Sadriddin Ayniy (1878-1954)

Yozuvchi, olim va jamoat arbobi Sadriddin Saidmurodzoda Ayniy 1878 yili Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. O‘zbek va tojik tilida yozgan. Tojikiston Fanlar Akademiyasi akademigi va birinchi prezidenti (1951—54), O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi faxriy a’zosi (1943), Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1940), filologiya fanlari doktori (1948), professor (1950).
Avval eski maktabda (1884—87), keyin madrasalar: Mir Arab (1890—91), Olimxon (1892—93), Badalbek (1894—96), Hoji Zohid (1896-99), Ko‘kaldosh (1899-1900)da tahsil olgan. Ahmad Donish va ozarbayjon yozuvchisi Hoja Marog‘iyning hamda jadid ma’rifatparvarlarining asarlari uning dunyoqarashiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ayniy Buxoroda yangi usuldagi maktablar ochadi, ular uchun o‘quv qo‘llanmalar, ommani ilm-ma’rifatga chaqiruvchi she’r va hikoyalardan iborat «Yoshlar tarbiyasi» (1909) darsligini tuzadi. «Yosh buxoroliklar» harakatida faol qatnashadi.
1918—21 yillarda tojikcha, o‘zbekcha marsh, qo‘shiq va she’rlar yaratadi. «Buxoro jallodlari» (1922) povesti, «Buxoro mang‘it amirligining tarixi» (1921) asarida Buxoroning ijtimoiy-siyosiy hayoti ifodalangan. «Odina», «Qiz bola yoki Xolida» (1924), «Tojik adabiyotidan namunalar» (1926), «Qul bobo yoki ikki ozod» (1928) kabi qissa, hikoya, ocherklari muhim ahamiyatga ega. Ayniy tojik va o‘zbek adabiyotlarining ming yillik tarixiy taraqqiyotida yetishib chiqqan 200 dan ortiq shoir, tarixchi, olim, tazkiranavislar hayoti va ijodi haqida ma’lumot beradi.
Ayniy 1927-29 yillarda yirik romani «Doxunda»ni tojik tilida nashr ettirdi. 1934 yilda esa o‘zbek tilida «Qullar» romanini yaratdi. Unda o‘zbek va tojik xalqining yuz yillik hayoti aks etadi. Ayniyning «Eski maktab» (1935) asarida eski maktabdagi o‘qish va o‘qitish haqida hikoya qilinadi. Yigirmanchi yillarda e’lon qilingan qator hajviy asarlari, «Yana bu qaysi go‘rdan chiqdi», «Puling halol bo‘lsa, to‘y qil» (1924), «Mashrab bobo», «E, to‘nim» (1925), «Bilganim yo‘q», «Kengash» (1926) kabi o‘zbekcha feletonlari, hajviy she’r va maqolalari, ayniqsa, «Sudxo‘rning o‘limi» (1939) hajviy povesti yozuvchining mohir satirik ekanligini ko‘rsatdi.
Muqanna va Temurmalik boshchiligidagi xalq qo‘zg‘olonini aks ettiruvchi adabiy-tarixiy ocherklar yozdi. U to‘rt qismdan iborat «Esdaliklar»ida (1949—54) Buxoroning o‘tmish hayoti va o‘sha davr ijtimoiy-madaniy muhitini yoritadi. A. adabiyotshunos, tilshunos, sharqshunos olim sifatida «Firdavsiy va uning «Shohnoma»si haqida» (1934), «Kamol Xo‘jandiy», «Shayxurrais Abu Ali ibn Sino» (1939), «Ustod Rudakiy» (1940), «Shayx Muslihiddin Sa’diy Sheroziy» (1942), «Alisher Navoiy» (1948), «Zayniddin Vosifiy» (uning «Badoye ul-vaqoye» asari haqida»), «Mirza Abdulqodir Bedil», Muqimiy, G‘afur G‘ulom va Said Nazar haqidagi asarlari o‘zbek va tojik adabiyotshunosligi va tanqidchiligida, «Fors va tojik tillari haqida», «Tojik tili» kabi ilmiy ishlari tojik tilshunosligida muhim voqea bo‘ldi.
Ayniyning «Doxunda», «Qullar», «Sudxo‘rning o‘limi» va «Esdaliklar» asarlari xorijiy tillarga tarjima qilingan. O‘zbekiston va Tojikiston Respublikalaridagi bir qator shahar, tumanlar, qishloqlar, ko‘chalar, maktablar, kutubxonalar, san’at va madaniyat muassasalari Ayniy nomiga qo‘yilgan. Samarqandda Ayniy yodgorlik uy-muzeyi ochilgan (1967).

* * *

Umidu arz etarman, yetkuzing, do‘stlar, nigorimga,
Etishsin rahmatingiz bu dili umidvorimga.

Qayerda shahsuvorim, bu shahar, bu yurtda men diltang,
Menga lutf aylabon elting, azizlar, shahriyorimga.

Menga yo keltiring bosgan izidan surma aylashga,
Meni yo yetkuzing shohona yo‘llarda yurorimga.

Tilovat o‘rniga yorimning ismin aylangiz takror,
Desangiz jonni oson topshirib boray mozorimga.

Parishonhol ila o‘tsa bu dunyodan agar Ayniy,
Bo‘lib ja’m, boqing, ibrat-la o‘tgan ro‘zg‘orimga.

