Nuqra Sunnatniyo (1950)

Nuqra Sunnatniyo 1950 yilning 24 sentyabr kuni Vanj tumanida tug‘ilgan. 1968-1973 yillarda Tojikiston davlat universitetining tarix fakultetida tahsil olgan. Mehnat faoliyatini o‘qituvchilikdan boshlagan. Bir muddat Tojikiston Yozuvchilar Uyushmasi kadrlar bo‘limi mudiri vazifasida xizmat qilgan.
“Bulutning soyasi”, “Xayol nafasi” kabi kitoblar muallifi.
Mirzo Tursunzoda nomidagi adabiy mukofot sohibi.

YoR DEDING

Yor deding, yor qani?
Barchadin bedor qani?
Nozil bo‘lgan «Men» qani
Ko‘rsatgil takror qani?
Zorimiz eshitmasa
Ikkimizning zor qani?
Asli barchaga ayon
Pardali ul yor qani?
Ko‘p kezdim xazon ichra
Bulbuli gulzor qani?
G‘uncha kabi ochilgan
Rozi dili xor qani?
Devor ustida ungan
Loladek gulyor qani?
Vujudim ichra pinhon
Oyinai yor qani?
Chehram guldek go‘zaldir,
Oshig‘i ruxsor qani?
Yor deysan, yor qani?
Zorim o‘zing, zor qani?

ONA, ONAJONIM

1

Onajon, onajonim mening dili zorimsan,
Bu jahon ichra topgan yagona g‘amxorimsan.
Doim avliyolardan men madad istar edim
Angladim, ki sen o‘zing tanho madadgorimsan.

2

Ey mehribon onajonim, bo‘lgin doim salomat,
Yiroq bo‘lsin dilingdan alam, ranju nadomat.
Yo‘lingga ko‘z tutishlik jonimga nur bag‘ishlar,
Kelib uyim to‘rida bo‘lgin charog‘i davlat.

3

Ey mening nasihatchim, mehribon onajonim,
Sen yagona yo‘lboshchim azaldan to shu onim.
Har tong xudo bog‘idan duolaring tufayli,
Boshimga gul yog‘ilar, sen – taxti Sulaymonim.

4

Onasini yod etar, jamiki xalqi jahon,
Onasini yod etar, har payg‘ambaru Sulton.
«Onasizlik – balodir» degan kalima haqdir,
Men balodin yiroqman, onajonim, bo‘l omon.

GULLAGAN IShQ

Ishqimning navbahori misli chaman gullagay
Dilimda nastarinu ham yosuman gullagay.
Shafaqdek yal- yal yonar ishq o‘ti nigohimda
Ishqimning lolari bag‘rida qon gullagay.

Dimog‘imdir muattar tog‘ gullari atridan,
Mehr to‘la dilimda ishqi Vatan gullagay.
Gulsevar shoiraman dil bog‘imdan gul tersam
Bas deguncha dilimda bog‘i suxan gullagay.

SEN TURGAN VA MEN TURGAN GO‘ShA

Sen turgan go‘shada jumla yorondir,
Baxting-da ochilgan guldek xandondir.
Men turgan go‘shada esa yolg‘izlik,
Bog‘imda topganim yig‘i, fig‘ondir.

Sen turgan go‘shada gulob icharlar,
Sha’ningni ulug‘lab sharob icharlar.
Men turgan go‘shada xokim xaroblik,
Dilimning qonini  chun ob, icharlar.

Sen turgan go‘shada tinchlik, halovat,
Ruhing diling birla aylar mulorat.
Men turgan go‘shada aqlimu dilim
Murosa etolmay o‘rtagay faqat.

Sen turgan go‘shada bazm, dilbarim,
Ruhing baland, solsam razm, dilbarim.
Men turgan go‘shada yuzlarim sariq,
Hasrat yoshlarimdan ho‘ldir daftarim.

Tojikchadan Hasanboy G‘oyib tarjimasi