Atoqli shoir Gulnazar Keldi 1945 yil 20 sentyabrida Sug‘d viloyati Ayniy nohiyasining Dardar qishlog‘ida tug‘ilgan. 1966 yilda Tojikiston davlat universitetining tarix-filologiya fakultetini bitirgan.
Ilk mehnat faoliyatini «Tojikiston komsomoli» ro‘znomasida boshlab, ushbu ro‘znoma muharriri bo‘lib ishlagan. Keyinchalik «Sadoi Sharq», «Payvand» jurnallarida, «Adabiyot va san’at» haftanomasida faoliyat yuritgan. «Vahdat» ro‘znomasida bo‘lim mudiri va bosh muharrir lavozimida ishlagan.
2005-2010 yillarda Tojikiston Oliy Majlisi namoyandalar Majlisi deputati bo‘lgan. Ayni paytda Abu Abdulloh Ro‘dakiy nomli davlat Mukofoti Qo‘mitasi raisi o‘rinbosari vazifasida xizmat qilmoqda.
Ilk she’riy to‘plami «Askar surati» nomi bilan 1969 yilda chop etilgan. «Boshlanish fasli», «Chanqoq ko‘zgu», «Sen ra’nosan», «Elkan». «Limmo-lim quchoq», « Gulizor uchun», «Yashil devor», «Ko‘cha daryosi», «Besaranjom yomg‘ir», «Uchta tandir kulcha» kabi qirqdan oshiq kitoblari nashr etilagan. «Uchta tandir kulcha» nomli bolalarga bag‘ishlangan to‘plami uchun Abu Abdulloh Ro‘dakiy davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.
She’rlari rus va o‘zbek tillariga tarjima qilingan. Shoir frantsuz shoirlarining silsila she’rlarini tojik tiliga o‘girgan. Tojikiston Respublikasi davlat gimnining muallifi. «Tojikiston Lenin komsomoli» va Tojikiston yozuvchilar Ittifoqining Mirzo Tursunzoda nomidagi mukofotlari bilan taqdirlangan. Tojikiston hukumati tomonidan «Do‘stlik» va «Ismoil Somoniy» medallari bilan mukofotlangan. 1969 yildan Tojikiston jurnalistlar Itifoqi va 1973 yildan buyon Tojikiston yozuvchilar Ittifoqining a’zosi, Tojikiston xalq shoiri.
QOR
Sukunat qa’riga cho‘mgan bu tunda,
Ey, umidim ramzi, meni tark etma!
Tonggacha oq yo‘l bo‘l, nafasim seni
Eritsa, yorimdek dilim eritma.
Senga izhor etgum ne armon ila:
— Ey, koshki, dunyoning barcha faslida
Yo‘llar xam, dillar ham faqat oq bo‘lsa,
Oppoq umid unsa inson naslidan.
Quyosh nuri yanglig‘ borlig‘ing ravshan,
Senda xiralikdan yo‘q zarra asar.
Ammo netay axir, sening rangingdan
Oqlik topmasalar ichi qoralar!
Jonimni yo‘rgaklab kumush raxtingga,
Yana go‘daklikni qo‘msayman bu tun.
Beshikda tin olib, qutulgim kelar
Donoyu nodonning dastidan butun..
Harir pardang uzra ko‘hna daraxt ham
Xuddi kelinchakdek ko‘rinar ko‘zga.
Sochib oq, go‘daklik bo‘lmagay nasib,
Taqdirga tan bergum, chora yo‘q o‘zga.
Modomki vijdondek pokizadirsan,
Imondek beg‘ubor, bedog‘, bekina.
Seni e’zozlasa arzir har bir jon,
Sening taxting erur mujgon ustida!
Ammo sen yo‘limga chak-chak tomasan,
Armon yoshlaridek sizib basma-bas.
Ammo sen poyimni tavof qilgudek
Bosh qo‘yib borasan befig‘on, besas.
Men axir yo‘lchiman, ilojim qancha,
Qanday chetlab o‘tay, ey, xayrixohim?!
Sen singib ketasan zaminga, kechir
Bu uchun bo‘lsa gar mening gunohim!
Jonimni yo‘rgaklab kumush raxtingga
Yana go‘dak bo‘lib yashagum mamnun.
Men faqat o‘sha vaqt ko‘hna dunyoning
Qoru yomg‘iridan qutulgum butun…
EY ASRIM, OGOH BO‘L…
Quloqqa chalinar tashvishli nido:
«Iltimos, ko‘lingni tegizmasdan o‘t!»
Posbonlar nigohi takrorlar go‘yo:
«Suratga hech ziyon yetkizmasdan o‘t!»
Nigohlar tanobi zanjir singari
Odamlar qo‘llarin bog‘lar, begumon.
G‘azabdan titraydi barcha: yosh-qari,
Tish qayrab eshikka bo‘larkan ravon.
Xaloyiq bo‘ysunmay posbon so‘ziga,
Suratga qo‘l cho‘zib, ishin qilibdi.
Tirnog‘in botirib Gitler ko‘ziga,
Rosa kovlabdiyu, rosa tilibdi.
Muzeyda osig‘liq Gitler surati,
Ko‘zlari o‘yilgan, kabih va murdor.
Mujassam ko‘rindi bashar nafrati —
Razillar nafratga, alhaq, giriftor.
Vo ajab, shu nokas ajdar misoli
Jahonni qon qilib yutmoqchi bo‘ldi.
Ko‘ringlar, kontalab ko‘zlarning holin,
Qon yutib, qon yutib qoniga to‘ldi.
Suratga boqdimu ko‘rindi birdan,
Olamni to‘ldirgan odamzod qoni…
Quloqqa chalindi go‘yo har yerdan,
Majruhlar nolasi, faryod, fig‘oni…
Garchi muzeydadir Gitler uyasi,
Garchi ozor topmas xavfidan zamin,
Ey asrim, ogoh bo‘l, uning kuyasi,
Uning urug‘lari bosh ko‘tarmasin!
Tojikchadan Jonibek Quvnoq tarjimasi
TOJIKISTON
Tojikiston-la
Men millatdirman.
Nomu nasabli
Boshavkatdirman.
Tojikistonsiz
Bemakondirman.
Oyu quyoshsiz
Lomakondirman.
Buloqlarisiz
Tashnajondirman.
Go‘zal tog‘isiz
Notavondirman.
Tojikistonsiz
Hech kasim yo‘qdir.
Olam to‘la ganj
Bir xasim yo‘qdir.
Tojikistonsiz
Mendan asar yo‘q.
Tojikistonsiz
Mendan xabar yo‘q.
Tojikiston-la
Men odamdirman.
Tanho deb aytmang,
Men-olamdirman!.
ShE’RIM MENING ISYoN ERUR…
To muhabbat Vaxshonzamin ayolidek sarson ekan,
She’rim mening isyon erur.
Tokim uning beshigida mag‘rur ajal xandon ekan,
She’rim mening giryon erur.
Ro‘dakiyning ko‘zi kabi gulzordagi g‘unchalar ham,
Bu tunning zulmati yanglig‘,
Tokim afg‘on shamollari ofatgari bo‘ston ekan,
She’rim mening to‘fon erur.
O‘rtamizda sarhad bordir, yurt sarhadi obod, vale,
Bag‘rida yuz faryod bor ekan!
To hamsoya soyasining joyi bizning maydon ekan,
She’rim mening nolon erur.
Tokim go‘dak kaftlaridan qalam shavqi tushar ekan,
Dilda tashvish yashar ekan,
Tokim suxan binosi ham omonatu larzon ekan,
She’rim mening vayron erur.
Tokim dili xasta Amu yanglig‘ goho men parishon,
Goho bo‘lib men pushaymon,
Dil qa’rimda fig‘onlarim pinhon ekan,
She’rim mening zindon erur.
Tojikiston – ona yurtim, menga toza iymon ekan,
Jonim ichra bir jon ekan,
Tokim Xo‘jand, Xatlon hamda Rishton aro sarson ekan,
She’rim mening uryon erur…
TIL HAQIDA
Dariy tili tojigimning nishonidir.
Ikki jahon aro uning jahonidir.
Sanjar ila Chingizxondan kam bo‘lmagan
Tojiklarning ham panohi ham shonidir!
Tojikchadan Hasanboy G‘oyib tarjimasi
RUSTAM TAXTI
Onalar o‘z shuhratin farzandiga baxsh aylagay,
Samangonda Rustam taxti intizordir Rustamga…
Bu oliy taxt poyiga
Ne-ne yog‘iy tiz cho‘kkan.
Ne-ne o‘lka-elatdan Rustamning dushmanlari
O‘z qoniga g‘arq bo‘lib
Erga qulab tushgandir.
Rustamning nomi uyqash iftixoru sharafga,
Rustamning nomi nishon pokliq, nomusu orga,
Rustamning gurzisi ham abadiyat omondir,
Rustamning shon-shuhrati asrlarga yetajak!
Agar tilga kirsa toshlar, bu lahza
Vatanning ishqi deb qissalar so‘ylar.
To tirik bordir Vatan,
Bu qissalar mangu yashar.
Yarador devorlar ingraydi goho:
«To bino bo‘lguncha ona-Vatan siyrati
Umrlar qechdi qancha!
