Sog‘in Aqmatbekova (1949)

Sog‘in Aqmatbekova (Sagыn Akmatbekova) 1949 yil 16 fevralda Qirg‘izistonning Kalinin tumanida tug‘ilgan. Moskvadagi M. Norkiy nomidagi adabiyot institutini tamomlagan (1973).

Ilk she’riy to‘plami 1970 yili “Yomg‘ir” nomi bilan chop etilgan. She’rlari rus, ukrain, latish, turkman, turk, nemis tillariga tarjima qilingan. Sog‘in Aqmatbekova yapon va xitoy klassiklari Basyo, Issa, Li Bo, Du Fu she’rlaridan qirg‘izchaga tarjima qilgan.

POEZD ChOPAR

Yolg‘iz yotgum. O‘g‘lim ketgan ovulga,
Yolg‘iz yotgum. Poyezd borar uzoqlab.
Poyezd o‘tar goh tarakdab, goh pastlab,
Poyezd chopar yo‘l tanobin tuzoqlab.

…Ko‘zim tolib, qani uyqu kelsa-chi,
Yonboshlayman dilni o‘rtar alanga.
O‘yga botib, tilsiz-unsiz so‘zlagan,
Duch kelaman o‘ta sirli olamga.

Yosh chog‘imda men ham tushib ketuvdim,
Ana shunday poyezdlarga bir mahal.
Sarhush qilib to‘rg‘aylarning ovozi,
Yashil olam asir etgan galma-gal.

Kun aylanar turfa gulga burkangan,
Tunlar oyli, beg‘ubordir — yorqindir.
Yashash asli tashvishlarga omuxta,
Bu qarashlar shoirona talqindir.

Ketgan edim… Yo‘l chiroqni ko‘tarib,
Peshvoz chiqqan edi talay yo‘lchilar.
Balkim qarib, ko‘z yumgandir qanchasi,
Balkim tirik “qani bo‘l, ha, bo‘lchilar”.

Ba’zan yurib, ba’zan to‘xtab, zirillab,
Poyezd kabi olislarni ko‘zlaydi.
Men uqmagan ohang ila to‘lg‘anib,
Men bilmagan tillar bilan so‘zlaydi.

Turmush nima? Neni ko‘rdim, ne bildim,
Yoki uning olovida kuymadim.
Balkim asli yomonlarni yoqtirmay,
Balkim meni yoqtirganni suymadim.

Yolg‘iz yotgum. O‘g‘lim ketgan ovulga,
Yolg‘iz yotgum. Poyezd borar uzoqlab.
Poyezd yurar goh taraqlab, goh pastlab,
Poyezd chopar yo‘l tanobin tuzoqlab.

Vokzal yaqin. Tun… bir mahal… Yo‘lchilar
Ravon bo‘lsin, bugun Sizning yo‘lingiz.
Yo‘llar bo‘lar gul to‘shalgan, qor yoqqan,
Fayzli bo‘lsin, do‘stlar, o‘ngu so‘lingiz.

Dosh bergaysiz, izg‘irin, qor, shamolga,
Madad olib gulzorlardan, bog‘lardan.
Teng-to‘sh bilan quvnab yayrab, ovunib,
Forig‘ bo‘lib dilga ingan dog‘lardan.

Yo‘lchiroqlar qolib ketar, o‘t quyar,
Qizil kuyar, sariq kuyar, ko‘k kuyar.
Olam shunday, oltmish mingli to‘siqdan,
Ehtiyotlab olib o‘tgan bo‘rk kuyar.

“QIZIL O‘RIK”

…Yotgan edik bitta kasalxonada,
Yon palata, dilda neni tuymadim.
Qizi bilan ashulachi bir ayol.
“Qizil o‘rik”… qo‘shig‘ini kuyladim.

Xabar olar har kun turmush o‘rtog‘im,
Ba’zan og‘rib, hatto ko‘z ham yummadim.
Ayolnimas, ashulasin bilardim,
“Qizil o‘rik”… qo‘shig‘ini kuyladim.

Balki qizi tegib ketgan kuyovga,
Qo‘shiq aytib, ish bitkazdim kiroyi.
Ayol o‘ldi. Eri esa uylandi,
Ashulasin men qilganman xirgoyi.

Chega soldim sinib qolgan buyumga,
Kuylay-kuylay nima ishlar qilmadim!
Qurimasa, birov kesib ketmasa,
Ajab emas, turar o‘rik, bilmadim.

Turgan bo‘lsa, sayxonlikda, qirdadir,
Ko‘rk chiroyi o‘tib ketgan yildadir.
Hasratimni xamir misol iyladim,
“Qizil o‘rik”… qo‘shig‘ini kuyladim…

* * *

Qir ustida o‘tiribman dimog‘im chog‘,
Atrofim yalang‘och tog‘, yalang‘och tog‘.
Tog‘ning usti bulutsiz ko‘k, bulutsiz ko‘k,
Atrofim yalpizli cho‘p, yalpizli cho‘p.

Yalang‘och tog‘ sukut saqlab o‘tirar,
Bulutlar yo‘q, ko‘zdan yoshim to‘kilar.
Hasratimning yoshlarin bo‘lmas to‘sib.
Cho‘p tugul maysa ham ketdi o‘sib.

* * *

Yashil qirning ortida bir qishloq bor,
Kechroq borsak, qarab yo‘lning so‘l-sog‘in.
Yoshlik – sog‘inch, tashna qilar odamni,
Dilgir, sho‘xroq bilsang turmush o‘rtog‘im.

Yashil qirning ort yog‘ida bir uy bor,
Oynagiga tortilmagan pardasi.
Bizni qo‘qqis, birov ko‘rib qolmasin,
Tun kirguncha o‘tiraylik sharpasiz.

Eski uyning darvozasi oldida,
Pishqirgan suv, chirik yog‘och ko‘prik.
Eski ishqning hasratlari ortilgan,
O‘tmoq qayda, ko‘nikmadik o‘tirib.

Uy atrofin har yilgidan o‘zgacha
To‘sib olgan baland o‘sgan jo‘xori.
Yashil do‘ngning shamoliday o‘jar, sho‘x,
Menga hamroh bo‘lgan yigit viqori.

Qirg‘iz tilidan Tursunboy Adashboyev tarjimalari