Andrey Malishko (Andrіy Samіylovich Malishko) Ukrain shoiri, tarjimon, Stalin mukofoti (1947, 1971), SSSR Davlat mukofoti (1969), Shevchenko nomidagi Ukraina Davlat mukofoti (1964) laureati.
“Mening Ukrainam”, “Saylanma”, “Moviy dengiz bo‘ylab”, “Birodarlar kitobi”, “Asrning yarim kuni” kabi kitoblar muallifi.
* * *
Xoh koying, xoh, koyimang meni,
Ishim qolgan har nima bilan.
Ishim qolgan ko‘kda samolyot,
Erda hatto bir nina bilan.
Ishim qolgan menga dahli yo‘q
Daladagi traktor bilan.
Miltiqdagi otilmagan o‘q,
Kemadagi temir to‘r bilan.
Osmondagi so‘ngan, so‘nmagan
Milliard nafar yiroq yulduzlar —
Teleskopli olimga emas,
Bari menga dardini so‘zlar.
Yuragimdan o‘tadir tamom
Nimaiki dard bor olamda.
Er ostida sinalgan atom
Portlar asli mening xonamda.
Oshiq olgan bo‘sa labimda,
Ko‘nglimda u chekkan qayg‘ular.
Cho‘kib yotar mening qalbimda
Ushalmagan qancha orzular.
Shuning uchun koyimang, do‘stlar,
Har narsada ishim bor manim,
Shundan menda bu hassos ko‘zlar,
Shundan mening kuyib yonganim.
HAQIQAT
Aytar edi bir zamon onam:
— O‘sib katta bo‘lursan, o‘g‘lon.
Oqil bo‘lu mard bo‘l chinakam,
Bu ikki ish emasdir oson.
Oqil bo‘lgin. Sen bu hayotning
Keng yo‘liyu so‘qmorin o‘rgan.
Ham tomchining, ham koinotning ,
Cheksizlikda kezmog‘in o‘rgan.
Haqiqat — bir, haqiqat — achchiq,
Shundan doim baloga duchor.
Sen mard bo‘lgin, sen unga ochik
Himoyachi bo‘lgin ustivor.
Kerak bo‘lsa haqiqat uchun
Yuragingni parcha-parcha qil.
Kerak bo‘lsa haqiqat uchun
Ming bor o‘lib, ming bora tiril.
Mayli, sendan do‘stlaring kechsin,
Sendan kechsin, mayli, qondoshlar.
Rozi edim men bergan jonni
Haqiqatga baxsh etsang agar.
Oqil bo‘lu mard bo‘lgin, o‘g‘lon,
Bu ikki ish emasdir oson.
ONA
O‘t ichida tong yorishar jim,
El to‘zg‘itgan to‘zon emas, kul.
— Bunda bormi Ivanko o‘g‘lim?
— Piyodalar ichidadir ul.
Ona kezar dard ila tanho,
Dard ko‘zlari qorasidadir.
— Bundamasmi Ivanko o‘g‘lim?
— Tankchilarning orasidadir.
Ona chopar, oh tortar,
Har kimga bir so‘zni aytadi:
— Qolmadimi Ivanko ortda?
— Yo‘q, u zafar bilan qaytadi.
O‘g‘lon esa allaqachonlar
Bu olamdan bo‘lmish ravona.
Endi unga yotdir makonlar,
Zamonlar ham endi begona.
Endi zafar qo‘shirin kuylab
Tinch hayotning gashtini surmas.
Endi ona qishlog‘I bo‘ylab
Do‘stlar bilan quvonib yurmas.
Ona esa kutadi hamon,
Unga oshno shirin bir ro‘yo.
Erta tongda kelar-u o‘g‘lon,
Derazani chertadi go‘yo.
Erkin Vohidov tarjimasi