Yomg‘irning nayzalari yerga botgan lahzada,
Sabzlar achchiq yoshdan ho‘llangan bir lahzada,
Lolalar g‘am zo‘ridan titrayotgan lahzada
Quloqqa chalinarmi Suhrobning nolalari?
Yo Rustamning faryodi?»
Onalar o‘z shuhratin farzandiga baxsh aylagay,
Samangonda Rustam taxti intizordir Rustamga…
…Biroq Firdavsiy kabi
Shoir ham tug‘ilmasa,
Boshqa Rustam hech qachon qayta qelmas olamga.
KARVONLAR
Qo‘ng‘iroq jarangi taralar har yon,
Uzoq yo‘lni ko‘zlab bormoqda karvon.
Tezroq jamol ko‘rsat, ey, sodiq sahar,
Karvonga yo‘ldosh bo‘l, bo‘lgin mehribon!
Oldinda dovonlar,
dilda armonlar,
Ey, yo‘lchi yulduz,
yo‘ldan uzma ko‘z!
Karvonga muntazir ne-ne manzillar,
Sanoqsiz dillar!
Omon yetarmikan?
Xursand etarmikan
Bu manzillarni,
mushtoq dillarni?
Asrlar bag‘ridan o‘tmoqda karvon,
Qo‘ng‘iroq jarangi taralar har yon.
Balki Nasr bormoqda Buxoro tomon?
Qalbini zabt etib Rudakiy she’ri,
She’rga asir bo‘lgan yurtning amiri:
«Mo‘liyon bo‘yi bu yon kelmoqdadir,
Yodga yori mehribon kelmoqdadir…»
Yo Tusni so‘roqlab borar zar ortib,
«Shohnoma» baytlarin zar bilan tortib?
Shoirga kechikkan bu zar ne darkor?
Qachon tengdir, axir, zar bilan ash’or?!
Karvonga yuklangan umid va armon,
Ne-ne taqdirlarga shohid bu karvon.
Nosir Xisrav izi bordir Hijozda,
Sino hikmatlarin tinglar har makon.
Qo‘ng‘iroq jaranglar,
o‘tmoqda karvon,
Qaydaman?
Aytinglar, bu qaysi zamon?
Qaysi asr bo‘lmasin,
qayda bo‘lmasin,
Tezroq jamol qo‘rsat, ey sodiq sahar,
Karvonga yo‘ldosh bo‘l, bo‘lgin mehribon!
Charaqlab turgin sen, ey yo‘lchi yulduz,
Karvon o‘tib borar, yo‘ldan uzma ko‘z!
* * *
Sohillar o‘xsharlar qaqroq lablarga,
Kuydirar, yondirar suvning armoni.
Mavjlanib oqqandi bu daryo bir vaqt,
Yod bo‘lib qolgandi sirli dostoni.
Daryoning umidu armoni go‘yo
O‘zanda tosh bo‘lib qolganday bugun.
Musaffo qo‘zgusi toshda ming pora,
Hech kimni etolmas husniga maftun.
Toshlarning betiga, sohil chetiga
Daryo o‘z muhrini bosgan bemalol.
Qoyaning toshiga ne umid bilan
O‘tkinchi o‘z nomin yozgani misol.
Uzilgan tor kabi ko‘rinar daryo,
Unda na navoyu na kuy, na bayon.
Javlon urgani-chun ammo bir bahor,
El uni daryo deb ataydi hamon…
KUZ
Tog‘u toshlar uzra,
Bog‘u adirdan
Sovuq yel kechadi tirama kuni.
Endi umidimning daraxtlaridan
To‘kilib tusharmi quvonchim guli?
Sahroyu adirlar biyday tap-taqir,
Shamollar keltirmas qushlar faryodin.
Nahotki, bu foje menga ham taqdir,
Nahot, bir kun kelib so‘nar hayotim?
Qarigan mulladek mudraydi daryo,
Bemordek oqarib qolgandir quyosh.
Nahot, bir kun kelib ko‘nglim quyoshi
Nurlari so‘nar-u, bo‘ladi odosh?
Yorimning vaslidek kun qisqa, mubham,
Yorimning hajridek kechalar uzun.
Nahotki, mening bu qisqa umrim ham
Oniy lahza erur tabiat uchun?
Titragan yaproqlar, yalang‘och daraxt
Bahordan ertaklar aytadi bu payt.
Yana qayta gullar yuragimda baxt,
Umiddan bir baytu armondan bir bayt.
ShUKRONA
Biz juda yosh edik, ko‘rmadik garchi
Nimadir o‘t-tutun purkayotgan jang.
Lekin eshiklardan ochlik shaklida
O‘lim bizga solar edi chang.
Urushni ko‘rmadik va lekin dilda
Dard, g‘amlar yashirgan yuzlarni ko‘rdik.