HOFIZ G‘AZALIGA MUXAMMAS

Xayolingdan bo‘lak boshqa boshimda muddao yo‘qdir,
Visolingdan bo‘lak dardu g‘amimga hech davo yo‘qdir,
Sening lutfingdin o‘zga men uchun bahra, navo yo‘qdir.
Jamolingdan bo‘lak qalbim aro nuru safo yo‘qdir,
Senga men oshno, begonadan hech oshno yo‘qdir.

Yuzi toza gul, zebo jamolu siynasi nasrin,
Qadi sarvu sanavbardur, tani nuqra, bu ta’rif chin,
Labi la’li shirin, go‘yo muattar sochlari mushkin,
Bo‘lur har kimsaga oromi dil, oromi jon, lekin
Ming afsus, men uchun bir zarra ham unda vafo yo‘qdir.

Chiroyli yuzlari birlan muattar qora xoliga,
Buralgan sochlari, nozik, go‘zal qaddi niholiga,
Dilu jonimni topshirdim vale kelmas xayoliga,
G‘arib ushshoqlar qalbin matoin boqki holiga,
Uning bozori husni ichra arzirli baho yo‘qdir.

Buraldi tob-tob Ayniy dili, u sochingga o‘xshar,
Kecha-kunduz yurib, tinmay seni izlar, seni izlar,
Go‘zal husningdan oldi bahra, oxir, ey, pari-paykar,
Eshit, bu oydanam ravshan yuzingsiz, nozanin dilbar,
Sira Hofiz dilu joni aro nuru safo yo‘qdir.

1916

YaG‘MO G‘AZALIGA MUXAMMAS

To‘kil, yoshim, berurman tashnalab hijroni ichra jon,
Kuyarman to qachon pinhona, ey, oh, aylagil e’lon.
Umidsizlikda umr o‘tdi xabar ber, bo‘lsa bir imkon,
Sirimni yorima aytolmadim, ey, nutq, bo‘l biyron,
Tilim so‘zga madori yo‘q, bayon ayla, qalam, bu on.

Tong otguncha falakka yetkuzurman ohu afg‘onim,
Eshitsa zora deb nozin qulog‘i birla jononim,
Yuzim tuproqdayu kiprik qalamin tebratib jonim,
Dilim qoni bilan qildim raqam ayyomi hijronim,
Yubormoqqa kishim yo‘q, ul tomon borgil, sabo, chaqqon.

Menga tig‘ urding-u, jonimni etding, demadim, barbod,
So‘yilgan jo‘jadek dil qoni ichra talpinurman shod,
Xush ul oshiqki, jonin bersa, ko‘p zahm ila befaryod,
Qanoat qilmadim bir zahminga, tez bo‘lgil, ey, sayyod,
Yana tig‘ urki, mushtoqman, sira to‘xtalma, chiqsin jon.

Dilu aql ila dinni yengdi savdo, ey, nasihatgo‘y,
Qilursan to qachon bizni tamosho, ey, nasihatgo‘y,
Bo‘libman, Ayniy, ishqi ichra rasvo, ey, nasihatgo‘y,
Ishida bo‘ldi xo‘b darmonda Yag‘mo, ey, nasihatgo‘y,
Chunon rasvoi olam ayladi, ey, aql, bo‘l darmon.

1916

LOHUTIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Qayu kun bizdan olding, dilrabo, dil,
Na shafqat ko‘rdi sendan, na davo dil,
Bo‘lib yuz g‘amga garchi oshno dil,
Biror dam bo‘lmadi sendan judo dil,
Dedim, ming ofarin, dil, marhabo, dil.

Dilim ketdi-yu, paydarpay qarorim,
Dilim yodida ketdi joni zorim,
Na bo‘lg‘ay endi dilsiz kori borim,
Bu dil dastidan yo‘q tinchu madorim,
Na qilg‘um, dilga loyiqi jazo, dil.

Na ishlar qilmadi, oxir, dil, ey, yor,
Menga orzusida bo‘ldi fidokor,
Balolarga duchor etdi necha bor,
Asir etdi ko‘zina jonni dildor,
Falokat dil, musibat dil, balo dil.

Madori qolmagan faryod etolmas,
U bebaxtdur, ko‘zidan qon to‘kolmas,
Sening hijroningga endi chidolmas,
Aqalli siyna ichra oh urolmas,
Sitamkash dil, parishon dil, gado dil.

Qayu kun erdi, urdi ishq lofin,
To‘kilmog‘in bu yo‘lda bildi qonun,
Qo‘lingdan qochgali topmay ilojin,
Oxir tufroq bo‘ldi, topdi joyin,
Ana, sobitqadam dil, bevafo dil.

So‘ramangiz asar ishqida mendan,
So‘ramangiz, dilim butkul yo‘qolgan,
Na dil, hatto yo‘qolmish bosh ila tan,
Bo‘lak og‘iz ochmangiz aql ila dildan,
Qayerda aql, qayda benavo dil?

Demasman dilni haq, sen ishqi botil,
Vale dil, rost, holing bo‘ldi mushkul,
Sen undan noliding, sendan esa dil,
Qon o‘lding dilni deb, dil bo‘ldi bismil,
Uyal, Lohutiy, sharm etsun va yo dil.

Tilak Jo‘ra tarjimasi