Ágniya Lvóvna Bartó (4 fevral, 1906, Moskva — 1 aprel, 1981, Moskva) — rus bolalar shoiri, yozuvchi, kinostsenarist, radio boshlovchi.
FIL
Hamma uyquga yotdi,
Buzoq to‘rda dong qotdi.
Sichqoncha uyqusirab,
Chopdi to‘shakka qarab.
Faqat filcha uxlamas,
Bosh silkishdan to‘xtamas.
Filposhshaga qaraydi,
Hadeb salom yo‘llaydi.
“G‘OQ-G‘OQ”
O‘rdakchalarni tongda
O‘rdak boshladi yo‘lga.
– Tizilishib ketma-ket,
Qani, sho‘ng‘inglar ko‘lga.
Titrar o‘rdak bolasi,
“G‘oq-g‘oq”laydi onasi:
– Nega suvdan
Chetlaysan?
Qo‘rqma,
Cho‘kib ketmaysan!
Akanglardan o‘rnak ol,
Qani, tezroq sho‘ng‘iy qol!
QUYoNChA
Yomg‘ir keldi suronga,
Ivib qoldi quyoncha.
Unutibdi egasi –
Jajjigina bekasi!
YuKMOShIN
Moshni tutib, amallab,
Yukmoshinga mindirdik.
Mosh-ku, qochib ulgurdi –
Yukmoshinni sindirdik!
HIMOYaChI
Men singlimni hech kimga
Xafalatib qo‘ymayman.
Juda ahil-inoqmiz,
Singlim bilan o‘ynayman.
Haddan oshsa, ko‘raman,
Ta’zirini beraman!
TOYChOG‘IM
Silab qo‘ydim yolini,
So‘rab qo‘ydim holini.
Dumin tarab har yonga,
So‘ng boraman mehmonga!
MO‘’JIZA
–Uzun edi po‘stinim, –
Dedi Lyuba tirishib.
–Yotaverib sandiqda,
Sho‘rlik qopti burishib!
BAQAChALAR
Beshta yashil baqacha,
Qarqaradan cho‘chishdi.
Sakrab-sarab suv tomon
Vaqir-vuqir qochishdi.
Men-chi, bu tasqaradan –
Qo‘rqmayman qarqaradan!
QOG‘OZ GUL
Ko‘rdingmi hech zamonda,
Suvsiz gulni guldonda?
Bu gullar hech so‘lmaydi,
Sira xazon bo‘lmaydi.
Lekin tushmas e’zozdan,
Yasalgandir qog‘ozdan.
Rus tilidan Nurulloh Oston tarjimaci
IKKOVLON
Panjara o‘rindiq –
Xiyobon.
Qalblarda limmo-lim
Hayajon.
O‘tirar ikkovlon
Tek, jimjit,
Baxtdan sarmast
Bir qiz, bir yigit.
Shivirlaydi shoshib
Qiz shu on:
– Larisa kelmoqda
Biz tomon.
Yaqinlashib qoldi
Iltimos,
Meni quch, bag‘ringga,
Mahkam bos.
Ikkimizni payqab
Bexosdan,
Ko‘zida o‘t yonsin
Havasdan.
Ranjiganin
Etib oshkora
Xitob qildi
Yigit bechora:
– Soxtaliging,
Mahoratingga,
Qoyil, gap yo‘q
Muhabbatingga!
Istasang keng
Gavjum maydonda
Yo bo‘lmasa
Shu xiyobonda.
Ko‘z o‘ngida
Butun ommaning
Lol qoldirib
Hamma-hammani
Quchoqlayman
Bag‘rimga bosib.
Etmas bu baxt,
Har kimga nasib!
Rus tilidan Ravshan Isoqov tarjimasi