To‘g‘oloq Mo‘lda (1860-1942)

To‘g‘oloq Mo‘lda (Togolok Moldo, asl ismi – Bayыmbet Abdrakman uulu) – qirg‘iz oqini, manaschi. 1860 yil 17 iyunda Norin viloyatining Oqtala tumanida tug‘ilgan. Mahalla mullasidan saboq olgan. Turkiy dunyo ulug‘lari asarlarini o‘qib, yoza boshlagan. To‘qtag‘ul bilan tanishgan. Birga ko‘p safar qilishgan.
She’ru masallari va dostonlari matbuotda chiqib turgan. 1938 yili SSSR Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘lgan. Oqin 1942 yili vafot etgan.

NASIHAT

Qushbozlarga qush yaxshi,
Yigitlarga qiz yaxshi.
Taomlar tobin keltirib,
Totli qilgan tuz yaxshi.
Uxlashga yotib tun yaxshi,
Ishlashga yorug‘ kun yaxshi.
Oltin-kumush, yoqutdan,
Asl toshdan dur yaxshi.
Olisga safar aylasang,
Jabduqli yo‘rg‘a ot yaxshi,
Bilimsiz og‘a-inidan,
Bilimli yetti yot yaxshi.
Uyingda bekor yotguncha,
O‘rgansang ilm, xat yaxshi.
Xasislik qilgan odamdan,
Saxiylik qilgan mard yaxshi.
Ziyonkash, yomon xotindan,
Sil atalmish dard yaxshi.
Bizday ko‘chmanchi elga
Chorva yaxshi, mol yaxshi.
Mumsuklik qilgan yigitdan,
Saramjonli chol yaxshi.
Chakka o‘tgan o‘tovdan,
Devori qalin tom yaxshi.
Boshingga tushsa yolg‘izlik,
Shirin umid-kom yaxshi.
Pora olgan biylardan,
Tayoq berar tol yaxshi.
Ayollarga — er yaxshi,
Dehqonlarga — yer yaxshi.
Ekin bitar cho‘l yaxshi,
O‘rdak-g‘ozga ko‘l yaxshi.
Aql-esli er yigit,
Eli uchun eng yaxshi.
Qadr topgan odamlar
Qari-yoshga teng yaxshi.

ASAN QAYG‘INING SO‘ZI

Qo‘qqisdan qor yoqqanda Asan Qayg‘i shunday degan ekan:

Qurib olgan tomi yo‘q,
Ekib-yiqqan doni yo‘q,
Boqqan biron moli yo‘q,
Mol boqishga holi yo‘q,
So‘na qurg‘ur ne qildi?

Aytadigan so‘zi yo‘q,
Ko‘radigan ko‘zi yo‘q,
Chivin qurg‘ur ne qildi?

Tarozini ko‘tarib,
Tentiragan ul g‘arib—
Toshbaqa qurg‘ur ne qildi?

Erga bag‘ri yopishgan,
Tepasiga qor tushgan,
Baqa qurg‘ur ne qildi?

Quyg‘usi yo‘q, yoli yo‘q,
Qulon qurg‘ur ne qildi?

Oyog‘i yo‘q yurishga,
Ilon qurg‘ur ne qildi?

O‘rib-yiqqan cho‘pi yo‘q,
Hech narsaga epi yo‘q,
To‘ng‘iz qurg‘ur ne qildi?

Yo‘q kiruvchi eshigi,
Jon saqlovchi teshigi,
Qo‘ng‘iz qurg‘ur ne qildi?

Sovuq suvda xo‘p muzlab,
Iliqqina joy izlab,
Baliq qurg‘ur ne qildi?

Uyi yo‘q qurt-qumursqa,
Sovuq yeb o‘lishgandir…
O‘lmasa ham qurg‘urlar,
Ming azob ko‘rishgandir.
Umri bir suv ko‘rganda,
Jonin suvda yashirgan.
Jayon baliq ne qildi?

Qo‘l yashirar yengi yo‘q,
Qo‘rqoqlikda tengi yo‘q,
Quyon qurg‘ur ne qildi?

Uyasini qor bosib,
Yuragini zor bosib,
Chumchuq qurg‘ur ne qildi?

Egasi yo‘q boquvchi,
Hammaga teng yoquvchi,
Elik qurg‘ur ne qildi?

Eru suvga yuqmagan,
Jayron qurg‘ur ne qildi?

Bo‘ri asl dushmani,
Sayg‘oq qurg‘ur ne qildi?

Tog‘da ko‘cha-ko‘yi yo‘q,
Toshdan boshqa uyi yo‘q,
Kiyik qurg‘ur ne qildi?

Chilla tushib, qish bo‘ldi,
Atrof sovib, muz bo‘ldi,
Qancha o‘rdak, g‘oz o‘ldi.
Qarqira qurg‘ur ne qildi?

Ovqat topar eri yo‘q,
Kiyimin sog‘ yeri yo‘q,
Esir qurg‘ur ne qildi?

Yangasi doim yot olgan,
Har onda «etim» atalgan,
Kiyimi yupun bechora,
Ko‘z yoshi oqib yuz bora,
Etim qurg‘ur ne qildi?

Yashash kerak, netayin,
Non bor joyga ketayin.
Ajal yetib o‘lguncha,
Dunyoga ko‘z tutayin!
Sovuqlarda xo‘p muzlab,
Kiyim-kechagin izlab,
Chollar qurg‘ur ne qildi?

Paypog‘in kiyolmagan,
Hali ham yurolmagan
Bola qurg‘ur ne qildi?

Kelini til olmagan,
Kovushin kiyolmagan,
Ne qilishin bilolmagan,
Yaxshiroq yurolmagan,
Kampir qurg‘ur ne qildi?

BEDANANING TULKINI ALDAGANI

Turumtoy bilan Qirg‘iyga
Bedananing o‘chi bor:
Shu ikkisi qilar goh
Keng dunyoni unga tor…
Pana yerda, yalangda,
Yurar doim alanglab…
Bedanani Tulki ham
Izlar unin uqqanda.
«Bitbildiq» degan so‘zi
Yaqin joydan chiqqanda…
Bugun esa tuyqusdan
Bedanani ushladi.
O‘ychan turgan chog‘ida
Bosdi, beldan tishladi.
Bedana tez o‘ylandi,
So‘ng ichida so‘ylandi:
«Qutilib kentsam zora,
Ishlatayin bir chora»
Dedi: — Arzim uq, aka,
Olaytirmay ko‘zingni.
Men og‘zingda turibman,
Aytay so‘nggi so‘zimni…
Ne desan shuni degin,
Halollab, keyin yegin!
Bir desa, u bir dedi,
Ikki desa ikki der.
Uch deganda uch dedi,
To‘rt deganda dedi to‘rt .
Besh desa Tulki besh dedi,
— Mendan tulki kech, — dedi.
— Endi Tulki olti de?
(Haqiqat shu oltiydi).
Tulki aqli shoshganda,
Olti deb og‘iz ochganda,
Bedana ketdi qutilib,
Tulki qoldi yutinib:
— Olting ila to‘rga tush!..
Bo‘larkan aytmay qo‘ysam.
Shirin go‘shtin yer edim,
Endi kech dilim o‘ysam…
Tulki qoldi qayg‘urib,
Bedanadan ayrilib.
Bedana yurdi kulib,
Aldaganin she’r qilib!

Usmon Temur tarjimalari