikka berilma zinhor,
Umid yordir doim yurakka –
Chorasizlik uydirma bir gap,
Ojizlarning oh-nolasi bu, –
Deb aytar Sensey…

* * *

Iforlarni hidlash,
Naqshlarga termulish,
She’riyatdan saboq,
Xattotlik mashg‘uloti,
Ilk chechak sururi,
Nay chalishni bilish,
Gerbariylar yig‘moq,
Kapalaklar tutmoq
Pinhoniy visol,
Ishq maktublari,
Taom takallufi,
“Kechki epkin ravoni”da uxlash –
Xeyan* davri amaldorin kun tartibi bu.

___________
Xeyan (794–1185)– yapon milliy madaniyati va san’atining shakllanishi davri.

* * *

Mamoyama – shaftolizor tog‘,
Xuddi shunda Fusima qasri –
Sayr etardik ko‘klam tongida,
Olcha guli qordek yog‘ardi,
Biz mast edik ishq va fusundan.

* * *

Taraladi bu kun musiqa
Hammayoqda, hamma tarafda,
Mehmonxona ayvoni uzra
Kuzatardim tevarakni men:
Uchar ko‘kda oq chag‘alaylar,
Baliqchilar to‘ri qirg‘oqda,
Qayiqchalar tebranar mavjda,
Ko‘rinadi uzoqda orol –
Yuzlarida tumandan parda,
Osmon esa biram lojuvard –
Boshi yo‘qdir,
Oxiri ham yo‘q.

* * *

Xanami* sururi – eh, uchqur damlar
Ajib tuyg‘ularni
Uyg‘otar qalbda.
To‘kilib bo‘ladi gullar yaqinda,
Biroq oldinda bor yangi bir bahor…
Shundoqdir mangu…

_________
* X a n a m i – sakura gullaridan zavqlanish ayyomi.

YaPONLARNING MILLIY O‘ZIGA XOSLIGI HAQIDA

Men boshqa xalqni bilmayman,
Shu qadar
Mangulik tashvishini qiladigan
Va go‘zal soniyalar qimmatin tuyib,
Ularning qadriga yetadigan.
Yaponlar –o‘zini anglagan millat.
Bu borada fikrlar yakdil.
Balki bu – xudoni osmondan emas,
O‘zlaridan izlaganliklari bois.
Inchunun ular
Qiyomat hukmidan-da,
Do‘zax azobidan-da qo‘rqmaslar.
Balki ular
Ajdodlar vasiyatin bajararlar shunchaki?

* * *

San’at inson qalbin
Yuksaklarga ko‘tarmog‘i kerak,
Uni tozartmog‘i kerak,
Go‘zallikka oshno qilmog‘i kerak…
O, asl san’atni sog‘indik biram!

* * *

Kiyomidzudera ibodatxonasida
Shodlik chulg‘ab oldi mening qalbimni
Va bahor osmoniga uchirib ketdi.

* * *

Yapon tilidagi birinchi she’rni
Xudo Susano-o Mikoto yozgan deyishar.
Balki shu sababli bu mamlakatda –
Shoirlar xudomonand.

* * *

“Gar hurmat qilmas xalq o‘z saltanatin,
Kelar xalqni hurmat qilmas saltanat
Va pul o‘z hukmini yurgizar unda,
Mahv bo‘lgay adolat boshboshdoqlikdan”, –
Uqtirar Sensey.

GAGIKU* – ASRLAR SADOSI

I

Kangen** –
Bu musiqa haqiqatan ham
Hinddan Chinga, Chindan Yaponiyaga
Qanotlari ila uchib o‘tgan.
Uning yoshining hisobi yo‘q,
Uni minglab mashshoqlar,
Balki yuz minglab mashshoqlar ijro etganlar.
U Osiyo ruhi-la kamolga yetgan,
Balki kamolga yetgan Osiyo uning ruhi ila.
Yaponiyani uningsiz
Tasavvur qilib bo‘lmas.
Biroq, ayting, nega, nega
Menga ukrain avjpardalarin eslatar u –
Karpat tog‘larida Ivan Kupalani chorlayotgan!

II

Bugaku***  – raqqosalar, qizil libosda
Qushtumshuq niqoblarda ko‘rinarlar.
Bamisli ko‘z o‘ngimda
Taxayyul dunyosidan, ertaklar olamidan,
Sirli tilsimlar qatidan
Suzib chiqarlar g‘aroyib siymolar bir-bir.
Qarang, ular chorlarlar go‘yo qadim xudolarni –
Tuysinlari uchun daraxtlar, daryolar
Yo‘llagan ichkin qudratni.
Balkim, xuddi shundoq raqsga tushganlar
Mening bobolarim ham
Ma’jusiy makonlari tegrasida.

___________
* G a g i k u – qadimiy musiqali tomosha.
** K a n g ye n – tomoshada chalinadigan musiqa.
*** B u g a k u – gagaku tomoshasidagi marosim raqslari.

* * *

Sensey aytar: “Shuni bilgin, sen
Yaralgansan nurdan, havodan”.
“O‘zgalar-chi”, – deb so‘rayman men.
“Kimdir – suvdan, kimdir – zulmatdan,
Ular sening aksil-zidlaring.
O‘zga zotlar esa yaralgan –
Oz-ozroqdan ul to‘rt unsurdan”.
“Nur, havodan yaralmoqlik bu –
Ne degani, aytingiz, ustoz?”
“Bu degani –
O‘zgalar uchun
Ruhiy quvvat ulashgaydir ul”.
“Boshqa qavmda yo‘qmi undaylar?”
“Yo‘q. Undaylar boshqa qavmda yo‘q.
Chunki ular yerlik odamlar.
Er quvvati – bu tan quvvati.
Bo‘lishgaymi kimdir o‘z tanin?
Ulashmog‘ing mumkin o‘zgaga
Qalb nuringni, dil sururingni.
Yodingda tut: nurdan yaralgan
Odamlar hech bilmas o‘limni…”

* * *

Bu yilgi qish ko‘p qattiq keldi…
Bahorda ham erimadi qor.
Keyin birdan – ko‘kda qaldirg‘och…
Tangri qudratiga
Keltirdim imon.

Rus tilidan Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari