Sayat Qamchigar (1978)

Sayat Qamchigar (Sayat Qamshыger) 1978 yil 1 mayda Qozog‘istonning Semey viloyati, Shar tumanida tug‘ilgan. Abay nomidagi Qozog‘iston milliy pedagogika universitetini tamomlagan (1999). Almati shahrida yashaydi.

Qozog‘iston yozuvchilar uyushmasining a’zosi. “Serper” yoshlar mukofoti laureati. “Sariq gul” («Sarы gүl»), “Yurakdagi oqishlar” («Jүrektegі ag‘ыstar»), “Ko‘ngil ko‘klami” («Kөңіl kөktemі») kitoblari muallifi. Boshqird yozuvchisi Aygiz Boymuhammedovning “Meni tashlab ketma, ona” qissasini qozoqchaga tarjima qilgan.

MENI XURSAND ETDING, SAMARQAND!

Registon, kelib to‘ringda
Minorangni ming quchsam-ov.
Samarqand, sening ko‘kingda
To‘rg‘aying bo‘lib uchsam-ov.

Shahar – sokin, og‘riqlaring
Ketkizadi, malham bosar.
Baxtiyor do‘st, g‘aming nari,
Endi ko‘ngling tog‘day o‘sar.

Gullab yotsa o‘rik, olma
O‘ynaydi ming bolang shodon.
Sap-sariq taksilar tolmas,
Sog‘inch bo‘lib uchar haryon.

Yoshartirding, shahrim, meni
Qaror berdim qaytaman deb.
Jonim oziq oldi sening
Noning, somsang, paloving yeb.

Qushlardan salom yo‘llagan
Sendagi issiq har makon.
Temirday tartib o‘rnatgan,
Temurday amir bormakan?!

Odam g‘ij misli bol ari,
Qaynaydi Siyob bozoring.
Samarqandim, borgan sari
Ko‘rking ortar, ortar boring.

Senday bo‘lsa qani har kim
Sendan quvvat, kuch olaman.
Ortga qarab, qilib tarkim,
Toshkent sari yo‘l solaman!

OLISLAMA

Bir kezlar sen nozik eding, ko‘rkam eding,
Yuragimni sevging bilan o‘rtar eding.
Zamon o‘tdi,
Ko‘kda edik,
Erga tushdik,
Endi bizga cho‘pchak kerak emas deding.

Menga baxtning mezonlari o‘zing ekan,
U suqlangan qaysi yotning ko‘zi ekan?
Umr degan ming o‘rtanib suymoqlikdir,
Umr asli sabri bilan to‘zim ekan.

Agar bilsang,
Boyligimsan, barakamsan,
Sening bilan umrim chaman, yashnar gulim.
Bolalarim oilamning quvonchidir,
Nomusimning oq tug‘isan, o, sevgilim.

Bir zamonlar lovullardim, olov edim,
Kelajakka dadil odim men otardim.
So‘ng o‘zgardim.
Jonim yorim, ammo… biroq
Kim tinglaydi sendan boshqa mening dardim?

O‘stiraylik, tirgak bo‘lsin bola-chaqa,
Ketajakmiz qo‘l ushlashib osmonga ham.
Bul hayotda yolg‘iz yursang adashasan,
Erka qushim,
olislama mendan bir dam!

Qozoqchadan Davronbek Tojialiyev tarjimasi