Xalina Posvyatovskaya (Halina Poświatowska) (9 may 1935, Chenstoxova, Polsha — 11 noyabr 1967, Varshava, Polsha) — polyak shoirasi. Yurak xastaligi tufayli hayotining ko‘p qismini shifoxona va sanatoriyalarda o‘tkazgan. Shunday bo‘lsa ham, shoira qat’iyat bilan o‘qidi, mustaqil tayyorlanib, universitetga imtihon topshirdi.1958 yilda u o‘sha paytlar uchun noyob bo‘lgan yurak operatsiyasi o‘tkazilishiga rozilik berdi. Bu jarrohlik unga yana to‘qqiz yillik umrni tuhfa etdi. 1967 yildagi ikkinchi operatsiyani esa yuragi ko‘tara olmadi.
Shoira 1958–1967 yillarda universitetning falsafa fakultetida tahsil oldi, ilmiy ish ustida faoliyat yuritdi. Kasalligini yengish uchun bolaligidan mutolaani, ayniqsa, she’r yodlashni yoqtirar, o‘zi ham she’r yozishni mashq qilardi. Polshaning taniqli shoirlari Adam Mitskevich va Yuliush Slovatskiy she’rlarini sevib o‘qirdi.
Uning “Qalb madhiyasi” (1958), “Bugungi kun” (1963), “Qo‘llarga qasida” (1966) va vafotidan so‘nggi “Yana bir xotira” (1968) she’riy kitoblari, asosan erkin she’r – verlibr, ya’ni tinish belgilarsiz she’rlarni o‘zi ichiga oladi. Biroq ularda o‘ziga xos vazn va nafis tuyg‘ular uyg‘unligini anglash qiyin emas. Uning she’rlarini polyak shoiri Tadeush Novak ta’biri bilan “qo‘shiqlar qo‘shig‘i” deyish mumkin.
HAYoT
Hayotdan ketmoqni istamayman men
Hayotga botirib tirnoqlarimni
Shivirlayman sizni sevaman
Qonimday qizargan
Qip-qizil milash
Og‘rig‘imdan oqargan yovshan
O‘limimdek qoraygan o‘rmon
* * *
sog‘inishni yaxshi ko‘raman
rang va ohang zinalaridan
yugurib shoshilib chiqaman
ochilgan lablarim bilan
qor hidini yutishni
yaxshi ko‘raman
yolg‘izligimni yaxshi ko‘raman
yuksak-yuksaklarda
osmonni qushdek quchgan
eng baland ko‘prikdan ham baland
yolg‘izligimni yaxshi ko‘raman
Xurshid Davron tarjimasi
* * *
Agar mendan ketmoqchi bo‘lsang,
jilmayib qo‘yishni unutma.
Mayli, bosh kiyimingni, qo‘lqopingni,
muhim manzillar qayd etilgan
yon daftaringni
yo qaytishga arzigulik nimaki bo‘lsa,
unutib qoldir.
Sen qaytar ekansan,
meni ko‘z yoshlar ichra topasan
va o‘shanda ketmassan, balki.
Agar qolmoqchi bo‘lsang,
menga jilmayib qo‘yishni unutma.
Mayli, tug‘ilgan kunimni unut,
mendan ilk bor bo‘sa olgan kunni ham,
ilk marta arazlashganimizni…
Biroq ketmoqchi bo‘lsang,
majburlikdan qilma buni.
Sevinch ila qolgin,
sevintir.
* * *
Meni yashillikka burkang,
yaproqlar.
Men – sovuqda titragan
yalang‘och daraxt.
Suv, meni
tub-tubimga qadar qondir.
Men – quyosh tig‘ida
qaqragan qumman.
Dovul meni sovurar;
iliqlik ber, quyosh.
Daraxt soyasida qolgan chashmaday,
so‘z asiri – man.
* * *
Sen keta turib
ko‘chada qushlar och qoldi,
deding.
Ko‘chada qish va
sovqotgan qushlar,
sensiz ular nobud bo‘lar ekan –
shunday deding sen…
Ammo
qushlarda qanot bo‘lishini
nahot, bilmasding?
Qanot ularni
emishlari mo‘l-ko‘l
issiq yerlarga eltar –
qayerga bo‘lsa-da,
farqi yo‘q…
Izg‘irin, qor nima ularga,
qushlarga?..
* * *
Bir mangu yolg‘izlik sayyorasi bor
va sening labingdagi qum zarrasi.
Sening sevging
yolg‘izlik dengizin to‘lqinlari uzra
yo‘lini yo‘qotgan bir qush kabidir.
Osmon jimlikka to‘la,
unda sening so‘zlaring kabi
qanot qoqib,
yakka bir farishta uchib yuribdi.
* * *
Mening ona tilimda
gullarni “gullar” deb atashadi,
Havo haqida esa “havo” deyman.
Ko‘priklardan o‘tar ekanman,
poshnam bilan saslanaman:
taq, taq, taq…
“Tosh” so‘zini shunday talaffuz qilamanki,
duxoba deb o‘ylashar uni.
Mushuk mo‘ynasiga bosganday
yuzimni bosaman yelkalaringga…
Sevaman
o‘zimning jaydari tilimni
va “sevaman” deyman bu tilda.
* * *
Men bilan bo‘lishgin
yolg‘izlikning qotgan nonini.
Ko‘rinmas devorlar bo‘shlig‘ini
o‘zing bilan to‘ldir.
Yorug‘lik bergin bir oz
asli yo‘q oynalarga.
Eshik bo‘l…
Hammasidan ko‘ra
tashqariga lang ochilgan
eshik bo‘l men uchun.
* * *
Bizning sevgimiz – mahkum;
o‘lim jazosiga hukm qilingan.
U qatl etilar
oradan qisqagina ikki oy o‘tib.
Dunyoda masofa,
vaqt degan narsalar bor
sen esa olislayapsan.
Imkonsizlik, ojizlik bor bu dunyoda:
seni tutib turolmas
mening beshafqat bo‘salarim ham.
* * *
Men o‘lsam, bu dunyoning ham
bir ozgina chiqarmi joni?
Boqaman:
odimlab borar u
tulki mo‘ynasiga burkanib.
Men – o‘sha mo‘ynaning bir tolasi…
Ammo…
Hech o‘ylab ko‘rmabman…
Har doim shu yerda edim men,
u esa…
Yo‘q, baribir,
bu haqda o‘y surish yoqimli:
bir ozgina jon berar bu dunyo
men o‘lsam,
Men agar o‘lsam.
* * *
Sensiz
yuzida kulgisi so‘ngan
osmon tumtayar.
Erinibgina chiqadi quyosh
va uvishgan kafti bilan
ishqalar ko‘zlarini.
Kun – maysa qo‘ynida
uyg‘ongan kapalak,
bir zum
qanotlarin yozib kerishar
va yorishib ketar.
Ranglar, ranglar, ranglar
gir aylanar sirli jiloda…
Shivirlab so‘rayman
mudroq samodan
ishqimizning qotgan nonini.
* * *
Men Julettaman.
Yoshim yigirma uchda.
Men bir marta sevgini tatib ko‘rganman.
Qora qahvadagi kabi
achchiq ta’mi bor edi uning.
Yuragim dukurlab
ketdi o‘shanda,
suvday jimirlab ketdi vujudim.
Hislarim toshdi…
O‘tdi hammasi.
Men Julettaman.
Baland minoradan turib
yig‘layman, qaytgin deb
chorlayman, qayta qol
lablarimni tishlab
qonataman, qayt…
Yo‘q qaytmadi.
Julettaman.
Yoshim mingda,
tirikman hamon.
* * *
Olcha gullariga ko‘milib,
xushbo‘y iforidan majolsiz,
mening nafratim
g‘arqdir uning tublariga.
Qaltirab va bechorahol
turardim men uning ustida,
ortimda turarding sen esa.
So‘ng sharshara quyilganday tez
qo‘llarimdan tutding va
kishan solding
bo‘salar bilan.
Bizga guvoh
olcha daraxti
jim tikilib qoldi
o‘sha payt.
Rus tilidan Rafiq Saydullo tarjimasi