Berdinazar Xudoynazarov (1927-2001)

Berdinazar Xudoynazarov (Berdinazar Hudaýnazarow) 1927 yili Yerband viloyatida tug‘ilgan. Turkmaniston xalq yozuvchisi. Maxtumquli mukofoti laureati. U 1959 yilda Moskvadagi adabiyot institutini tamomlab, dastlab turli gazeta va jurnallarda, 1991 yildan Turkmaniston Yozuvchilar uyushmasi raisi vazifasida ishlagan. ”Maxtumquli huzurida”, ”Cho‘l tuyasi”, “Hayronlar qolasan”, “Ishonch”, “Cho‘pon” kabi qator g‘oyaviy yetuk, badiiy yuksak she’rlari bilan adabiyot muxlislarining qalbidan mustahkam o‘rin ola bilgan iste’dod egasi. Turli yillarda uning qator she’riy to‘plamlari chop etilgan. Shuningdek, U “Suvning hidi”(1983), “Sahroyilar” kabi birqancha romanlar muallifi hamdir. Yozuvchining “Sahroyilar” romani Habiba Mansurova tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, 1984 yilda “G‘afur G‘ulom” nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida chop qilingan.

O‘ZBEK ChOYXONASI

Choyxona uchradi har bir tomonda,
Oqin suv bo‘yida, bog‘-rog‘ ichida.
Baliqlar jazillab dog‘-yog‘ ichida,
Palovlar pishardi cho‘ng-cho‘ng qozonda.
Ko‘zimning o‘ngida butun bir Toshkent
Yayrardi yam-yashil quchoq ichida.

Yo‘lingda choyxona tursa, og‘ayni,
Choyxo‘rlik gashtidan kecha olmassan.
Shopirib-shopirib ich achchiq choyni,
Boshqacha suvsinni icha olmassan.

O‘zbek choyxonasi, unutmam seni,
Olqishlar kim bunda totarkan taom.
Olqishlar aytmasam, ehtimol, meni
Hech kimsa kechirmas, kechirmas tamom.

Aziz Abdurazzoq tarjimasi.

BIZ — TURKMANLAR

Biz – turkmanlar,
Sahroyi xalq, sahroyi.
Sahrodek, olamdek kengdir yuragimiz.
Sahroda kutib olsak kunni, oyni
Hamda, do‘stlar, butun bo‘lsa cho‘ragimiz*.

Har kun eshiklardan nur sochib porlab,
Chiqqan Oftobni shoshtiramiz er bilan.
Toki silla qurigunicha, «miriqib» ishlab,
Ona Yerni qondiramiz ter bilan.

Yozning harorati qizdirib bizni,
Kuzda qozonimiz shaqirlab, toshar.
Bahor eshitiboq kuzning so‘zini,
Xonamizga kirmoqqa shoshar.

Bahor bizga,
Biz ham bahorga oshiq.
Payqaganlar, bizni egizakmi der.
Shoirmiz barimiz,
Yuraklar toshib,
Bahorning sha’niga to‘qiladi she’r.

Turkmanchadan Qurbon Muhammadrizo tarjimasi