Agostino Neto (1922-1979)

Antonio Agostino Neto (António Agostinho Neto, 17 sentyabr 1922, Bengu provintsiyasi, Angola — 10 sentyabr 1979, Moskva) — Angola davlat arbobi, shoir. Angola xalq Respublikasining birinchi prezidenti (1975-1979). Portugal tilida ijod qilgan.

BUNYoD QILING

Bunyod qiling, bunyod kiling,
bunyod qiling aql bilan, mushak bilan, asab bilan,
Bunyod qiling qo‘l ushlashib omma bilan,
bunyod qiling yig‘lamasdan,
ko‘zlaringiz quruq bo‘lsin.

Bunyod qiling, bunyod qiling
pisand qilmay o‘rmonlarning toptalishin,
pisand qilmay dag‘al qamchi qattiqligin,
pisand qilmay xushbo‘y novda kesilishin,
bunyod qiling yig‘lamasdan,
ko‘zlaringiz quruq bo‘lsin.

Bunyod qiling, bunyod qiling,
qahqah uring pisand qilmay
barmoqqisar asboblarin,
o‘tkir uchli tufli kiyib
bizning yerda xo‘jayinlik qilib yurgan
zolimlarning vahshiyligin pisand qilmay,
eshiklarning taraq-turuq
yopilishin pisand qilmay,
qonni, g‘amni pisand qilmay,
bunyod qiling yig‘lamasdan,
ko‘zlaringiz quruq bo‘lsin.

Bunyod qiling, bunyod qiling
kelgindilar quroliyu qo‘shinini pisand qilmay,
go‘dak dodin pisand qilmay,
tinch dunyoni bunyod qiling,
nafratlarni ichga yutib
tinch dunyoni bunyod qiling,
bunyod qiling yig‘lamasdan,
tinch dunyoni bunyod qiling,
ko‘zlaringiz quruq bo‘lsin.

Bunyod qiling, bunyod qiling,
ozodlikni bunyod qiling,
ushbu qullik olamida
harom ishqni pisand qilmay,
iflos ishqning yo‘llarida
dorlardagi tebranyapgan
gavdalarning tepasida
bayram kunin bunyod qiling.
Bunyod qiling yig‘lamasdan,
toza ishqni bunyod qiling,
ko‘zlaringiz quruq bo‘lsin.

SAFAR OLDIDAN VIDOLAShUV

Onajonim
(o‘g‘li ketib qolgan
negr onalar),
siz o‘rgatdingiz kutish va umidvorlikni,
siz umid qildingiz og‘ir soatlarda.
Ammo hayot
barbod qildi ilohiy umidlarimni.
Men endi kutmayman.
Meni kutinglar.
Bu men, onajonim.
Bu biz umidingiz,
bolalaringiz,
kurashga otlandik hur hayot uchun.
Bugun
biz, qishloqi yalang‘och bolalar,
kun tig‘ida qumliklar aro
latta koptok tepdik, maktab ko‘rmay,
ishchilarga aylandik endi
o‘z hayotin qahvazorda yondirib yurgan,
boylardan qo‘rqib
oqlarga qo‘rqqandan hurmat ko‘rsatib
tan olinmay yurgan qora odamlar;
biz, sizning bolalaringiz,
elektr nurining mo‘jizasini
etti uxlab hatto tushda ko‘rmagan,
«batuke»*ning o‘lim muqomiga o‘ynab
ko‘chalarda sarxush dumalab yotgan
qora shaharlardan chiqqan qoralar,
sizning bolalaringiz,
ochmiz,
tashnamiz,
uyalamiz sizni ona demoqqa,
uyalamiz odamdan.
Biz shunday kunlarga qoldik, onajon.
Ertaga biz ammo qullikni yanchib,
ozodlik qo‘shigin ayta boshlaymiz,
ozodlik kunini bayram qilamiz.
Biz,
sizning bolalaringiz
yorug‘lik izlayapmiz, onajon
(o‘g‘li ketib qolgan
negr onalar),
Ular esa uzoq umr izlab yurishipti…
__________
*«Batuke» — raqs.

MUSEKUSDA* BOZOR KUNI

Musekus qashshoq bir dahadir,
unda yashar qashshoq odamlar.
Bozor kuni kelar
va ular
qaynay boshlar hayot qozonida,
kulfatu umidu ilohiy xavotirga aylanar.
Turli narsalaru tushunchalarning
ziddiyatin anglab bo‘lmas,
odamni bosar xavotir…
Ko‘chalarni yoritar to‘lin oy,
ko‘chalarni yoritmas chiroq.
Qashshoqlik oy nuriga nikohlangan…
Naqadar baxtlidir bu nikoh.
Havoni qoplagan shovqin-suron,
alkogollik ichimlik badbo‘yi,
Iztirobu quvonch qichqiriqlari
ularga qo‘shilib orkestr bo‘zlar.
Odamni bosar xavotir.
Uniforma kiygan bir odam
boshqa bir odamni tutar-da,
haqorat qilaru qo‘rqitar,
savalab qon to‘kar, shundan so‘ng
mayib qilganidan qanoat topar…
Odamni bosar xavotir…
Bir erkak to‘qmoq-la urilgan bu yerdan
endi o‘zga erkak o‘tishga qo‘rqar,
boshqa yo‘ldan ketar,
devordan sakrar,
biqinib tikonli yo‘llardan borar,
kallavaram bolalar uloqtirgan
shishalarning siniqlarin bosa-bosa
tovonlari tilinib yugurar,
axiri qaytib kelib uyiga
ostonadan hatlagach bu erkak,
xotini yengil tortib xo‘rsinar.
Tashvishsiz yo‘lovchilarni poylab
soldatlar bekinib yotishar
«keshu» daraxtlari soyasida,
o‘zlari ham hayron ishlaridan…
Odamni bosar xavotir.
Azobdan qichqirgan ovozlar
quloqlarni qomatga keltirar,
ta’sirchan qalblarni yaralar,
tapir-tupur entikib qochayotgan
qadam tovushlari eshitilar,
axloqsiz bos-boschilar to‘dasining
qah-qahidan so‘ng qolar o‘rtada
faqatgina ichga yutilgan
yashirin nafrat ko‘z yoshlari
hamda kamarlar savog‘idan
tilka-pora bo‘lgan vujudlar.
Qiynalmay rohatlanish yo‘lini
qidirishib yurar birovlar…
Odamni bosar xavotir.
Norasida bir qizni buzmoq uchun
bir pismiq burchakka bekinar…
Odamni bosar xavotir.
Qizchaning va otasining sasini chiqazmas
bu odamning boyligi,
bu qizcha o‘z yovuz qismatini
faqat so‘ngroq qarg‘ab qichqirar.
Mayxonada g‘avg‘o ko‘tarilar.
Odamni bosar xavotir.
Bu yerda yig‘ilgan odamlarning
shirin suhbatiga rahna solib,
yuz milrey* qarzlari tufayli
do‘stlar o‘zlarining bahslarini
katta janjal bilan yakunlashar.
Ayollar erlarini yolg‘iz tashlab,
ko‘shnilar hasratini eshitgani,
qashshoq er joniga tekkanini
tinglagani chiqib ketishar…
Odamni bosar xavotir.
Eshitilar
jazavali qichqiriq,
qulayotgan kursilarning taraq-turuqi.
entikkan erning harsillashi,
xotinning jon achchig‘ida qarg‘ashi,
tunuka bankalarning taraqlashi,
ko‘shnilarning tapir-tupur yugurib chiqishi,
shundan so‘ng yarashgan er-xotinning
osuda kulgusi eshitilar.
Kinolarning sershovqin karnaylari
bahaybat og‘zini ochgancha,
xotirjam kuylarni taratar;
miyalarni shiddat bilan gangitib,
oto‘yin gir-gir aylanar,
qizil, yashil, ko‘k chiroqlar
lipillab ko‘zlarni tindirar,
bolalar va oshiq-ma’shuqlar
shunga pul berib zavqlanishar,
bilet sotuvchining oyoqlari tolmas,
odamni bosar xavotir.
Yollanma Kioso ishchilari
nostalgik* «batuke» raqsiga tushar.
Bu narsa Musekus shovqinlariga
munosib manzara — fon bo‘lar…
Odamni bosar xavotir.
O, hadsiz Luanda,
mishmishga to‘la!
Asabingni buzar turli xavotir.
Kambag‘al bir bola qo‘rqa-pisa
navbatchi mirshabdan qochayotir.
Xavotir olasan sho‘rlik boladan.
Bir ovoz g‘oyatda erinib,
qandaydir sambuni kuylayotir,
unga jo‘r bo‘layotir gitara,
odamning yig‘lagisi kelar
hayqirib,
xavotir olasan ohangdan.
Odamlar qalbidagi tilaklardan
tug‘ilgan holbuki bu ovoz,
odamlar odamday yashamagan kunlarda,
odamlar hurriyatni orzu dilgan kunlarda,
odamlar yashashni xohlagan tunlarda,
odamlar qalbidagi tilaklarda
tug‘ilgandir bu ovoz.
Mayxo‘rlar yiqilar gandiraklab
yarim kechasi ko‘chalarda.
Xavotir olasan sarxushlardan.
Onalar qorong‘ida qichqirar,
yo‘qolgan bolalarin qidirib.
Xavotir olasan onalardan.
Xavotir olasan mast xotindan,
Folbinga najot izlab yugurgan erdan,
erini balodan asrash dardida
nodondan yo‘l so‘rab yurgan juvondan,
«qizcham zotiljamdan turadimi», deb
avliyoga savol bergan onadan
(tunukadan qilingan uyda turar ular),
oqtan xonimlardan
marhamat tilab,
yalinib-yolborgan ayoldan,
sig‘ingan, cho‘qingan xotin-qizlardan.
Ular esa
Harbiy kemalarning
safga turgan matroslari singari
devor etagiga qator tizilishib,
mast-alast,
ko‘chalarda siyishar,
keyin, sig‘inganlar ustidan
qah-qah urib, shisha otib ketishar.
Moviy tusli xona charog‘on
atsitilen va yoki Petromaks chirog‘idan.
Terlagan badanlar,
dirkillagan sonlar
shahvoniy jazava bilan silkinar.
Ter hidi va changga to‘la bu joyda
kazukata raqsiga tushar odamlar.
Xavotir olasan kazukatadan.
Xavotir olasan kuluvchilardan.
xavotir olasan yig‘lovchilardan,
barini biluvchi-anglovchilardan.
hech narsa tushunmay yashovchilardan.
Muhtasham tiqilinch raqs zallarida
odamlarning ko‘ngli behuzur bo‘lar,
Yigit qizidan birpasda arazlar,
zumda tashlab ketib taajjubga solar,
besabab ko‘chaga otilar,
hushtagin chalar politsiyachi,
tag‘in hayron bo‘lib o‘z holiga qo‘yar,
xavotir olasan raqs zallaridan.
Yog‘och sinchlar arang ko‘tarib turar
og‘ir rux tomlarni.
Xavotir olasan egilgan sinchlardan,
ham axlatga to‘la sassiq maydondan,
is bosgan, yog‘ bosgan kir jihozlardan,
yirtiq choyshabdan,
to‘shaksiz karavotlardan.
Odamlar bor —
o‘z vaqti soatin kutib
sust omma ketidan ergashib borar.
Xavotir olasan bundaylardan ham.
Odamda
maqsadga zo‘r berish istagi qaynab turar.
Odam shundoq,
har qaysi odam gullab yashasa bo‘lar
va ommadan shikoyat qilib
va yo umid qilib
o‘tiraverishdan foyda yo‘q.
Hayotning o‘zi
niholdan iroda yaratar,
xavotirlar e’tiqodlarni ishga solar.
Musekusda bozor kuni
tun qo‘shilib ketar ilohiy xavotirlarga
va murosasizlik bilan
qahramonlik bayrog‘ini
qo‘lga kiritar odamlar.
__________
* Musekus — Luanda chekkasida ishga yollangan afrikaliklar uchun ajratilgan rayon.
* Milrey — o‘sha paytlardagi portugal oltip tangalari.
* Nostalgiya — vatan hasrati kasali.

JABR

Ularning bari
burchakka qo‘yilgan odamlarning
qopqoniga tushdi.
Qishloqda raqslar
nogoh to‘xtab qoldi
va yuzlar tun qo‘ynida toshday qotdi.
Har kim nega olishganini so‘rar edi,
ammo biron kishi bilmas edi
va aslida har kimga ravshan edi.
Bular hozir dafn marosimida
ko‘zyoshsiz yig‘lagan xotinning
sukut saqlashini eslatar edi.
To‘lqinlangan yuraklarda
ilohiy dalillar pichirlardi.
Nurga cho‘mgan shahar ichidan
qahqaha va nafrat portlashlari
elas-elas eshitilar edi.
Bu kunba-kun takrorlanadigan,
tun jimjitligida
sambizang dahasida bo‘ladigan bor haqiqat
va bor gapni anglamoq uchun
shuni nazarda tutmoq kerak:
— Bu yer qoralar maskanidir!

UYG‘ONAYoTGAN ONG

Zamon nozik!
Burchak-burchaklarda
chiroq yonib turgan har bir uyni
hushyor ayg‘oqchilar kuzatmoqdalar.
Eshiklariing eski zanjirlari
nari-beri ilib qo‘yildi.
Qalb tezisini tinglayotgan insonlar ongida
xavotir qaynamoqda.
Tarix yana bir bor
hikoya qilinajak.
Zamon nozik!
Buni qarangki, men —
qashshoq odam,
qoratanli bo‘lganim uchun yanada qashshoq
bo‘larmishman…
Qaytarib bering menga
Afrikani
Ko‘zlari yoshsiz holda!

FEVRAL

(San-Tomedagi qirg‘in)

U kuni Atlantika
soatlar bo‘yi
ko‘pik gullariga o‘ralgan
va o‘lim qonlarining qotib qolganidan
hayvonlarni jirkantirgan jasadlarni
qaytarib otdi.
Sohillar to‘lib ketdi quzg‘unlar va chiyabo‘rilarga
bolalar yashil umid deb ataydigan,
yashil deb ataluvchi yerda,
asrlarcha qirg‘in qilib yoqilayotgan,
zanjirband qilib bo‘ysundirilayotgan yerda,
qum yopishgan go‘shtni
g‘ajimoqchi bo‘lgan hayvonlarning ishtahasi karnay edi.
U kun jasadlar dengizga,
isnodga va tuzga,
baxtsizlik va ilojsizlik —
qonlariga qorishiq suvlarga uloqtirilgan edi.
U kuni gulxanlar yorug‘ida o‘z ko‘zimiz bilan
o‘z qonimizni, o‘z hayotimizni, o‘z o‘limimizni ko‘rdik.
Biz o‘limni g‘olibona yoqib yubordik
va mozorlarda
qurbon bo‘lgan insonlar adolatni tushunib yetdik.
Muhabbat deb,
mutanosib hayot deb,
ozodlik deb,
qurbon bo‘lganlarning ahamiyatini tushunib yetdpk,
o‘lim bilan yuzma-yuz to‘qnashib,
g‘alaba istab halok bo‘lganlarning jasadlarini
qonli dengiz soatlar bo‘yi
tislana-tislana,
yana sohilga qaytarib otganini ko‘rdik.
Endi yam-yashil San-Tome tuprog‘i
muhabbat tuprog‘i bo‘lib qolajak.

Miraziz A’zam tarjimalari