Tadeush Slivyak (Tadeusz Śliwiak) – polyak shoiri. Lvovda tug‘ilgan. Ilk kitobi — Kopernike haqida poema (1953).
* * *
Men xarid qildim
baliq do‘konidan
ko‘zlari mo‘ltiragan zog‘orabaliqni.
– Qarang, ajoyib, –
dedi kiyimidan baliq hidi anqigan sotuvchi.
– O‘ldiraymi? – tirjayib so‘radi u.
– Kerak emas, yo‘q, yo‘q…
Men uni sotib oldim tirik hayoti bilan.
Lablarining harakati menikiga aylandi,
menikiga aylandi – qizil oyquloqlaru
tovlangan tangachalari.
Visla bo‘yiga bordim,
Tashladim baliqni suvga.
Ko‘rib turar edi buni odamlar,
ko‘zlarin mo‘ltiratib tikilib menga,
xuddi menga mumkin emasdek
umrimda bir bora inson bo‘lmaslik.
KO‘YLAK
Meni izlama
topa olmaysan
men yo‘qman
yo‘qman hech qayda
ketdim boshqa shaharga
ertaga qaytish-chun
daryo uzra suzayotganim yo‘q
yoki to‘xtab-to‘xtab har bir bekatda
ketmayapman poyezdda axir
och ham emasman va sovqotmadim ham
shu qadar uzoqlashdimki
boshqa yo‘qdir imkoni
Kelgil javon oldiga
och uni
tokchasidan olgin
dazmollanib taxlangan
moviy ko‘ylagim mening
yoygin uni stol ustiga
yoqasini yech
keyin boshqa tugmalarini
so‘ngra yana boshqalarini
ko‘ryapsanmi aynan
o‘rtasida o‘sha topganing
bu – menman
O‘RGAN BU NARSANI
Buni sira ayta ko‘rma –
bilishlarin o‘zlari haqda,
o‘zlarini himoyalayman deb
seni o‘ldirishlari mumkin.
Javob berma ularning
har qanday savollariga,
sening o‘z so‘zing bilan
ular seni o‘ldirishadi.
Fikrdan foydalan faqat
go‘yo eng ziyrak tuyg‘udan
qalbingda sukut bo‘lsin.
Qasamdek so‘zim aytay,
ko‘ryapsanmi bu toshni?
Uni qulog‘ingga tut…
Eshitdingmi jimligini,
o‘rgan bu narsani.
Rus tilidan Davron Rajab tarjimasi