Aali To‘qumboyev (1904-1988)

To‘qumboyev Aali (Aalы Tokombayev; taxalluslari Balqa, Chalqar) (1904.7.11, Qirg‘izistonning hozirgi Kemin tumani — 1988) — Qirg‘iziston xalq shoiri (1945), qirg‘iz yozma adabiyoti asoschilaridan. Qirg‘iziston Fanlar akademiyasi akademigi (1954). Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi raisi (1934—49).
«Mehnat guli» (1932), «Dastlabki she’rlar» (1934) kitoblari va «Tutqun Marat» dostoni (1932) zamonaviy mavzuda. «Dnestr chuqur dengizga quyiladi» (1939), «Yaralangan yurak» (1940) qissalari muallifi.
2-jahon urushi va urushdan keyingi yillarda yozgan she’rlar to‘plami («Tashakkur», 1944; «Zamon ovozi», 1966), doston («Manas vatandoshlari», 1941; «Do‘mbira navosi», 1960; «Jonli tarix», 1969) va pesalari («Qasam», 1943; «Taftish davom etadi», 1962; «Biz ham soldat bo‘lganmiz», 1965) qirg‘iz xalqining vatanparvarligi haqida.
«Tong oldidan» she’riy romani («Qonli yillar», 1-kitob, 1935; «Barhayotlik urug‘i», 2-kitob, 1947, birlashtirilgan qayta nashri, 1962)da qirg‘iz xalqining turmush tarzi aks etgan. Ayrim asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan. To‘qtag‘ul Sotilg‘onov nomidagi Qirg‘iziston Davlat mukofoti laureati (1967).

UMR

Umr o‘tib ketar uchqur yelsimon,
Hayot ona aytgan alladay shirin.
Tabiat insonga muncha xasissan,
Hattoki bermading chinorning umrin.

Yuzga ajin tushmay bo‘z yigit bo‘lib,
Qaniydi kamida yuz yil yashasak.
Ammo o‘shanda ham oh-fig‘on qilib,
Qarg‘ardik dunyoda o‘limni beshak.

Fursat bar tutqizmay o‘taveradi,
Hayot erkalaydi go‘yo onadek.
Kurashlarda tolib chiqsak bo‘lgani —
To‘lqinlarni yorib o‘tgan kemadek.

* * *

Hayotga ota – Quyosh, Yer – onadir.
Bir-biriga har qachon parvonadir.
Farzandlari – odamzot: yaxshi, yomon…
Yashaydilar ezgulikni sevib hamon.
Olamda Quyosh va Yer mavjud ekan
Odamzot bir kun yashar tugal, bekam.

* * *

Sayroqi bulbul bo‘lmasa –
Kashtadan go‘zal gul g‘arib.
Qalblarga kira olmasa –
Har qanday she’ru kuy g‘arib.
Dunyoni yorug‘ qilmasa
Quyoshli hatto kun g‘arib!..…

* * *

Hech kim hech vaqt yig‘ilarni tiyolmaydi,
Yig‘lagandan hech kim hech vaqt uyolmaydi.
Yig‘i, kulgu — ham doru, ham og‘udir,
Hech kim uni bir idishga quyolmaydi.

* * *

Kurashib, zarur joyga tug‘ ilmasa,
So‘zlagan so‘zi elga uqilmasa…
Na kuyi bor, na biror sevgan ishi,
Bundaylar qani edi tug‘ilmasa.

* * *

Muhabbat chimchib o‘tmasa
Umrning bo‘lmas yolqini.
Go‘zallik maftun etmasa
Ko‘ngilning bo‘lmas to‘lqini.
Chin chiroy hamda muhabbat
Bo‘g‘a olar o‘lim halqumin!

UChIR MENI

Uchir meni fan atalmish qanotim,
Cheksiz ko‘kda yayrab-yayrab uchayin.
Koinotning hali mavhum sirlarin
Samoparast ellar uchun ochayin.

Men ham ketgum bu dunyodan, imkon ber,
Yaxshilikning urug‘larin sochayin.
Uchir meni yurak degan qanotim,
Qalblardagi sir-asrorga yetayin.

Shoirligim asqatadi, bilaman,
Bir daqiqa sirli satr bitayin.
Ne ish qilsam, nima topsam – barini
Ona xalqim, senga tashlab ketayin!

UCh HAQIQAT

Olamni obdon bilsa ham,
Uyini tillo qilsa ham,
Osmonda yulduz oralab,
Oy nurin minib kelsa ham,
Tolega to‘ymas odamzot.

Asrcha yashab yursa ham,
Ming mo‘jiza ko‘rsa ham,
Qirchillama kez o‘tib,
Qarilikka kirsa ham,
Hayotga to‘ymas odamzot.

Yonida ajal yursa ham,
Qilichin unga bursa ham,
Qiynalib yurak, qonsirab
Zo‘rg‘a urib tursa ham –
Umidga to‘ymas odamzot!

TUG‘RUQXONA OLDIDA

Tug‘ruqxona oldiga shoshib kelib
Daroz yigit to‘xtab, mo‘ylov siladi.
Yori bormi ko‘z yoruvchi yosh kelin?
Ilk martami? Buni o‘zi biladi…
Keyin shoshdi. Derazani chertdi u.
Yosh yorining qiynalganin bildimi?
Qaydan uqsin!
Hozir har yoq qiy-chuv-ku!
Balki erta, ehtimol kech keldimi?
Oq xalatchan, muloyim yuz kelinchak
«Ha, sizmisiz…» deya kulib so‘yladi:
«Gar yetmasa chidamingiz,
siz andak birga yuring…»
Labda kulgu o‘ynadi.
— Yo‘q,yo‘q, — dedi
hayron yigit bosh irg‘ab,
Yo‘taldi-yu mung taraldi yuziga…
Tezroq ota bo‘lish fikrin boz qarg‘ab
Rahm ila boqdi yorin ko‘ziga…
So‘ng ko‘rishdi sayr qilgan bir cholni,
Kulgancha u asta-asta yo‘taldi.
O‘yinchoqning soqoliday soqolni
Silagancha sekin qaddin ko‘tardi.
Kuzatgancha yigit bilan yorini
«Afsus, afsus… umr…» degan bo‘ldi u.
Keyin to‘xtab oq tugmaday dorini
Tanglayiga tashlab shimib oldi u.
So‘ngra kuldi bamisoli yosh nihol —
Ta’sir qildi bu hol yigit, juvonga.
«O‘zichami yoki bizga kuldi chol?»
Bilmoq bo‘lib borishdi u tomonga.
— Ha, bilaman,- dedi asta mo‘ysafid, —
Atvoringiz kulgum sirin bilgudak.
Qani hayot orzuga yo‘l qo‘ysa but,
Bo‘lib qolsam qayta bola, yosh go‘dak!
Shu tuyg‘udan og‘zim naq qulog‘imda,
Fikr chopsa men qandayin to‘xtayman.
Qahratonga sirdosh bo‘lgan chog‘imda
Saratonni – yoshligimni yo‘qlayman!
Tug‘ruqxona — muqaddas joy har qachon,
Kundir-tundir sevinch, quvonch bulog‘i.
Chaqaloqqa saltanatdir o‘sha on —
Dunyomizga kelgan oni, ilk chog‘i!
Dunyo, sahro erur dunyo sabodo
Shu kelinlar, shu bolalar bo‘lmasa.
Meni hozir shunday xayol-shabada
Qitiqladi – bo‘larmidi kulmasam!
Mayli edi bo‘lsam sizday yosh o‘g‘lon…
Lekin hayot hayot erur, o‘yla, boq.
Suyunchi deb chiqar edi bir juvon…
Bunday tole mendan ketgan bechatoq.
«Aynigan chol» demang aslo bu damda,
Xayol, netay uyalmas, qilar qutqu.
Odam degan shuning uchun odam-da,
Yashasam derya shagani sayin u!

EL BILADI

Har bir quvray kerilar,
O‘zin tolga teng bilar.
Uning qanday ekanin
Shamol bilar, yel bilar.

Har bir tepa kerilar,
Qapchig‘ayni yer bilar.
Uning qanday ekanin
Tog‘dan tushgan sel bilar.

Har bir odam kerilar,
O‘zin daho, er bilar.
Uning qanday ekanin
Bu barhayot el bilar.

BOBOLARIMGA

Quvongum shu yerda tug‘ilib-o‘sdim,
Yuribman bobom yurgan o‘tloqlar aro.
Ot chopsam shoshqaloq yellardan o‘zdim,
Burgut makon qilgan shu tog‘lar aro.

Sharqning bo‘sag‘asi erur bu diyor,
Devorin qoyalardan qurgan qirg‘izim.
Qo‘limni uzatsam tutaman takror
Osmonni bezagan qalin yulduzin.

Bulutni yorib o‘tgan uchli cho‘qqilar
Falakni tirab turgan ustun tuyular.
Gapirsang chor tomondan sado uqilar,
Hayqirgan daryoyu soyga quyular.

To‘lg‘onib, shivirab, nimadir aytib
Qoya qoya bilan suhbat quradi…
Xohla bahor chog‘i, xohla qish payti
Bu yerda oq orzu kezib yuradi.

Tog‘li yurtim, kezib yurganda senda
To‘yaman umidlar, sof havolarga.
Shunday joy tanlagani uchun zaminda
Ming bor qullug‘ qilgum Siz bobolarga!

Bobolar! Qoningiz qaynoq qonimda,
Bergan beqiyos yurt yurtimdir suyuk.
Marmar to‘sh cho‘qqilarga chiqqan onimda
Bo‘laman har qachon Siz kabi buyuk!..

QALAMIMGA

Sen yig‘lasang – sevinaman,
Sen netasan – yig‘lasam?
Sen cho‘rimsan, da’vo bekor,
Mayli yig‘la yig‘lasang.

Chak-chak tomgan yoshlaring
Mening aniq zo‘rligim.
Sezasanmi iskanjani,
Keladimi xo‘rliging?

Men o‘rinda yotganda ham
Davolagan o‘zingsan.
Uyg‘ondimmi, yana ko‘z yosh
Oqa boshlar ko‘zingdan.

Cho‘rim – qalam, yoshi siyoh,
Shu bois yo‘qdir tinchi.
Qismatingdan rozi bo‘l:
Sen – mangu, Men – o‘tkinchi…

Usmon Temur tarjimalari

ALIShER NAVOIY

Besh yuz yil! Nazar solib ko‘r-chi yerni,
Shu yillar o‘zgartibdi talay elni.
Va lekin u o‘zgarta olgani yo‘q
Bobomiz — ulug‘ shoir Alisherni.

Alisherning shuhrati oshar doim,
She’riyat toji shu’la sochar doim.
Ozodlik qo‘shiqlari yillar osha,
Erk tongin nur pardasin ochar doim.

Alisher o‘lmas shoir bir umrga,
Biz bilan doim kuylab yurar birga.
Besh yuz yil sayrab kelgan tolmas bulbul,
Jo‘sh urib, tinmay o‘tar tildan-tilga.

Alisher, sening tiling — mening tilim,
Alisher, sening diling — mening dilim.
Kel, birga jo‘r bo‘laylik, orzularing
Ochildi chaman bo‘lib mana bugun.
1948

OQ BUVRA

Gurkirab, ming to‘lg‘anib,
Ushqirasan, Oq buvra.
Uzoqlarga yo‘l olib,
Jo‘sh urasan, Oq buvra.

Botirlarga bosh urib,
Bog‘lanasan, Oq buvra.
Mehnat desa to‘sh urib,
Tovlanasan, Oq buvra.

«Oq oltinli» makonga
Shoshib, yelding, Oq buvra.
Orom berib dehqonga,
Toshib kelding, Oq buvra.

Ekinlarni sug‘orib,
Bog‘ yaratding, Oq buvra.
Botmon-botmon bug‘doydan
Tog‘ yaratding, Oq buvra.
1948

TENTAK NORIN

Tentak Norin
Suzib jarin,
Soylardagi
Suvning barin
Tortib yotar o‘ziga,
Jimjit oqib
Ba’zida soy
Qaymoq qo‘shgan
Kakaoday
Ko‘rinadi ko‘zingga.
Soylar yelib,
Shoshib kelib,
Quchoqlarin
Ochib kelib
Kurash tushib yotishar.
Ming yulmalab,
Ming yulmalab,
Achomlashib,
Lablarda lab,
Ko‘kka ko‘pik otishar.
Parvoz etsang,
Ko‘kka yetsang,
Samolyotda
Uchib o‘tsang,
Qoyalardan ko‘p nari
Tog‘ boshida,
Yonboshida,
Yuksaklar.
Bulut bo‘lib
Uchar shunda
Jo‘shqin Norin bug‘lari.
Sakrab, cho‘chib,
Kayfi uchib,
Samolyotga
Ko‘zi tushib
Hurkib qarar kiyiklar.
Kiyik va tog‘,
Bir yonda bog‘,
Ko‘rinadi
Yaqin-uzoq,
Pastu baland — biyiklar.
Ko‘nglim chog‘,
Ko‘kda qalqib,
To‘ymay boqdim
Uyla bolqib
Qo‘shiq qildim Norinni.
«Menga qara,
Tortmay na’ra,
Qo‘shiq to‘qi
Menga sara,
Ayamayman borimni»,—
Dedim unga,
U ham shunga
Amal qilib,
Sapchib kunga,
Shodlik bilan toshardi.
Olg‘a shoshib,
Cho‘lni bosib,
Dalalarga
Gullar sochib
Qirg‘og‘idan oshardi.
Tentak Norin
Suzib jarin,
Soylardagi
Suvning barin
Qo‘shib olg‘a chopadi.
Undan o‘zib
Qo‘lin cho‘zib,
Xalqim uning
Yo‘lin to‘sib,
Yangiliklar topadi.
1948

S. Qolbek tarjimalari