Voznesenskiy Andrey Andreevich (1933.12.5, Moskva – 2010.1.6, Moskva) — rus shoiri.
She’rlari o‘ta zamonaviylashtirilganligi, murakkab obrazliligi va ritmik tizimi bilan ajralib turadi. «Aksildunyolar» (1964), «Vitraj ishlari ustasi» (1976), «Adashtiruv» (1978) to‘plamlari, «Ustalar» (1959), «Lon-jyumo» (1963). «Oza» (1964), «Avos» (1972), «Choh» (1986) va boshqa poemalar muallifi.
Voznesenskiyning «Video — she’riyat», «Rossiya — qimorxona», «Chalkash shamollararo» kabi she’riy va nasriy kitoblari nashr qilingan. Sho‘ro tuzumi davrida Voznesenskiy haqgo‘yligi, adolatparvarligi uchun ta’qibga uchragan.
1966 yilgi Toshkent zilzilasi paytida Toshkentda bo‘lib, «Toshkentga yordam bering!» dostonini yozgan. Voznesenskiy Alisher Navoiy haqida «Alisher Navoiy — ulug‘ shoir… Navoiyning ming yillarga tatirli ahamiyati bor…», deb unga yuksak baho bergan.
«Mangu rizq» asari Sirojiddin Sayyid tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan (1990).
SAHAR TURMOQ YoKI ShABNAM SAYLI
Binafshalar, bo‘tako‘zlar,
Kapalaklar gulin izlar.
Bir ranglarga ko‘milgaymiz,
Biz shambnamga cho‘milgaymiz.
Tong chog‘i bu – kavsar havo,
Asal havo, g‘azal havo.
Toza navo, tiniq safo,
Biz shabnamga cho‘milgaymiz.
Salom bo‘lsin qo‘ng‘izlarga,
Oromijon ang‘izlarga.
Siz cho‘miling dengizlarga,
Biz shabnamga cho‘milgaymiz.
Sizda baland koshonalar,
Yomg‘ir ko‘rmas toshoynalar.
Biz – gullarga hamxonalar,
Biz shabnamga cho‘milgaymiz.
Muhabbat bir sayhon erur,
Nayson erur, nayson erur,
Ayvonimiz osmon erur,
Biz shabnamga cho‘milgaymiz.
Jimjimador hovuzingiz,
Kezar nozli tovusingiz.
Yoqut sizning hovuchingiz,
Biz shabnamga cho‘milgaymiz.
Bir shom cho‘kar xotirlarga,
Yillar – g‘adir-budirlarga.
Siz qatnaysiz do‘xtirlarga,
Biz shabnamga cho‘milgaymiz.
Hozir sizga bari birday,
Hali bir kun, qarilikda
Siz g‘amlarga ko‘milgaysiz,
Biz shabnamga cho‘milgaymiz.
Biz dil ochib samolarga,
Giyohlarga termulgaymiz.
Siz cho‘miling tillolarga,
Biz shabnamga cho‘milgaymiz.
OVOZ
(“Mangu rizq” dostonidan)
O‘zingizni sarf eting,
baxsh etib yo kechirib,
bir so‘mingiz bo‘lsa ham,
boshqaga ming so‘m bering!
To abad bulg‘anmagay
ma’sum quduqlarda suv.
Qancha ko‘p yulsang dildan,
dilda qolar shuncha ko‘p.
Ko‘p bolali ona ham
yot yetimni oladi,
Qancha ko‘p yulsang dildan,
dilda shuncha qoladi.
Rossiya kengliklaring!
Poyezdlaring yeladi –
qancha ko‘p berdik o‘zdan,
yana qancha qoladi!
Nechog‘li tiriklik bor
pichanzor havosida,
dil zarbiday, ayniqsa,
mozorlar tepasida.
Sen jar uzra yashaysan,
sartaroshdan ham xorroq,
Uyg‘oq diling boshqalarni
Hayotga chorlar biroq…
Xalq deb kuyingan odam,
tarqat noyob pullarni,
Yasharganday bo‘lasan,
Ko‘ngling birdan gullaydi.
Abadiyat, jon Faust,
oddiy gapdir azaldan –
dildan qancha ko‘p yulsang,
shuncha ko‘proq yashaysan.
ROSTA quliyo Yesenin
shunchaki o‘lgan emas,
o‘limlari – tiriklikday,
xudbinlarga bergay dars.
Gadoga bari birdir.
Qayg‘u, baxt – opa-singil.
Dildan qancha ko‘p yulsang,
shuncha ko‘p qiynalar dil.
BALLADA
Men bugun kelaman,
sekin aytaman:
Yigirmanchi asr tugadi.
Kuydiraman kitoblarimni,
sening narsalaring taxlayman,
“Biz ozodmiz, – deyman, – yetadi…”
To‘xtab qoladi suv,
yonadi yulduz,
sen o‘zingni unutasan o‘z raqslaringda –
baliqlarning og‘zi singari
damba-dam yutishar havoni ochko‘z
tirsaklarning uchburchaklari.
Qorong‘ulik bag‘rida besas
sirg‘aladi chandiq misoli
badaningni qisgan kamaring.
Men ko‘raman, ko‘raman noxos –
bu asrda, boshqa asrda
sen turibsan yarim va yarim.
Qayrilaman mehmonlar sari –
Mehmonlar ham – yarim va yarim.
Stol kesib turar bellarin.
Har biri o‘z asrida,
Biz bel bilan yashaymiz,
O‘zga niyatdamiz – stol tagida.
“Bor edimi bu asr, nahot…”
Sen jilmayib bergaysan javob.
O‘yin-kulgi, diskoteka qullari, hayhot,
polni tepib jazavada takror, botma-bot
eslatishar bizga qaytadan:
XX asr barhayot.
O‘XShAShI YO‘Q EZGULIK
(“Xandaq” dostonidan parchalar)
KO‘L
Tunda uyg‘ondim men. Kimdir bemahal
aytdi: “O‘lik dengiz – muqaddas Baykal.”
Bir ko‘z boqar edi kuydirib etim,
Go‘yo men u ko‘lning qotili edim.
Ko‘raman – Rasputin uxlolmay chiqar,
Ajdodi tirilib kelar. U chekar.
Sen betob bo‘lsang gar bizlar ham g‘arib,
Baykal – mamlakatning billur jigari.
Kimdir nido berdi o‘rtab jonini:
“Baykal – mamlakatning qo‘riq vijdoni.”
Qayiqda suzdim men Baykal bo‘ylab jim:
Suvda shom nurlarin nolasin ko‘rdim.
Yastangan ko‘ziga boqib Baykalning
Nahotki ilmu fan uni aldadi?
Nahotki biz bir kun tarixga (o‘lib)
kirgaymiz Baykalning qotili bo‘lib?
Baliq, tyulenlarning sog‘lig‘i haqda
Xabar berish kerak har kuni xalqqa.
Suv sof bo‘lsin uchun, avval ishoning,
toza bo‘lmog‘i shart elning imoni.
Mana, nima uchun yonib qalblari
Kurashar kamolot prorablari.
Toki qo‘riqxona bo‘lsin ko‘l, inson,
Toki bulg‘anmasin suvi hech qachon.
Toki gapirmasin hech kim hech mahal:
“O‘lik dengiz – muqaddas Baykal.”
NUQTA
Mitti, bo‘m-bo‘sh bosh chanoqlar – sayyoralarning
orasida bittasining vujudida jon.
Milyon yillar jilmayadi, fikrlaydi, tayyorlanadi,
Motsart kuyin yod etadi, izlaydi imkon.
Bu – yam-yashil boshi erur Zaminning, inson.
Tugmacha bosiladi. Qolmagay nomu nishon.
TARVUZ BOZORIDA
Moskvada tarvuzlar to‘kin
Poyoni yo‘q bir erk anqiydi
Va sotuvchi qizlarning jo‘shqin
Vujudidan shiddat balqiydi.
Chodirlar va qizlar ro‘moli.
G‘ala-g‘ovur tutgan ko‘chani.
Xitoblar: “Kes. Totib ko‘r olib”.
“Ushla, parvo qilma, xo‘jayin!”
Kimga qovun? Hozir yorilar!
Xuddi shunday totli va shirin
Tuyuladi devor, so‘rilar,
Ketayotganlar – ushlab bir-birin.
Xuddi shunday shodmon, bearmon,
O‘shal tansiq tarvuzlar yanglig‘ –
Zamin
silkinadi
to‘rxaltasida
meridian va kengliklarning!
* * *
Erkak yelkasida qizchasi bilan
bug‘doyzordan o‘tib boradi.
Boshqa yuklar og‘irlik qilar,
buni – ko‘kka cho‘za oladi.
Mamlakatni ko‘targandi u,
Ular borar shunday bearmon.
Ko‘zlarida – shimol yog‘dusi,
Ko‘zlarida porlaydi osmon.
Uning ochiq bo‘ynini sharfday
o‘rab olgan mitti oyoqlar.
Dala uzra qizchani sharday
olib o‘tar, chorlar yiroqlar.
Qayonlarga uni eltgaysan?
Yangi asr kelar bunyodga.
Qizim, yolg‘iz uchib ketgaysan,
Kim asraydi seni dunyoda?!
* * *
Ko‘p o‘tdimi ozmi yo –
Yana tumandan sado:
“Men bilganimda edi!
Men bilganimda edi!”
Qaysidir shaharlarda,
Bir dilgir mahallarda –
“Men juda ham yosh edim,
Eh, bilganimda edi?!”
Ko‘r qudratmi – suyilgan,
Qissa bo‘lib tuyulgan –
“Bir marta dil berdim men,
Esizki, kech bildim men”.
Samolyotlar uchdilar,
Poyezdlar yo‘l quchdilar.
Sening quyoshing so‘lda,
Mening quyoshim o‘ngda.
“Bir marta dil berdim men,
Esizki, kech bildim men”.
Har ne almashdi, dardim,
Seni almashtirmadim.
Boshimiz uzra yig‘lab
turmagin ayriliqday.
Xudoningmi bu yoki
Tumandagi faryodi?
Seni sevaman, jinni.
Oltin hayotim, chinnim.
Nahotki tushundim men?
Nahotki tushundim men?
ARAZ
O‘xshamaydi bu hech narsaga!
Sen paltongni toptab tashlaysan.
Quturgan mushukka o‘xshamaysan sen,
Hech narsaga sen o‘xshamaysan.
Sening dilbarliging dilbarlik emas.
Idishlarni ota boshlaysan.
Qo‘lsiz Veneraga o‘xshamaysan sen.
Hech narsaga sen o‘xshamaysan!
Buning uchun begina, beso‘z,
Faqatgina o‘sha uchunmas,
Hayotim, deb seni chorlayman.
Bari hech narsaga o‘xshamas.
Aka o‘xshamaydi akaga,
O‘xshamaydi kadarga kadar.
Farq qiladi soatdan soat.
U sen bilan farq qilib turar.
Hech narsaga o‘xshamas dengiz,
Yomg‘ir ham o‘xshamas panjaralarga.
Sen hali ham… hanuz?.. Xudoyim!
O‘xshamaysan sen hech narsaga.
Hech narsaga o‘xshamaydi ozodlikning sukuti,
O‘xshamaydi lovullagan yuzlar terisiga suv.
Yuzlar uzra
oqayotgan
suvga o‘xshamas sochiq,
Tutqunlikka o‘xshamas
hech
eshikka solingan qulf.
AQL
Bulbulning jigarin gar
Esa Yer ayollari –
Miyalari yorishib,
Ko‘payar aqllari.
Bu g‘alat dunyosida
Zohiru botinlar ko‘p.
Bulbullar kam shul sabab,
Aqlli xotinlar ko‘p.
ShUKShINNING O‘LIMI
Shukshinni dafn etdi Moskva,
San’atkorni dafn etdi, ya’ni
Mamlakat insonni dafn etdi va
Dafn etdi faol vijdonni.
Yotardi u gulga ko‘milib,
Endi tamom, kelmagay qaytib.
U o‘zining hayron o‘limin
Kinosida butun xalqqa oldindan aytdi.
Rossiyaning choyshab-ekranlarida
Yotardi u har bir shaharda.
Kinozal emasdi – har kim shunchaki
kelib oddiygina xayrlashardi.
U – bugungi kunlar ruhidek.
Junjikib tamaki tortganda faqat,
poyezdlar, katlarda xuddi shundayin
junjikib turardi butun mamlakat.
Oqillarcha bildi ona uy, deb u
qayinzor, archazor o‘z diyorini.
Baykalni qoraga o‘rab qo‘ysaydik,
Marhum uyidagi oyna singari.
* * *
Ruhim mening, chavandozim,
Tavba qildim,
yolboraman bir tilanchi singari,
So‘ndirmagil,
So‘nmayin muhlatimdan ilgari.
Bizlar – bu dunyoga kelgan bandalar,
O‘zini topolmay yelgan bandalar,
Bizdan na yod qolar va na bir ovoz.
Bizlar – ruhning jismoniy
Soyalarimiz, xolos.
* * *
“Men seni juda ham…”
So‘zlagani qo‘ymaysan.
Lablar shivirlashar. Sen meni juda ham…
Men senga to‘ymayman, sen menga to‘ymaysan,
Sen meni juda ham… Men seni juda ham…
Bu shahar uxlaydir, bu shahar – o‘gaydir.
Bahor ham tugaydir, yozu kuz tugaydir.
Bu ishq tugamaydir unda ham, shunda ham:
“Men seni juda ham…”
“Sen meni juda ham…”
Rus tilidan Sirojiddin Sayyid tarjimalari
FAOL VIJDON
O‘zi mamlakatda nima kechmoqda?
Yuvar «Yangilinlar» tanbal onglarni.
Istardim ko‘rmoqni har bir puchmoqda
Faol vijdonlarni.
To‘siqlarni yoring, o‘tkir qissalar.
Mayli, qaynab tursin achchiq qahvalar.
Nomdor shaxs tepadan qiyalab qoldi —
Vijdon qo‘zg‘aldi.
O‘zgarib ketdimi qalblar ham chandon?
Axir, kabohat-la kurashib nimjon
Yashardi kimdadir yarimta imon.
Mamlakat ramzini oldimi vijdon?
Qo‘sh chiziq tortgancha arshga yetding sen,
Chanada ufqqa singib ketding sen, —
Dostoyevskiyda nido etding sen,
Vavilov-ku, so‘ngsiz malomat ko‘rdi,
Lek vijdon urug‘in o‘stira berdi.
Ayting, u kunni hech boshga solmasin,
Uyg‘ongan vijdonlar mudrab qolmasin.
Tinmay choh qaziydi unga qanchalar
Nafs bandalari, haris kimsalar.
Aqidangiz puchdir, chirkindir bari,
Ma’naviyat mulkin mo‘ltonilari!
Kurashar fidoyi odamlar esa
Hayotda g‘irromlik qolmasin deya
Va toki, o‘quvchim, imonim mening,
Umring navbatlarda o‘tmasin sening.
Inson — murodimiz, bahonamas ul
Yutuqlardan so‘ylab, kasbni alqashga.
Ey notanish yurak, baxtdan entik, kul,
Bilmayman vijdonni men bundan boshqa!
* * *
Sen yana nimani istaysan mendan?
Istig‘nong beadoq, qovog‘ing uyuk.
Men — hasrat ohangi, sen — quvonch kuyi.
Taqdirim bir umr ayromi sendan?
Noming-la qit’alar iforlandi shan —
Titratdi dunyoni she’rim jarangi!
Sen — baxt taronasi, men — g‘am ohangi.
Sen yana nimani istaysan mendan?
“Farishtam” deding sen — poklandim chindan,
“Dadil bo‘lgin” deding — kuchga to‘ldim men.
Deding: “Birinchi bo‘l” — daho bo‘ldim men,
sen yana nimani istaysan mendan?
Ont ichdim — fidoman to eng so‘nggi dam,
umrim so‘qmoqlarin sen ko‘mding qorga.
Sho‘x-shan sado edim, evrildim zorga,
sen yana nimani istaysan mendan?
Qabrda ham seni alqarman hargiz:
“Qo‘shilsin tuproqqa mening bu jismim.
Sen — samoviy ohang, men — navo miskin,
mayli, zamin uzra xirom et mensiz”.
Shu zamon ko‘rinding ro‘y-rost, daf’atan,
qilding tevarakka horg‘in nazzora.
Va deding: “Sevaman. Boshqa yo‘q choram.
Sen yana nimani istaysan mendan?”
* * *
Bu onni yodda tut. Na’matakni ham.
Xotirang mulkida nurli bir parcha.
Men sen-chun shoirman va mangu jazman.
Boshqa – hech narsa.
Esla bu lahzani toki umring bor,
oradan ming yillar hatto kecharsa.
Kifting tirnar shunda na’matak takror…
Boshqa – hech narsa.
TUSh
Biz qayta ko‘rishdik. Kiprikda namlar,
hijron izimizga termildi zor-zor.
Va biz ishq-sevgidan ichdik qasamlar,
biroq tanimading sen meni zinhor.
