Rahmat Nazriy (1951)

Tojikiston xalq shoiri Rahmat Nazriy zamonaviy tojik adabiyotining yirik vakillaridan hisoblanadi. 1951 yilda Xatlon viloyatining Ko‘lob shahrida tavallud topgan.  Tojikiston davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan.
Ilk ish faoliyatini «Maorif va madaniyat» ro‘znomasida boshlagan. Keyingi yillarda Tojikiston yozuvchilar Ittifoqining adabiyot targ‘iboti markazida ish yurituvchi, «Adabiyot va san’at» haftanomasida muharrir, yozuvchilar Ittifoqida nazm bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan. 2002 yildan Abu Abdulloh Ro‘dakiy nomidagi davlat mukofoti qo‘mitasining raisi vazifasida ishlaydi.
1977 yilda shoirning «Yashil barg» nomli ilk she’riy to‘plami ustod Boqi Rahimzodaning so‘zboshisi bilan chop etilgan. 1988 yilda «Qismat» kitobi uchun Tojikiston Komsomoli mukofotiga, 1993 yilda «Mehrob» kitobi uchun yozuvchilar Ittifoqining Mirzo Tursunzoda nomlidagi mukofotga, 2000 yilda «Oy xirmoni» to‘rtliklar majmuasi uchun Abu Abdulloh Ro‘dakiy nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.
She’rlari olmon, latish, rus, ingliz, o‘zbek, arab, qozoq va qirg‘iz tillariga tarjima qilingan. Rahmat Nazriy qo‘shiqlari bilan ham mashhur. 1985, 1986 va 1990 yillarda Toshkent shahrida «Melodiya» firmasi tomonidan «Rahmat Nazriy she’rlaridan tuzilgan qo‘shiqlar» nomli  plastinkalar chiqazilgan. 1979 yildan buyon Tojikiston yozuvchilar Ittifoqi a’zosi.

ONA, MENI KEChIRGIN!

Bexabarman holingdan
Ona, meni kechirgin.
Yordamching yo‘q yoningda
Ona, meni kechirgin.

Orzu havas ortidan
Ketdim sendan olislab,
Keksalik ayyomingda
Ona, meni kechirgin!

Osmondagi oy yanglig‘
Ko‘zingga uyqu kelmas.
Tunlar yolg‘iz oningda
Ona, meni kechirgin!

Barchamizdan sen hudo,
Yolg‘iz yoringdir Xudo.
Boshim sadqa poyingga
Ona, meni kechirgin!

Xayolimda har kuni
Qoshingga men borarman.
Shukr deyman boringga
Ona, meni kechirgin!

VATAN IShQI

Ey, jon ichra jonim, jonim fidoyingdir,
Ey, ishq, Vatanjonim, jonim fidoyingdir.

Ey, jonu jahonim, yondirgin bu qonim,
Ey, mehri osmonim, jonim fidoyingdir.

Qondagi to‘fonim, ey mavjli tug‘yonim,
Ey, zebo makonim, jonim fidoyingdir!

Ey, qalbim otashi, yondir obu gilim,
Kuydirgin zabonim, jonim fidoyingdir.

Borimu yo‘g‘imsan, ey ishqim, Vatanim,
Yondir xonumonim, jonim fidoyingdir.

Mayliga xok ayla, so‘ng mayli pok ayla,
Bego‘ru kafanim, jonim fidoyingdir.

BERINISO BERDIEVA* MARSIYaSI

Mozoriga gul ekib, ey azizlar yig‘langiz,
Falak sari ko‘z tikib, ey azizlar yig‘langiz.

O‘tli nigohlaridan oy nurlari to‘lishsa,
Ko‘zgusiga sham yoqib, ey azizlar yig‘langiz.

Odamlarning g‘amidan ozurda dil edi u,
Sadpora dilga boqib, ey azizlar yig‘langiz.

Tosh yog‘sa ham osmondan, egilmas edi boshi,
Tasbehu duo o‘rib, ey azizlar yig‘langiz.

To‘dalar orasida ozod bo‘zlardi, endi
Jimlikka ketdi o‘tib, ey azizlar yig‘langiz.

Bir zamonlar ma’rifat bog‘in obod etdi deb,
Dardlashib, ko‘z yosh to‘kib, ey azizlar yig‘langiz.
_________________
*    «Maorif va madaniyat» jurnalining sobiq muharriri, shodravon.

DIYDOR SOG‘INChI

Bu kech men sen uchun
Yashamoq istayman,
Mayli osmonlardan
yomg‘ir o‘rniga
Yog‘sin armonlar!

Ko‘kdagi hiloldan
sening haqingga
Duo so‘rayman,
Mayli sirimizni
Bilsin osmonlar!

Bu kech,
xazonrezning shamollarida
Ko‘zlaring olovin
ko‘rmoq istayman.
Garchi qalamimdan
to‘kildi g‘amlar,
Yillab ko‘zlarimdan
ketmadi namlar,
Vujudimda qolgan
sabrimni jamlab
Dilim xotiridan vafo  izlayman!

Istayman, hajring olovida toblangan
Ishqim otashi
Seni kuydirsin.
Tokim, sen his qilgin
Iztiroblarim,
Chekkan azoblarim,
G‘am-g‘ussalarim.

Bu kech sen men bo‘lgin,
Men-chi sen bo‘lay.
Roziman, hijron qiynog‘ida
Sening o‘rningdan
Til tortmay o‘lay.
Dillarimiz dog‘dir ikkimizning ham.
Ishqing – mening jazom,
Ishqim – sening sazong (!) bo‘ldi sevgilim!

Tojikchadan Hasanboy G‘oyib tarjimasi