Dmitro Vasilovich Pavlichko (1929) — ukrain shoiri, tarjimon, adabiy tanqidchi, siyosiy arbob, diplomat.
* * *
Iltimosim shu sendan — bolam, deb, chaqir meni,
Farzandin kutayotgan, mehribon, o‘zbek ona.
Brestimni asradi, asradi Kolomimni,
Sening o‘g‘ling qon to‘kib baxtim uchun mardona.
Faqat, qayta olmadi sog‘-salomat bag‘ringga,
Balki shu armon bilan ochiq ketdi ko‘zlari…
Endi dubga aylanib, u, Karpat yo‘llarida
Yaproq yozar navqiron, ichga yutib so‘zlarin.
Tegrang qurshar farzandlar — ona, ko‘ngling xushlansin:
O‘g‘illaring — jonfido, qizlaring — sohibjamol!..
Dub barglarin uchirib balki bugun xush nasim
Voroxtadan Toshkentga olib kelsa, ehtimol!
Ruschadan Muzaffar Ahmedov tarjimasi.