Sultonmurod Odina 1950 yilning 3 noyabr kuni Hisor tumanida tug‘ilgan.
Tojikiston davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini o‘qituvchilikdan boshlagan. Uzoq yillar maktab direktori, maorif bo‘limi mudiri, Hisor tumani hukumati raisi apparatining rahbari vazifalarida ishlab kelgan. Ellikdan ortiq nasriy, tarixiy va she’riy to‘plamlar muallifi. “Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan xodim” medali bilan taqdirlangan.
* * *
Garchi bizlar bir zaminu bir qutbi davrondirmiz,
Do‘stlar ushbu jahonda to‘rt kunlik mehmondirmiz.
Mag‘rurligu dabdaba, kibru havomiz bilan
Mehmonligimiz qadrin bilmagan insondirmiz.
Tiriklik taloshida yuz fitna barpo aylab,
Yolg‘onu nayranglardan biz yana hayrondirmiz.
Tiriklarga o‘lmoqlik azaldan bir merosdir,
Lek o‘zni taloshlarda o‘ldirguvchi jondirmiz.
O‘zni olam mehvari atab g‘ururlanurmiz,
Ammo bir zarragina biz qismi kayhondirmiz.
Jonon, qadrimiz bilib aziz tutaylik o‘zni,
Gar benavo gadomiz yo shohu Sultondirmiz.
* * *
Tushlarimda ko‘rdim sani, jonon, kelgin bedor onim,
To maqtanay, bu dunyoda bordir deya mening yorim.
Ko‘rgin bulbul rashkida gul qadah kabi ochilmishdir,
Yo Xudoyo, koshki sen ham bo‘lsang guldek vafodorim.
Ostonangga bosh qo‘yib, sendan yiroq ketmasman,
Garchi meni haydasang ham, garchi bersang ham ozorim.
Ne kulfatlar ko‘rdi boshim, ey yor sening ishqingni deb,
Tushmasin kimsa boshiga, yo Rab, mening bu ahvolim.
Sening ishqing yo‘lida chekkan ranju zorim haqqi,
G‘am jahonin Sultoniga aylagin lutf, ey, dildorim.
Tojikchadan Hasanboy G‘oyib tarjimasi