Tumanboy Mo‘ldag‘aliyev (Tұmanbay Moldag‘aliyev) Olmaota viloyati, “Mehnatkash qozoq” tumanida dunyoga kelgan. 1958 yili Qozog‘iston Davlat universitetining filologiya fakultetini bitirgan.
Shoirning ilk she’ri (“Ukrain qiziga”) 1954 yili bosilgan. 1957 yili Talabaning daftari” nomli ilk to‘plami nashr etildi. Shundan keyin uning “Komila” (1960) “Ko‘klam tongi” (1951), “Olatov qizi” (1963), “Feruza haqida qo‘shiq” (1964), “Kunlar chorlaydi” (1965), “Yuragim mening yo‘llarda (1966) va boshqa ko‘plab kitoblari o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi.
U mohir tarjimon hamdir. Qozoq o‘quvchilari uning tarjimasida J. Bayron, M. Lermontov, T. Shevchenko, O. Tumanyan, S. Kaputikyan, R. Hamzatov va qator o‘zbek shoirlarining she’rlaridan bahramand bo‘lganlar.
* * *
Xiyonatim yo‘qdir hech bir kimsaga,
Gulshanimda o‘zni xasis tutmadim.
Lekin o‘kinchlar ham bordir ko‘nglimda:
Do‘stlarim qadriga birdek yetmadim.
Ko‘kragimda yonib quyosh, yulduzlar,
Hamma kabi tushdim hayot yo‘liga.
Ammo, do‘stim ishonganda yuragin —
Men qalbimni tutolmadim qo‘liga.
Ko‘kragimda yonib quyosh, yulduzlar,
Yana tushdim bir kun hayot yo‘liga.
Dilbar bir qiz ishonganda yuragin —
Evoh, qalbim tutolmadim qo‘liga!
Shundanmi, goh o‘kinchlarga to‘laman,
Kimga atab, kimning rozin so‘zlarman.
Yuzlarimni berkitganday bo‘laman,
Ginasi yo‘q, ul xayrixoh ko‘zlardan.
O, chirog‘im, men roziman, sen porlab,
Agar mening yetmasang ham qadrimga.,
Yuragingga ortiq jabr aylama,
Shafqat istab, bu armonli qalbimga!..
Ahmad Toshxo‘jayev tarjimasi.
O‘ZBEGIM – O‘Z OG‘AM
Qozog‘u o‘zbek qadim qondosh tayin,
Bu tuyg‘u dilga surur berar mayin.
Toshkentda yurganim kez do‘stlar bilan
Bo‘laman Olmaotada yurgandayin.
Toshkentning gulbog‘lari o‘z bog‘imday,
Ko‘chalari ko‘nglimning charog‘inday.
Dunyoda ohu ko‘z ko‘p, bo‘ta ko‘z ko‘p,
Ko‘z bormi o‘zbek qizin qarog‘inday!
Jon Toshkent qalbimni gar bandi etsa,
Nechun men yosharmayin, bo‘lay keksa?
Yigitda armon qolmas bir suluvning
O‘tida parvonadek kuyib ketsa.
O‘sh bu yil qoraladi elliklarni,
Bu degani — nari borsa, umr yarmi.
Dali ishq tug‘yonimni tuymadingmi,
Kiroyi rom etardim bir dilbarni…
Bilaman, o o‘zbegim, ko‘pdan seni,
Xush ko‘rmaysan qozoqning sergapini.
Toshkentda qolib bir oz, bozor kezsam,
Farqlay olar edi sendan kim ham meni?
Dilimda havas so‘nmay, g‘ayrat o‘lmay,
Nechuk ko‘rk-ziynatingga maftun bo‘lmay?
Bir kirsam bozoringga, to kechgacha
Girgitton charx uraman chiqqim kelmay.
Men goh she’r sururiga lim to‘laman,
Ilhomsiz kunlarimda jim — so‘laman.
Borimni bozoringga berib ketgan
Jaydari, sodda qozoq men bo‘laman…
Qalbimni dalam kabi keng qilaman,
Ulug‘larni tog‘imga teng bilaman.
Muso og‘am* qo‘liga Olmaotada
Suv quygan o‘spirin ham men bo‘laman.
Navoiy, Abay nazm oy-quyoshi,
Talpinamiz ularga qaynab-toshib.
Bir ajib dam kechgandi Olmaotada
Mirtemir og‘amiz-la qaymoqlashib.
O‘zbegim, o‘z og‘amsan, chin bu so‘zim,
Ergashib kam bo‘lmadim, topdim to‘zim.
Uyg‘unning bir tom she’rin qozoqchaga
Ag‘dargan azamat ham mening o‘zim.
Mehrim bu — hech minnat qilmaganman.
Topilmas Sharqda uni bilmaganlar, —
Zulfiya opamiz ham to‘lib-to‘lib,
Qozoqcha so‘ylagandi bir mahallar.
O‘zbegim, yasha doim dorilomon,
Ko‘rmasam, bot-bot qo‘msab sog‘inaman.
O‘shmi yo u keksami — topishtirar
Toshkentda omon bo‘lsa Nosir og‘am.
O‘rtada to‘ylarimiz, o‘ylarimiz,
Qatorda munosibdir bo‘ylarimiz.
O‘zbekning paloviga tot beray deb,
O‘rlaydi Toshkent tomon qo‘ylarimiz.
Yigitning ko‘zi qizda, ko‘ngli qizda,
Gap tashlardik biz hatto qirqimizda.
Misoli qalin moldek chegaradan
O‘tadi o‘zbek yoqqa yilqimiz-da.
O‘rtada baham orzu, quvonch, azob,
Sen borsan, hech kim meni etmas mazoq.
O‘zbekning osmonida tong balqisa,
Hammadan burun uni ko‘rar qozoq.
Ginam yo‘q, sen og‘amsan — tug‘ishgansan,
Tilagim — ezgulikka yurak qonsin.
Hazillar fayz bersin umrimizga,
Saodat yulduzimiz mangu yonsin!
*Oybek nazarda tutilyapti.
Qozoq tilidan Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi.