Borislav Radovich (1935-2018)

Borislav Radovich (Borislav Radoviћ) – shoir, essenavis, tarjimon. “Shoirona” (1956), “Bedorlik qardoshligi” (1960), “Tanlangan she’rlar” (1979), “1971–1982 yillar she’rlari” (1983) “Qirq ikki tanlangan she’r” (2007) she’riy kitoblari, to‘rtta adabiy esselar to‘plami nashr etilgan. Frantsuz tilidan O.Balzak, Sh.Bodler asarlarini tarjima qilgan.

HAYoT MAYI

Bayram dasturxoni qitiqlar ishtahani,
sochlar ehtirosdan ho‘l bo‘lganicha jiqqa,
biz tamom g‘aflat bo‘hroniga botganda, otam
navdaning ko‘z ochganidan xabar topgancha
o‘ynashar kun botguncha, yaproqchalar mehr ko‘radi,
toliqqan qo‘llarining sezgisi birdan
no‘xatvash yashillikka to‘lib-to‘qinib o‘yga toladi:
yangi musallasning toti qanaqa bo‘larkan?

Men bugun shunaqa mayni orzu qilaman,
qadah ko‘taraman oynaga urishtirib –
bahor shu’lalari jilvalanar poxol rangida…
Men aniq biladirman, sodir bo‘lar bari begumon:
novdalar pindiq otar, ko‘rsangiz edi,
navrasta, so‘lim, hayrat xayolingiz zanjirlar.
Agar oradagi mehr rishtalari uzilib ketmasa bormi,
ildizdan xatlar olar larzon meva shokilalari:
yog‘och kulba yerto‘lasida qopqalari mag‘or ul bochkalarda,
bu yoz vag‘illagan oltinrang chog‘ir,
horg‘in oftob oqsoqlanib qadamlaydi nenidir
osmon qavatlarida. Misoli yulduz,

ko‘pirgan may koinotda saralar saroyin,
eski ko‘ylagida va birdan bo‘lgancha ozod,
balki nogoh tashrif buyurar padar,
nafasi qisgancha, paydar-pay yo‘talar,
o‘zining toyg‘onib yurgan fikrlarini
haris ko‘zlari-la ma’yus kuzatib.

VAQT SINOVI

Havoda qor izg‘ib yuribdi, dalalardan anqiydi chog‘ir,
ilashadi uniqqan bargi xazonlar kuychi g‘ildiraklarga.
Eshityapsanmi? Bu askarlar uylariga qaytayotirlar,
xotinlari oldiga.

Dubulg‘alar bilan birga indamaygina xotirlarni yechib qo‘yishar,
oq kokillar yalang‘ochlanar.
Bu joyda shoirlar nima ham tutqazar yurakka – musibat va
ochlikdan bo‘lak,
gunohkor yaqinlik, ezgulikning yengilganidan boshqa,
mayda xalqlar
ildizini izlash yanglig‘
behuda.

Askarlarning oyoqlari cho‘milar tishsiz kampirchalar ko‘zyoshlariga,
harbiy anjomlarin yechib, beshiklarga termiladi jangchilar,
ajablanar och malla bolakay:
ularning jingalak sochlari, xuddi oq asalari kabi
boshlariga belgi solib qo‘yilgan-a.

Qish. Ajoyib palla-da, yana qadrdon uyning
o‘chog‘i yonida
otalikka ko‘nikkanicha, har turli gaplarni laqillasa bo‘larday,
huv, o‘sha, kim tug‘ma ko‘r ko‘z ochganidan,
kim esa qo‘lsiz bolalikdan –
barining yozig‘i nima qazoi qadarda – vaqt shoshilmay doriga tortar.

EShKAKChILAR

Qip-qizil suvda qora-qura shakllar:
kun botishda eshkak eshishar, quyosh orqa yoqdan tikilar,
qizilvashlanib qorayishlarni;
chor taraf dengiz, go‘yo topilma jomlarning bir yoni.
Kema quyrug‘ida turgancha Hofiz, ruhlantirar eshkakchilarni:
“O‘ylaysizki, uygacha suzib boramiz tikka, yo‘q, aslo,
hozircha hech kim bizning kemamizdan ketolmas,
aksiga hammasi shunchaki rivoyat,
na bir shoyi-ipak, mo‘ynalar,
na bir huriliqo qo‘limizga kirmagan – biz, eshkakchilar,
yara-chaqalarimizdan oqqan qonga bo‘yalgan kiyimlarimiz,
hozircha boshqalar to‘ldirishar ombor, ovloqlarini,
eshkak eshing, birodarlar, eshkak eshing,
eshityapsizmi ko‘rfazlarning hayqiriqlari;
eng to‘g‘ri va ishonchli yo‘l mana shudir, azizlarim,
eshkak eshib yetganicha dengizlardan dengizlarga o‘ting oshib,
suvi chuchuk ma’volarda,
ko‘m-ko‘k yashil maysalaru xushbo‘y zamin tarovati quchganicha ” .
Mana, ajab, yo‘rgakdagi chaqaloq ham oyna sari eshkak eshar,
uning shovqin-suronidan zir titrarday ko‘y-ko‘chalar.
Qizilvash bu qop-qoralar:
bor-yo‘g‘i och arvohday shamoyili qolgan elas,
Qaylargadir bir amallab suzib borib, berarmi sas.

Rus tilidan Vafo Fayzulloh tarjimasi