Aziz Nesin (taxallusi; asl ismi Mahmud Nusrat — Mehmet Nusret Nesin) (1915, Istanbul — 1995, Izmir; Istanbulda dafn etilgan) — turk hajviy yozuvchisi, dramaturg, Nafis san’at akademiyasi (Istanbulda o‘qigan (harbiy ma’lumotga ham ega). «Marko posho» (1946) taraqqiyparvar hajviy gazetasi va boshqa matbuot organlarida ishlagan. «Nuh kemasi» (1949) hajviy jurnalini nashr etgan. Ko‘plab hajviy hikoya, poema va romanlar muallifi, siyosiy va ijtimoiy hajv ustasi.
«Jinnilar ozod bo‘ldi», «Ishbilarmon odam», «Noziq va nafis», «Xudoga shukur» va boshqa asarlari siyosiy o‘tkir va dolzarb. Ularda yozuvchi jamiyat illatlarini fosh qiladi, kulgili vaziyat, xususiyat va holatlar orqali kishilarni beixtiyor o‘z nuqsonlaridan kulishga majbur etadi. Aziz Nesin asarlarining qahramonlari — ish axtaraverib bezor bo‘lgan mayda amaldor, omadsiz ziyoli va qashshoq ishchi («Yashasin kambag‘allik», «Maydon soatlari», «Xotin kishi bo‘lganimda-yu…» va b.).
«Shunday bo‘ldi, bunday bo‘lmaydi» avtobiografik qissasi, «Aziznoma» hajviy she’rlar va «Mamlakatlardan birida» hajviy hikoyalar to‘plamlari mavjud. Hajvchi yozuvchilar xalqaro tanlovlarida «Dafna chambari» olgan (1956, 1957). O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Osiyo va Afrika mamlakatlari yozuvchilarining Toshkent anjumanlari ishtirokchisi.
Asarlari o‘zbek («Musht ketdi», 1966; «Xushtak afandim», 1969; «Futbol qiroli», 1978 va h.k.) va boshqa tillarda nashr qilingan.
MINI-MINI VALIMIZ
Ezgan bizni yana biz,
Dushmar bizga o‘zimiz,
Bu ketishning so‘nggi yo‘q,
Chora toping qani siz.
Toki tabibsan, aytgil,
Nega buncha zolimmiz?
Mini-mini valimiz,
Ne bo‘lgaydir holimiz?
Na gazi bor, na qahva,
Ketilarmi bo‘sh uyga,
Avvaldan hammasi bor,
Kimlar qilishdi da’vo?
Yaxshi chiqmaydi bizning,
Ko‘pdan buyon folimiz.
Mini-mini valimiz,
Ne bo‘lgaydir holimiz?
Siqmoqdan tish qoldimi,
Qilinmas ish qoldimi,
Qorabo‘rsadan bizga,
Olish-berish qoldimi?
Sotaverib qolmadi,
Uyimizda molimiz.
Mini-mini valimiz,
Ne bo‘lgaydir holimiz?
Hayot tortilmas bir yuk,
Dengiz bor, qayiq kichik,
O‘tirdik ishga asta,
Yo‘l ko‘rsat deb ey buyuk.
Bir paytlari aytganding:
“Boq, Shohim aholimiz!”
Mini-mini valimiz,
Ne bo‘lgaydir holimiz?
Etmaydi maosh, munzam,
G‘am ustiga yana g‘am,
Iqtisodda har biri,
So‘rsang, ustodi a’zam.
Bu g‘amlarda, vallohi,
Yo‘q bizning vabolimiz.
Mini-mini valimiz,
Ne bo‘lgaydir holimiz?
Qolgansiz nari-beri,
Torta-torta kamarni,
Siqmoqdar bir kun sinar,
Insonning nozik yeri.
Qora mushukka do‘ndi
Eng qaro javollimiz.
Mini-mini valimiz,
Ne bo‘lgaydir holimiz?
Buzilganda ketishlar,
Oyoqli gazda ishlar,
Og‘iz to‘rva emasdir,
Tortsang, sitar tikishlar.
Bilmam, botarmi bizga,
Bunday qiylu qolimiz.
Mini-mini valimiz,
Ne bo‘lgaydir holimiz?
QARZDOR SO‘Z
Qirq yillik umrimizda ne insonlar ko‘rganmiz,
Ko‘rilajak ne bo‘lsa, bir zamonlar ko‘rganmiz.
Bu qalamdan madhiya chiqmagan, balki shu-chun,
Na gonarar olganmiz, ne ehsonlar ko‘rganmiz.
Hayratli ko‘p narsalar ko‘rganmiz bu o‘lkada,
Odamlarni sudragan qurt cho‘ponlar ko‘rganmiz.
Hayvoni notiqlarim va’zi, nutq qilgani,
Hayvonot bog‘larida ne hayvonlar ko‘rganmiz.
Qo‘l-etak o‘pmoq uchun qolmaguncha bir inson,
Xushomadgo‘ylik qilgan baqlajonlar ko‘rganmiz.
Mansab maqomi ila ketrkan tualetga,
Hozir yasab, tiklangan kattakonlar ko‘rganmiz.
Iblis bilan shaytonga ters kiygazib do‘ppini,
Besh vaqt namozida musulmonlar ko‘rganmiz.
Maqomiga muvofiq o‘rmon kiborlaridan,
Nazokat darsin bergan ne nodonlar ko‘rganmiz.
Demokratiya tarixi yozajak buni erta,
Eng yuksak maqomlarda zag‘izg‘onlar ko‘iganmiz.
Ahmoq do‘stlarimizdan yillarcha chekkanimiz,
Dardimizni anglagan ne dushmanlar ko‘rganmiz.
Qitiqlab kuldirguvchi mashhur kuldiruvchimi?
Muzlatnichdan ham farqiz nuqtadonlar ko‘rganmiz.
Bir qofiya uchun hech qurbon qilmagin so‘zni,
Ortiq sen lof so‘ylamay, anglaganlar ko‘rganmiz.
Turk tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi