KEL EY JONIM
Kel ey, jonu dil, bo‘lgin jononim,
Kel ey, bo‘yi gul, bo‘lgin pinhonim.
Kelib ilhom bergin o‘zing dilimga
Kelib bo‘lgin bayti shakkarafshonim.
Olmosining olmalari misoli
Kelib yashnat mening bog‘u bo‘stonim.
Barcha ta’na qilar beqarorsan deb,
Kelib bo‘lgin o‘zing ahdu paymonim.
Har dam seni ko‘rsam ko‘nglim yorishgay,
Tunda oydek kelib bo‘l mohistonim.
Rahmoniyning joni fidodir senga
Kel ey, jonim, obod ayla jahonim.
O‘ZIMDAN XATO TOPDIM
Ey Do‘st, farmon aylagil, o‘zimdan xato topdim,
Tiriklik so‘qmog‘ida men mushkulkusho topdim.
Vafo ne unutgandim g‘aflatda yurib g‘ofil,
Suhbatingni topdimu ham ishqu vafo topdim.
To‘g‘ri yo‘l deb o‘ylabon kirib nafsning yo‘liga,
Hamrohim bo‘lgach o‘zing, men ham rahnamo topdim.
Xonamdan ham tor edi fikru andesham mening,
Andesha olamingdan men aqlu raso topdim.
Sho‘r to‘la yosh oqardi ko‘zlarim bulog‘idan,
Ko‘zlaringning nuridan men nuri shifo topdim.
Umr har nafas bizni o‘z o‘tida qovurdi,
Sen-la bo‘lib hamnafas, o‘zimga baho topdim.
Voliyo, Rahmoniyga aytgil do‘stdan bir xabar,
Zero, aytganlaringdan men rohi Xudo topdim.
BEDORMAN, EY DO‘ST
Tunlar yoding ila bedorman, ey do‘st,
Yodingsiz dunyoda men xorman, ey do‘st.
Jon jonimga singib ketgansan o‘zing,
Har lahza sen birla men borman, ey do‘st.
Xayolimda kechar necha andesham,
Ishqingda hamesha iqrorman, ey do‘st.
Ro‘ling o‘pib, tavof aylayman desam
Vale ojiz hamda nochorman, ey do‘st.
O‘zingdan o‘zgaga xor etma hargiz,
Ishqingda tunu kun men zorman, ey do‘st.
Garchi jannat bizga oshno emasdir,
Zikringda hamisha takrorman, ey do‘st.
Rahmoniydek pand eshitgach Voliydan,
Tanho sening o‘zingga yorman, ey do‘st.
VOLIY
Ul do‘sti mehribonga, bizdan salom bo‘lsin,
Ul xurshedi osmonga, bizdan salom bo‘lsin.
Bir zarra xok bo‘lsaydik, koshki pok bo‘lsaydik,
Poki ikki jahonga, bizdan salom bo‘lsin.
Yo‘lin yo‘qotganlarmiz, gunohga botganlarmiz,
Madad berguvchi jonga, bizdan salom bo‘lsin.
Bizlar ahli kibrmiz, dard qoshida ojizmiz,
Kechirguvchi Rahmonga, bizdan salom bo‘lsin.
Gul kabi ochilmasdan, keldi xazon faslimiz,
Ul qo‘li gul bog‘bonga, bizdan salom bo‘lsin.
Ho‘l-qurug‘imiz ketdi, ne qilgan bo‘lsak o‘tdi,
O‘shal mushfiq Yazdonga, bizdan salom bo‘lsin.
Voliy, biz Do‘st yodida qanoti singan qushmiz,
Bizni yaratgan jonga, bizdan salom bo‘lsin.
Tojikchadan Hasanboy G‘oyib tarjimasi