Nuriy Arslonov (1912-1991)

Nuriy Aziz o‘g‘li Arslonov (Nuri Gaziz ulы Arslanov) Petropavlovskda tug‘ilgan. 1931 yil Qozon san’at institutini bitirgan. Gazeta va jurnallarda rassom, adabiy xodim bo‘lib ishlagan. Shoir va tarjimon sifatida tanilgan. Pushkin, Bayron, Gyote, Hofiz, Xayyom, Mahtumquli, To‘xtagul, Abay asarlarini tatarchaga o‘girgan.

ShOIR VA ShOH

Maydonda Hind sultonin yengmish,
Ega bo‘lmish toju davlatga.
Ayrilarkan ona vatandan,
Shoir umri kechmish hasrat-la.

U taxtni baxt deb bilmadi hech,
Azob berdi ko‘ngil yarasi.
Meros qoldi bizga u zotdan
G‘azallari, “Boburnoma”si.

Bobur podshoh zamoni o‘tdi,
Toju taxtdan asar qolmadi.
Bobur shoir – biz bilan birga,
Shonin tuproq ko‘ma olmadi!..

QUSh BO‘LGIM KELADI

Qushlar tili kabi judayam biyron,
Yoqimli tilingiz!
Latishlar! Men sizni yaqin tutganim
Tilsiz ham bilingiz!..

Bildim, qushlar turli-turli bo‘lsa-da,
Bitta ekan tili.
Insonlarda esa, bitta til yo‘q, ha,
Bari turli-turli.

Tillar turli ekan, ziyoni yo‘q, bas,
Kir bo‘lmasin unda.
Tilni bosib, so‘zni to‘sib turguvchi
Dard bo‘lmasin jonda.

Jahon kezsam deyman, sayrasin tilim –
Qush bo‘lgim keladi!
Tilimizdan tuzilgan bir “xor”, maqomga
Qo‘shilgim keladi.

Barimizga aziz, ezgu tuproq bu,
Biz – Yer bolalari.
Insonlar uchun baxt – faqat do‘stlikda,
Bashar – qardosh bari.

Tatar tilidan Tohir Qahhor tarjimaci