Otalar, o‘g‘illar ham birodarlar
Yo‘lida intizor qo‘zlarni ko‘rdik.
Urushni ko‘rmadik bizlar va lekin
Suluv qelinchaklar sukutin ko‘rdik.
Bir oyoqda qaytgan aka, otani,
Qaynoq yosh, nolalar, dard o‘tin qo‘rdik.
Bizlar tirikliqning og‘ir yukini
Juda erta ko‘rdik o‘z yelkamizda.
Ko‘rdik otalarning korjomasini
Onalar egnida — o‘z o‘lkamizda.
Ko‘rdik rangi o‘chgan xat tashuvchining
Titroq qo‘llarini, imdodlarini;
To‘rtburchak xatlarda bizlar nogahon
Ko‘rdik onalarning faryodlarini…
Bugun-ku, baxt kulib boqar har tomon,
Er gulga cho‘lg‘angan, sofdir koinot.
Bu dilkash hayotning qadriga, yoshlar,
Etmog‘imiz kerak barchamiz, hayhot.
Bugun senga aytgan yurak sirimda
Tuproqqa ko‘milgan ming sir nihondir.
Senga taqdim etgan dasta gulimda
Ming bir ochilmagan g‘uncha pinhondir.
Men to‘lib vasf etay jonu dilimdan
Armonli qizlarning sevgisi kuchin,
Toki sen zahmat chek o‘zing uchun ham
Ham jangdan qaytmagan yigitlar uchun.
Urushdan qaytmagan bo‘lsa ham garchi,
Tuproqda jimgina yotsa ham ular,
Ham mening, ham sening — barcha yoshlarning
Baxtiga har lahza ko‘rinib turar.
Bu totli hayotning shukronasidan
Bizning baxt uyimiz bo‘lmish charog‘on.
Ul qaro kunlarni inson bolasi
Ko‘rmasin hech qayda, hech vaqt, hech qachon!
KUZATISh
O‘z yuzingni o‘z kafting-la yashirmagil, jonginam,
Axir yig‘i ravo emas erkak kishiga, ayon.
Yoshga to‘lgan ko‘zlarimni yuzingga tikdim bu dam,
Yuragim qon edi o‘zi, jigarni ham qilma qon.
Qo‘lim sinsin mening, axir, qo‘llaringni ushbu kez
Silab-siypab yuzlaringdan ayirmadi, nachora.
Panjalarim taramadi xushbo‘y sochingni, esiz,
Shod etmadi ishqtsan alam chekkan ko‘nglingni sira.
Ko‘rib sening holatingni, xayoling to‘lqinini,
Ostonada bamisoli devor bo‘ldim, jonginam.
O‘zim-ku lol edim sezib uzog‘u yaqiningni,
Ko‘rib ohing chaqinini abgor bo‘ldim, jonginam.
Yurakkinam amr etardi: «Darhol borgil, tezroq bor,
Silab tutgil qo‘llarini, yelkasiga qo‘ygil bosh!» —
Hayajonu andishayu hayo edi ustivor,
Hayhot! Qani, qayda edi o‘shal jur’at va bardosh!
Nechun ko‘krak qafasimda telbadek talpinarsan?
Dod dastingdan sening, axir, mening sho‘rlik yuragim!
Nechun unga sen o‘trincha-o‘trincha tashlanarsan?
Dod dastingdan sening, axir, ey, ko‘zim, ey, qarog‘im!
O‘z yuzingni o‘z kafting-la yashirmagil, jonginam,
Axir, yig‘i ravo emas erkak kishiga, ayon.
Parishonhol ketmasligim uchun tag‘in yoningdan,
Shu ahvolda kuzatmagin endi meni hech qachon!
Tilak Jo‘ra tarjimasi
YoLG‘IZLIK
Ey archa, o‘rning baland,
Poyingda turar tog‘lar.
Hamsuhbating bo‘ronu
Qo‘shning osmon bu chog‘lar.
Quyosh ham mehri bilan
Yuzingdan o‘pich olar.
Qahri kelib to‘fonning
Sunbuling tortib qolar.
Yuksaklikka dil bog‘lab
Ayrilding yor-do‘stingdan.
Harchandki balanddasan
Pinhondirsan o‘zingdan.
Tun cho‘kishi bilanoq
Kimni ko‘ra olarding?
Bu manzilda, ayt-chi, sen
Kimga to‘karding darding?
Yoningda g‘am-g‘ussangga
Sherik bo‘lar kishing yo‘q.
Chunki havolab ketding,
Birov bilan ishing yo‘q.
Garchi bu hayotingni,
Jasurlik, derlar, mayli.
Bargingdagi shabnamlar
Ko‘z yoshingga o‘xshaydi.
Jamshid tarjimasi