Ahmet Boytursunov (Axmet Baytұrsыnұlы) Qo‘stanay viloyatining Jankeldin tumanidagi Saritubek ovulida tug‘ilib o‘sgan Ahmet Boytursunov qozoq xalqining XX asr boshlaridagi milliy-ozodlik harakati yo‘lboshchilaridan biri, davlat arbobi, shoir va publitsist sifatida tanilgan.
U qozoq tili va adabiyotining tadqiqotchisi, qozoq imlosining islohotchisi, shuningdek, ma’rifatparvar shoir hamdir. Uni haqli ravishda qozoq adabiyotshunosligi fanining asoschisi, deb atashadi.
U qoldirgan “O‘quv quroli” darslik kitobi qozoq tilida yozilgan to‘ng‘ich alifbe o‘quv-qo‘llanmalaridan hisoblanadi. U yozgan ko‘plab she’rlar xalq qo‘shiqlariga aylanib ketgan.
OQIN INIMGA
So‘zimga qulog‘ing sol, oqin inim!
O‘y-fikr va ruhimiz yaqin, inim.
Og‘alik huquqim bor, shundan senga
Keldim men o‘rgatay deb aql, inim.
O‘zimni og‘angdayin tutsam agar,
Bu ishim ko‘rarmisan ma’qul, inim?
Og‘angning gar adashgan yeri bo‘lsa,
So‘rayman eta qol deb afu, inim.
Joy yursang qoqilmaysan, yiqilmaysan,
Yo‘qsa kim bo‘lar bunga kafil, inim.
Ot qo‘ygan old-ortiga qaramaydi,
Doimo bo‘lgin bizdek faqir, inim.
To‘ng‘izday har neni yeb semirganlar
Sanalib aqlliga yotir, inim.
Millatning arzandasi bo‘lay desang,
Nochorning ko‘proq yegin haqin, inim.
Siylasin desang yurting qadring bilib,
Ayg‘irday mo‘minlarga ayqir, inim.
Bilimli bo‘lay desang el ichinda,
To‘xtamay so‘ylab, hargiz lof ur, inim.
Qo‘lingdan bular biri kelmas bo‘lsa,
Kimgadir shotir bo‘lib charx ur, inim.
So‘zingni tinglatayin desang yurtga,
Et tortib tovoq-tovoq, chaqir, inim.
Og‘zi-la o‘roq o‘rib berar har kim,
Qimizni kosa-kosa shopir, inim.
Et bilan qimiz berib so‘ylab ko‘rsang,
Aytganing yurtga bolday tatir, inim.
Ilming gar Aflotunday bo‘lsa hamki,
Bilki, et-qimizsiz — bir paqir, inim.
QOZOQ UDUMI
G‘oz edik qator uchib qanqillagan,
Sahroda ko‘lga qo‘nib salqinlagan.
Bir o‘rtga* — qaydan chiqqan — duchor bo‘lib,
Ne qoldi tanamizda cherpilmagan?!
Alashning odamining bari ma’lum:
Kim qoldi taroziga tortilmagan?
“Men yaxshi” deganlar ko‘p, to‘lib yotar,
Yaxshilik o‘zi boshidan ortilmagan.
Qaqillab, biyron-biyron so‘ylovchi ko‘p,
Epkinlab, uchqur otday qarqinlagan.
Bo‘sh belbog‘, bo‘shang va sust bo‘z bola ko‘p,
Kigizday chala bosib, qarpilmagan.
Emgaklab et andigan chollar ham ko‘p,
Termilib, bir to‘yishdan or qilmagan.
Oqko‘ngil, alang-jalang odamlar bor,
Hisoblab ozin ko‘pga, anqillagan.
Qurumsoq, necha sarang boylar-da bor,
Qayiqday to‘lqindagi qaltillagan.
Baridan tinch uyquda yotganlar ko‘p,
Unutib maqsadini, talpinmagan.
Shularning qatorida biz yuribmiz,
Mast bo‘lib mis tugmaga — yarqillagan.
Ne nafdir hunaring va bilimingdan,
Eng kerak o‘rinlarda sarf qilmagan?
Bu so‘z bir hasrat erur, xatga yozgan,
Qolmadi hech xosiyat, qozoq ozgan.
Boy — boyir, o‘qiganga — sha’n-obro‘ yo‘q,
Yurt g‘amin o‘ylaydigan odam ozdan.
__________________
* Yong‘in, olov ma’nosida.
YoZUVChI TASKINI
Bu so‘zni birov olmas, birov olar,
Birovi qaramasa, birov qarar.
Hammaga birdek yoqish oson emas,
Kimgadir yaramasa, kimga yarar.
Qaysisi ixlos bilan quloq solar,
Qaysisi yoqtirmayin ko‘zin olar.
Dunyoda suyganim bor, kuyganim bor,
Ulardan oz bo‘lsa-da, ulgi qolar.
QOZOQ ODATI
Qaltillab qayiq minib, eshkagi yo‘q,
Dengizda ketmoqdamiz kechmagi yo‘q.
El essa, bo‘ron tursa bu muhitning
Tovonni tiramoqqa tiragi yo‘q.
Bu ko‘yga bugun emas, ko‘pdan kirdik,
Old-ortin anglamagan bet-man kirdik.
Chiqarmay bir yengdan qo‘l, bir yerdan so‘z,
Olalik olti baqan dard-man kirdik.
Misoli bir qudratni sinaganday.
“Saqlaydi, saqdar bo‘lsa” — shart-man yurdik.
Yot yoqni yaratganga ko‘zgu qilib,
Yaqin-la arazlashdik, itday urdik.
Bildirdik elning sirin, erning xunin
Berilib nizolarga ikki kunlik.
Qiradi tentak esi tushdan keyin,
Mushkulin xalqimizning keyin bildik.
Hali ham loqayd, mudroq elga boqib,
Ayturga biron ish yo‘q — falon derlik.
“Bu to‘yni ko‘p-la ko‘rgan yolg‘iz menmi? —
Deydi u, — ne bo‘lsa-da yurt-la ko‘rdik”.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari