Dmitriy Kedrin – rus shoiri, tarjimon, jurnalist.
SEP
Qamishzorda botqoqlar qurib,
Gullaganda kashtanlar Tusda,
Firdavsiyning nozanin qizi
Yig‘lab-yig‘lab aytdi qo‘qqisdan:
“Tushlarimga qo‘g‘irchoqlarmas,
Ostonamga poyondoz bo‘lib,
Yotib olgan sovchilar kirar,
Duvillagan tutday to‘kilib.
Umidvorman, ruxsat berarsiz,
Tanlashimga, birortasini,
Otajonim, nima deyarsiz,
Ne qilamiz sep balosini?!”
Qiziqqonroq jigarbandiga
Javob berar Firdavsiy mas’um:
“Kurtaklar ham tepib bandiga,
Eshityapman g‘ozlar ovozin.
Kezmoqdadir bahor havosi,
To‘lib-toshgan yosh qalbingizda.
Ammo, afsus, ota duosi,
Naf bermagay ahvolingizga…
Omborda bor so‘nggi siqim don.
Xavotirlar to‘g‘ridir, bolam,
Yo‘qsildirmiz, netay, peshona,
Badavlatdir bizdan sichqon ham.
Ammo, qizim, o‘ksinmang sira
Kuyinishga hali vaqt bor.
Menga tongni bersangiz, zora,
Men yurtimni kuylasam takror:
Xudolari, botirlarini,
Janglarini, g‘oliblarini.
Va ilhomim ortib uch bora
Tushga bitsam, yovqurlarini.
Quyulsa-da sirli satrlar,
Zarhal topsa bu qog‘oz qora;
Va kechqurun shohning oldida
O‘qishsaydi qo‘shig‘im zora.
Shoh o‘qiydi va sovg‘a yo‘llar,
Qo‘sh o‘rkachli tuyalarida;
Bizga xil-xil rangdor matolar,
Ko‘z qamashar boqsang zarida”.
Qamishzorda botqoqlar to‘lib,
Sarg‘ayganda kashtanlar Tusda
Yana qizi kirar qizarib,
Olijanob Firdavsiy ishda:
“Uchinchi oy o‘chmaydi chiroq,
Tugamasdir, qiziq, ishingiz,
Aytingiz-chi, otajon, biroq,
Etarmikan sepga pulingiz?
O‘chmaganin ko‘rib shamingiz,
Kechalari, ko‘rib qo‘shnilar
Elkalarin qisishar kulib,
Ichlarini mushuk timdalar…”
Qiziqqonroq jigarbandiga
Javob berar Firdavsiy sekin:
“Kurtaklar ham qaytdi bandiga,
Tinglayman men g‘ozlar ovozin.
Mehnati ko‘p, chuqur, zahmatli,
Men terimni to‘kibman kamroq.
Shundan bo‘lsa kerak, satrlar
Yaltiramas, bir oz xiraroq.
Sabr qiling, bo‘lingiz bardam,
Bir yillarga yetadi kuchim.
Shunda kimni xohlasangiz ham
Atayvering, yakka-yolg‘izim”.
Bir yil o‘tgach, botqoqlar qurib,
Gullaganda kashtanlar Tusda
Qizi yana kirar bo‘zarib,
Qanoatli Firdavsiy ishda:
“Qani axir munchoqli iplar,
Va xush bo‘yli imberli muskat?
Ota, meni kim axir o‘ylar,
O‘tib ketsa sepim deb fursat?
Charchadilar qayliqlar qatnab,
Charchadilar quruq kutishdan.
Ayting axir, o‘zi nima gap,
Foyda bormi o‘zi shu ishdan?”
Iddaoli jigarbandiga,
Javob berar Firdavsiy g‘amgin.
“Qarang, qizim, har bir bandiga
Bag‘ishladim qalbim parchasin.
Ammo hali rivoyatlarda
Tugunlari mo‘jizakormas.
Axir shoh ham tinglagan paytda
Qoyil qolsin, shunchaki lolmas.
Kun keladi, kutingiz bardam,
Axir yurtim topmas-ku to‘zim?
Shunda kimni xohlasangiz ham,
Atayvering yakka-yolg‘izim”.
Eski hammom yopildi, chatoq,
Yangi bozor sira tinmaydi.
Sochlariga yopishgan tuproq,
Endi yuvsa keta qolmaydi.
Zo‘rg‘a yurar, shoir qalami,
Sukunatda qitirlar bazo‘r.
Zo‘rayadi yillarning dami
Qizi kutar, Firdavsiy yozur.
Qamishzorda botqoqlar to‘lib,
Sarg‘ayganda kashtanlar Tusda
Qizi kirar yana tutoqib,
Keksa shoir to‘xtaydi ishdan:
“Umr o‘tdi, biz bog‘liq hamon,
Shu la’nati yozuvga ipsiz.
Axir ayting, endi, otajon,
Nahot qoldim, butunlay sepsiz?
O‘zingiz ham keksaydingiz xo‘p,
Sarg‘ayibsiz, tushkunlikda, xor.
O‘tirdingiz bir qo‘shiqni deb
Yigirma qish, yigirma bahor.
Yigirma bor uchishdi g‘ozlar,
Yigirma bor ochildi g‘uncha.
Zabt etishdi sizni qog‘ozlar
Qizginangiz to keksayguncha”.
“Noklar bo‘lar, bo‘lar anjirlar,
Ko‘ylaklar ham, kimxoblari ham.
Kuni-kecha bitdi satrlar,
Savdogar-la jo‘natdim ildam.
Qumtepalar ko‘zdan yo‘qolmay,
Ko‘mib bo‘lmay qumlar izlarni.
O‘ttiz otliq hech hayallamay
Darvozamiz qoqar bizlarni”.
O‘tirardi shoh haramida
Atrofida xo‘jasarolar.
Joriyalar qilishar muqom,
Tuyg‘ularni aylab sarosar.
Raqs tushardi uch yuztacha qiz,
Qovog‘iga qarab janobni.
Olib kirdi munajjim qo‘qqis,
Bugun oqqa ko‘chgan kitobni:
“Hazratimga shoirdan tuhfa,
Ulug‘ yoshli bir ijodkordan…”
Shoh so‘z dedi: “Qarang-a gapga,
Kitobni deb kechaymi yordan?
Men xonimlar davrasidaman,
O‘tiribman o‘z haramimda.
Vaqt topilsa, balki o‘qirman,
Javob bergum vaqt topganimda.
Ma’lum qiling: men juda ham band,
O‘qimasam, davlat yo‘qotmam”.
Joriyalar jilmayar xursand,
Jilmayadi mute qullar ham.
Qamishzorda botqoqlar qurib,
Gulladilar kashtanlar Tusda.
Qaddi egik qizin chaqirib
So‘z qotadi shoir ohista:
“Duo qiling, haqqimga endi,
Keksayibman, ko‘zlarim xira…
Qarang, cho‘lda nima ko‘rindi,
Ko‘rinmasmi karvonlar sira?”
“Yugurishmas yo‘lga bolalar,
Qo‘ng‘iroqdan yo‘q aslo darak.
O‘ynoqlaydi daydi shamollar
Qum xoklarni qiladi ermak.”
Daraxtlarda bandlari muzlab,
Ko‘kda tinar g‘ozlarning sasi.
Yana baxtsiz qizini chorlab
So‘z qotadi g‘amgin Firdavsiy:
“Qartayibman, borliq zimiston,
Vujud horg‘in, ko‘zlarim basir.
Nahot, qishloq oldida hamon,
O‘ttiz otliq ko‘rinmas, axir?!”
“Yugurishmas yo‘lga bolalar,
Qo‘ng‘iroqdan yo‘q aslo darak.
O‘ynoqlaydi daydi shamollar,
Qum xoklarni qiladi ermak”.
Mana elchi, kiyinib kimxob,
Axtaradi Tus saroylarin:
“Qayda yashar shoiri oftob —
Firdavsiydir qutlug‘ nomlari?
Mo‘jizakor she’rlari yangrar,
Har bir so‘zi zar-injuga teng.
Har oqshomda shohimiz tinglar
Lazzatlanur har oqshomda, deng…
Bugun podsho chin, sidqidildan, —
San’atkorga yo‘lladi tuhfa.
O‘ttiz otliq ketdilar cho‘lga,
O‘ttizta nor tuya ham yo‘lda.
Olib borar quyoshrang mato,
Ko‘zni olar shoh in’omlari.
Qayda yashar shoiri tanho —
Firdavsiydir qutlug‘ nomlari?”
Bukri tuya, otlar shovqini
Tusga kirib kelar mag‘ribdan.
Shoir chiqar izlab qabrini,
Yog‘och otda uxlab, mashriqdan.
G‘udragancha ikki bukilib,
Baxtdan xoli, yoshlikdan xoli,
Qiz karvonni xushlar, to‘kilib,
Qurib qolgan yog‘och misoli:
“Eh, beparvo, loqayd odamlar!
Kechikdingiz vaqtidan bir oz.
Boqiylikka ketdi otamlar,
Tashvishlardan bo‘ldilar xalos.
Agar oldin kiygan bo‘lsalar,
Igna bilan tikilgan libos.
Bu martada, so‘nggi safarga,
Oq kafanni kiydilar, xolos.
Chanqaganda horib ilgari
Ichgan bo‘lsa, qonib buloqdan,
Endi faqat ruhi singari
Mangu orom topar tuproqdan.
Qaylig‘im-chi, battol janggohda
Chang misoli qoldirgan izin.
Azroilni keksaygan chog‘da
Atayapman yakka-yolg‘izim.
Sevgim uchun talab qilmas u,
Na ko‘p sepni, na boylik katta.
Eh, loqaydlar! Kechikdingiz-ku,
Kechikdingiz bir oz, albatta”.
Tusni qoplar qumlik oqshomi,
O‘ttiz otliq kesib sahroni,
U yerlardan qaytadi ortga
Orqasida tuya karvoni.
1935
Usmon Azim tarjimasi