Tojikiston xalq shoiri, Abu Abdulloh Ro‘dakiy nomidagi davlat mukofoti sohibi Saidali Ma’mur 1944 yil 28 dekabrda O‘ratepa(bugungi Istaravshan)ning Yakkabog‘ qishlog‘ida tug‘ilgan. Tojikiston davlat universitetining tarix va filologiya fakultetida ta’lim olgan. O‘qishdan so‘ng radio, nashriyot,gazeta va jurnallarda faoliyat yuritgan.
Shoirning ilk she’rlari 1963 yilda chop etilgan. Shu paytgacha uning «Zavraqi umed» (1967), «Savgand» (1972), «Mehvar» (1980), «Oftobi dil» (1986), «Reshapayvand» (1989), «Ovoi murg‘i shabovez» (2000), «Otashi merosy» (2002), «Nazargohi dil» (2003), «Odam ba odam zinda ast» (2004), «Davlati didor» (2014) kabi she’riy to‘plamlarini e’lon qilgan. Shoirning o‘zbek tiliga tarjima qilingan she’rlaridan iborat «Turnalar» (1991), «Quyosh farzandi» (2009) nomli kitoblari nashr etilgan.
YaNGI GAP
Yangi gap ayt, yangi gapning zavqi o‘zgacha.
Farruxiy
Aytilmagan gaplar ko‘pdir dunyoda,
Bosib o‘tilmagan yo‘l bor, manzil bor.
Qachongacha eski gaplarni aytib,
Eski yo‘llar uzra tentiraysan zor.
Shoir qalbi o‘tli vulqon singari,
O‘ti, alangasi bilmagay hudud.
Qalbing qaynoq emas, sovuqdir bari,
Tog‘lar toshiday jim saqlaydi sukut.
Tiriklik bepoyon dengizdir jo‘shqin,
Bir zum orom olmas, buning ustiga.
Ko‘ksing ichra tug‘yon tingan, ash’oring
Qayig‘i liq to‘la eski-tuskiga.
Aytilmagan gaplar ko‘pdir dunyoda,
Ko‘pdir topilmagan ganju javohir.
Hali aytilmagan so‘zlarni aytib,
Sen pinhon xazina axtargil, shoir.
She’ring saboq bo‘lsin, har bir bo‘g‘inni
Mustahkam qolipga joylagin bir-bir.
Eski qoliplarni sindirib, buzib,
O‘zing so‘z maktabin yaratgin, shoir!
Jonga tegib ketdi eski narsalar,
Dilda yangi so‘zlar saf tortsin qator.
Axir, yangi so‘zda bordir harorat,
O‘sha haroratning halovati bor.
ONAMNING SUVRATI
(Ukam Mahmudning xotirasiga)
Onam bag‘rimizdan ketgan fursatda,
Go‘daklik davrimiz kulgan chog‘ edi.
Qanday ketib qoldi? Bilmadik, ammo,
Bizga tiriklardan tirikroq edi…
Bizga suvratini ko‘rsatishardi,
Onam diydoriga bo‘lganda mushtoq.
Cho‘kkan ko‘nglimizga berardik taskin,
Go‘zal chehrasiga termulib uzoq.
Kun, oy, yillar o‘tdi, o‘shandan buyon
Onasizlik g‘ami qiynardi bizni.
Sen esa otamdan so‘rarding har gal:
— Onamiz qayerda, Siz bilmaysizmi?..
Otam derdi: — Onang – manzili olis,
Endi qaytib kelmas, izlamang uni.
Xohlasangiz, topay yangi bir ona,
Sizlarga qarasin, toki, har kuni…
Ikkimiz quvondik, keng hovlimizda
To‘y bo‘ldi… O‘shanda ko‘nglimiz to‘ldi.
Yangi onamizning to‘y kuni, biroq,
Ukaginam, bizga qaro kun bo‘ldi.
Devorga osilgan suvratni ko‘rib,
O‘gay ona dedi: — Ayt, uying kuygur,
Kimning suvrati bu, eski devorda?!..
— Onamiz bu, — dedim oh tortib chuqur.
Devordan xotira suvratni olib,
Yirtgandan so‘ng, dedi chimirib qoshin:
— Bilib qo‘y, onang – men, bugundan boshlab,
Allaqachon o‘lib ketgan u xotin!..
Onam suvratidan ayrildik nogoh,
Yurak to‘ldi nola, fig‘on yoshiga.
Yig‘lamagan edik onam o‘lganda,
Tun bo‘yi yig‘ladik suvrat boshida…
QANOAT BARMOFI
Onam o‘tgach, ko‘ksin qo‘msab, og‘zimga
Barmog‘imni tiqib so‘rar edim jim.
Sut to‘la ariqlar qurigandan so‘ng,
Ko‘z yoshim arig‘i oqardi lim-lim.
Garchand, barmog‘imda sut bo‘lmasa ham,
Uni emib, orom olardim bot-bot.
Shirin tuyulardi barmog‘im, go‘yo
Borday, onam sutin ta’midagi tot.
Go‘dakligim o‘tib, keldi bolalik,
Odatim tark etmas meni hech qachon.
Bolalik, yoshligim o‘tib ketsa ham,
Barmog‘imni tishlab yuribman hamon.
Hayrat barmog‘imni tishlayman, ba’zan,
Artib soddaligim ko‘zidan namni.
Lekin, umr bo‘yi, ochko‘zlik bilan
Og‘zimga tiqmadim beshta panjamni…
HAQQUSh
Qurbaqalar sayramoqda,
Ahyon-ahyon Haqqush ham…
Suhrob Sipehriy.
Haqqush, kuyingga zor, bemorman bukun,
Qurbaqa sayraydi bilmasdan tinim.
Tovushing buncha past?!
O‘rtanib yonar,
Jonbaxsh ovozingdan ayrilgan dilim.
Haqqush, haqiqat yo‘q, hovuz bulg‘agan
Sassiq qurbaqaga buloqda ne bor?!..
Ovozingni bo‘g‘ib, shovqin solgan ul
Qurbaqaboqarlar ayladi bezor.
Haqqush, qurbaqalar sadosi o‘chsin,
Baland ovoz bilan chaqirganingda.
Famgin yuraklarni g‘amdan qutqarib,
Olis ketma bir zum yaqinlaringdan…
KO‘ZGU
Ko‘zguday o‘zni ko‘z-ko‘z aylamak odatim yo‘qdir…
Foniy Kashmiriy.
Yuragimda ulkan ko‘zgu bor,
Yuzida yo‘q g‘ubor, chang va kir.
Bu jahonda poklik menga farz,
To nopoklik umri mangudir.
Yaraqlagan ko‘nglim bor, biroq,
Ichqoralar berganda ozor.
Ko‘rsatmasman o‘zimni beg‘am,
Sabr-toqat menga bo‘lgay yor.
Garchand, qoldim pokligim bois,
Nopoklardan ta’zirimni yeb.
Yo‘lda yotgan toshni ko‘tardim,
Yo‘lovchilar qoqilmasin deb.
Dog‘ axtarar ko‘zi g‘ilaylar,
Lekin, ko‘zgu – shaffof, ko‘nglim to‘q.
Sen ko‘zgumning ko‘ngliga boqqil,
Kin, hasaddan unda bir dog‘ yo‘q.
Qalbim ulkan ko‘zgudir, ammo,
Maqtanishga toqatim yo‘qdir.
Do‘stlar aksi ko‘rinar, o‘zni
Ko‘z-ko‘z qilish odatim yo‘qdir.
IKKI BO‘LAK OLMA
Men sen bilan, sen men bilan
Birga edik, bir tan-jon.
Sen mendan, men sendan bir zum
Ayrilmasdik hech qachon.
Hech kim u kun menu sening
Farqimizga bormagan.
O‘xshar edik biz ikkiga
Bo‘lingan bir olmaga.
Qismatimiz, baxtimizdan
Rozi edik ikkimiz.
Go‘daklik-la birga o‘tdi
O‘qish, o‘yin izma-iz.
Ko‘zboylog‘ich o‘ynar edik,
Oqshom kelsa ufurib.
Sen berkinsang, qidirardim
To‘rt tomonga yugurib.
Goh kechikib, goh bir zumda,
Goh topardim tunda ham.
Endi seni topolmayman,
Hatto, yorug‘ kunda ham.
Har gal ko‘rsam ikki bo‘lak
Olmani, ne ham derdim.
Tag‘in seni eslagayman,
Ey, ilk sevgim, ilk sevgim.
Bukun olis bir-biridan
Manzilimiz, yo‘limiz.
Ikki bo‘lak olmadir bu
Ikki bo‘lak dilimiz.
EY, KIPRIGI QARO
Har lahza chaqnagan ko‘zlaring kabi,
O‘rilgan kokiling misoli har dam,
Qora sochlaringday, qora qoshingday
Qora bo‘lsin o‘shal kipriklaring ham.
Ey, kiprigi qaro, kiprigi qaro,
Seni yomon ko‘zdan asrasin Xudo!
Kipriging egilar xatar yetganda,
Yomg‘ir yog‘ib ketsa – ko‘zlaringda nam.
Kipriging maysaga o‘xshagan mayin,
Maysaning yuziga qo‘ngandir shabnam.
Ey, kiprigi qaro, kiprigi qaro,
Seni yomon ko‘zdan asrasin Xudo!
Kipriging ko‘ksimga botgan xanjarmi
Yoki u kamondan bo‘shatilgan o‘q?
Sening xanjaringdan, sening o‘qingdan
Hech qachon men najot axtarganim yo‘q.
Ey, kiprigi qaro, kiprigi qaro,
Seni yomon ko‘zdan asrasin Xudo!
Mayli, qolgin doim qorasoch bo‘lib,
Qoshing qaro bo‘lsin, ko‘zlaring qaro.
Ammo, istamasman, ikki olamda
Sening yuzing qaro bo‘lmasin aslo.
Ey, kiprigi qaro, kiprigi qaro,
Seni yomon ko‘zdan asrasin Xudo!
DEVOR
Qishloqda tug‘ildik bir tong ikkimiz,
Kattakon bir tomning ostida bedor.
Oramizda g‘amning devori emas,
Bor edi bir loydan qurilgan devor.
Doim ogoh edik bir-birimizdan,
Ortiqcha tashvishlar kelardi malol.
Dunyomiz bir edi ikkimizning ham,
Tovlanardi rangin kamalak misol.
Oshiqlikdan ogoh emasdik, ishqni
Bolalik o‘yini deb o‘ylardik biz.
Men uchun chiroyli kelinchak eding,
Bir afsona edi oshiqligimiz.
Qo‘g‘irchog‘ing bizga chaqaloq edi,
Undan mehrimizni ayamasdik hech.
Havas bilan unig sochin tararding,
Men esa silardim boshin erta-kech.
Devorga yozardim sening nomingni,
O‘shanda, bo‘r bilan, ey, mehribonim.
Toshning badaniga noming o‘ysam gar,
Badanimga sig‘may ketardi jonim.
O‘shanda daftarga bitsam nomingni,
Senga atalardi she’rlarim bari.
O‘shandan so‘ng she’rlar bitdim nomingga,
Noming bilan to‘ldi she’r daftarlari…
Kelin bo‘lib tushding qay bir shaharga,
Sensiz bo‘shab qoldi gavjum qishloq ham.
Hovlining devori qulab, o‘rniga
Baland devor bo‘lib ko‘tarildi g‘am.
Ikkimiz tug‘ildik bir tong, bir tomning
Ostida, bir qishloq, bitta o‘lkada.
Bir-biridan judo tomimiz, afsus,
Ayriliq devori qoldi o‘rtada…
IShQ KITOBI
Qiynoq, azoblarni
Men ham tortganman,
Ammo, ortiq edi
Ishqning azobi.
Ba’zan daryo edim
Iztiroblarga,
Ammo, najot bermas
Ishq iztirobi.
Ba’zan, to‘lqin edim
Girdoblar ichra,
Meni yutib ketdi
Ishqning girdobi.
Xato qilmas edim
Hisob-kitobda,
Ammo, topilmadi
Ishqning hisobi.
Har bir savolimga
Javobim bordir,
Meni lol qoldirdi
Ishqning javobi.
Ishq fasli bobida
Kitoblar titdim,
Hargiz tamom bo‘lmas
Ishqning kitobi.
SOP YaSOVChI
Sop yasovchi bolta urganda shoxga,
Tig‘i suyagimga qadaldi qattiq.
Daraxt tanasidan qulab tushdi shox,
Tanasidan judo bo‘lgan qo‘l yanglig‘.
Kecha ko‘rgan edim, o‘shal shox uzra
Bulbullar mast-alast kuylardi to‘lib.
O‘sha ko‘kargan shox bulbullar uchun
Turardi beminnat bir oshyon bo‘lib.
Xullas, o‘z uyiga eltdi duradgor
Shoxni, ho‘lligicha kesilgan kuni.
Dedi: Sop yo‘naman men undan darhol,
Bozorga chiqarib sotaman uni…
Ko‘zlarim o‘ngida yakkashox daraxt
Bir qo‘lli odamday turardi xasta.
Ehtimol, boshqa bir boltalar uchun
Qolgan shoxlari ham bo‘lgaydir dasta…
VIDO
Alvido, ey, ko‘nglim torin chertgan oy,
O‘tar, oramizda neki bor, bari.
Daryo suvi kabi oqib ketar tez,
Ayriliqning g‘ami, dog‘u dardlari.
Keng ko‘cha tilayman, ketdi ko‘milib
Biz kezgan so‘qmoqlar boshlagan yo‘l ham.
Men senga tilayman begunoh bir yor,
Agar men qoshingda gunohkor bo‘lsam.
Eslama sen o‘shal hijron tunini,
Kechalarning ko‘zi ochilar tag‘in.
Yana quyosh chiqar yorug‘ yuz bilan,
Yana yangi kunlar keladi yaqin.
Unutaman yorug‘ yodingni endi,
Alvido, ey, ko‘nglim torin chertgan oy…
…Esimga tushadi yolg‘iz oy aksi
Yuzida ko‘rinib turgan o‘shal soy…
QORA DENGIZ
Azal yo‘qotgansan halovatingni,
Sher kabi g‘azabga to‘lgansan cheksiz.
Har kun o‘zga rangu o‘zga hol bilan
Ko‘zga ko‘rinasan, ey, dengiz, dengiz.
Kecha ko‘m-ko‘k eding, jimjit, osuda,
Bugun qop-qorasan, toshqin, beqaror.
Yoki noming senga yoqmaydimi, ayt,
Yoki qora rangdan qilasanmi or?
Ko‘ngling oqligini anglasam agar,
Ey, Qora dengizim, bag‘ring oralab.
Sening qora ranging qo‘rqitmas sira,
Meni qo‘rqitadi ichi qoralar.
TOSh KITOB
Ajdodlarim qo‘li qoldirgan izlar
Qoldi Paxsh tog‘ining har bir toshida.
Xira tortib ketar o‘tkir nigohim,
Tog‘ bag‘rida qolgan har iz qoshida.
Tog‘, go‘yo, — bir qog‘oz tog‘liklar uchun,
Unga o‘z kitobin yozardi har kim.
Ushbu kitobning tosh varoqlarini,
Ba’zan, alam bilan varaqlayman jim.
Yodimga tushadi kecha va bugun,
Ovchining izini ko‘rganim zahot.
Kechagina saydlar sanoqsiz edi,
Bukun keragidan ortiqdir sayyod.
Kiyikning izini ko‘rgan chog‘imda,
Alamdan oh tortib yig‘lagim keldi.
Bir vaqt sanog‘iga bo‘lmasdi yetib,
Sanoqli kiyiklar kam qoldi endi.
Sherdan qolgan izga tushganda ko‘zim,
Sanog‘idan dilga to‘lib ketdi g‘am.
Sherlar, sheryuraklar bor edi bir vaqt,
Kam qoldi sherlar ham, sheryuraklar ham.
Echki izin ko‘rib, yodimga tushar
Qo‘rqoqlikning izi, o‘tar suyakdan.
Bukun tog‘ echkisi oz qoldi juda,
Biroq, juda ko‘pdir echkiyuraklar.
Bo‘ri qoldirgan iz, ikki oyoqli
Bo‘rini yodimga keltirar ma’yus.
Bo‘rilar qadami uzilar, biroq,
Bo‘riboqar turar panada hanuz.
Tulkining iziga boqib, tulkini
Tulkisimonlarga ko‘rdim qiyoslab.
Ushbu kun kam qoldi tulki ham, ammo,
Qalashib yotibdi tulkimijozlar.
Ajdodlarim qo‘li qoldirgan izlar,
Tog‘lar kitobida turgay yaraqlab.
Bir zum tabiatga bo‘lib hamnafas,
Har bir sahifasin ko‘rdim varaqlab.
ARMON QANOTI
Tush ko‘rdim, tushimda qushga aylanib,
Qanot qoqib, parvoz etardim besas.
Quyoshning uyiga yo‘l olib mamnun,
Yulduz bilan birga olardim nafas.
Uyg‘ondim, samoga tashladim nazar,
Bulutlar o‘zini ko‘z-ko‘z etardi.
Nigohimni to‘sib turgan bulutlar,
Armon qanotiga o‘xshab ketardi…
UCh ChARX
Yog‘och charx boshida,
Boshin egib jim
Kalava to‘qirdi rahmatlik onam.
Charx esa tinmasdan aylanar edi,
Kattarib ketardi kalavalar ham.
Kalava ipining uchi nogahon
Uzilsa, ulardi uni birpasda.
Bir lahza ichida to‘xtab qolgan charx
Tag‘in aylanardi tinim bilmasdan.
Onam zo‘r kalava to‘quvchi edi,
Ich-ichida qolib ketgandi dardi.
Yog‘och charxi bilan, bir o‘zi butkul
Tirikchilik charxin aylantirardi.
Men bukun,
Shoirlik charxi-la, So‘zdan
Kalava to‘qigan yuragi qonman.
Ammo, charxim bilan
Tirikchilikning
Charxin aylantira olmay hayronman.
Onam mendan ko‘ra shoirroq edi…
Odil Ikrom tarjimasi
VATAN
Otam sarvat yuzin ko‘rmay ko‘z yumdi,
Ammo u qoldirdi bir dunyo sarvat.
Otam davlat yuzin ko‘rmay ko‘z yumdi,
Ammo u qoldirdi bir dunyo davlat.
Bebaho bu dunyo, Vatanim, o‘zing!
Chaqmoqdek tez o‘tdi onamning umri,
Undan oshiqroqdir hozirgi yoshim.
Onam diydoridan to‘ymadim, ammo
Bir ona mehridan ko‘kdadir boshim,
Onam — qalbi daryo, Vatanim, o‘zing!
Nafratdan titrayman agar bir badzot
Bebaho Vatanni olsa nishonga,
Jismin qalqon qilar asil farzandlar,
Sengamas, o‘q tegsin, mayli, qalqonga,
Jondek tanamda jo, Vatanim, o‘zing!
Ko‘rganman sho‘rli bir vatangadoni
Bir tishlam non uchun kechdi imondan.
Nonga alisharmi imonin inson?!
Xiyonat anqirdi u topgan nondan!
Dard tegsa, ming davo, Vatanim o‘zing!
Tojikchadan Jonibek Quvnoq tarjimasi
ONA SURATI
(Ukam Mahmud xotirasiga)
Bir kuni onamiz bizlardan ketdi,
Quvnoq go‘dak edik bizlar u zamon.
Bilmabmiz, u bizni butkul tark etdi,
Keyin biz qo‘rmadik uni hech qachon.
Sen bilan har nafas izladik uni,
Bir kun qo‘rsatdilar bizga bir surat.
Uzoq yozar edik xumorimizni
Ona suratiga termulib faqat.
Kun kechdi, oy kechdi, yil kechdi, keyin
Bolalik bilan ham xayrlashdiq biz.
Bir kun otamizdan so‘rading sekin:
— Bilmaysizmi, qayda bizning onamiz?
Aytdiki: — Bizlarni tashlab qetdi u,
Uzoqlarga qetdi, endi qaytmas hech.
Agar istasangiz, o‘zga bir ona
Keltiray, sizlarni boqsin erta-kech.
Ikkimiz quvonchdan gul-gul ochildik,
Go‘yoki hovlimiz to‘y bilan to‘ldi.
Yangi onamizning to‘y kuni lekin,
Uqajon, biz uchun bir aza bo‘ldi.
Devorga ilingan suratni ko‘rib,
Yangi ona dedi hech murosasiz:
— Bu nochor devordan boqib turgan kim?
Oh chekib, dedim: — U bizning onamiz.
Esdalik suratni olib, ko‘z tashlab,
Yirtib tashladi-yu, dedi: — Onang — men!
Meni ona deysiz bugundan boshlab,
Allaqachon o‘lib ketgan u xotin…
Bir kuni onamiz bizlardan ketdi,
Quvnoq go‘dak edik, baxtli chog‘ edi.
Bilmabmiz, fanoga u safar etdi,
Bizga tiriklardan tirikroq edi.
Ayrildik onamiz suratidan ham,
Fig‘onu nolalar — ko‘zlar yoshida.
Garchi yig‘lamadik u o‘lgani dam,
Tong otdi yirtilgan surat boshida…
OQQUSh
Bir oqqush ko‘kda
Uchardi xoli.
Bulutlar ichida
Bulut misoli.
Ko‘zim tikkancha
Oqqush tomonga,
Ketib borardim
Erdan osmonga.
Birdan qayerdadir qarsilladi o‘q,
Juda ham yaqin.
Shu lahza go‘yo
So‘ngaklarimda
Chaqnadi chaqin.
Oqqush zarb bilan quladi yerga,
Ko‘paydi dardim.
Uning faryodi ruhimni ezdi,
Ezildi bag‘rim.
Qanoti singan oqqush qo‘lida —
Tolgandim o‘yga —
Ovchi o‘ljadan mamnun, sarbaland
Jo‘nadi uyga.
Ul ovchi menga duch keldi bir kuni,
Yonida dildor.
Dildori boshida oqqush patidan
Ajoyib toj bor.
O‘shal begunoh
Oqqush faryodi
Jismu jonimda
Yangraydi qayta
Chekkanimda oh…
YO‘L OChUVChI
Yo‘l ochuvchi edi har bir tomiri,
Tomir otgan edi manguliq yerga.
Faxr etib o‘zining kasbu koridan,
Har bir ma’rakada o‘tardi to‘rga.
To yo‘lsiz yerlarda yo‘llar ochguncha,
Sanoqsiz yo‘llarni bosib o‘tdi u.
Serxatar yo‘llarni qo‘llari bilan
O‘zining kaftidek tekis etdi u.
Mening tog‘larimning tor yo‘llarin ham
Ochgani chin uning zahmati, sehri.
Singdirdi o‘z umri naqshin dunyoga,
Kishilar qalbiga quydi poq mehrin.
Shahar-qishloqlarda ochib yangi yo‘l,
Yo‘lma-yo‘l o‘tkazdi yodgor qo‘chatlar.
Nihollar bo‘y cho‘zgach, yo‘llar boshida
Navbahor fayzidan yashnar qo‘chalar.
Ul hunar kishisi dunyodan qetgach,
Motamsaro bo‘ldi qishloqlar butun.
Uning o‘zi ochgan o‘shal yo‘llardan
Odamlar ko‘tarib o‘tdi tobutin.
Yo‘llar chetidagi daraxtlar shoxi
Anduhlar yukidan tag‘in egildi.
Yomg‘ir odamlarning qo‘z yoshi qabi
Namli yaproqlardan chaq-chaq to‘kildi.
Umri davomining o‘q tomirideq
Ko‘zimga to‘qinar bu hayot yo‘li.
Inson yo‘li bo‘ldi u ochgan har yo‘l,
Bo‘ldi qalb, mehr va e’tiqod yo‘li.
Tilak Jo‘ra tarjimasi
ShODLIK TUG‘ILGAN ON
Gulruxsorga
Sen dunyoga qorong‘u bir tunda kelding,
Labda xanda birla qutlug‘ kunda kelding.
Yaxch osmonin yoritganda yulduzchalar,
Zaminiga yulduz sochib, bunda kelding.
Sen dunyoga kelding ezgu matlab bilan,
O‘zgacha bir ustod, o‘zga maktab bilan.
Qotilligu qonxo‘rlikni istab emas,
Kelding «ketsin zulmat» degan tilak bilan.
Kelding birdan yorishdi tun kunduz bo‘lib,
Qishloq ahli qarshi oldi firuz bo‘lib.
Garchi kelgan oning fasli qish bo‘lsa ham,
Sen kelding Gul, bizlar uchun Navro‘z bo‘lib.
Xush kelibsan, xush kelibsan ey mehribon,
Ey, shoiri ozodai davru zamon.
Sen tug‘ilgan kun «Zodro‘zi dard » emas, yo‘q, yo‘q,
Shodlik oni bo‘lib qolgay doim, har on.
Tojikchadan Hasanboy G‘oyib tarjimasi
O‘G‘LIMGA
Yoshlanmagan ko‘zlardan, bolam,
Nur qidirib yurmagin aslo.
Parcha muzga aylangan dildan,
Talab etma harorat ammo.
Ixlosing bir qaytgan qo‘llardan
Kutma hargiz sen lutfu ehson.
Harom yo‘lga kirgan odamdan,
Hazar qilgin ming bor, bolajon!
* * *
Hayotimiz har kuni jangdir,
Toblanamiz o‘tida, do‘stlar.
Bu jang porloq nom uchundir va
Shon uchundir bilsangiz agar.
Siz ularga ziyrakroq boqing,
Shafqatsiz jang borar, do‘stlarim.
Ezguligu yomonlik aro
Foyda, ziyon bo‘lishib g‘anim.
Umrimizning har bir lahzasi,
Iboratdir shunday janglardan.
Bu muhorib zabtiga chiqar
Hayot, o‘lim o‘rtasida ham.
Hayotimiz har kuni jangdir,
Toblanamiz o‘tida, do‘stlar.
Jamshid tarjimasi