Ota Otajonov (1922-1989)

Ota Otajonov (Ata Atajanow) 1922 yili Turkmanistonning Mari viloyatida tug‘ilgan. Turkmaniston xalq yozuvchisi (1984).
Ilk asari 1941 yilda chop etilgan. Ota Otajonov bir qancha nasriy asarlar, dramalar, ocherk va hikoyalar, she’riy kitoblar muallifi.

TURKMANISTONIM MENING

Men sening shuhratli-shonli
Nomingga maftun, vatan.
Mehnat bilan topganing,
Ahdingga maftun, vatan.
Tabiating, gul chiroying,
Baxtingga maftun, vatan.
Dongdor o‘lkam,
Nomdor o‘lkam —
Turkmanistonim mening.
Aytar so‘zim,
Orzu-o‘yim —
Dilda dostonim mening!
Xushxabarli, mo‘l salomli,
Saharlaring maftuniman.
O‘t yoshligim yodga solgan
Bahorlaring maftuniman.
Do‘st kelganda keng yozilar
Dasturxoning maftuniman.
Oq ko‘ngilli,
Asal nonli
Turkmanistonim mening.
Gul manzilli,
Ko‘k dengizli
Bog‘u bo‘stonim mening.
Bu dunyoda hech bir ofat
Sendan ayri solmasin.
Qo‘sha ko‘khoshiya bayroq
Porlasin, hech so‘nmasin!
Istagim, yozgan she’rlarim
Muhabbatsiz bo‘lmasin.
Kamol top, iqbolli bo‘l,
Turkmanistonim mening.
Keragim sen,
Yuragim sen —
Jonu jahonim mening!

Tursun Ibrohimov tarjimasi.

YuRAGIM BILAN SUHBAT

Nega sen, yuragim, orom bilmaysan?
Hamisha bir yoqqa undab turasan.
Orzudan o‘ylashdan bir dam tinmaysan,
Nega sen ba’zida xayol surasan?

Nahotki keng ko‘ksim senga tor bo‘lsa?
Nahotki bukildi bardoshing tizi?
Nahotki, tashvishga umring zor bo‘lsa,
Javob ber, azizim, nima gap o‘zi?

Ta’nali boqish-la so‘zladi yurak:
– Bu orom men uchun nimaga kerak!
Oh, qani, qirlarda javlon ursaydim,
Ufqlar osharoq kezib yursaydim!

Yur, sen ham, kengliklar, safar chorlaydi,
Bas, yetar, bu yerda muqim o‘tirmoq.
Yo‘q desang, men o‘zim ketaman, mayli,
Mayli, sen qol bunda.
Qol bunda, o‘rtoq!

Shuhrat tarjimasi.

TO‘RG‘AY QO‘ShIG‘I

Abgor qolganmisan qumda hech mahal?
Men esa — mashina bilan
Necha bor…
Sahro uzra
Najot qutganman mahtal —
Do‘zax azobiga bo‘lganman duchor.

O‘kiradi motor yarador sherdek.
Guvranar,
Jilishga qayta shaylanar…
Mashina joyida turaverar tek,
G‘ildiraklar esa
Nafsiz aylanar.

Barxanlar ummondek junbushga to‘lar,
Ko‘mar mashinani eshigi qadar.
Na oldga, na ortga qo‘zg‘alib bo‘lar,
Yuragingni zulmat chulg‘aydi battar.

Nogoh motor o‘char ustiga-ustak,
Qabr sukunati cho‘kar shu zahot.
Ko‘rinmas tirik jon.
Birgina yuksak —
Yuksaklarda burgut qoqadi qanot.

Bu yorug‘ dunyoda,
Qilasan xayol,
Bu payt seni hech kim eslamas sira.
Faqat ko‘kda o‘sha burgut bemalol,
O‘lja topgan kabi
Yasar doira.

O‘ylaysan,
Qaniydi biron-bir cho‘pon,
Yoki konchi, uchrab qolsaydi shu dam…
Sukunat zalvori ortadi chandon,
Sarob misol eriy boshlar
Umid ham.

Banogoh fazoda yangrab ketar tor, —
Kenglik uzra to‘rg‘ay kuylab yuborar.
Jimit, mitti qush u.
Entikma bekor,
U seni kulfatdan nahot qutqarar?

Biroq sho‘x jilg‘adek
Yangrar qo‘shiq boz
Va nufuz taralar g‘arib ma’voga.
Qo‘yasanki unga shunchalar ixlos,
Sig‘inmovding shundoq hatto olloga.

Bilasanmi,
Qo‘shiq chorlaydi — olg‘a!
Insonsan, bir uyum temirmas, axir.
Kechgin gumonlardan,
Mo‘jiza kutma.
Shahdingdan
Chekina boshlagay taqdir.

Turkmanchadan Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi.