Qozoq she’riyatining yorqin namoyandalaridan biri O‘ljas Sulaymonov (Oljas Omarұlы Sүleymenov) 1936 yili Olmaotada tavallud topgan. 1954 yilda Qozog‘iston Davlat universitetining geologiya-qidiruv fakultetiga o‘qishga kirib, uni bitirgach, 1958-61 yillarda Moskvadagi M.Gorkiy nomidagi Adabiyot institutida tahsil oladi.
Shoirning 1961 yili chop etilgan «Arg‘umoqlar» nomli ilk she’riy to‘plami adabiy jamoatchilik orasida katta e’tibor qozonadi. Keyinchalik uning «Quyoshli tunlar», «Tun – parijlik qiz», «Maymun yili», «Sopol kitob» nomli she’riy to‘plamlari ham nashr etiladi.
1961 yili shoir bir necha kun ichida Insonning koinotga ilk parvozini kuylagan «Zamin, insonga ta’zim ayla!» dostonini yaratadi. Bu doston unga olamshumul shuhrat keltiradi.
Shoirning 1975 yili chop etilgan «Az i Ya» asari katta shov-shuvga sabab bo‘ladi, biroq 100 ming adadda bosilgan mazkur kitob do‘konlardan, kutubxonalardan yig‘ishtirib olinadi. O‘sha davr saltanatining yuksak doiralarida bu nashr mafkuraga qarshi ruhda yozilgan kitob sifatida qattiq qoralanadi.
Amerikada chop etiladigan «Kommunizm muammolari» jurnali 1986 yildagi nashrida «Az i Ya»ni qayta qurishni tayyorlagan sanoqli kitoblar qatorida qayd etib, A.Soljenitsinning «Gulag arxipelagi»dan keyingi – ikkinchi o‘ringa qo‘ygan.
So‘nggi yillarda shoirning turkiy dunyo tarixiga doir ko‘plab yirik tadqiqotlari e’lon qilindi. Uning faoliyati ko‘plab yuksak mukofotlarga, shuningdek, «Turkiy dunyoga qo‘shgan hissasi uchun» (2002 yil, Turkiya) mukofotiga ham sazovor bo‘lgan.
Shoirning she’rlari, yangi ilmiy mulohazalarga boy asarlari jahonning turli tillariga tarjima qilingan va qilinmoqda.
ARG‘UMOQ
Yilqisi bilan mashhur,
Qadim qipchoq yerida
Oqib boradi uyur
Kuygan o‘tlar selida.
Tomirimda qaynar qon,
Tulporidan saylab ber.
Eldiray misli bo‘ron,
Ostin-ustin bo‘lsin yer.
Ellar alanga solsin
Arg‘umoqning qoniga.
Qiyoq,alaflar qolsin
Tuyoqlar to‘zonida.
Hujum,yashash – bu nadir,
Arg‘umoq bilib qo‘ysin.
Jasorat bizga taqdir,
So‘qmoqlar guldurasin!
OQSOQ QULON
Ettisuv dashtida yovvoyi otlar
Uymalanib turar,
Qirlardan nogoh
Namxush yel kiftida kelar bulutlar,
I-i-i,
Dupur-dupurlarga to‘lar hammayoq.
Gumbur-gumburlar.
Quyoshni bo‘ylar izlar.
Tuyoqlar chatnaydi sho‘rxok yerlarda.
Qora qulon
oqsab-to‘qsab yugurar,
I-i-i,
Qonlari ko‘pirar tomirda.
Qora qulon
Ochlikka balogardon,
Cho‘ng olishuv – paytida singan oyoq-la,
Ojizligin bildirmay,
Qari bilimdon
Qulonlarni shitob haydar suvloqqa.
Har tun u tepada turar qaqqayib,
Oyog‘in ko‘tarib,
qo‘riqlar uyurni.
Otlar ont ichganlar “Qur’onni qo‘yib”–
Mangu itoatkorlik buyurilgan.
O‘zish mumkin emas..
Sochilib yollar,
Hilpiraydi ayg‘ir ortidan butun.
Urib-surinishar terlagan tanlar,
Bul oqsoqdan o‘tib ketmaslik –
Qonun!
Maysalar toptalgan.
Daryolar loyqa.
Ayg‘ir suvga kirar birinchi bo‘lib.
Suv ichar.
Dam berar salqi qovoqqa,
Oyog‘in sezdirmay qo‘yar ko‘tarib.
Uyur tek, tosh qotdi.
Hidlaydi… Dahshat.
Bo‘rilar hidlari suzar havoda.
Ich!
Bo‘lma bezovta.
Qorovul – sergak.
To‘lqinlar sut kabi oppoq – daryoda.
Ha, bular yovvoyi.
Titrashmas biroq,
Vujudin qamragan tuyg‘ular qizg‘in.
Janglarda asqotar – tishlayman sirtmoq,
Ham shukronalikni o‘rganaman men.
Ayg‘ir suvga qondi.
Chiqdi qirg‘oqqa,
Silkindi va ketdi tepalik tomon.
Otlar-chi, otildi birdan suvloqqa, –
Bo‘g‘zigacha suvga botdilar shu on.
Dasht daryosi, yohu, quridi sekin,
Betoqat tutoqar pastlik – etaklar.
Hansirab, yutoqib ichishar betin
Tentaksoy suvini yovvoyi otlar…
Azim Suyun tarjimasi
SARATON
Oh, bir xotin,
Chang bosgan olma tagida
Uxlab yotar chalqancha,
Shildirar ariq,
O‘ynaydi kun nurlari ko‘kragida,
Ezilgan bedazorda g‘o‘ng‘illar ari.
Otda og‘ib boraman o‘q ariqqa,
Vah, bir xotin,
Sochlari vayron xotin,
O‘ynar kaftdek kun nuri ko‘kragida,
Uyalib chetga qarar qarigan otim.
SAMAD OQINNING AYTGANLARI
(19-asr)
Samad Ozarboy oqinning yosh,chiroyli zaifasini olib qochdi. Aytichlari-cha,ilgaritdan ahdu paymonlari bor ekan.Ushlab keldilar.Ikkalasining taqdiri Ozarboy qo‘lida qoldi.
Chilvirda bo‘g‘langan Samadni o‘tovga kiraverishda otdan tashladilar.Samad qiynalib o‘rnidan turdi.Ozarboyning o‘g‘li Alibek esa kulimsirab bir siltovda arqonni ikki joyidan kesdi.Samad oyoqlari ostida kulcha bo‘lib yotgan ikki bo‘lak chilvirga ijirg‘anib qaradi-yu tepvordi.
Qora terga botgan otlar pishqirgancha,o‘tov atrofida bosilgan maysalarni iskar.
Samad uvishgan bilaklarini uqalab,o‘tovning nimqorong‘I ichkarisiga tikilib turib bir so‘z aytar:
“…Aksimga tikildim
sovuq bodlardan
Jimirlagan ko‘lda –
qayg‘irmadim-a.
Har kimning yukini tortdim otlarday,
Och yotdim och cho‘lda –
qayg‘irmadim-a.
Yaxshi-la hamisha borim bo‘lishdim,
Yomon-la o‘lishdim –
qayg‘irmadim-a.
Saharlar – qurumda,
qaro tunlari
Qorlarda cho‘mildim –
qayg‘irmadim-a.
Yo‘l oldi xurjunga yovosh ayolim
nonu tuz solmadi –
qayg‘irmadim-a.
Bir do‘stim bo‘lsa deb,ezildi jonim,
orzum ushalmadi –
qayg‘irmadim-a.
Tizzamga o‘tqizib, silab, suyunib
suymadim o‘g‘limni –
qayg‘irmadim-a.
Quvib bo‘lmadi baxt – uchqur bug‘uni
hattoki burulda –
qayg‘irmadim-a.
Har tosh panasida poyladi o‘lim –
Egri pichoq bilan,
qayg‘irmadim-a.
Faqat bir narsadan qayg‘irar dilim,
mumkinmas umrni qayta boshlamoq.
Faqat bir narsadan qayg‘irar dilim,
o‘tarman yuzlardan sirg‘algan yelday,
o‘tarman, og‘riqni sezmas vujudim,
hasrat-da,sog‘inch-da qaytadan kelmas.
Faqat bir narsadan qayg‘irar dilim,
seskanib turarkan o‘lim sasidan,
hech qayda ko‘rmadim suluvroq kelin
Ozarboy oqinning zaifasiday.
Samad buni bir nafasda kuyladi. Shoshilmay,zo‘riqmay kuyladi. Qorong‘ida gavdasi kelishganroq,yuzi ko‘rkamroq tuyuldi.
Kunduzi u xunuk ko‘rinar – qiyofasiga ovozi yetishmasdi.
Shundagina yig‘inlarda uni ko‘p ko‘rganimizni,biroq ovozini eshitmaganimizni esladim.
Birdan o‘tovga kirishdagi parda ko‘tarildi.Ichkaridan past bo‘yli Ozarboy qariya chiqdi.
– Alibek! – chaqirdi o‘g‘lini.
– Shu yerdaman,ota.
– Ikkita ot ber,ketishsin!
– Ota?!
– Eson-omon ketishsin!
Ozarboyning ortida yuzini guldor ro‘molda qiya to‘sgan Bayan ko‘rindi.Samad burul otiga Bayanni o‘tqazdi.O‘zi Alibekning otini tutib,bir sapchib egarga mindi-yu,ikkalasi qorong‘I cho‘l qa’rida g‘oyib bo‘ldi.
– Ota! – qichqirdi Alibek cho‘nqayib o‘tirganicha alamidan yig‘lamsirab.
– Quloq sol,bolam.Sizlaram eshiting! Yigit Samad meni sharmanda qildi.Biroq shoir Samad Ozarboy oqin dovrug‘ini davom ettiradi.Go‘sht pishdimi,aylanaylar?
– Pishub qoldi,ota, – javob berdi jaranglagan ovozda oq jovlik kiygan juvon.
– Kim ochiqqan bo‘lsa,kirsin, – dedi-yu mo‘tabar qariya o‘tovga kirib ketdi.
Shavkat Rahmon tarjimasi
ARG‘UMOQ
Tulpori bilan mashhur,
Ey, poyoni yo‘q diyor!
Qara, kezar hov uyur,
Yashnar cho‘lda maysazor.
Bergin
Qorato‘rig‘in,
Shamollarga kelur bas.
Ustida egib bo‘yin,
Parvoz etay bir nafas.
Sezsin yel alangasin
Arg‘umoq ham o‘zida;
Qizg‘aldoqlar porlasin
Uning qora ko‘zida.
Mayli, kurash neligin
Bilib qo‘ysin arg‘umoq.
Olg‘a yo‘l boru doim,
Ortga yo‘l yo‘qdir biroq…
QIZQUVDI
Quvib yet qani, yigit,
Ayama otni, yigit,
Sevsangu bo‘lsang o‘ktam,
Ot yetajak o‘lsa ham.
Sevaman seni, yigit,
Etginu tez,
O‘p mahkam.
Bo‘saga intiq yuzim
Qizib ketdi uyatdan.
Ellar meni quvmoqda,
Ko‘kragimga to‘shalib
Quchmoqda, eh, quchmoqda…
Sen esa ortda, yigit!
Ko‘kda oy ham kular jim,
Men yolg‘iz,
Hamon yolg‘iz.
Tizgin tutgan qo‘llarim
Qahrdan bo‘lar qonsiz.
Odamlar,
Eh, noshud odamlar,
Er bo‘ldi-ku chavandoz dong‘i.
Tutqazibsiz jasur yigitga,
Tutqazibsiz yovqur yigitga
Va kelishgan, mag‘rur yigitga
Uchqur tulpor emas,
Qirchang‘i!..
* * *
Yozda bir qiz keldi
janub shaharga, bir
juft kokilida
bir juft oq bantik.
Ko‘hlikkina qiz,
ismi uning — Bella.
Shu yerlik bolalar ko‘nglida g‘ulu.
Yuvinib-tarangan,
oyoqda shippak,
deraza tagida o‘ralishardi,
gap otishardi.
Farroshlar, negadir, jerkib berishdi:
bunday sho‘xliklarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Lek qizcha,
baribir bittasi bilan do‘stlashib oldi —
deraza tagiga kelar har tongda
kichkina bir bola
va bo‘yin cho‘zib,
qizchani chaqirar cho‘chib, alanglab:
— Bel-la…
Qizcha olmaxonday tushar zinadan,
so‘ngra qo‘l ushlashib soyga chopishar.
Onasi ham dildan o‘zicha xursand:
zo‘r quyosh, sof havo, suv va qizchasi.
Bir kuni keldiyu telegramma,
tungi samolyotda uchib ketishdi.
Yoz-ku tugamovdi. Tong payti esa
bola ovoz berar odatdagidek:
— Bel-la…
Balkonga chiqaman va kuzataman.
Bola chaqiradi sekin, xotirjam:
— Bel-la…
Yasanib kiyingan — tungi shippakda,
ozoda kalta shim tizzasigacha:
— Bel-la…
Urishib berdim men:
— Uchib ketdi u.
Go‘dak shaxt qaradi
yigitlarga xos.
To‘ng‘illadi (balki “Senga daxli yo‘q”),
so‘ngra davom etdi o‘z qo‘shig‘ini.
Har kuni ertalab,
siz ishonmaysiz,
bevadek bo‘zlar u
oyna ostida.
* * *
Ha, mag‘rursan,
Sen faqat menga mag‘rursan,
Boshqalarga yuvosh, hatto mehribon.
Yillar o‘tib borar yillar ortidan,
Sen esa qoshimda mag‘rursan hamon.
Juda soz,
Xush ko‘rmayman men
Qarshimda birovning taslim turishin.
Lekin o‘zgalarga shundoq bo‘lgan sen,
Menga og‘ir botar ular oldida
Mag‘rur yurishing.
Dildan o‘tinaman,
Mag‘rur bo‘l loaqal yolg‘iz men bilan.
Men seni sevmasman ojiz, xafahol.
Yillar uchib o‘tar yillar ortidan,
Barcha mag‘rurliging sening —
Men uchun,
Mag‘rur bo‘lib qol.
QORATO‘RG‘AY
Eduard Bagritskiy qushlarni sevardi.
Avjga chiqardilar tor kabinetda
to‘ti, kanareyka, bulbul, sa’valar…
Jim faqat –
qorato‘rg‘ay.
To‘rg‘ay o‘lkasining muqim qushchasi,
zeriktirib yuborgan u o‘z dashtlarin.
«Janubga uch», — desak,
yo‘q, xohlamaydi.
Diydirab in izlar To‘rg‘ay yurtida.
Junjikar.
U yoqda qish qattiq.
Yoqimsiz bo‘ronlar chiqar junbishga.
G‘aramga kirgandek,
qo‘ylar yungiga —
behadik ko‘milib olar, erkatoy.
Cho‘pon uni bir kun topdi chalajon
va bir gazetchiga berib yubordi.
U uchuvchiga sotdi qorato‘rg‘ayni.
Uchuvchi hadya qildi shoir do‘stiga.
Ikkilandi shoir,
ammo qabul qildi hadyani.
Qafasga soldi-da, qo‘ydi bir chetga.
Choy ichishdi.
Mehmon to‘g‘riladi ko‘k pilotkasin.
Jilmaydi. Uchib ketdi.
Halok bo‘ldi osmon bag‘rida
Bagritskiy yig‘ladi mash’um xabardan.
Sa’valar qichqirar, to‘tilar esa
javrardi loqayd…
Jim edi qorato‘rg‘ay chekka burchakda.
Mening to‘rg‘ayginam saqlardi sukut.
O, sukunat — u ham bir nido.
U sukutda.
Yo‘qotgandi yana bir marta
o‘z To‘rg‘ayi, qorli o‘lkasin.
Darveshfe’l zotlarga goh lol boqaman!
Yashash shartlaridan voz kechib, aynib,
sa’vani ermakka saqlardi odam,
oldi mangulikka qorato‘rg‘ayni.
Va men bu o‘lkaga kelganda har gal,
sokin oqshomlarda tinglayman bot-bot:
ulkan bulutlarning ostida to‘rg‘ay
uchuvchi haqida jim chekar faryod.
* * *
Qabri Chingiztog‘in poyida uning,
Chechakka ko‘milib yotar anvoyi.
Takallufsiz, razil to‘da bir kuni
Kelib davra qurdi bunda
yovvoyi.
Ichdilar,
kuldilar,
sakrashdi g‘addor…
To‘lg‘andi chechaklar chiqarmay unin –
Bu badbin to‘dadan chekdi jim ozor…
Qabri Chingiztog‘in poyida uning.
* * *
Kurgaljino ko‘llarida
kuz to‘poloni,
Yoz tugagan bu diyorda
tashvish hukmron.
Parrandalar o‘ylarida
safar tug‘yoni –
Gala-gala ko‘chmoqdalar
janubga tomon.
Yo‘q, ularni qaytarolmas
hech narsa shu tob.
Uyalari uzra bir bor
doira qurib,
So‘ngra uchib ketadilar
qayrilmay, shitob –
Haroratli yurtlar ufqi
sari to‘sh urib.
Oq galalar,
o, nomuqim, sargashta g‘ozlar,
Qo‘yvormaymiz,
oshiqmangiz o‘zga yurt sari.
Tutib qolar sizni
oshna, qadrdon joylar –
Yo‘lingizga to‘siq bo‘lar
g‘ussa to‘rlari.
Tutib qolar,
qo‘yvormaydi Vatani uni,
O‘z bag‘riga qaytaradi
o‘q bilan shu on.
Kuz purviqor kezib yurar
bog‘lar qo‘ynini,
Otilgan g‘oz ko‘l ustiga
qular chalajon.
Hech qayerga motamsaro
uchmadi xabar,
Axir, bu na yo‘qotishdir
va na og‘ir g‘am.
Anqo emas,
semurg‘mas edi bu jonivor –
Shunchaki g‘oz,
nari borsa uch kilogramm.
«O‘ldirsalar nima bo‘pti,
fojeami, xo‘sh?
Buning uchun she’rlar bitib,
faryod urmoq bas.
Yuzta emas – axir bitta,
tag‘in oddiy qush.
Qolaversa, she’r qonun ham,
qaror ham emas.
Yaxshisi, sen tashbeh etib,
«xol» deb atagin –
O‘q izlarin,
garchi ular jarohat tanga.
Va bu ko‘lni,
atay qolgin,
uning Vatani.»
Shundoq esa,
la’nat bo‘lsin qattol Vatanga!
Kuz keldi.
Ilk pag‘a qorlar charx urur g‘ujg‘on.
Parday zarrin zarralarda
qahrli nufuz.
U bahorni keltirgandi,
axir, bir zamon –
Endi uchay desa,
qo‘yib yubormaydi kuz.
TUNGI TAQQOSLAR
Sen bolsan go‘yo,
esladimmi — labim tamshanar,
sen bir kulgu,
shiddatidan ko‘zlar yoshlanar.
Men g‘aribman, kim ham xafa qilardi!
Do‘zax ko‘rdim, endi jannat istar dil.
Eh, boshqalar nechun seni sevadir,
sevma sen, odammas ular, axir…
Ularda dard va iztirob ne qilar,
ular faqat kishnab yurgan yilqilar!
Ayt, qachon tillarim so‘ylasin biyron!
Qay lahzada ko‘zlarim sochsin alanga?
Noshudlikni ko‘rib turib beisyon,
itoatda chidashni ham o‘rgatgin menga
va tunlar qurbaqadek bo‘zlamaslikning
ayt chorasini!..
Men seni sevaman,
beva — oh urishni,
baliq — tez suzishni
sevsa qanchalik;
men seni sevaman
ojiz — shuhrat-shonni,
quyosh — keng osmonni
sevgani kabi.
Sen ziqnasan, senga yashash oson,
menga rizqin tutdi hatto gado ham
murg‘ak chaqaloqni emizgan kabi.
O, men Xayyom bo‘lsaydim agar,
o, men Hofiz bo‘lsaydim agar,
o, Mahambet bo‘lsaydim agar,
murodimga yetardim balki!..
Asl she’rlar esa yozib bitilgan.
Shundoq sevisharlar tog‘u dashtda ham —
yuraklarga solib orzu va alam.
O‘zgacha sevib ham bo‘lurmi yoki?..
Men seni sevaman,
shunday sevamanki…
BOLALIK, BOG‘LAR, SARATON…
Yo‘q, men to‘lmagandim o‘n ikkiga ham.
Bolalik. Yoz. Olis front orqasi. Uycha.
Arava yo‘llarida suzib yurar chang, Saraton,
Bog‘lar, siynasida g‘ubor ko‘rpasi.
Va sho‘xchan bir ayol bizning hovlida.
Ijarachi ayol,
Uni shunday atardi bobom,
Yonoqlarim lovullardi ertalabdanoq,
Yo‘q, o‘n uchda edim o‘sha choq.
Jilmayar edim men u kulgan onda,
Laqmalik qilardim so‘z topolmasam.
Goh, u yuvinishga soyga tushganda,
Haydardim bolalarni pana-panadan.
Bular bari – o‘tmish,
Hozir esa kelar yodimga: Tun,
mo‘jaz derazali paxsa imorat.
Men o‘sha torgina darcha ostida
Oqlangan devorga suyanganimcha,
Turar edim dilgir, betoqat.
Urushdan qaytgandi u –
Buni anglardim,
O‘sha yigit bilan quchoqlashardi…
U noshud, yaramas quchdi-ko‘tardi
Va u ham yigitni tinmay o‘pardi…
Bilmasdim,
Qo‘llarim titrar nimaga,
Deraza ortida qorong‘i, jimlik
Va yengil shivir-shivir…
E-e, qandoq chidaysan bunday ta’naga –
Tosh bilan oynani sindirdim chil-chil.
Yugurib chiqdi kimdir:
– Senmi?
Uning ko‘zlariga boqardim karaxt,
Xuddi tushdagidek, kelmay hushimga,
Shunda men, bir go‘dak,
Dedim ilk bora:
– Bo‘ldi, bas, nari bor, eh onang shunga…
U esa yigitni itardi nari:
– Tegma!
So‘ng meni yupatib, dedi jimgina,
Yumshoq ko‘kragiga bosgancha mahkam:
– Oh, mening ko‘ngli bo‘sh aqlsizginam.
Otilib chiqdim men uning bag‘ridan,
Tomga ko‘tarilib,
Yoyib qo‘yilgan
Eski gilam uzra tushdim uzala.
O, katta bo‘lsaydim shu bir kechada!
O, agar hoziroq yetsaydi kuchim,
Bu qattiq xo‘rlikning qasosi uchun!
…Bolalik unutildi,
Yillar uchar, ha.
Biroq menga qiyin bo‘lar sen bilan,
Qo‘shnining bolasi
Suqlanib bizga
Kechirilmas sog‘inch-la termulsa ba’zan.
Tikilib turar u, oppoq devorga
Suyanganicha,
Qorako‘z, tund, bir iztirob yoqar qonini.
O‘zining ilk mehrin bag‘ishlar senga,
Bolaligi,
Bog‘lar,
Saratonini.
SAHRO TUNI
Shabnam yo‘q,
Vo ajab, qo‘limga tegmas sira nam,
Tunning bag‘ridagi sovuq qumda ham,
Yuzda ham, o‘tovning sirti – namatda
Yo‘q zarra shabnam.
To‘g‘ralgan toshlarning
Qotgan mavjlari
Jilolanar oyning nurida biram;
Izg‘iydi qashqirlar har yon sarsari,
Yo‘q zarra shabnam.
Tunning og‘ushida
Oppoq shu’laga
Belandi sahroning ko‘ksi – siym tan,
Lekin gezarar dil
Chiqmaydi sasi –
Bir tomchi shabnamga tashna, zorlikdan.
Oy sovur nihoyat,
Quyosh nuridan
Bir cheti yarqirab ketar olamning…
Hega?
Qo‘ngan edi yuziga shabnam
Sahroda tunagan tanho odamning.
QAYRAG‘OCh
Pastlikda — teraklar,
chashma va o‘tloq,
soya esa og‘u kabi quyular.
Bu yerda ildizlar kalta,
kuz ham haq,
mog‘or ichra xazon bo‘ladi ular.
Ammo hov yuksakda —
shamollar kuylab,
bo‘rilar to‘dasi yig‘lar joyda och,
mening yuragimga ildizin qadab,
chayqalib turibdi
yolg‘iz qayrag‘och.
Uni yiqa olar na yomg‘ir,
na qor,
na sarin kunlarning armon rohati.
Turar u,
ko‘kragin kergancha poydor,
shamollarga ochiq chayir qomati.
Omadi kulgan bir yo‘lchi chavandoz
unga ko‘zi tushib – yig‘lar,
so‘ng ketar.
Pastlikda otini sug‘orar beso‘z,
qayrag‘ochni alqab,
jim tavof etar.
* * *
Betbak-dala
Hamisha tund, mudom yaydoq,
Ot ko‘ziga qarashga ham, oh, uyalar…
Tulporlarim
Ayozlarda tuyub titroq –
Yo‘larini oldingamas,
Ortga solar.
Betbak-dala –
Qozog‘imga yozuq bo‘lgan Badbaxt-dala,
Yalanglikdir
Ufqlardan ufqqa qadar.
Kimlar bunda
Yuragiga umid qalab,
Kezmadilar zor-sargardon shomu sahar.
Almashdilar nasl-avlod birin-ketin,
Tebranadi keng egarda suvoriy jim
Tarashlaydi oftob tafti
Uning betin,
Termiladi kengliklarga,
Ufqlar – tilsim.
Bosh ustida qaynoq osmon,
Sahro – sarxush.
Qovriladi bunday palla
Uchgan har qush.
LUVR
Sevaman seni, Frantsiya.
Sening noming-la atashgan barcha
bosqinchilarni –
«Faranglar» deb.
Sening askarlaringni
Otda sudraganman arqon bilan
Va oltin-kumushlar uyumi ustida o‘tirib
Zargarlik qilganman,
Tillalarga naqshlar chizganman,
Endi esa ko‘zlarimda
G‘ussa va sog‘inch.
Tentirab zallarni kezaman,
Boqaman bebaho olmoslarga.
Qotaman hayron-lol:
«Osiyo, sen qayerdasan?
Asl olmoslardadirsan balki?
Balki dudama xanjarlardadirsan –
Seni qarshi olish uchun yasalgan?
Qachonlardir dovrug‘ solding dunyoga
Va qolding jim.
Kim buzar, ayt,
Sening bu sukunatingni?
Qaysi ulug‘ yetib borar G‘arbga
Va zabt etar,
Qilich bilan emas,
Bu zallarni,
Bo‘m-bo‘sh zallarni?..
SADOQATLI DO‘ST
Agar so‘rab qolsalar mendan —
hayotingda qancha do‘st orttirding, deb.
Do‘stim, shunda seni esga olaman
va javob beraman o‘ylab o‘tirmay — ko‘p.
Deyman — u ham sofdil, ham jasur,
tanti ko‘plardan,
ixtiyorim uning qo‘lida faqat,
uning izmi boshlar meni yo‘llardan.
Sen meni qaytarding jar yoqasidan
yana menga kulib boqqanda omad,
sen undading meni yutuqlarimdan
mamnun bo‘lishga
va yanada kuchga to‘lishga,
kimgadir kurashda achchiqma-achchiq.
«Mamnun bo‘lish mumkin hozircha, biroq —
chinakam quvonishga hali ertaroq».
Sen qattiq urishding
labda kulgum ko‘rib —
mahzun raqibimga shod boqqanimda.
Bahslashib o‘tirmading,
jerkib berding sen
ish uchun cho‘chib, sust tortishganimda.
Senga yuzlanaman, sokin yuragim,
sen — mening vijdonim hamda irodam,
sen — mening imonim,
quvvatim-kuchim,
sen do‘stlar baxsh etasan, sira tolmaysan,
taftli qadamlarsiz yo‘llarim mening
bir lahza ham sovib qolmasin uchun…
AYLANAYIN
Yaqin insonga «aylanayin» deyiladi. «Atrofingda
aylanay» – so‘zma-so‘z tarjimasi. «Dardingni olay»,
«mushfig‘im mening»– mazmunan tarjimasi.
Derlar menga – ko‘rkam imoratlar qur,
men esa
dunyoni kezaman masrur,
qulay imkoniyat tug‘ildimi, bas,
yana otlanaman yo‘lga shu nafas.
Nyu-Yorkda dostonlar o‘qiyman jo‘shib,
Misrda she’r bitgum anduhim qo‘shib.
Qaytaman,
hamyonim yana tap-taqir,
tag‘in pul g‘amlayman –
yo‘l chorlar, axir!
So‘nggi qipchoq –
so‘nggi dengizgacha to!
Qarshimda tag‘in dasht-sahrolar paydo!
Bizni
shahdimizni bilib ko‘mganlar –
oyog‘imiz g‘arbga qilib ko‘mganlar.
Milliardlar shukuhi bo‘lib kunbotar
sarg‘aygan cho‘llarning ostida yotar –
no‘g‘aylar,
bulg‘orlar,
sahroyi qozoq
bilmasdan Osiyo –
G‘arbdan ham g‘arbroq!
Chorladi G‘arb mudom tilsim yaratib,
va bizni ko‘mdilar g‘arbga qaratib!
Tegrangda charx urib tinmadim bir on,
Aylanayin sendan,
Zamin-onajon!
Bag‘ring dog‘lanmishdir bu kun shunchalik,
hech kim tushunolmas seni menchalik –
dardlaringni olay,
bo‘lma g‘amga g‘arq,
kezgum yo‘llaringda
mudom urib charx…
Ruschadan Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi
QUM USTIDAGI QO‘ShIQ
Sahro ustida turar yolg‘iz lochin,
Sahro ustida qotar paxmoq burgut,
Sahro ustida yonar avgust quyoshi –
Tanho qiyofasi odam ishonchining.
Men qoyaga boraman yaqin,
majusiy singari
urib pichoqni,
shivirlab,
avraganday,
nimanidir olaman o‘yib.
O, meni kechirgin, quyosh,
nojoiz shivirladim, men,
mayli,
eshitsin sariq
sahro.
Lekin, so‘ng?
Lekin, so‘ng,
dukur-dukur qitiqlaydi jimlikni…
…Tulporlarning tuyoqlari zirqirar
mana shunday kechada,
qachon silatadi suvoriy
yollarga yuzini…
…Sahro ustida turar bitta osmon.
Tinchigin, uchqur ot!
Bu ko‘kka ko‘tarilayotgan oy.
Eh, shunday shabada
va jimlik –
qaniydi,
men bo‘lsam?!.
…Xayr, sariq sahro…
“NIHOYaT”
Nihoyat!
O, yozning dag‘al jalasi –
yaxlit selobi havoning,
qurigan bog‘imning qarolilarin
kesmoq niyatida oqar
yosharib.
Zamin qa’riga yashirar
zarang ildizlarni,
silkitib aylantirar poyasin
Zamin va osmon orasida –
ustunlar,
ko‘llar,
daryolar,
biz –
bugungi jalamiz.
Biz uchun bugun
hamma narsaga topiladi ish.
Kelish ham,
ketish ham
bu ishning bir zuvalasi.
Jala – zamin va osmonning to‘yi!
QORA VA QIZIL
Fas – Rim qonunlarining oliy huquqi.
Fas est – “Hamma narsa ravo”.
qahqaha bilan
oynalar ichiga kirmoqchi osmon.
bo‘ysunmagan shaharlar ustiga
askarlarni,
behisob huquqlar bilan qurollantirib:
fas!
Fas – g‘ajib tashlang, dunyo ilkingizda turar.
Fas – boshqa hayot va mulkka ochiqdir yo‘llar.
Fas – qahr-g‘azab dovrug‘idan qisilgan ko‘zlar.
Odamiylik shundaymi, axir?!.
XX asrda
chaqmoqday yondi birdan:
Rimning chorrahalarida
bema’ni ibora –
Fas est!
Birinchi faylasuf qora ko‘ylakli tilshunos edi.
Ajdodlardan meros yovvoyi dunyo unga
(u tarixchi bo‘lgan),
niyati ham qop-qora,
qoralarning g‘animi u zot
(telba edi o‘zi).
Bizga
hamma narsa ravo!
Hatto mantig‘u qiyos
va huquq ham xotirlar
bo‘rini emib o‘sgan
Romul va Remni.
Qarang, yana takrorlanmoqda –
asrlar qa’riga singib ketgan
qismatning nishablarini
bo‘ri kabi vahshiylik bilan
qo‘ydek bemajol sho‘rlik,
rangpar Rim.
Ishq izhor qilinmas lotin tilida,
Araz yo‘q, tortishuv yo‘q lotin tilida.
Biz yosh va navqiron bo‘lgan bir paytlar,
Biz haqda so‘z aytilmagan lotin tilida.
Lotin tovushlari kuylamas bizni,
Rom etolmas bizni lotin so‘zlari zarra,
Ushlab ko‘rar ekan shifokorlar tomirimizni –
Gapirmas ko‘hna Rimni qo‘riqlagan ibora ila:
Fas est!
Demakki, bu jasad chirib bormoqda,
So‘ng bor taom yeb ol yog‘li, mazali,
Konyak ich, e’tibor bermay, og‘riqqa, biroq,
Sen intihoga mahkumsan –
Hamma narsa ravo!
Umring qisqa,
hozircha yashayapsan –
Fas est!
Hali tushga aylanganing yo‘q.
Ko‘kragingni qashilar ozg‘in panjaralaring.
Qora libosingda,
mayli,
sayr etib ol, fashist!..
…Lekin Brest bo‘sag‘asida bor,
Bordir bir xandaq…
…O‘qlardan chilteshik bo‘lgan
qip-qizil do‘nglik…
…Xushchaqchaq prusslar to‘kkan qonlar bor bu yerda
Va mening himoyasiz miyam chanog‘i.
Asab tarang,
yurak tortar u tomon,
Boshlar u tomonga so‘qmoqlar, yo‘llar.
Qayda bo‘lmay,
ko‘ksimda eng so‘nggi imkon –
O‘sha xandaq sari cho‘zilgan qo‘llar…
“SIZ MENI SEVASIZMI, TOG‘LAR?”
Siz meni sevasizmi, tog‘lar?
Sevasizmi, qayinlar?
yashil va oq kiyintirgan yillar
mening bilan yelmoqni istab,
olib ketar giyohlar ismin,
favqulodda yo‘llar
o‘zining jarangdor ranglariga
singdirib
sukunatning borki xillarin.
Tog‘ning chizma asbobi
tekislamoq bo‘lar birdayin –
asr yurar nishablardan
ko‘chgan qor uyumlari
va qor gardlari taxlit,
engilgina cho‘ktirib,
burama izlarin qoldirib
mening tezlashimga.
Jimjimador meteor –
xomxayol yillar.
Siz meni sevasizmi, tog‘lar?
Sevasizmi, odamlar?
Sizni tuzatilmaydi,
yassilikka aylantirilmaydi,
nurashingiz unutilmaydi, tog‘lar,
sizning.
Ajoyib parchalaringiz,
Chunonam, chatoq
lekin,
sizni qiyoslab bo‘lmaydi,
tog‘lar,
Siz – qiyossiz.
YaShIL GIYoHDAGI QIZ
Zapomniek – unutmoq.
Zabutiek – yodgorlik.
Maydanakning bo‘m-bo‘sh baraklaridan mog‘orlagan zax hidi burqiydi. Tomning ostki zinasida poyabzallar, kulrang soch tolalari osilib turibdi. Gaz kamerasi (30x40 kv. m.).
Maftun etdi odamni jannat
Va cho‘chitdi birday jahannam.
Ammo, qani aqlu zakovat,
Atom – odam o‘zi topgan g‘am?
Bizning dilxun va shavkatli asrimizda farahli o‘tmishni qaytarishning sira ilojisi yo‘q. Magistrat arzandalaridan bo‘lmish amaldor san’atkorlardan nolib, afsus, bilan gapirdi.
Ular hanuzgacha Maydanakda nobud bo‘lgan 2 million shahidga munosib yodgorlik yaratmagan emishlar. “Buxenvaldda, Osventsimda va boshqa joylarda allaqachon yodgorliklar qo‘yilgan deyishadi. Bizda esa, bu hali xayolga ham kelgani yo‘q”.
U so‘zladi – “Ko‘nglini to‘kib”.
Yodgorlikni yaratish qiyin.
Kuydirish,
otish,
ochlikdan o‘ldirish oson,
tasalli,
yodlarni xotirda tarab
chuqur fikrli
kompozitsiya tuzmoqdan ko‘ra.
Shu bois,
ehtimol,
hamma usta ham
ishtiyoq bildirmas bu holga doim.
Lekin,
qanday bo‘lmasin kerak
qurbonlarga yodgorlik tiklash.
I
Kontslager –
bu nafaqat,
mo‘rilardan ko‘kka o‘rlagan
tutunlarning yashil buluti.
Bu – yap-yalang maydon.
Bu – maydonda ko‘karmagan o‘t.
Qidirib topilgan,
eyilgan
cho‘vak ildizlar.
zarang o‘rmondan tiyramoh payti
(sim panjaralar orqali)
ba’zan-ba’zan uchib kirgan yaproqlar.
Ularni yeyishdi.
Mahbuslar toqati ochlikdan zahil,
cho‘chqayong‘oq,
beda,
moychechak najot.
