Tursunxon Abdurahmonova (Tұrsыnxan Әbdіraxmanova) Semey viloyatining Jarma tumaniga qarashli “Bo‘ka” ovulida tug‘ilgan. Mehnat faoliyati 1941 yildan boshlangan. Urush yillarida o‘rta maktabda o‘qituvchi, maktab direktori bo‘lib ishladi.
1950-1954 yillarda “Qozog‘iston ayollari” jurnalida bo‘lim mudiri, 1954-1959 yillarda Qozog‘iston Davlat universitetida, 1959-1963 yillarda aspiranturada o‘qigan. Keyinchalik Qozog‘iston Nashriyot, matbaa va kitob savdosi Davlat qo‘mitasida katta muharrir, 1967-1969 yillarda Qozog‘iston FAda ilmiy kotib vazifalarida ishlagan.
XALQIM DESAM
Xalqim desam, o‘zni har yon tashlaysan.
Nogoh shubha-gumon qila boshlaysan.
Qaytib olib kecha aytgan so‘zingni,
Tikolmaysan ko‘zlarimga ko‘zingni.
Bobolardan meros bu yer, fikr qil,
Hammamizga u Vatandir, shuni bil.
Ayt, bu elni tag‘in hasrat quchmasin,
Yurt boshiga qora zamon tushmasin.
A’lo bildik biz hamisha imonni,
Bosib keldik yurakdagi tug‘yonni.
Kelgindiga berib qo‘yib diyorni,
Illat dedik biz g‘ururni va orni.
Ular qachon yovga qarshi turgandi?
Chorig‘ini zo‘rg‘a sudrab yurgandi!
Sen deb qachon tushdi qora terlarga?
Yuksak sha’nim urdi ular yerlarga!
Jonim Vatan!
Seni deya zorladim,
Qay yurakka yetib bordi zorlarim?
Eshitganlar eshitmasdek turdilar,
Hadiklarda mendan yuzin burdilar.
O‘z yurtimda o‘z bolam naq begona,
Har ishga u jahd qilolmas mardona.
Agar zanjir yurt bo‘yniga tortiqdir,
Mening bundan o‘lganim ming ortiqdir!
Essiz ko‘ngil — yemasa gar o‘z g‘amin.
Etolmasa o‘z baxtin o‘zi ta’min.
Har kim ko‘kni ko‘zlar turna misoli,
To‘lib ketdi undaylarga bu zamin.
Kunlar shu tarz to‘xtamay o‘tayotir,
Chin umrning yo‘lin kim tutar, axir?!
“Adashganning oldi yo‘l. orti so‘xmoq”,
Umr essiz — bo‘lsa qalb yaydoq, taqir.
* * *
Qancha molni yiqqan bilan evin bilib,
Boy-badavlat bo‘lib qolmas aslo yigit;
El ko‘ngli — oq sandiq, topib kaltstini,
Yuksalmasa — ko‘kka hunar tug‘in tikib.
O‘z soqasin mashqin olgan ko‘pdir, biroq
Undaylardan chin san’atning sehri yiroq.
Jon kuydirib, o‘zin fido aylamagan
San’ati-la hech bir jonga solmas titroq.
* * *
So‘z so‘zlasang, o‘zagiga boqib ayt,
Ma’nosini uqib, mag‘zin chaqib ayt.
Boylargina so‘z aytar deb o‘ylama,
Sen so‘zing-la o‘zga dilni yoqib ayt.
Taxtli der el dono qalbni — so‘z bilgan,
U hamisha ezgulikka intilgan.
Taxtlimikin ko‘pni to‘nab boyigan —
Qurumsoqlik, xasislikni kasb qilgan.
* * *
So‘zchanlikni fazilatga biz yo‘ydik,
Siyqa so‘zning sururidan ko‘p to‘ydik.
Odamiylik fazilati — eng asl,
Qani o‘sha ishchanlik va haqgo‘ylik.
Savdo-sotiq, dur sehriga boylanib,
Qalbimizga nafs borar joylanib.
Shu ketishda qolmasak bas — bir kuni,
Nopoklikning qo‘rg‘oniga aylanib.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari