Fotima Mirzaboyeva (1963)

Fotima Mirzaboyeva 1963 yili Qo‘ng‘irot tumanida tug‘ilgan. Nukus davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan (1985). Uning “Ishq torlari” (1985), “Davr nafasi” (1989) nomli to‘plamlari chop etilgan.

YIGITLARNING YuRAGI

Taqdir degan ayqash-uyqash yo‘ldir asli,
Goho tekis, goho esa baland-pastli,
Qizlar ko‘zi bo‘lmasligi uchun yoshli,
Yigitlarning yuragiga cho‘g‘ ber, Olloh!

Haqiqat ­ bu gavhartoshdir asl, toza,
Shundayam, oh, bo‘hton qumi ko‘mar ba’zan,
Qalbni qishning qahri bosar yozlarda ham,
Yigitlarning yuragiga cho‘g‘ ber, Olloh!

Or-nomusga changu g‘ubor tegmasin hech,
Oshiqlar ham yolg‘on ko‘z yosh to‘kmasin hech,
Ayol xalqi boshin pastga egmasin hech,
Yigitlarning yuragiga cho‘g‘ ber, Olloh!

Odam o‘g‘li, biri-birin qo‘llab yursin,
Ko‘ngillarga qayg‘u-hasrat chang solmasin,
Qoraqalpoq kichik xalq deb nom olmasin,
Yigitlarning yuragiga cho‘g‘ ber, Olloh!

YoLFIZGINAM

Azob chekib yurgan yo‘lim olis-olis,
Seni o‘ylab, ko‘nglim ichra ajib nolish,
Etolmasman, ishqing sening ­ sirli bir ish,
Ko‘ngil mulking omonmikan, yolg‘izginam?

O‘ylarim ham o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar kabi,
Taqdir goh-goh oshiqlarni qo‘llar kabi,
Butun dunyo go‘zallikka to‘lgan kabi
Mehring ­ bizlar tomonmikan, yolg‘izginam?

Men chanqasam, o‘zing bo‘lding qaynarbuloq,
Topolmasam, ko‘nglim ichra yonmas chiroq,
O‘lg‘iz o‘zing ming-ming ta’rifdan ortiqroq,
Mehring mangu yonganmikan, yolg‘izginam?

Xufya qilib xat yo‘lladim bilsin deya,
Tanho mening firog‘imda kuysin deya,
Sen bo‘lmasang yashash shirin bo‘lmasdi-ya,
Sensiz hayot yolg‘on ekan, yolg‘izginam?

Qoraqalpoqchadan Muzaffar Ahmad tarjimasi.

BIR ChIMDIM BAXT BERGIN

Taqdir yurgizsa ham dovon yo‘llardan
Umidvor etadi bir totli xayol.
Beparvo, bexabar bizning hollardan
Men sevgan shahzoda tanlagan ayol.

Ko‘ngil cho‘qqisiga yetmog‘im mushkul,
Tebranib qolaman jon holatimda.
Muhabbat sharobin simirib ichgil,
Baxtlisan hamisha sevgi taxtinda.

Telbalarcha sevib qizg‘andim sendan,
Haqqim bo‘lmasa ham yozmish ishiku.
Sen ham qizg‘an uni hamisha mendan,
Sevgi – oshiqlarning shirin tushiku.

Uning so‘qmoqlari borar sen tomon,
Egasisan sirli qalbining butkul.
U sevgan nozanin, tanlagan jonon,
Meni ham bir damga baxtiyor etgil.

Bir chimdim baxt bergin, baxttalash ayol,
Momo Havo zoti – ojizamiz, biz.
Beklar ko‘p-ku, dema, o‘zga – xomxayol,
U mening yulduzim, quyoshim yolg‘iz.

Sen boysan, negadir buni bilmaysan,
Baxtiyorsan, undan ayrilmaysan hech.
Muhabbat nuridan ungan guldaysan,
Rahm ayla, taqdirning tugunlarin yech.

Men senga yolvorsam, dema: “Bo‘ldi, bas!”
Buyruqqa ko‘nmaydi intiq yuragim.
Ko‘plar havas qilgan dur, gavhar emas,
Uning bir boqishi, mehri – keragim.

Bir chimdim baxt bergin, baxttalash ayol…

ShANBA, YaKShANBA

Yana yetib keldi shanba, yakshanba,
Ayriliq kuyini chalar torlari.
Bu kunlar otashin hijronga manba,
Shamollarga sirdosh yurak zorlari.

“Ketdingmi?” Til emas, dilim yonadi,
Sening bilan totli armonim ketdi.
Ikki kun ko‘ngilning singan qanoti
Ko‘kka uchgan sevgi parvozi bitdi.

Sir sandig‘im ochib, tintiyman unsiz,
Unda yo‘l qaraydi baxtdan mast ayol.
Gul ham so‘la boshlar, axir, bulbulsiz,
Aslo, yupanmaydi betoqat xayol.

Yuragim bog‘idan uzilgan gulni
Qadamingga to‘shay deb halak bo‘ldim.
Taqdirning o‘yini ustimdan kuldi,
Ming bora ochilib, ming bora so‘ldim.

Ikki kun shod bo‘lib kular ul sanam,
Palaxmon toshidek uchdi munglarim.
Gullar undiradi sen bosgan qadam,
Sen bilan har qachon nurli tonglarim.

Ikki kun men sensiz baxtsiz va karaxt,
Hijron ko‘zlab otgan o‘qqa nishonman.
Charxpalak misoli aylanadi vaqt,
Etib kelaverar shanba, yakshanba.

IShON

Cho‘qqilar boshida erimas qorlar,
Chalinmasdan turar eng nozik torlar,
Shirin so‘zlar aytsa go‘zal dildorlar,
Ishonmagin, faqat o‘zimga ishon.

Vaqt – yeldirim shamol, o‘tadi zuvlab,
Goh mungli bo‘lamiz, gohida quvnab,
Qoshingda lol bo‘ldim yuragim o‘ynab,
Sen deb azob chekkan kezimga ishon.

Chiroyli so‘zlar bor, aytasan bilib,
Harorat baxsh etmas, yuragim ilib,
Parvonaday kuydim o‘tga intilib –
Devona holatim – so‘zimga ishon.

Tun qo‘yni tilsimga to‘la o‘zingday,
Yulduzlar yaltirar totli sezimday,
Bahorga aylangan hayot kuzinday –
Muhabbat porlagan ko‘zimga ishon.

HALI

“Yoshlik yeldirimday o‘tadi”, derlar,
“Bariga qo‘l siltab ketadi”, derlar,
“Yurakda muhabbat bitadi”, derlar,
O‘tmadi, ketmadi, bitmadi hali.

Birov sevgilisin tenglar yulduzga,
Yoki suv tubida suzgan qunduzga,
Ta’rifin bol kabi maqtab og‘izga,
Yursa ham chin so‘zga yetmadi hali.

Seni hech narsaga o‘xshatolmayman,
O‘xshashingni, aslo, topa olmayman.
Shu dunyoda borsan, boshqasi yolg‘on,
Ko‘nglimdan yolg‘on so‘z o‘tmadi hali.

Parvonadek o‘tga urdim o‘zimni,
Kimlar tushunadi sirli so‘zimni,
Seni sevib qolgan sirli kezimni
Oylarga, yillarga bermadim hali.

Sen yurgan bog‘larning fayzi bir boshqa,
Izlaring bosgansan qaysi bir toshga,
Intiqman mehringga – nurli quyoshga,
Bundan ortiq baxtni ko‘rmadim hali.

Yoshligimga guvoh sershovqin shahar,
Diydor nasibdayin bugun tong sahar,
Sevgilim, in’om et, ko‘nglimga bahor,
O‘zga faslni his etmadim hali.

Qo‘l cho‘zdim, intildim, pinhona kuydim,
Taqdirim ipini chuvatdim, tuydim,
Nomingga she’r yozdim, kuyladim, suydim,
Shirin xayollarim bitmadi hali.

Qoraqalpoq tilidan Rustam Musurmon tarjimasi