Tag‘in anqir,
minglab murdalar uzra
mustahkam yig‘ilgan paxmoq g‘aramlar –
yovshan va yovvoyi sarimsoq piyoz,
shirali qariqiz ham sersuv ravoch,
semiz kaktus bilan qiyoqning hidi.
Bu gerbariy ochlikning nishoni edi.
“Bizdan keyin uch yil giyoh o‘smagay”.
Osventsimda,
Maydanakda eshitdim
bu so‘zlarni men.
II
Opole shahriga yaqin,
oddiy,
Noma’lum kontslagerda
ochlikdan o‘lgan
300 ming harbiy tutqinning jami.
…Sentyabr.
Orom.
Havo ochiq va sokin edi.
Ulkan moychechakning tuklari
norozi shivirlar,
haykaltarosh dardi
asabiy uchar
xushbo‘y havoga,
orqaga burar yuzini,
suvdoniga qaytarilgan taxlit.
Tagsinchda – g‘ijimlangan quruqsuyakning shakli.
Qaysidir bir musobaqada
bu yodgorlik topilgan g‘olib.
Men mahliyo bo‘lib qarayman:
ulug‘ haykal vaziyatiga,
u yaratgan qo‘rqinchli holga,
ko‘kdan ta’sir yodgorlikda tizilgan ajib,
qiyofa o‘qiydi katta aji-buji shaklni –
NON!
III
Avvalambor aytilgandek,
issiq va sokin edi,
belgilarning gurrasidan charchagan ko‘zlar
petitlarga bo‘lgandi tashna.
Qorayardi
giyoh uzra qo‘llarini yozganicha qiz.
Erinibgina bosar edi
lablarini erinib o‘tgan,
qizarib ajralardi,
ikki kilometr uzoqdagi
zarang o‘rmondan
shamollar uchirib keltirgan
yaproq misoli:
yonida yefreytor uzala tushib,
laklangan kamarin tortib qo‘yardi,
xursand,
go‘yo foydalanmoq uchun topgandi,
yalang‘och maydonda ajoyib imkon –
simlar dimiqtirgan,
diltang asira
suygan g‘animat o‘tdi –
poyasi ingichka qambar maysani.
Ular taqiq etilgan joyda
yonma-yon yotishardi edi ag‘anab:
“O‘TLARNI YuLMANG!”
Tasodifmi bu?
Ehtimolki,
oddiy qo‘pollik, o‘rganib qolganmiz,
e’tibor bermay,
bolalikdan ko‘raverib bu yovuzlarni
istirohat bog‘lariyu xiyobonlarda.
Bu yerda-chi,
ajoyib so‘zlar,
topgan ayni ta’sirchan o‘rnin,
ishonchli,
Sezmaslik iloji yo‘qdir.
(Qachondir zo‘rlangan va majbur qilingan
har qanday razillik fojiaga tortadi).
Insonga yodgorlik
(mantiqan shunday)
tosh emas,
temir ham emas –
ko‘kargan giyoh.
O‘sar o‘giti kul bo‘zrang tuproqda,
Opolega yaqin tekis o‘tloqda.
Va,
birdan,
angladim judolik hissin –
ko‘rgim keldi magistratdan chiqqani dahoni,
shon haqida niyat qilmayin,
kontslager qurbonlarin qalblariga
bug‘doysimon o‘tlardan yozuvlar qoqqan:
“O‘TLARNI YuLMANG!”
IV
Bu maydonda zarurat yo‘q san’atkorlarga,
iqtidori foydasizdir,
ular kasalmand.
Maydon – ozodlikka intilganlarga
hushyor taqiq ozori –
she’rdir bandma-band.
Har qanday man olddan sezish nuriga to‘la,
anglashga kuchsizdir ular yo‘lini xayol.
Lek,
nazarimda,
ixtiyoriy hozir bo‘lar,
tarix yo‘llarida,
balki,
qachondir bu hol.
Birinchi vasiyatni eslayman,
yana,
odamlar bilmaydi
qochiriqlarni,
toki,
ko‘rmaguncha o‘z ko‘zi bilan
amalga oshgan qonunni:
“TARIXGA KIRISh MAN ETILGAN!”
Taqiqlarga qarayman tashvish endi.
Ularni did bilan tayyorlaganlar
shahar kengashidagi shoirlar:
“ShOVQIN SOLMANG!”
“IFLOS QILMANG!”
“ChEKMANG!”
“TUPURMANG!”
Bitta kazarmada shundayin ko‘rdim:
“URIShMANG!”
Fohishaxonada bunday yozilgan:
“O‘pishmang!”
Qaniydi man qilsa gar magistrat:
OChLIKNI,
O‘LIMNI,
XIYoNATNI,
ZO‘RLAShNI,
XO‘RLAShNI.
San’atkorlarga yolg‘onlar taqiq etilsa,
men buzardim yig‘ining bor haykallarini,
toki,
bizdan so‘ng ham o‘tlar yetilsa,
bezab zaminning och paykallarini,
toki,
yashnab bunda yashil giyohlar
nozlanib quyoshga toblasa qaddin.
O‘tlarin yanchib oshiqlar,
o‘tlar –
shahidlar ekanin chiqarmasa yoddin.
Men – HAQIQAT bilan og‘rigan shoir,
ular – o‘ldirilgan kesatiq – yolg‘on.
Maydon – OZODLIK ramzi,
zabardast ERKdir,
to‘qaylardan o‘tib turibmiz,
yana, yalang‘och – maydon.
Rus tilidan Ikrom Otamurod tarjimalari