Ostonangga taklif etding behadik,
poyimda aylanib-o‘rgilding ming bor.
Bizlar birga-birga uzoq yashadik,
biroq tanimading sen meni zinhor!
* * *
Kasalxona shanbalik qilar,
hamshiralar hovlida g‘ujg‘on.
Emanlarning shoxiga ilar
oq bintlarni qizlar sho‘x-xandon.
Tarqab ketar ularning bari!
Emanlarning tushida ammo –
hamon yodning achchiq ifori
va turfa noz, turfa tamanno.
MIXAYLOVSK OSMONIDAGI YuLDUZ
Shoir burmas tubanlikka yuz,
mukofot deb yonmas u taqir.
Samolarda chaqnagan yulduz
Taqinchoqqa muhtojmas, axir.
Tosh-la urib bo‘lmas yulduzni,
ololmaydi unvon nishonga.
Doim xoksor tuyadi o‘zni
peshvoz chiqib u shuhrat-shonga.
Muhim emas na kulfat, na baxt,
yuksak ruh hech ko‘rmaydi zarar.
Ammo zavol topgusidir taxt,
shoir undan yuz bursa agar.
QISSA
“Xayr” demoq uchun kiprik qoqmaysan,
izimdan chiqasan ilk sahar payti.
Sen meni hech qachon unutolmaysan.
Men seni hech qachon ko‘rmayman qaytib.
Mungli nigohingdan ko‘zim olmayman:
“Oh, xudoyim! — deyman zorimni aytib. —
Men seni hech qachon unutolmayman.
Sen meni hech qachon ko‘rmaysan qaytib”.
Zangori suvlarni — sirli mavjlangan,
sayr qilganimiz — ko‘rfazni daydib
men endi hech qachon unutolmayman,
men endi hech qachon ko‘rmayman qaytib.
G‘amgin shabadada titraydi besas,
umidsiz qarag‘ay ko‘zin qoraytib.
Qaytmoqlik – yaxshilik alomatimas,
men seni hech qachon ko‘rmayman qaytib.
Qayta yashamoqlik nasib etsa gar,
ta’kid aylagandek Hofizning bayti —
bizni kutgay yana firoq muqarrar,
men seni hech qachon ko‘rmayman qaytib.
Ayro dillarimiz nizosi mubham
qiyos aylaganda bamisli uchqun —
hajr otashi-la — ko‘ringan ufqda
fano dashtidagi ikki qalb uchun.
Yuksak falaklarga bir vola bilan
o‘rlar giryon yurak vidosi — qaydi:
“Men seni hech qachon unutolmayman.
Men seni hech qachon ko‘rmayman qaytib”.
SAMBIT
Qishloq epkinlari suqulib ayon,
mudroq bozorlarda ko‘tarar suron!
Sambit shoxchalari bahorga peshkash –
uy to‘rin zabt etar yashil suronkash!
Bodring po‘sti tarar ko‘klam iforin,
bamisli muz darzi – moviy uzori.
Ayollar qalbida nish urar ertak,
kirar tushlariga qishloqi erkak…
Sambit kurtaklari yoqqan tug‘yon bu.
Uchinchi qismda ushalar orzu…
Film ikki qismli bo‘lsa, netgaymiz?
Toshkent nastarinin xarid etgaymiz.
* * *
Unutaman sening qoshingda g‘amni,
har bir harakatda zukkosan chunon.
Barmog‘ingga tuflab o‘chirding shamni,
xuddi kapalakni tutganingsimon.
EKOLOGIYa BORASIDAGI MUNOZARADA AYTILGAN
LUQMA
Qara, qahr nelarda zuhur,
solmoq bo‘lar yuraklarga iz —
biz, bandalar, xudoga shukur,
ular barin ilg‘ay olmaymiz.
Qara, ma’sum yuzlarida nur
bo‘tako‘zlar saflanar tig‘iz —
biz, bandalar, xudoga shukur,
ular barin toptay olmaymiz.
* * *
Shoir bo‘lmagin sen, biroq bu shuur
qo‘zg‘aydi qalbingda isyon muqarrar,
tushun, qandoq chidash mumkin dasta nur
eshikka qisilib ingransa agar!
* * *
Dov-daraxtlar qarshilab tongni,
shu’lalardan tovlanadi soz,
bamisoli patqalam yanglig‘ –
qo‘lga ol-u, yoz!
* * *
Salbchilar-la bo‘lsaydim agar,
cherkov rusmin ado etgani –
olib o‘tar edim har safar
men qo‘limda bo‘m-bo‘sh ramkani.
Ko‘zlardan yosh oqar tinmayin,
ki bo‘sh romda bo‘lar inkishof –
dam muqaddas siymtan qayin,
dam daryoning manzarasi sof.
Tongda ishga shoshib borarkan,
chiqib visol tunidan ayol –
zarhal romga tushar daf’atan…
Ko‘rsa o‘zi qolar edi lol.
Chap tomonga ko‘cha o‘ng yoni
ko‘rinadi betimsol bo‘lib.
Zarhal ramka ichra boqqani
yig‘lagaydir unga termulib.
QO‘ShIQ
Tinglar sangdil asr ham…
Yurakdan teran jo‘shib,
o‘zga fikrli odam
kuylar ajib bir qo‘shiq.
O‘ltirar u royalga
ko‘r mashshoq kabi mohir,
kuy baxsh etar hayotga
barmoqlari-la sohir.
Kuylar u qishloqlarni –
suvlar ostida qolgan
va mahv bo‘lgan bog‘larni –
odamlar qiron solgan.
Qo‘shiqda – majhul zamon,
zorlar bordir ochundan;
tuyar kimki bag‘ri qon
ilohiy taskin undan.
O‘zga fikrli odam
hech narsani tuzatmas.
Lekin tinglab toshlar ham,
entikib olar nafas.
XALOSKOR
Ucha-ucha holdan toyganda biram,
quchganda yurakni tahlika komi,
bizni qabul qildi bir vaqt majburan
boshqa bir shaharning aerodromi.
Ishorachi zamin ustida – tungi,
qayga qo‘nmoqlikka undab peshma-pesh,
o‘xshardi chormixdan chiqqanga xuddi,
qo‘llarin silkir va ucholmasdi hech.
* * *
Qora soyabonlar taqqan erkaklar,
qamrab miyangizni ne bir tushuncha –
tun ichra biqinib borasiz buncha,
qayga eltar sizni qora yelkanlar?
Sizning omadingiz – yoshlik yillari
boshingiz ustidan o‘tdi ko‘ndalang –
velosipedidek mahdudning – bashang,
misli soyaboningizning simlari.
TUSh
Borardim men Ob bo‘ylab mahzun,
ko‘kda o‘rdak edi hamrohim.
Chalinardi qulog‘imga un –
qishloqlarning fig‘oni-ohi.
Ulkan daryo g‘amgin oqardi
va borliqning ko‘zini yoshlab
XX asr borardi,
qadamida o‘rnatib xochlar.
Qishloqlaru ovullar birdek
yashardilar kulfatdan qo‘rqib –
bamisoli yovuz qonxo‘rdek
qonin so‘rar sahrolar so‘qir.
Zorlanadi baliq shu oni:
“Bolalarim, mayli, ola qol,
o‘ldirmagin faqat daryoni,
qoldir undan tomchilar zilol”.
Qayinzorlar oralab yurdim,
ma’lul boqdim har bir daraxtga —
shahidlarni otishdan oldin
tushirishgan kabi suratga.
O‘rmonlari ko‘hlikdir Rusning,
ayozlarning zahrini totgan.
Termildilar ular bamisli
insonlardek — otilayotgan.
Turar edi cho‘ng eman besas,
shafaqlarga vidosin aytib.
Uni hech bir rassom chizolmas,
uni hech kim ko‘rmaydi qaytib.
“Ko‘zingni och, ey qotil odam!” —
Taraladi tirik jon sasi.
Biroq o‘tmay bir daqiqa ham
portlab ketar bular hammasi.
“Ko‘zlaringni och va olgin tin,
tazarru qil, hali emas kech.
Tabiatning ezgu dahosin
toptading sen to‘xtamayin hech”.
Biroq seni ko‘rmadim ro‘y-rost
bu zaqqumli kengliklar aro.
Va o‘zimning ko‘nglim uchun mos
makonni ham topmadim aslo.
Angladimki, kulfat basma-bas
er yuzida tizilar endi.
Bundan buyon tiriklik abas,
Vaqt tori uzilar endi.
Ingranadi yaydoq zamin — mo‘rt,
faryod solar olamga qayg‘u:
“Ey, odamcha, ey yuho manqurt,
Sayyorani yeb bitirding-ku!..”
NEGA…
Nega ikki shoir — sevgi kuychisi
bir-biriga mudom qazgan kabi choh,
qahrli boqishar, o‘zgarmay tusi?
Misralar do‘stlashar, odamlar — evoh…
Nega ikki davlat — ikki ulug‘ xalq
bir-birin yo‘q qilmoq qasdida nogoh —
nuqul o‘ylar surar badniyatli, talx?
Odamlar do‘stlashar, davlatlar — evoh…
Ikki ulug‘ davlat — ikki ulkan kaft
bir-birin alqamoq o‘rniga, qarang,
dilgir Sayyoramiz boshin changallab,
kulfat yoqasida turar holi tang!
DO‘STIMGA
Bir-birimiz sari yo‘l qazardik biz.
Intilardi menga do‘stim tinimsiz.
Biroq ko‘rishmadik yetganda fursat.
Muhabbat ozdirdi yo‘ldan yo shuhrat.
Tepamizdan o‘tar poyezdlar tinmay.
Biz tosh ushatamiz charchashni bilmay.
Aslida yo‘limiz emasdir yiroq.
Boshqa-boshqa tomon tushgandir biroq!..
Ular ochilsami – yaltirar nurda
Cho‘kich ushlab olgan ikkita murda.
BOShLANG QAYTA BOShDAN!
Qo‘rqmang, malomatlar aylasa zada,
inson yaralgandir metin bardoshdan —
Kech emas hech qachon, hech bir lahzada,
boshlang, qayta boshdan!
Ursa soatingiz “o‘n ikki”ga zang,
tongni kuting ochiq quchoq bilan.
Yo‘lda poyezdingiz sudralsa arang,
uching uchoq bilan!
Kirib borarkansiz ummon qa’riga,
muzdek to‘lqinlarda bo‘ling siz bardam, —
o‘zingizni xuddi moziy bag‘riga
uloqtirilgandek his etsangiz ham!
Sizdan harf tanidi ko‘plar beminnat,
lekin zehni pastlar hech o‘zgararmi?!
O‘zgarta olmaysiz ularni minba’d —
izlang o‘zgalarni!
Anchar daraxtini Pushkin mabodo
zaharli emas deb bilsaydi rostdan,
yirtib tashlardi shoh to‘rtligini va
boshlardi boshdan!
Boshlang nomsizlikdan, pulsizlikdan naq,
toki havaslarda yonsin, gangisin
kechmish hayotingiz — g‘urbatli, qashshoq —
boshlang yangisin.
Avvalgisi sizga do‘st qolur zotan.
Bahslashmang. Begona emasdir mutloq.
Butkul rad aylamak emas insofdan,
biroq
sevgingizning haqqi — zinhor shafqatni
qizg‘anmang o‘tmishdan, ki bo‘lmasin xor —
otib tashlashgandek yiqilgan otni
otib tashlang. Uni aldamang bekor.
XALOSKORLIK QISSASI
(H. Nishnianidze ohangida)
I
Cho‘kib borar «Boing» ummon ustida
o‘lik kit misol,
samolyotni chirmab olmish alanga —
ayanchli bir hol.
Qutqaruv kamzulin taqadi hamma —
ichdan ketib zil,
faqat bir chiptasiz qizaloq uchun
etmadi kamzul.
Odamlar o‘zini urar eshikka —
chinqirar har jon,
biroq
kimdir
echib kamzulin tutar
qizchaga shu on.
Qizaloq, eslab qol u insonni sen —
o‘zini yenga,
so‘nggi nafasini kamzulga joylab
uzatdi senga!
Styuardessaga so‘ng ko‘zin uchirdi:
«Tutgaysiz ma’zur,
har kimning o‘z didi — menga sira ham
yarashmas kamzul».
So‘ng qizni chiqarib tirband eshikdan,
dedi: «Bo‘l bardam!»
qutqaruv halqasin gulchambar kabi otdi
ortidan…
II
So‘nmagandi uning teran qalbida
ertaklar sira,
Sotna va Avtandil hikmatlari ham
yuragi ichra.
Uni ulg‘aytgandi hur qo‘shiqlarda
tovlangan sehr,
uni ulg‘aytgandi qushlarga — shafqat,
go‘dakka — mehr.
Gurji bolalari oltin qirlardan
tuyub zo‘r faxr,
nayning saslariga farishtalardek
raqs tushmas, axir.
III
Siz qizisiz, axir, buyuk bir xalqning.
Sizga nima bo‘ldi bugun?
Qani u maftunkor qudrat?
Balki toliqqandan
«mustang» rulida borasiz mudrab?
Siz qizisiz, axir, buyuk bir xalqning.
Biroq bilib qo‘ying, g‘ussanok xonim,
shu yer yuzida —
Kolxida degan bir mo‘jaz yurt bordir
va u o‘zida
vallomatlar qavmin eta olgan jam.
Binobarin siz
ulg‘aydingiz –
ona bo‘ldingiz hamda
shu hayotingiz
gurji ko‘kragidan
chiqqan nafas-la
etmoqda davom.
Mashinangiz uchib borar yellardek
dovonma-dovon.
Siz baxtlisiz bugun —
yiroqsiz balki alamdan-zordan,
biroq eslaysizmi tanti insonni —
sizni qutqargan?
Balki tushingizga kirib
har kecha
tinch qo‘ymas bir on.
Qutqaruv chambari
uning ustida
aylanar giryon.
Yo‘lingiz tushganda keling bir,
qizim,
bizning o‘lkaga,
bu yer odamlari mehmondo‘st —
xuddi Unga o‘xshagan.
Suyukli Gurjiston!
Mard insonlarga
vatan bo‘lgan joy.
Dengizda
qutqaruv chambaragidek
aylanadi oy.
Ruschadan Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi
SESSIYa
Silkilang, she’rlar!
Uyg‘onsin beg‘am.
Fursat bong urar,
Vaqt tig‘iz bu dam.
Tug‘dek sharafdir
Qalbda imtihon.
Kimdir shodlanar,
Quchib hayajon.
Sinov zalida
Odamlar tani,
Eshilgan xuddi
So‘moqlar kabi.
Mana, Sveta,
Shodligi uchqun,
Tarixdan “a’lo”
Olgani uchun.
Ganina ma’yus,
Ko‘zi kvadrat
Quloq uchburchak
Ham degenerat.
Eh, “ikki” oldim,
Tanbehlaring qo‘y.
Tushunyapsizmi,
Voznesenskiy!
Qasos o‘tida
Yonmoqlik mumkin.
Miyaga barin
Ko‘chirmoq uchun.
Vaqt tovasida
Qaynar sessiya.
Qovrar sabotim,
O‘tli soniya.
Bo‘lgum vaqtincha
Azobga vakil.
Men sessiyaman,
Sessiyaman, bil!
GOYa
Men – Goya!
Ochiq daladan g‘izillab uchib kelib,
Dahanamning ko‘z kosasin
Cho‘qilab tashladi qarg‘a.
Borlig‘im dardu alam.
Ovozman,
Qirq birinchi yilning qishidagi
Bosh shaharlardagi urushning.
Men – ochlik,
Halqumman tag‘in,
Dorga tortilgan ayol
Xuddi qo‘ng‘iroqdek
Ochiq maydon uzra zang chalar.
Men – Goya!
O, osilgan boshlar –
Qasos uyg‘otar!
Baravariga o‘qlar uchirdi G‘arbga –
Men kulini ko‘kka sovurdim chaqirilmagan mehmonning!
Xotira osmoniga yulduzlar mustahkam qoqilgan –
Xuddi mixlar kabi.
Men – Goya!
* * *
Sudda, yo jannatda, do‘zaxda, bildim,
Qachonki da’vogar kelgan chog‘ so‘zlar.
“Men ikki ayolni bittadek sevdim,
Egizak emasdi sira ham ular”.
Baribir, deyishar, ular baribir…
Javobni tinglamas so‘ngiga qadar.
U qo‘sh tabaqali derazada bir,
Qora lo‘kidonni tugmasin qadar.
BIRINChI MUZ
Telefon qutida sovqotib qizcha,
Paltosi ichiga berkinib olar.
Barchasi yog‘upa chaplangan yuzda
Va ko‘z yoshlarida jonlanar, porlar.
Nafas olar ozg‘in kafti qasdiga,
Barmoqlari esa muz parchalari.
Bu ham yetmaganday unga teskari,
Yo‘lak ham muzlagan uzunasiga.
Birinchi muz. Ha, birinchi marta,
Mengzadim telefon iborasin – shan.
Yuzida yarqirar muzlagan izlar,
Birinchi muz – odamiy dilsiyohlikdan.
Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi