Temirxon Madadbek (Temіrxan Medetbek) 1945 yil Janubiy Qozog‘istonning Turkiston tumanida tug‘ilgan. Shoir, tarjimon, noshir, muharrir. «Julduz» adabiy jurnalining bosh muharriri bo‘lgan. Ko‘plab she’riy to‘plamlar, tanqidiy asarlar, tadqiqotlar muallifi. Qozog‘iston Davlat mukofoti laureati (2000).
TURKISTON BOZORI
Kun chiqmasdan yangratadi soz, o‘yin,
Kun chiqmasdan qaynatadi qozonin.
Kun chiqmasdan to‘ylatadi azonin,
Turkistonning bozorin ayt, bozorin!
Oralab ko‘r, orala zavq olgani,
Ne izlasang – topiladi, bor hali.
Dumalanib yotar qovun-tarvuzlar,
Tamshantirar o‘rik, gilos, shaftoli.
So‘rilarda munchoq kabi tizmagi,
Kulimsirar kun nurida uzum ham.
Bitta-bitta uzib yesa o‘zbagim,
Qozoq yeydi bir yeganda yuzin ham.
Cho‘llasangiz ko‘k choy turibdi tayyor,
Choyxonaga keling, sizda ixtiyor.
Manov yurgan yangam xo‘p semiribdi,
Belida naq besh chaqirim mato bor.
Nosvoyidan qoqib, tashlab bir otim,
Nor chavandoz yetaklaydi g‘irotin.
Qora qoshin o‘ynatib bir kelinchak,
Shopiradi qimiz bilan shubatin1 .
Bir to‘p yigit birin-biri sudraydi,
Qora ko‘zlar qora ko‘zni imlaydi.
Oq qalpoqli Beysemboylar ang solib2 ,
Olachopon Toshmat qo‘shiq kuylaydi.
Qara, qara manov turgan suluvga,
Qora ko‘zi olov bo‘lib yonuvda.
Olma-yoq qo‘y olmasi-yu yong‘og‘in,
Bozorlamas odam faqat oluvga.
Ko‘r ona-er ne’matlarin, ozig‘in,
Olma-yoq qo‘y, tomosha qil qizig‘in.
Qalbga qo‘nar quchoq-quchoq sog‘inchlar,
Shopirasan quvonchning sof qimizin.
* * *
Minora bo‘lmasang, sen parcha yersan,
Yotibsan hovur ichra, o‘lan kutgan.
Ko‘tarib olsammikan qo‘shiq kabi,
Men seni olti asr teranlikdan.
To‘ldirgan ko‘kraklarni ishqingmidi,
Bo‘lmasa, ishqing shuncha jo‘shqinmidi?
Tuqqan yurt talpinganda bir otilib,
Osmonda qolib ketgan to‘lqinmidi?
Qalaycha ketsin ko‘ngil senga boqmay,
Sen bilan bizning vujud bir tuproqday.
Yotibsan to‘nkarilib, ko‘k osmondan
Uzilib tushib qolgan qo‘ng‘roqday.
Alomat sir mo‘jiza toshlaring ham,
Alomat o‘tda qoldi yosh jonim ham.
…Bir yuksak nishon bo‘lsa tuqqan yurtda,
Yuksakroq ko‘rinarkan osmoning ham.
Muzaffar Ahmad tarjimasi