Semyon Mixaylovich Ostrovskiy 1938 yili Kiyevda tug‘ilgan. Kiyev davlat universitetini tamomlagan. Semyon Ostrovskiy – “Neva”, “Kostyor”, “Murzilka”, “Kukumber”, “Poznayka” kabi jurnallarning muallifi. Uning «Saxiy mandarin» va «Arslon bilan uchrashuv» kitoblari mashhur.
SOG‘ BO‘LING!
Sen qirmizi quyosh-la do‘stsan,
Shod bo‘lasan sovuq mavjlardan,
Yomg‘irlar ham qo‘rqita olmas,
Qorbo‘ron ham vahima solmas.
Shamol solmas ko‘nglingga qutqu,
Charchamaysan o‘ynab ham sira,
Va uyquga erta yotasan,
Quyosh bilan erta turasan.
Xo‘b yelasan qishda chang‘ida,
Yaxmalakda uchish qasdida.
Yozda esa nurda toblanib
Cho‘milasan suvda loylanib.
Charchamaysan yugurib-elib,
Tinmay sira xo‘p koptok tepib.
Ulg‘ayasan sen sog‘lom bo‘lib,
Tengi yo‘q bir bahodir bo‘lib.
Rus tilidan Davron Rajab tarjimasi