Jo‘shqin Qorabulut (1956)

Taniqli turk shoiri Jo‘shqin Qorabulut (Coşkun Karabulut) 1956 yil Kars viloyatining Sariqamish shahrida tug‘ilgan. Xojitepa universitetining sotsiologiya fakultetida tahsil olgan. Bugungi kunda Fatihiya San’at markazining ijrochi direktori. “Samolar qadar”, “Ne bor bizniki bo‘lgan?”, “Tashlab ket meni”, “Chizgi”, “So‘zlar ham o‘lajak” kabi bir qancha she’riy va ilmiy kitoblar muallifi.

QO‘LIM BIR AHVOLDA

Hovuchimga to‘lmasding bir payt,
Qo‘llarimni uzatsam senga,
Sen boshqa qo‘ldamiding?
Mening qo‘lim havoda qoldi,
Hovuchlarim bo‘m-bo‘sh bugun ham.

O‘YINLAR

Men osmon yuziman,
Sen yer yuzisan,
Menda qanot o‘yinlari bor,
Senda oyoq o‘yinlari bor…
Bu dunyoni tamomlayapmiz
Ikki tarafdan!

VAQT

O, bu qadar ko‘p inson,
Kelar va yana ketar.
Ba’zan qolar ortidan –
Ozgina obro‘… xatar.
Qizig‘i yo‘q aslida,
Vaqt qolmagan bu safar.

YoLG‘IZLIK

Hammasini to‘g‘ri o‘yladim,
Va har yerda yolg‘iz turdim jim.
Uzoqlarim keldi yaqinga,
Uzoqlashib ketdi yuragim…

KET

Telbalarcha ketding,
Ketsang, ket…
Yolg‘iz ketsang –
Hayotim emas,
Xotiralar ketar,
Sharafim ketar.
G‘ururim ketar.
Go‘zallik, baxt ketar,
Hamma yaxshi narsa –
Bir-bir ketajak…

Sening aldashing va yolg‘oning,
Chirkinlikning belgisi kabi,
Uch tiyinlik zavqu shavq uchun,
Ketayapsan sen…
Ketgan yolg‘iz sen bo‘lsang,
Parvoyimga kelmas, ketaver.
Ichishim mumkin qasam,
Ammo qara, nelar ketmoqda,
Yurak ketar-ku…
Do‘stlik ketar-ku…
Insoniylik qo‘ldan ketar-ku…
Ketgan sen bo‘lsang,
Osmon ketar-ku…

IShONCh

Bir yonda yer yuzi,
Chechaklar ochilar yerning yuzida,
Daraxtlar mevaga kirar
to‘rt mavsum.
Bu tarafda Osmon bor –
Bir tik turgan daraxti ham yo‘q…
Bu nima?
Oziq olsalar-da tuproqdan,
Tebransalar hamki mardona,
Ko‘k yuziga uzanur qo‘llar.
Demak, bilar ekan ular ham,
Er – yerdir,
Osmon ham Osmon!

* * *

Suv biladi,
Hozirgacha men,
Qo‘llarimni kirlatmadim
Ko‘p shukur.
Hammadan qo‘l yuvsam
Sabablari bor.
Suv borligi uchun emas aslo
Bilasiz…

Turk tilidan Xosiyat Rustamova tarjimasi