Yusuf Hasanbey (1932)

Yusuf Hasanbey (Həsənbəyov Yusif Qonaq oğlu) — ozarbayjon shoiri, dramaturg, tarjimon. Ozarbayjon yozuvchilar uyushmasi a’zosi (1959).

DENGIZGA BIR YuRAK BER

Dengizga bir yurak ber,
Dengizlik ko‘rmoq istasang,
Mayoq berma,
Ko‘rfaz berma,
Shamol berma,
Tuman berma,
Qasirg‘a ber,
Po‘rtana ber,
O‘zi qadar bir dolg‘a ber unga.
Qoyalarni ber,
Ko‘tarsin bayroq kabi
Ufqlar o‘rtigida.
Qorishtirsin bir-biriga
Tubidagi
Toshlarini, qumini.
To‘solmasin hech narsa uning
Guvillashi,
Hamlasi, hujumini.
Silkalasin sohillarni –
Eru samo titrasin tinglab
Uning gulduragini.
Dengizga bir yurak ber,
Dengizlik ko‘rmoq istasang,
Bergin unga
Oddiy inson yuragini.

AYRI TUShMASIN

Eshiging zulfiga bir qulf bo‘loyin,
Sen ochmasang meni, ochmasin hech kim.
Bog‘changda yig‘layin bir buloq kabi,
Sen ichmasang meni, ichmasin hech kim.

Bilmadim, ag‘yorning menga qasdi na?
Tokaygacha chiday hijron dastina.
Ko‘prik bo‘lay, yorim, soylar ustina,
Sen kechmasang meni, kechmasin hech kim.

Bu o‘lkada botib qolmish kemam-da,
Kema ichra qoldim men sho‘rlik g‘amda.
Bu yor tanlash payti, saylu sayramda
Sen sechmasang meni, sechmasin hech kim.

Yusufni parishon ko‘rsang, ey gulim,
Aytkim, nokom ishqdan chekarsan zulm.
Soy edim, daryoga yetmadi qo‘lim,
Daryosidan ayri tushmasin hech kim.

Ozarbayjon tilidan Usmon Qo‘chqor tarjimasi