Zoir Azamat (1975)

Zoir Azamat (Zahir Əzəmət) 1975 yilda tug‘ilgan. Yosh shoir modernchi sifatida tanilgan. 2005 yilda “Devor oqliklariga qarshi” she’riy to‘plami chop etilgan. “Birdamlik” mukofoti sohibi.

EVRILIShLAR

Ba’zida kimnidir
o‘ldirishni istar inson
vaj-karson topilar hamisha

va yana anglaysan
bu sening ishing emas
so‘ng borib ko‘chat ekasan
yo biron arzon qahvaxonaga kirib
yoqalashasan do‘stlaring bilan
yoki ko‘chaga chiqib
eski o‘rindiqlardagi
abgor bo‘lgan chollarga
o‘ynayotgan bolalarga
ishqibozlik qilayotgan juftlarga
boqsang.

Kechqurun uyga qaytganingda esa
senga go‘yo hammasi
risoladagidek tuyular
lekin kim bilsin
agar sen qotil bo‘lsayding
ne kechardi o‘zgalar holi.

XUDBINLIK

Yiqilmaslik uchun
o‘zingni tutmoq

taskin uchun
o‘zingni sevmoq

o‘z ovozingni eshitmoq uchun
har tongda o‘z-o‘zingga
salom bermoq
yaxshiki o‘zim borman
yo‘qsa zerikib ketardim.

Ruschadan Usmon Qo‘chqor tarjimasi.