Ekaterina Serova (1919-2008)

Ekaterina Serova – rus bolalar yozuvchisi. 1919 yili Vologda shahrida tug‘ilgan. 40 dan ortiq kitob muallifi.

ODOBLI BOLA

Uyga qaytardi govmish,
Elinlari tirsillab.
Ro‘paradan Nikita
Chiqib keldi harsillab.
So‘qmoq yo‘li tor edi,
Nikita bosh qashladi.
Chetga sakrab o‘zini
Ariqchaga tashladi.
Buni ko‘rib bir qizcha,
Chopib keldi uzoqdan.
– Qo‘rqma, – dedi, – govmishim
Yuvvosh hatto buzoqdan.
Dadillandi Nikita:
– Qo‘rqqanim yo‘q haliyam!
Sigiringga yo‘l berdim,
Shunday mening tarbiyam!

ZARPEChAK

– Yordam bergin, Moychechak, –
Deb zorlanar Zarpechak.
– Men juda bechoraman,
Turolmay ovvoraman.
So‘ng chechakka tirmashib,
O‘rab oldi chirmashib.
Yana deydi: – Kim bor, hoy,
Men yetimga bering joy!

NILUFAR

Suvda qalqar Nilufar,
Yaproqlari oq ukpar.
Qaniydi bandni uzib,
Borsa mehmonga suzib.
Biroq jilmas joyidan,
Suvga botgan poyidan.

PALANG VA QISQIChBAQA

Chig‘anoqli uychada
Yashaydi palang.
Tanishlarga bosh silkib
So‘rashar qarang.
Baliqchaga bosh egib,
Kulib so‘rashar.
Chavoqchaga shox egib,
Quyuq so‘rashar.
Mana, yaqinlashmoqda
Shum qisqichbaqa.
U – palangning dushmani,
Deydi: – Chiq baqqa!
Kelgan edim ataylab
Seni ko‘rgani.
Uycha qars-qurs yopilar,
Yo‘l yo‘q kirgani.
Palang qisqichbaqaga,
– Sarson bo‘lma, – der.
– Senga joy yo‘q uyimdan,
Bor, toshingni ter!

MOYChEChAK

Xo‘p olibdi yasanib,
Boshida tilla jig‘a.
Qulog‘iga shabnamdan
Taqib olgan isirg‘a.
Dala-qirni qoplabdi.
Behisob quyoshchalar,
Silkinishib shodlanar
Boladay beboshchalar.

AJDARGUL

Sher esnasa, qo‘rquvdan.
Titroqqa tushar har gul.
Ammo chechaklar ichra
Uning nomi Ajdargul.
Qanday chiroyli ular –
Yoqimli ajdargullar!

QO‘RIQChILAR

Derazamiz yoniga
Chumchuq qurdi in.
Polaponlar chirqirar –
To‘ydirmoq qiyin.
Chumchug‘oyim pirillab
Emish keltirar.
Ko‘rsaki, inin poylab
Mushuk mo‘ltirar.
Chumchug‘oy chirqiradi:
– Qutqaring, kim bor?
Kelmoqda ayyor mushuk,
Ko‘zi naq svetofor!
Tirnoqlari bigizday,
O‘tkir, bir quloch!
Chopib keldi Mishavoy,
Dedi: – Tegma, qoch!
Paxmoq Shurik yugurib
Keldi izma-iz.
Dedi: – Qushlar inini
Biz qo‘riqlaymiz!
Keyin dedi mushukka:
– Daxl qilmaysan!
Polaponlar iniga
Yaqin kelmaysan!
Qo‘lda taxta to‘pponcha,
Shurik g‘oz turar,
Alang-jalang miyovlab
Mushuk yozg‘irar.
– Miyov-miyov, qushlarda,
Mening ishim yo‘q.
Chumchuqlar ham kerakmas,
Asli qornim to‘q!
Ochqab qolsam, yeyishga
Ovqatim tayyor.
Yaxshisi, xurrak otib,
Aytaman alyor!

YoPIShQOQ EChKIMIYa

Ko‘rinishi beozor,
Fe’li yomon, bilsangiz.
Bir yopishsa, qo‘ymaydi,
Yaqinlashib kelsangiz.
Tegajaklik qilmishi,
Kimga yoqar bu ishi?

ChUMOLILAR POEZDI

Kim ko‘rgan bunday izni,
Tirik, jonli poyezdni?
Otliq yoki piyoda,
Odam yurmas makonlar
Ichra qatnar tinmasdan,
Mitti, chopqir vagonlar.
Ular ne qilar axir,
Mazut yo temir tashir?
Bilsang, vagonlar to‘p-to‘p,
Iniga tashir xas-cho‘p.
Bir vagon oqsab qoldi,
Nima gap?
Nima bo‘ldi?
Dardi ayon ko‘zidan,
Yuki og‘ir o‘zidan.
Barcha yordamga shoshdi,
Yuki qo‘lma-qo‘l oshdi.
Eh, vagonlar, mo‘rchalar,
Oqibatli bunchalar.
Bir-biriga qarashar,
Achomlashib so‘rashar!

QIZILBARG

Polvon og‘a-inilar,
Biri-biridan o‘ktam.
Lovullar adirlarda
Adl qomatli, ko‘rkam.
Liboslari alvondir,
Har bittasi polvondir!

QO‘NG‘IROQGUL

Moviy qo‘ng‘iroqgullar,
Mudom ta’zimda turar.
Shodon dillarga elchi,
Juda muloyim…
sen-chi?

Rus tilidan Nurulloh Oston tarjimaci