Goyko Bojovich (Goјko Bojoviћ) – shoir va noshir. “Er osti inshooti” (1991), “Hayvon yuragi” (1993), “Narsalar haqida she’rlar” (1996), “Arxipelag” (2002), “Elementlar” (2006), “Benazir qo‘shnichilik” (2012) she’riy to‘plamlari hamda “Zamonaviy she’riyat. XX asrning ikkinchi yarmidagi serb she’riyati haqida” (2000), “Sevimli maskan. Serb she’riyati haqida esse” (2009) kabi esselar to‘plami e’lon qilingan. Adib “Yangi serb she’riyati” antologiyasi (2005) va “Atrofimizdagi dunyo” (2009) zamonaviy serb nasri antologiyasi tuzuvchisi.
ZAMON
Balki…
ba’zi tushunchalarni
o‘zgartirmoq yaxshidir kezi kelganda.
Ana, qarang, askarlar
qilichlarin
avaylab olib qo‘ydilar.
O‘tkir pichoqlarin
soldilar qinga.
Osoyishta hayotga
nima ham yetsin?
Garchi ular chiniqqan,
har on kurashga shay bo‘lsalar-da.
Odatda, jangchi
yo‘lga otlanar ekan,
o‘rganmog‘i lozim
safar yo‘nalishini.
Kutilmagan dengiz
sarguzashtlari uchun.
Zero, har bir
safarning ajib gashti bor.
Qishda g‘orlar
tomon talpinadi u
Yirtqichlardan
omon qolmoqlik ishtiyoqida.
Bahorda-chi, xushovoz
ilohalar chorlar uni qo‘shiq kuylab.
Yoz esa soz o‘tar dengiz bag‘rida.
Kuzda sokin
tortib kezadi dilgir,
tangridan najot so‘rab
sochilgan orollar ichra.
Janglar ichra xayolingda kezar bir savol:
“Bu safar jon berar qaysi qahramon?..”
Yashayversak ko‘ramiz hali.
Balki…
vaqti kelgandir ushbu damlarda
tinglamoq lozimdir marhumlarni-da!
Mayli, so‘zlasinlar,
shu paytgacha toqat qilganlar,
Horigan jasorat,
shijoat sohiblari.
Har gal kelgusi janggacha
ruhingni qiynaydi qurbonlar yodi.
Va yer haydagan
qo‘shchiga azob beradi
Tuproq qatidagi siniq so‘ngaklar.
Ayollarning bari bosh egdi bu kez,
Bu qora o‘tmishni unutmoq uchun.
Jang maydoni uzra
esa pok nomlar va shonlar kezar sarsari.
Gavjum shahar esa
allaqachon huvillab qolgan.
Unda ko‘rinmaydi bironta erkak zoti.
Bo‘yi ancha cho‘zilib qolgan
yigitchalar bu dam
Bo‘yinga olmoqni
istashar ro‘zg‘or yukini…
SO‘NGGI SURAT
Saqlanib qolmagan
otam bilan tushgan so‘nggi suratim.
O‘shanda biz
otamning mashinasida
birga ketib borardik.
Men sukut saqlardim.
Otam esa hikoyalar so‘zlar
va nedandir tashvishlanardi.
Go‘yo unga yetmasdi havo.
Surat plyonkasida
oqish chiziqlar qolgan.
Biroq menga
mana shu tasvir qadrlidir
barcha yorqin suratlardan ham.
Esimda, oldinga
qarasam jimirlardi ko‘zlarim.
Go‘yoki nimadir
ro‘y berishin sezdim o‘shanda.
Sodir bo‘lgach esa
hamma-hammasi o‘rtamizda qoldi.
O‘sha yerda…
otamning
och sariq mashinasida.
GUVOH
Bir guvoh,
Taduyesh Rujevich,
O‘smirligida kechgan
tushkun bir holat haqida so‘zlab qoldi.
Bir kuni uning onasi
dunyoga tiyrak boqa boshlagan,
besh yoshli hayotsevar o‘g‘liga:
“Bir umrga seni tashlab ketaman”, degan.
Bilmadim, bu tahdidli so‘zlar
qanchalar salmoq kasb etadi?..
Men sizga
boshimdan o‘tgan voqeani aytib beraymi?
Mening onam biror marta:
“Seni tashlab bir umrga ketaman”, demagan.
Biroq tashlab ketgan
abadiy firoqqa meni.
Garchi bu voqeaga
guvohlik bera olmasam-da,
Uning ketayotgan
lahzalardagi nigohlarin
eslab bo‘zlayman, xolos.
Rus tilidan Muxtasar Tojimamatova tarjimasi