Yuzef Ozga-Mixalskiy (1919-2002)

Yuzef Ozga-Mixalskiy (Józef Ozga Michalski) – polyak shoiri, yozuvchi, jamoat va davlat arbobi.

SADO BERIB URILAR

Sado berib urilar –
oynaga shamol,
yarim kechaga oy,
qanotga havo,
oyoqlar toshga.
Sado berib urilar –
sohilga nahrlar,
nikoh uzugi vafoga.
Va eng og‘iri –
qalbga urilar vijdon.

DALA BILAN

Dala bilan xayrlashish
mushkul, sevganingdan ham,
quchib bo‘lmas dalani
va o‘pib ham bo‘lmas:
qayda uning lablari –
faqat atirgullar,
faqat bug‘doyzor.
dalaga qadam bosmoq gunoh –
silash lozim oyog‘ing ila,
u bilan nafas olish,
va birga shitirlash lozim.

Rus tilidan Davron Rajab tarjimasi