Eseng‘ali Ravshan (1957)

Eseng‘ali Ravshan (Eseng‘ali Әbdіjapparұlы Raushanov) Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli shahrida tug‘ilgan. Qozog‘iston Davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan.
She’rlari 1980 yillardan e’lon qilinib keladi. 1983 yilda “Bekdavlat va Jo‘loman” nomli dostoni qozoq she’riyatida katta voqea bo‘ldi va qator adabiy mukofotlarga loyiq topildi.
Bugungi kunda “Jazushi” nomli nashriyotning direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.

OQ YoMG‘IR

Yashil ko‘klamning jarchilarimi,
Suzadi bulutlar tepamda.
Manglayim tutdim tomchilariga,
Suyanib turibman emanga.

Tug‘yonlar ila qonimga bitgan,
O‘tkazdim tunlarni men bedor.
Ajib bu damlarni entikib kutgan,
Bir yurakman — sendek intizor.

To‘kolsam edi qalbimning nurin
Sendayin, tungi Oy misol.
Jami odamga tiladim bugun
Ro‘shnolik hamda baxt-iqbol.

Tozarar ko‘ngil yoqqaning sari,
Farog‘at qo‘ngay uylarga.
Go‘zal she’rlarni yozarsan hali,
Dardlaring qo‘shib kuylarga.

Ovozim balki samolarga yetmas,
Senday poklikni lek xush bildim.
O‘ljas ham emas, To‘lagan ham emas,
Esang‘ali bo‘lib termildim.

Xayr, deb endi qor-qirovga,
Yashnasa, ne tong dasht-qirim.
Jala, do‘lsan balki birovga
Ey, mening ifor yomg‘irim.

KO‘KLAM. YaNGIQO‘RG‘ON

Hut oyida unniqar ko‘p qish husni,
Endi navro‘z kirib kelar xush isli.
Bo‘g‘otlardan tirs-tirs tomgan tomchilar,
Qolgan kuning sanayotir bamisli.

Yuragidan toshib qasrat-munglari,
Taraladi qirdan jilg‘a unlari.
Ipak yellar qaytar bot-bot iziga,
“Ko‘klam-ov”ning naqorati singari.

Yangiqo‘rg‘on, yangi o‘ylar ko‘p manda,
Osmon biram chiroyli, yer ko‘rkam, ha!
Katta yo‘lu yolg‘iz oyoq so‘qmoq ham
Borar enib yashil o‘tov — ko‘klamga.

Tulporlardan shahtsi ayon bilindi,
Tuyg‘ularim chaqin chaqar dilimda.
Ko‘klam bu kun tong-sahardan uyg‘onib,
Sayrab turar qumri qushning tilinda.

Jon ovulim, bahordir bu — kul, yasan,
Qo‘ling silkib, sen jim o‘ylar surasan.
Qozoqning bir oddiy choli ramzida
Ezgulikka yo‘l ko‘rsatib turasan.

QORA BOVUR QAShQALDOQ

Qora bovur qashqaldoq, qayga uchding bu zamon?
Mungli sasing qulog‘im ostidan ketmas hamon.

Qora bovur qashqaldoq, qayt ortingga, qayta qol,
G‘amga botgan to‘qayning holin so‘ra, ko‘nglin ol!

Uya qolsa egasiz oydin tunga zulmat jo,
Adashib kelgan churra bo‘lolmas sendak aslo.

O‘zingniki bu yerning tog‘i, qiri, tepasi,
O‘z uyini o‘zgaga tashlab ketmoq, nimasi?
Qashqaldog‘im, ortga qayt!..

* * *

Yangi ochilgan kichik sayyoralarning biriga S. Yesenin nomi berildi.
Gazetadan.

Sayyora bo‘p Yesenin aylanadi.
Eseng‘ali ovulida qo‘y boqadi.
Eseng‘ali ovulida qo‘y boqadi,
Eseninday bo‘lsam deb o‘ylanadi.

O‘ylanadi,
Ketsam deya to‘lg‘anadi.
Juda og‘ir, juda uzoq kechdi bu yil.
Mirzacho‘lga she’r bitsam der masrur ko‘ngli,
Mirzacho‘ldan tez ketsam der arazli dil.

Poytaxtga ham qiymay hushi-esi toldi,
Yopirayin, qiymaydigan nesi qoldi?!
Eseng‘ali kentga ko‘cha olmay sarson,
Esenin naq samolarga chiqib oldi.

Yigit edi u omadga hamisha yor,
Ko‘chish juda g‘alva ekan
Va qilar or…
Mirzacho‘lga zo‘r bir doston yozsam deydi,
Yuragida o‘z yurtidan bor-da viqor.

Bu viqorni ta’kidlamoq ko‘p oson gap,
Lek chigal o‘y qurshar uni har yondan zab.
Farzand tilab tengi-to‘shi giryon yurar,
Hapriqadi boshqa kimdir urush tilab…

Falaklarga she’r-la ochdi Yesenin yo‘l,
Eseng‘ali uchun manzil erur bu cho‘l.
Osmonlarni hozircha u qo‘ya turar,
Chunki uning bu zaminda tashvishi mo‘l.

QOZOQ QISSASI

Men kecha “xalq dushmani” bolasi edim,
Tengqurlarim tengi, lekin “ola”si edim.
O‘pkalasa bizdaylar o‘pkalasin,
Stalinga ne doding bor, og‘a, sening?!

Bizdaylar kam edimi, zotan —
Yuragida g‘ussa, yuragida motam.
“Belomorkanal”ni sen chekding,
Belomor kanalni qazdi otam.

Ohimiz kimga yetdi ekan,
Kimni bezovta etdi ekan?
Aylanib sahna,
o‘rinlar
Qalay almashib ketdi ekan?

G‘am-qayg‘uga hayot buncha hotam,
Yurakda g‘ussa, yurakda motam.
Tishni tishga bosib sen yurding,
Tish yormay senga o‘tdi otam.

Tish yormay o‘tdi nelikdan,
Deyman bugunga kelib man.
U uchun o‘lik eding sen,
O‘ch olsin netib o‘likdan?!

Zamona ko‘pni xor etdi,
Hatto kafanga zor etdi.
“Xalqning dushmani” — sariq chol
“Xalq osmon bo‘lsin” deb ketdi.

Bog‘larga nurlar indi, ha,
Tosh qotgan muzlar sindi, ha.
Aylanib vaqtning sahnasi,
Almashdi o‘rinlar endi, ha.

Davr edi-ku ko‘p qora,
Ginadan, og‘a, yo‘q chora.
Sahnadan tushib boryabsan,
Yuzlashsak devdim bir bora.

Yosh avlod bu — yangi olam,
Emasman endi ko‘zlari nam.
Sahnadan tushib boryabsan.
Uzoqlar soyang misli g‘am.

Ko‘krakka otash, o‘t solib,
Boqamiz mag‘rur va g‘olib.
Yuramiz keyin… boyagi
Sahna tomonga yo‘l olib.

TOShKENT OQShOMI

…Shundoq, do‘stim, gap rosti — ne desak-da,
Tarixga o‘z hisobini berajak, ha:
Ikki yarim million yurak shahdi ila
Toshkent dadil bormoqda kelajakka.

Iffatli qiz odob-la to‘xtab, ana,
Nimanidir so‘rashga chog‘lanadi.
Damlangan osh ustida mayizdayin
Qora xoli yuzida cho‘g‘lanadi.

O‘sha kech yuragimga to‘lib o‘lan,
Borardim men “Hamza”ning* yo‘li bilan.
Cho‘pon ota masjidin tepasida
Cho‘lpon yulduz tovlandi nur tarab sha’n.

Bamisoli ol barkash ko‘kdagi oy —
Og‘ib borar mahali ko‘lga qaray,
Qo‘liga ilib olmoq bo‘lib uni,
Yugurdi ko‘cha bo‘ylab cho‘ng qarag‘ay.

Yutoqib kuzataman shafaq nurin,
Nimaga mengzash mumkin dil sururin.
Askiya aytgan chollar bir zum to‘xtang,
Go‘zallik haqida ham bahslar quring.

Ziynatlar o‘ynatadi bunda ko‘zni,
Tinglaysan har qadamda shirin so‘zni.
Ne izlasang — Toshkentda topiladi,
Yo‘qotib qo‘ymasang bas bunda o‘zni.

…Shundoq, do‘stim, gap rosti — ne desak-da,
Tarixga o‘z hisobin berajak, ha:
Ikki yarim million yurak shahd ila
Toshkent dadil bormoqda kelajakka.
___________
* Hozirgi Milliy teatr ko‘zda tutilyapti.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

SIYoSIY BO‘LMAGAN ShE’R

– Chet ellarda kiming bor?
– So‘ramanglar!
– Yo‘q, sen ayt!
– Unday bo‘lsa, aytay takror:
Qo‘ldan kelsa, olib kelgin, o‘zga yurtda
Otam, onam, ikki buvim, bir akam bor.

Qay bir yili, soatni sanab tongda,
O‘zim ham o‘tib ketgim kelgan edi.
Onam paqir “qo‘y-qo‘y”lab, chirqiradi,
Bir og‘iz so‘z bilan olib qolgan edi.

Qozog‘iston zaminidan ketgan bari.
– Xat yozadimi?
Kelmadi hech xatlari.
Osmoniston degan huv mamlakatdan
Tunni yopinib o‘zlari kep turadi.

Sapchib turaman men shunda, tikilaman,
Nega buni aytdi dema, bu bir alam.
Qozog‘iston yeridan ketganimda
O‘sha yurtga ketajakman hali men ham…

* * *

Besh yuz yil muqaddam
Xuddi shu tog‘da
Shohona xabari bo‘lib zamonning,
Xuddi shu muddatda,
Xuddi shu chog‘da
Chodiri turgandi Bobur sultonning.

Buni qushlar aytdi menga azongi,
Gullar aytdi menga shivirlab.
Tun bo‘yi yaralgan yangi g‘azalni,
Erga bir tekkizib olgan irimlab.

Tilak tilab otlangan u shu yerda,
Shu tog‘larga qo‘lin yoygan qahramon.
Yo‘qsa, nega Bobur yozgan so‘zlarda
Olmaotaning oq yomg‘irin ko‘raman?!

U shoshildi zabt etay deb zamonni,
Bir shahd ila otlanganin anglarsiz?
Yana bir kun qo‘nsa edi, dunyoni
Bayt bilanoq egallardi janglarsiz.

Yarim olam – Boburshohning merosi,
Gang tomonga ot yo‘rttirar shoh Bobur.
…Hindilarning ko‘rar bo‘lsam kinosin,
Men shularni yod olaman negadir…

Ana, tog‘lar!
Tap tortmaydi hech kimdan,
Yoz tonglari, buncha go‘zal, oq manglay!
… Ko‘nglim yayrab uyg‘onaman uyqumdan,
Shoh Boburning chodirida yotganday…

* * *

Zulmatni quvib ko‘ngildan,
Chirog‘im yopib turar oldda,
– Farishta nedan yaralgan?
– O‘tdan, – deyiladi Qur’onda.

Men yoqqan o‘sha chiroqqa
(Chiroq – bu umid pildirak)
Farishta kelmaydi, biroq-da,
Keladi tentirab kapalak.

Farishtang edim kokilli
Qayga boshlab kelding, qil rahm
Tentak kapalak singari
Taqdirim mening, taqdirim.

Ko‘chada bulutday xayollar,
O‘tadi shekilli yog‘masdan.
Tentak deymiz-ov jonivorni,
Hayotning o‘zi sog‘mi, deng.

Qanchalar sovuq tun edi,
Kapalak, to‘ng‘ib qoldingmi?
Bizlarni poylab yuradi,
Shamollar eshik oldida.

O‘qni yoyday mo‘ljallab naq
Vishillab poylab keladi.
O‘chgan o‘t, o‘lgan kapalak
Shumidi unga keragi?
Tushunmayman…

Muzaffar Ahmad tarjimasi