Ramiz Ravshan (1946)

Ravshan Ramiz Mammadali o‘g‘li (Ramiz Rövşən) 1946 yil 15 dekabrda Boku shahrida tug‘ilgan. 1969 yilda Ozarboyjon Davlat universitetini, 1978 yilda Moskva Oliy stsenariy kurslarini tamomladi. “Ozarboyjonfilm” kinostudiyasida, “Mo‘zalan” satirik kinojurnalida muharrir, kinostudiya Bosh muharriri bo‘lib ishlagan. 1992 yildan Ozarboyjon Tarjima markazining Bosh muharriri. Uning stsenariylari asosida bir nechta badiiy va hujjatli filmlar suratga olingan.
2013 yilda “Turk dunyosi bilim, adabiyot va san’at”, 2019 yilda Yevrosiyo Akademiyasining “Evrosiyo afsonasi” mukofotlarining sohibi bo‘lgan.
Bir nechta she’riy to‘plamlar muallifi. She’r va hikoyalari ko‘pgina tillarga tarjima qilingan. AQSh, Germaniya, Angliya, Frantsiya, Polsha, Bo‘lg‘oriya, Turkiya, Eronda nashr etilgan.
“Yomg‘irparast qo‘shiq”, “Kapalak qanotlari”, “Ketaylik biz bo‘lmagan yerga”, “Nafas — kitoblar kitobi”, “Sevgi maktubi misol”, “Yomg‘ir yuvar, kun quritar”, “Ishq ochari” kabi she’riy to‘plamlari, Aleksandr Blok, Aleksandr Sergeevich Pushkin, Anna Axmatova, Frederiko Garsiya Lorka, Grigorio Viyeru, Marina Svetayeva, Mixail Yurevich Lermontov, Semyon Kirsanov, Sergey Yesenin, Sharl Bodler, Vladimir Mayakovskiy kabi bir qator rus va jahon adabiyotidan tarjimalar kitoblari nashr qilingan.
Ramiz Ravshan Ozarboyjon Yozuvchilar uyushmasi hay’ati va Ozarboyjon Matbuot kengashi a’zosidir.

YoMG‘IRLI KEChA

Qalbim orom bilmas yomg‘ir yoqqanda,
Yodimga qondoshu azizlar kelar.
Tun chog‘i tomchilar ko‘kdan oqqanda
Tushimga daryolar, dengizlar kelar.

Tunda yomg‘ir yog‘ar, ming sas, ming sado,
Tikanli ohanglar tinglaydi kecha.
Ignalar sanchilgan, ignalar botgan
Zanji badanidek ingraydi kecha.

Tunda yomg‘ir yog‘ar g‘am-la turlangan
Bir shoir qalbiga bo‘ladi malham.
Tunda yomg‘ir yog‘ar — kunduz kirlangan,
Gunohkor dunyoni tozalar bu dam.

Samo sohibkori tinchimas yana,
Ochar sandiqlaru dafinalarni.
Tunda yomg‘ir yog‘ar — yog‘ar she’rimga,
Yuvar hijronlaru qofiyalarni.

Ko‘zlarim yumilar horg‘in Oy kabi
Chiroqni o‘chirib, asta yotaman.
Endi o‘z xonamni palaxmon kabi
Kechaning bag‘riga nogoh otaman.

Endi yotog‘imga to‘ladi kecha.
Tun bo‘yi yonimda qoladi kecha.
Ayni sahar nayti mening uyimdan
Qup-quruq chiqadi g‘alati kecha.

AYRILIQ

Yana bu shaharda yuzma-yuz keldik,
Naylaylik, boshqa bir shaharimiz yo‘q.
Balki biz baxtiyor bo‘la olardik.
Balki baxtiyormiz, xabarimiz yo‘q…
Oradan necha yil o‘tdi yel kabi,
Tanimay qolibman seni, kechirgil.
Men sensiz o‘laman, deb o‘ylab edim,
Va lekin o‘lmadim, meni kechirgil.
“O‘lmadim” deymanu, so‘zlamoq og‘ir,
Balki o‘lgandirman hijronda sensiz.
Qabrsiz, kafansiz o‘lganman yolg‘iz,
O‘limdan og‘irroq ayriliq axir…
Na men avvalgiman, na sen endigi…
Ayrildik, shaytonni kuldirdik u dam,
Bu yilu bu oyning bu kuni yurgan
Mana shu ko‘chada uchrashib turgan,
Meni ham, seni ham o‘ldirdik u dam.

…O‘ngu so‘limizda odamlar to‘la,
Qo‘l ushlashib erkak-ayollar o‘tar.
O‘zidan xabarsiz, xayollar bilan
O‘zini o‘ldirgan odamlar o‘tar.
O‘tar o‘z qoniga botgan odamlar,
Deysanki, qon qani? Dod, oh yo‘qdir…
Hamma gunohkorlar dunyoda, ammo
Dunyoda hech kimning gunohi yo‘qdir.
Bizsiz yozilmishdir bu tole, bu baxt,
Sopqondan otilgan juft toshdek beiz
Balki bu dunyoda o‘n-o‘n besh yilmas,
Ming yil bundan avval ayrilishdik biz…
To‘g‘ri yo‘limizdan adashib nogoh,
O‘zga yo‘llar bilan ketibmiz, ishon.
Balki ming yil avval chekkandirmiz oh
Ming yillik xatoga bo‘lganmiz qurbon…
O‘rnini almashgan balki qish, bahor,
Qorishgan dunyoda qishlog‘u shahar.
Balki o‘z qornida o‘gay onalar
O‘gay bolalarni ko‘tarib yurar.
Umrim boshdan oxir yolg‘ondir balki,
Toleim aslida boshqa bir doston.
Hov yo‘ldan o‘tgan qiz onamdir balki,
Balki o‘z o‘g‘limiz ana u o‘g‘lon.
Bu yolg‘on umrimda ko‘rgan sen kimsan?
Balki sevgilim ham emassan asli.
Onamsan, opamsan, balki buvimsan,
Bir Alloh biladi sen kimning nasli.
Bizni kim qutqarar bu ayriliqdan,
Dodimizga yetmas na yer, na samo,
O‘liksan, tiriksan, har inson chida!
Kel qo‘lingni o‘pay, g‘animat dunyo…

Nosir Muhammad tarjimalari

QADRIMNI BILMADI BU ODAM MANIM

Bilmayman qayerdan topdi umrimni,
Bir asov ot kabi umrimni,
Tog‘larga-toshlarga otdi umrimni,
Qadrimni bilmadi bu odam manim —
Ilohim, xal os et buning dastidan!

Koshkiydi umrimni bu yer yuzinda
Bir boshqa odamga tush aylasayding,
Meni odam emas, qush aylasayding,
Hech yo‘qsa, bir qora tosh aylasayding.
Meni bu kimsaga nechun duch qilding,
Ilohim, xalos et buning dastidan!

Xalos et, ber meni, o‘zgalarga ber,
Siniq oynalarga, ko‘zgularga ber,
Bo‘linay, yuz bo‘lak, ming bo‘lak bo‘lay,
Bu odam yuzimga boqa bilmasin.
Meni oynalarning siniqlaridan
To‘play bilmasin u, yig‘a bilmasin,
Ilohim, xalos et buning dastidan!

Bo‘linsam, bo‘lingay dardim, albatta,
Har dardim yuz bitta, ming bitta bo‘lur.
Bir dardim qolmagay o‘zimdan katta,
Barcha dardlarimdan men katta bo‘lgum.

Shul zamin ustida, samo ostida
Bo‘linsam, har parcham bir yonga tushsa,
Qachondir ko‘nglingning xush soatida,
Ilohim, yangidan yodingga tushsam,

Yangidan to‘plasang bo‘laklarimni,
Siniq qo‘llarimni, oyoqlarimni,
Og‘zimni, burnimni, quloqlarimni,
Ilohim, yangidan yaratsang meni,

Dunyoning eng go‘zal ko‘zgusi bo‘lgum.
Yangidan dunyoga yo‘llasang meni,
Bu odam bo‘lmasman, o‘zgasi bo‘lgum —
Ilohim, xalos et buning dastidan.

Usmon Qo‘chqor tarjimasi

Etmishinchi yillarning boshida mashhur turk shoiri Fozil Husni Dog‘larja bir yosh shoir she’rlarini o‘qib chiqqach, hayratga tushib, so‘ragan ekan: “Bu odam tirikmi, bormi?”. Aytibdilarki: “Bor, sog‘-salomat”. Turk shoiri yana-da hayratlanib, aytgan ekan: “Sizlarda (SSSRni nazarda tutgan) asl shoirlarni yo qatl, yo qatag‘on etadilar? Nega o‘ldirmadilar, axir, bu odam haqiqiy shoir-ku!”.
Fozil Husni Dog‘larja o‘qigan she’rlarning muallifi ozarbayjon shoiri Ramiz Ravshan edi.

ShOIR BO‘LMOQ

So‘lmasga

Biroz quyosh, biroz havo,
Biroz yog‘ish* bo‘lmoq bu,
Biroz og‘och, biroz uya,
Biroz-da qush bo‘lmoq bu.

Biroz kecha, biroz ko‘cha,
Biroz dala bo‘lmoq bu,
Biroz javon, biroz qari,
Biroz bola bo‘lmoq bu.

Biroz o‘zga, biroz qardosh,
Biroz tanish bo‘lmoq bu.
Biroz qo‘shiq, biroz duo,
Biroz qarg‘ish bo‘lmoq bu.

Biroz sevgi, biroz gunoh,
Biroz savob bo‘lmoq bu,
Biroz shubha, biroz savol,
Biroz javob bo‘lmoq bu.

Biroz erta, biroz bugun,
Biroz saboh bo‘lmoq bu,
Biroz kofir, biroz mo‘min,
Biroz Olloh bo‘lmoq bu.
___________
*yog‘ish – yomg‘ir

* * *

Bulut kabi o‘lsang –
Bir yoz yog‘ishida.
Umid kabi o‘lsang –
Bir qiz boqishida.

Bir yel qanotida
Yaproq kabi o‘lsang.
Bir qabr oldida
Tuproq kabi o‘lsang.

Bir gul kabi o‘lsang –
Bir guldon ichinda.
Bulbul kabi o‘lsang –
Bir hijron ichinda.

Bir sas kabi o‘lsang –
Bir kar qulog‘inda.
Bir so‘z kabi o‘lsang –
Bir gung dudog‘inda.

Kundan–kunga o‘lsang,
Dona–dona o‘lsang,
O‘lgancha tirilsang,
So‘ng yana o‘lsang.

BIR SAHAR UYQUDAN TURIB…

Bir sahar uyqudan turib
O‘zingni ushoq* ko‘rasan,
Ko‘rasan, hamma uydadir,
O‘lganlarni sog‘ ko‘rasan.

…Qochib ketar deb qo‘rqasan,
Eshikni beklab kelasan,
Qaytib kirib ichkarida
Yangi bir qo‘noq ko‘rasan.

Ko‘rasanki, ul qo‘noqning
Boshdin-oyog‘i qop-qora.
Undan boshqa hammasining
Ust-boshini oq ko‘rasan.

Panjaradan ichkariga
Nur yog‘dirar xira kunduz,
Ichkarida – bo‘m-bo‘shlikda
Yongan bir chiroq ko‘rasan.

O‘chirasan ul chiroqni –
Hamma birdan yo‘qqa chiqar…
Xonangda bir qora qalam,
Yolg‘iz oq varoq ko‘rasan.

* Ushoq – bola

Xurshid Davron tarjimalari

DUNYo NOGOH YoRUG‘LANSA

Bir oftob chiqsa bir kecha,
Dunyo nogoh yorug‘lansa,
Shahar-shahar, ko‘cha-ko‘cha,
Yotoq-yotoq yorug‘lansa.
Ko‘rardik, kimlarning qo‘li
kimlarning qo‘ynidan chiqar.
Kimlar egila-egila
kimlarning uyidan chiqar.

Oydin kun bo‘lsa bir kecha,
Ming-ming turli gunoh ko‘rsak.
Ustini yopa olmasa,
Dunyoni yalang‘och ko‘rsak.

Boshimizga nima kelar,
aqlimiz shoshar, ehtimol.
Hamma birdan bosh ko‘tarib,
dunyodan qochar, ehtimol.
Bas, kim qolar bu dunyoda,
Go‘daklar qandoq uyg‘onar?!
…Yaxshiyamki, bu dunyomiz
Sekin-sekin yorug‘lanar…

Qora kiygan ayol
Kishilar bir bo‘lmas, odam bolasi,
qo‘rqog‘i bor,
mardi bor.
Ammo har kimning o‘lganidan so‘ng,
qabri uzra yig‘laguvchi
Bir qora kiyingan go‘zal ayoldan
umidi bor.

Sen o‘lganda
kim bo‘ladi ko‘zlaringni bog‘lagan?
Do‘stingmi bo‘ladi?
Yotmi bo‘ladi?
Bu dunyoda, balkim, sen deb, eng ko‘p yig‘lagan,
Sen eng ko‘p yig‘latgan xotin bo‘ladi.

Ko‘z yoshlari yuvar qabrtoshingni,
Qabringda to‘lg‘anib,
deysan, Xudoyim,
Yillar bo‘yi men yig‘latgan bu ayol
qayda yana asragandir
bu qadar ko‘z yoshini?!

Biror marta
na sochini siladim,
na-da ko‘z yoshin artdim,
Qorachig‘imga botar endi
sochining har tolasi,
Yillar bo‘yi
bu ayolga men, axir, dard yetkazdim.
Nega endi chekar dardimni?!

Bu ayol qabr toshimni
o‘pib silaguncha,
Mushti bilan ursa, ursa yaxshi edi,
Qabrimning ustida qon yig‘laguncha,
Qarg‘ab, qaqshab tursa, yaxshi edi.

Ket, ketaqol,
qora kiygan ayol,
Yig‘ingni to‘xtata qol, qora kiygan ayol.
Bu qabr ham ming qabrning biridir,
etar, qabrtoshni bosma bag‘ringga,
Barcha, men deb, yig‘laganlar tinchidi,
bas, go‘r ichiga tomayotir, yig‘lama…

Demaki, shoirning bor-yo‘g‘i tildir
Demaki, shoirning bor-yo‘g‘i tildir,
Shapaloq urishga qo‘limiz ham bor.
Biroz boshimizda aqlimiz bordir,
Biroz kissamizda pulimiz ham bor.

Ko‘p botirlar yo‘qqa chiqdi o‘rtada,
Kimning baxti kimni yiqdi o‘rtada,
Na bo‘lsinki, bir ish yo‘qdir o‘rtada,
Hali sog‘imiz ham, so‘limiz ham bor.

Ming yildir tug‘ilib, o‘larmiz, ey do‘st,
Yig‘lasak, bas qilib bilarmiz, ey do‘st.
Toki, qadam tashlay olarmiz, ey do‘st,
Qabriston tomonga yo‘limiz ham bor.

QARILIK

Yolg‘izlik boshlanar bundan buyog‘i,
qochib qutulmassan, odam bolasi.
Oylarni, yillarni tutsang bo‘yingga,
Soylarni, cho‘llarni tutsang bo‘yingga,
o‘lchab yetolmassan, odam bolasi.

Endi ko‘plar bilan oram sovugan,
ko‘plar omadimga sevinmas endi.
23 yoshimda meni sevganlar
33 yoshimda sevolmas endi.

Men, axir, na Cho‘lman,
na Yo‘l,
na Ko‘cha,
Axir, hammaniki bo‘la olmayman.
Meni sevganlar deb o‘la-o‘lguncha
23 yoshimda qola olmayman.

Qanchalik so‘zlar bor so‘zimdan jasur,
endi chaqirmoqqa nafasim yo‘qdir.
Endi bu dunyoda o‘zimdan jasur
so‘zlarni yozmoqqa havasim yo‘qdir.

Yig‘ini bas qildi, tindi she’rim ham,
qaridi misralar, so‘zlar men bilan.
Do‘stlar yoshligicha qolar she’rimda,
qarimoq istamas do‘stlar men bilan.

Ilohim, qarilik shunday ekan-da,
do‘stlardan jimgina uzilar odam.
Umr loyqalangan suvday ekan-da,
ozaygani sari tozarar odam.

Ichimu tashimning zangi yuvilar,
satrlar ko‘karar bu oq varoqda.
Uzoqdir yurak-la qo‘lning orasi,
xayriyat, o‘lmadim shu oraliqda.

So‘zlar yuragimdan qo‘limga yetdi,
biroz sarg‘aydi va so‘ldi, na iloj?!
Biroz jasurligi, sho‘xligi yitdi,
gina qilmasinlar, yo‘l-da, na iloj?!

Endi bolta kesmas aqlim kesganni,
tiriklik totini bilaman endi.
Bu ko‘hna dunyoda har nafasimni
daraxtdan mevaday teraman endi.

So‘ng nafas dunyoda har nedan shirin,
shoir ham qariydi, o‘lar, bilaman.
So‘zidan qon hidi kelgan shoirning
og‘zidan sut hidi kelar, bilaman.

Bu dunyo bir qaynar qozondir, illo,
so‘ndirmas o‘tini na qor, na yomg‘ir.
Bu dunyodan ketish osondir, ammo
dunyo-la chiqishib yashamoq og‘ir…

KETSAK BIZ BO‘LMAGAN YeRGA

Kel, qo‘l-qo‘lni tutib ketsak,
Ketsak biz bo‘lmagan yerga.
Bor dardni unutib ketsak,
Dardimiz bo‘lmagan yerga.

Bunda qo‘ysak o‘zimizni,
Bu tirishgan yuzimizni,
Bu eskirgan so‘zimizni,
Ketsak biz bo‘lmagan yerga.

Bir kimsa olmasin xabar,
Kel, chiqib ketsak bir sahar,
Bu uy, bu ko‘cha, bu shahar,
Bu dengiz bo‘lmagan yerga.

Odam o‘g‘li oz topilar,
Sen degan do‘sting sotilar,
Bu Ramizni kim oborar
Bu Ramiz bo‘lmagan yerga?!

BIROZ UZUN BO‘LDI UMRIM, ShEKILLI…

Biroz uzun bo‘ldi umrim, shekilli,
Ehtimol, do‘stlar ham toriqdi biroz…

Meni yedirmoqdan charchadi dunyo,
suvlari charchadi, noni charchadi.
Meni kezdirmoqdan bezdi yo‘llari,
ko‘zimga boqmoqdan osmoni charchadi.
Izlaganlar istab charchadi,
Badgumon yomonlab charchadi –
biroz uzun bo‘ldi umrim, shekilli.

Yo‘llar tovonimning ostidan qochar.
Deydilar tush boshqa,
bunaqa bo‘lmas,
Shoirda ishtaha bunaqa bo‘lmas –
do‘stlar ham o‘zgacha boqar yuzimga.
Qanchalar do‘stim bor,
shahar to‘ladir,
Ko‘pining ko‘nglida kadar to‘ladir.
Jo‘radan,
qardoshdan,
o‘zgadan o‘ksib,
Baxtidan, o‘zidan, ko‘zgudan o‘ksib,
ko‘pi yig‘lamoqqa bahona izlar.
Oz qoldi, oz qoldi, chidang, degayman,
Do‘stlar, chidang, men ketajak kun yetar.

Hech narsaga kuchim yetmasa-da,
qora kiyim kiydirmoqqa,
do‘stlarni yig‘latmoqqa
kuchim yetar…

Lekin kuchim yetmas, na qilay, axir,
na qilay, axir, men sho‘rlik,
kuchim yetmayapti bu dunyodan ketmoqqa.
Bu dunyo Darband qal’asi,
Na yo‘li bor, na yo‘lkasi,
Qardoshim, odam bolasi,
kuchim yetmas bu dunyodan ketmoqqa.

Yashil-yashil maysalari
chirmashar qo‘l-oyog‘imga,
Rangpar bulutlari bosar boshimdan,
Soylari suv olar ko‘zim yoshidan,
ignala go‘r qaza-qaza,
tizzam-la yer keza-keza
O‘tdim bu umrimning o‘ttiz yoshidan –
kuchim yetmas bu dunyodan ketmoqqa.

Ketimdan og‘ir burganlar,
Shoirlarning ehsonini yeganlar,
Shoir odam yosh o‘ladi, deganlar,
Mening shoir bo‘lmoqqa kuchim yetmas,
O‘ldiringlar meni, o‘lmoqqa kuchim yetmas –
kuchim yetmas bu dunyodan ketmoqqa…

QADRIMNI BILMADI BU ODAM MENING…

Ko‘zgudagi aksim qarshisida

Bilmadim, bu qaydan topdi umrimni,
Bir asov ot kabi chopdi umrimni,
Tog‘larga, toshlarga otdi umrimni.
Bu odam qadrimni bilmadi mening –
Allohim, ol meni buning dastidan!

Koshkiydi, umrimni bu yer yuzida
Bir o‘zga odamga duch aylasayding,
Meni odam emas, qush aylasayding
Yoki bir qop-qora tosh aylasayding.
Meni bu odamga sen nega qo‘yding,
Allohim, ol meni buning dastidan!

Ol meni, ber meni, o‘zgalarga ber,
Siniq oynalarga, ko‘zgularga ber,
Bo‘linay, yuz burda, ming burda bo‘lay.
Bu odam yuzimga boqa olmasin,
Meni oynalarning siniqlaridan
to‘play olmasin hech, yig‘a olmasin –
Allohim, ol meni buning dastidan!

Bo‘linsam, dardim ham bo‘linar, balkim,
har dardim yuz burda, ming burda bo‘ldi.
Bir dardim qolmadi o‘zimdan ulkan,
barcha dardlarimdan men ulkan bo‘ldim.

Bu yerning ustida, osmon ostida
bo‘linsam, har burdam har yonga tushsa….
Qachondir, dilingning shod soatida,
Allohim, qaytadan yodingga tushsam,
Yangidan to‘plasang siniqlarimni,
Siniq qo‘llarimni, oyoqlarimni,
Og‘zimni, burnim va quloqlarimni,
Allohim, yangidan yaratsang meni,
dunyoda eng go‘zal ko‘zgu bo‘laman.

Yangidan dunyoga yo‘llasang meni,
bu odam bo‘lmayman, o‘zga bo‘laman –
Allohim, ol meni buning dastidan!..

ShAHARNING YoG‘DULARI

Bu shaharning yog‘dulari
Menga jim qo‘nishar, singlim.
Ko‘zlarimdan o‘tib-o‘tib,
Yuragimga tushar, singlim.

Yog‘du tushar ust-boshimga,
Ustu boshim yorug‘lanar.
Yog‘du tushar ko‘z yoshimga,
Ko‘zda yoshim yorug‘lanar.

Yorug‘ tushar kunlarga-da,
Oylarga-da, yillarga-da,
Mendan biroz ilgarida
O‘ttiz yoshim yorug‘lanar.

…Uzoqlashar, uzoqlashar
Qishlog‘imiz qorong‘usi.
Yana ham qop-qoralashar
Qishlog‘imiz qorong‘usi.

Oh chekarman, ohim ketar,
Borim ketar, yo‘g‘im ketar,
Kechalari uyqum ketar
Qishlog‘im qorong‘usiga.

Yangi ko‘ylaging egningda,
Yangi ro‘moling yelkangda,
Qayga ketarsan, ey momo?!
-Qishlog‘im qorong‘usiga…

Kesdilar, yana bitdingiz,
Umrimni yashil etdingiz,
Daraxtlar, qayga ketdingiz?
-Qishloqning qorong‘usiga….

Bu shaharning yog‘dulari
O‘rnimdan qo‘pordi meni,
Tirik qo‘ymayin, qo‘ymayin
Yog‘dular obordi meni.

Ko‘p turdim, tura bilmadim,
Bunga ne chora – bilmadim,
Tosh otib ura bilmadim
Shaharning yog‘dularini.

Ko‘ndim oxiri, yarashdim,
Dardimni aytdim, tanishdim.
Qorishdim, men ham qorishdim
Shaharning yog‘dulariga.

Yorug‘landim, yorug‘landim ,
Kimman – bilinmayman endi.
Yorug‘landim, yorug‘landim,
Qarang – ko‘rinmayman endi…

ZERIKISh

Bu qandayin charchoqdir,
Axir, bundoq kim zerikar?!
Cho‘ntakda qo‘lim zerikar,
Og‘zimda tilim zerikar.

Zerikar qoshim-qovog‘im,
Zerikar ko‘rpam-to‘shagim,
Uyga kirsam – uy-eshigim,
Yo‘l yursam, yo‘lim zerikar.

Yo‘limga qizlar chiqsalar,
Kulib yuzimga boqsalar,
Yoqamga bir gul taqsalar,
Yoqamda gulim zerikar.

Qayga otay bu qayg‘uni?!
Na boshi bor, na yakuni…
Bilaman, jim poylab meni
Qaydadir o‘lim zerikar.

ShAM

Fuzuliy yodiga
Yuz yillardir bir sham yonar,
Shamollar so‘ndira bilmas
Ming-minglab qo‘llar cho‘zilar,
Shu’lasini tera bilmas.

Qorong‘udir so‘lu sog‘i,
Yongan shamning ne gunohi?!
Eriydi, to‘kilar yog‘i,
O‘lar,
o‘lar,
o‘la bilmas.

Tomchi-tomchi, zarra-zarra,
Kundan-kun uzilgan jon-la,
Yig‘laydi har yig‘lagan-la,
Har kulgan-la kula bilmas.

Isintirar sho‘rliklarni,
Qo‘rqitadi bo‘rilarni.
Yoritadi narilarni,
O‘z tubini ko‘ra bilmas.

Ketganlar qaytar uzoqdan

Ketganlar qaytar uzoqdan,
Cho‘ponlar qaytar ovloqdan,
O‘pichlar qaytmas yonoqdan,
So‘z quloqdan qaytgan emas.

Xudoning bergan kechasi,
Yonar, o‘t olar nechasi,
Parvonalar nasl-nasl
Shamchiroqdan qaytgan emas.

Shoir odam kunduz-kecha
O‘z qonini simirib ichar.
Bo‘yiga bichgan oq kafan –
Oq varoqdan qaytgan emas…

QORNIDA TO‘QQIZ OY KO‘TARGAN AYoL

Kecha-kechagacha yosh bolang edim,
bir o‘ynoq, telbaroq o‘g‘il edim, ona.
Kunduzdan, kechadan,
cho‘ldan, ko‘chadan,
Dushman ta’nasidan,
do‘st ginasidan,
Necha qiz ko‘zidan, qiz yuragidan
uzildim, sigrildim, sug‘rildim, ona.
Qaytadan qaytdim men o‘z avvalimga,
bir ayol ichiga yig‘ildim, ona –
to‘qqiz oy qornida ko‘targan ayol.

Bu xira ko‘zlarim tiniqdi birdan,
birdan yuragimning tubi ko‘rindi.
Dunyoning yo‘llari uzildi birdan,
bo‘ynimda tolening ipi ko‘rindi.
Umrim kosa kabi tushdi qo‘limdan,
sinmagan narsalar sinuvchi bo‘ldi.
Butun yo‘llarimni olding qo‘limdan,
butun yo‘llarimning so‘ngi sen bo‘lding –
to‘qqiz oy qornidla ko‘targan ayol.

Qornida to‘qqiz oy ko‘targan ayol,
boshimni tizzangga qo‘yib yig‘larman,
Bu o‘tgan umrimning gunohlarini
ko‘zimning yoshi-la yuvib yig‘larman.
Yuragim ming yerdan ming bir dard chekar,
dardimu g‘amimni bo‘g‘a bilsayding.
Bu o‘tgan umrimning ustidan chizib,
koshkiydi, qaytadan tug‘a bilsayding –
to‘qqiz oy qornida ko‘targan ayol.

Balkim, boshqa odam bo‘lardim shunda,
bu g‘amni o‘zimdan quva olardim.
Balkim, sevinardim, kulardim shunda,
balkim, seni ham xush seva olardim.

… Bir yo‘l bor
cho‘zilar to o‘limgacha:
Bu yo‘l sabrimdir mening.
Qornida to‘qqiz oy ko‘targan ayol,
Qorning qabrimdir mening…

DUNYo MENGA JUDA TANISh

Yursam, izim ulkanlashar,
Jimsam – so‘zim ulkanlashar.
Boqsam, ko‘zim ulkanlashar –
Dunyo menga juda tanish.

Uning tog‘i-dashti tanish,
Yozi tanish, qishi tanish.
Ko‘zlarimning yoshi tanish,
Dunyo menga juda tanish.

Avval ham kelganmanmi yo?
Kelganu ko‘rganmanmi yo?
Yashagan, o‘lganmanmi yo –
Dunyo menga juda tanish.

FAQAT SENING YuZING KULSIN

Mening yuzim kulgan emas,
Faqat sening yuzing kulsin.
Meni ko‘rsa: “Amaki!” – deb,
O‘g‘ling kulsin,
qizing kulsin.

Men-ku senga yarashmadim,
So‘z demadim, taloshmadim.
Yulduzimiz yonishmadi,
Kel,
sening yulduzing kulsin.

Yuz yil g‘am ko‘rma, qarima,
Bir sahar chiqib yo‘limga,
Tuz sepsang eski yaramga,
Yaram kulsin,
tuzing kulsin…

ZULFLARINGNI YeL BOSADIR

Sochlaring tebranar tinmay,
Ro‘molingni yel bosadir.
Talpinib, tuta olmayman,
Ushla, meni ter bosadir.

Yuvindim, terda yuvindim,
Oxir charchadim, toyindim.
Qaytdim, ko‘rdimki, to‘yingdir –
Ko‘rdim, seni er bosadir.

Sochingga gullar taqarsan,
Barmoqqa xino yuqarsan.
Sen unda ko‘kka boqarsan,
Bunda meni yer bosadir…

QO‘Y BO‘LMOQLIK QIYIN IShDIR

Bu dunyoning azobi ko‘p,
Haqqidan ham hisobi ko‘p.
Qo‘yidan ham qassobi ko‘p –
Qo‘y bo‘lmoqlik qiyin ishdir.

Bo‘yningda arqon sollanib,
Bir tutam o‘tga aldanib,
Eb, semirib, lazzatlanib
Qo‘y bo‘lmoqlik qiyin ishdir.

Kundalar qoraygan yurtda,
Pichoqlar jon olgan yurtda,
Cho‘ponlar och bo‘lgan yurtda
Qo‘y bo‘lmoqlik qiyin ishdir.

It bo‘lib hurmadik oyga,
Engdi bizni istihola,
Qo‘zi bo‘lmay turib avval
Qo‘y bo‘lmoqlik qiyin ishdir.

QURBONLIQQA OLINGAN QO‘ZI

Bu hovlida yotgan qo‘zi,
Uyquda ko‘rganing nedur?
Nafaslaring totli, uzun,
O‘t kabi terganing nedur?

Totlanib, vaqting chog‘lanib,
Qizil bo‘yinbog‘ bog‘lanib,
Tumorlanib, bezaklanib,
Bu uyga kelganing nedur?

Sevinarsan, hozir to‘qsan,
Yashil o‘tdir qayga boqsang…
Men bilaman – qurbonliqsan,
Bas, sening bilganing nedur?!

BO‘RI

Voqif Samado‘g‘liga

Balkim, men ham bo‘ri edim
Dunyoning azal vaqtida,
Hali tuzuk tili chiqmay,
Har jonning cassiz vaqtida.

Har daraxti, guli nomsiz,
Chumolisi, fili nomsiz,
Ko‘p narsalar hali nomsiz
Aylanib, kezar vaqtida.

Bir edi hammaning baxti,
Yo‘qdir xushbaxti, badbaxti,
Baliqlarning uchgan vaqti,
Qushlarning suzar vaqtida.

Balkim, so‘z ham bekor edi,
Hamma narsa dilbar edi,
Bo‘rilar ham yemas edi
Dunyoning go‘zal vaqtida.

NOZIK KAPALAK MURDASINI TALAShAYoTGAN QORA-QORA ChUMOLILAR

Qora-qora chumolilar,
kapalakni nayladingiz?!
To‘plandingiz, to‘p bo‘ldingiz,
Qanot-qanot qo‘pordingiz,
Tashidingiz, obordingiz,
kapalakni nayladingiz?

Ayrildi kun yorug‘idan,
Ko‘kning kamalak tug‘idan,
Qulog‘im bitdi, tom bitdi
Gullarning qichqirig‘idan,
kapalakni nayladingiz?

Dardi tushar og‘izlarga,
Dod aylar, chaqirar sizni.
Na yedirar, na to‘ydirar,
Na qishdan chiqarar sizni,
kapalakni nayladingiz?!

ODAM

Do‘stim Notiq SAFAROVga

Endi meni kim ovutar,
Ey, meni ovutgan odam?!
O‘zga dardin ko‘rgan vaqti
O‘z dardin unutgan odam.

Xush so‘zini, qilig‘ini,
Go‘dakday sof yo‘rig‘ini,
Dasturxonin bor-yo‘g‘ini
Eru ko‘kka tutgan odam.

Dunyoda na suv, na o‘t bor,
Dunyoda na do‘st, na yot bor,
Allohdan keyin bir ot bor:
Odam,
Odam,
Odam,
Odam!..

AYRILIQ

Yana bir shaharda yuzma-yuz keldik,
Nachora, boshqa bir shaharimiz yo‘q.
Eo‘timol, biz baxtli bo‘la olardik,
Ehtimol, baxtlimiz,
xabarimiz yo‘q.

Oradan shuncha yil o‘tib ko‘rganda –
Taniy olmadim men,
meni kechirgin.
O‘ylardimki, sensiz o‘lib qolarman,
Men o‘lmadim sensiz,
meni kechirgin!

“O‘lmadim…” – deyapman, ne bilay, axir,
Ehtimol, men sensiz o‘lib qolganman,
Qabrsiz, kafansiz o‘lib qolganman.
Ehtimol, biz unda ayrilmasaydik,
Na men endigiydim,
na sen endigi –
Ayrildik, shaytonni kuldirdik unda:
Bu yilning,
bu oyning,
bu kunnidagi
Mana shu ko‘chaning shu burchidagi
meni ham, seni ham o‘ldirdik unda.
So‘limiz, sog‘imiz odamga to‘la,
Qo‘l ushlashib erlar, xotinlar o‘tar.
O‘zidan xabarsiz,
umrida ming bor
O‘zini o‘ldirgan odamlar o‘tar,
O‘tar o‘z qoniga botgan odamlar.
Darvoqe, qon qani?
Qon, axir, yo‘qdir…
Hamma gunohkordir dunyoda,
ammo
Dunyoda hech kimning gunohi yo‘qdir.

Bizsiz bitilmishdir bu tole, bu baxt,
Palahmondan uchgan bir juft toshmiz biz.
Balkim, bu dunyoda
o‘n-o‘n besh yilmas,
Bundan ming yil avval ayrilmishmiz biz.

Halol yo‘limizni qo‘yib,
ne uchun
Adashdik, bir o‘zga yo‘ldan ketdik biz.
Balkim, ming yil avval sahv tushib nedir,
Ming yillik xatoga qurbon ketdik biz.

Almashdi o‘rnini, balkim, qish-bahor,
Qorishdi dunyoning shahari, kenti.
Balkim, o‘z ichida o‘gay onalar
O‘gay bolalarni ko‘tarar endi.

Umrim boshdan oyoq yolg‘ondir, balkim,
Toleim o‘zgadir rostdan ham mening.
Huv yo‘ldan o‘tgan qiz
onamdir, balkim,
Ehtimol, o‘g‘limdir bu o‘g‘lon mening.

Bu yolg‘on umrimda
sen o‘zing nesan?
Balkim, hech sevgilim emassan mening.
Onamsan,
singlimsan,
momomsan,
kimsan?!
Faqat Alloh bilar, kimimsan mening.

Bizni kim ayirar bu ayriliqdan,
Etmas dodimizga na yo‘l, na ko‘prik.
O‘liksan, tiriksan, har nesan, to‘xta!
To‘xta, hech bo‘lmasa, qo‘lingdan o‘pay…

Degaysan: “O‘lganman men, o‘likni o‘pma…”
Qo‘limning kaftida
qo‘ling uvushar.
Degaysan: “Xayringni bersin, qo‘limni o‘pma,
qaragin, qo‘limdan qon isi kelar…”

YO‘QLOV

Rasul muallim va Nigorxonim xotirasiga

Zolim dunyo – o‘z ishida,
Kelishida-ketishida,
Kel, yig‘laylik, yetmishida
Sevgilidek o‘lganlarga.

Yuragi ming xil dard ko‘rib,
Ko‘zi ming xil sifat ko‘rib,
Go‘zal-dilbar umr surib,
Go‘zal-dilbar o‘lganlarga.

O‘tib butazor to‘sindan,
Tikonlarning orasindan,
Qon sizsa ham yarasindan,
Qo‘lda chechak o‘lganlarga…

BU DERAZA SENIKIDIR

Senikidir bu deraza,
Ipak pardasi qalqadir.
Derazangda begonaning
Qora ko‘lkasi qalqadir.

O‘tib so‘lu sog‘dan endi,
Boqarman uzoqdan endi.
Men chekkan bu ohdan endi
Bu yerning yuzi qalqadir.

Tebranar maysa, yaprog‘i,
Tebranar toshu tuprog‘i.
Erdan ko‘kka chiqar ohim –
Oyu yulduzi qalqadir.

Qalqadir eshik-derazang,
Xo‘rsinib, yo‘lga boqarsan.
Zilziladir, yo‘qsa nega –
Derazang o‘zi qalqadir?!

BOShI KESIK GO‘ZAL TUT

Pilla qurtiga yedirish uchun chavaqlangan tutlarga

Boshi kesik go‘zal tut,
bu dog‘ni senga kim suqdi?
Boltani senga kim urdi,
pichoqni senga kim suqdi?

Ipakg‘ipak yaproqlaring
qurtlar aro talandimi?
Bilakday oq butoqlaring
o‘choqlarga qalandimi?

Kuydingmi qismatning achchiqligidan?
Zolimlar qaytmadi zolimligidan,
Yiqilding qo‘l yetmas balandligingdan,
boshi kesik go‘zal tut…

Go‘zal tutim, izillama, bo‘zlama,
na boltalar, ka pichoqlar qolajak.
Samovotdan yiqilsang-da, g‘am yema,
sen yiqilgan samovotlar qolajak.

Dunyoning qurtlari o‘tar,
qori, yog‘ishi o‘tar,
Qator-qator qushi o‘tar,
Tosh otarlar – toshi o‘tar
sen yiqilgan balandlikdan.

Umidli ko‘zlar tikilar,
Yosh niholchalar ekilar
sen to‘kilgan balandlikda…

Mendan senga salom bo‘lsin,
boshi kesik go‘zal tut!
Bolam bo‘lsa, bolang bo‘lsin,
boshi kesik go‘zal tut.

Egilib ko‘ksingga boshim qo‘yarman,
suyagim nay qilib chalasan mening.
Poyingga bir uy bo‘lar oshni uyarman,
uyimning tirgagi bo‘larsan mening.

Go‘zal tut,
yaralaring bitsin, sog‘aysin.
Bu dunyoda na boltalar,
na pichoqlar qolajak.
Samovotdan yiqilsang-da,
yana joning sog‘ bo‘lsin,
Bu dunyoda
sen yiqilgan samovotlar qolajak…

BO‘G‘ILAR

Dunyoning suvi bulg‘anar,
Baliq deb qarmoq bo‘g‘ilar.
Bulg‘anar, ko‘ki bulg‘anar,
Ko‘kida Alloh bo‘g‘ilar.

Ko‘p cho‘kkan yerida cho‘kar,
Dodiga kelgan ham cho‘kar.
Aqlli chuqurroq cho‘kar,
Sayozda axmoq bo‘g‘ilar.

Birovi nag‘mali-sozli,
Birovi boshi qafasli,
Birovi ko‘ylak-libosli,
Birov yalang‘och bo‘g‘ilar…

YIG‘LAMA, BINAFShA MOMO

Yig‘lama, Binafsha momo,
Axir, ne bor yig‘lagulik?
Sovg‘a ber besh nevarangga
Tugunchali, bog‘lamali.

Kim ko‘z tutdi, kim unutdi,
Kim bu darddan xabar oldi?
O‘g‘illarni urush yutdi,
Nevarangni shahar oldi.

Oq sochlar deb dard aylama,
yashil-yashil o‘tlar chiqsa.
Ko‘kni tutib lo‘pillama
yig‘lagan bulutlar chiqsa,
yig‘lama, Binafsha momo!..

Yozasan: “Ko‘zim yo‘ldadir…”
Yozasan: “Qaddim bukildi…
O‘t o‘rgan qo‘llar qaydadir –
O‘tlar sarg‘ayib, to‘kildi…”

Maktub yozmoqqa vaqt qani,
Har dam o‘zing yo‘qla bizni.
Sarg‘ayib so‘lgan o‘tlarning
Qarg‘ishidan saqla bizni, –
Yig‘lama, Binafsha momo!..

Boshingdan quv xayollarni,
Xayollardan bosh aylanar.
Poyezdlarning qatoriday
Ko‘zlaringda yosh aylanar.

Na yaqinda, na uzoqda,
O‘roq o‘rgan pichandamiz.
Hali odam bo‘lmasak-da,
Qo‘rqma, odam ichindamiz,
Yig‘lama, Binafsha momo.

HASRAT

Bir tuproq parchasi quvar ketimdan,
go‘yoki bo‘yimga bichilmish mening.
Uzilib qishloqning oy shu’lasi-la
qurbaqa ovozli
oqshomlaridan,
Uzilib uylardan, odamlaridan
bir tuproq parchasi quvar ketimdan.

Poyezdda, moshinda
Ko‘ngli ayniydigan Binafsha momom
bir parcha tuproqning tushar ketidan,
yugurar, yugurar, yetolmas ammo.

Bir tuproq parchasi kezar shaharda,
Meni axtarmoqdan bezar shaharda.
Yorug‘ reklamalar teshar ko‘zini,
Yig‘lagisi kelar, yig‘lay olmaydi.
Oxiri o‘zini asray olmaydi –
Kengish ko‘chalarning
Kumush asfaltiga tashlar o‘zini,
G‘ildirak tagiga tashlar o‘zini…

Bir tuproq parchasi quvar ketimdan,
Koshki kelib topsa bu kundan meni.
Shu shahar ichida
yolg‘iz qo‘ymasaydi o‘zindan meni.
Kechalar shu tuproq parchasi uzra
Bir daraxt eksaydim,
bir uy qursaydim,
Kelin keltirsaydim qishlog‘imizdan…

KIM AYTAR, UYQUDA O‘LMOQ OSONDIR?..

Deydilar, uyquda o‘lmoq osondir…
O‘zing ham bilmaysan, nechuk o‘lursan.
Sahar sokin eshitarsan azonni,
Uyqudagi sokinlikda o‘lursan.
Ko‘zu kiprigingdan ayrilar joning,
Ruhing badaningdan uchar qush kabi.
Qo‘lingda qolmaydi darding, darmoning,
Tashvishga qo‘ymaysan uyda hech kimni.
Kim aytar, uyquda o‘lmoq osondir?..
Kim bilar, qandoq bu – uyquda o‘lmoq?
Balkim, bu eng buyuk darddir, azobdir,
Eng tor iskanjadir uyquda o‘lmoq.
Bir ko‘z kipriging ham uyquda balkim,
Yillarcha belingda tosh tashiydirsan..
Nafasing kesilar oxirda balkim,
Umringni toshlarga bag‘ishlaydirsan.
Bir ko‘z kipriging ham uyquda balkim,
Jallod boltasidan uzilgan boshing.
Unda qizil qoning oqqandir balkim
Yostiqqa oqqandir unda ko‘z yoshing.
Uyquda o‘lmoqdir eng rohat ajal…
Bu ham bir yolg‘onchi tasallimidi?
Ko‘rarsan, uyquda seni bo‘g‘gan qo‘l
Dushman qo‘limidi, do‘st qo‘limidi?
Nedir birdan unda umring bog‘lagan?
Dilga oqib tushgan bir tomchi qondir.
Kimdir qabring uzra dodlab yig‘lagan?
Balkim, u uyquda seni bo‘g‘gandir.
Kecha qo‘rquv solar uyqumizga-da,
Tebranar kimningdir qora ko‘lkasi.
Balkim chiziq tortsak uyqumizga ham,
Hech kim tushimizga kira olmasin.
Balkim hech yotmasmiz – har yotganning-da,
Agar uyg‘onmaslik qo‘rquvsi bo‘lsa.
Balkim hech yotmasmiz – umr so‘ngida
Sokin bir ajalning uyqusi bo‘lsa.
Ammo uyqung kelar – ko‘rarman, evoh;
Ana, sekin-sekin yumilar ko‘zing.
Yot… tongda uyg‘onmoq umidi ila…
uyqung shirin bo‘lsin –
uxla, azizim…

NE BOR ALLOHDAN YuKSAKDA?

Ne bor Allohdan yuksakda?
Ne bor qabrdan quyida?
Chekkanim ohdan yuksakda?
Bilganim sirdan quyida?
Nega kunning kunduzida
Qushlar uchar ko‘k yuzida?
Ko‘z yoshlari qush ko‘zidan
Tomchilar donday quyiga.
Dema, biz ki qush emasmiz,
Allohga tanish emasmiz…
Ruhim, tur, tamom, ketaylik,
Sen yuksakka, men quyiga…

SEKIN-SEKIN SEVDIM SENI

Sekin-sekin sevdim seni,
Har kun bir oz-da sevdim.
Eng ko‘p bu qish sevdim seni,
Qorda, ayozda sevdim.
Qara, biz tezda isindik,
Havolar uvushganda.
Odamlar qalin kiyinib,
Daraxtlar sovushganda.
Qor ostidan bosh ko‘targan
Chechakdek sevdim seni.
Oloviga isinganim
O‘choqdek sevdim seni.
Hali bundoq sevmagandim
Umrim bo‘yi hech kimni.
Seni sevdim qor ustida
Don axtargan bir qush kabi.
Qo‘rqa-qo‘rqa bu tong chog‘i
Lol boqarsan nega sen?
Aytasanki, quyosh chiqib,
Qor erisa, netasan…

VATAN

Seni sevmoq og‘irdir, Vatan.
Sen ne kundasan,
tepadan quyigacha
gunoh ichindasan.

Bilasanmi, seni sevmoq
bu soat nega o‘xshar?!
Zo‘rlangan bir qizni sevganga o‘xshar.
Bu sevgidan ichkin-ichkin
ichida yonar odam.
Ammo ochiq aytmoqqa
qo‘rqar, uyalar odam.
Bu ne holga tushmishsan,
bu qandoq kundir, Vatan?
Odam seni sevmoqqa endi uyalar, Vatan.
Ustingda neft ko‘lkasi,
kim yuvadi bu ko‘lkani,
Milyonchilar vatani, tilanchilar o‘lkasi.
Neftla ketdi barakoting,
barakot qochdi sendan.
Neftla ketdi bokiraliging,
burg‘ular kechdi ichingdan.
Qarich-qarich qazilsang-da,
sevin to hanuz sog‘san.
Bir kun neft tugaganda
oydin kunga chiqajaksan.

G‘AZAL

Bir sahar yuvdim yuzimu
ko‘zimni bir hovuch suvda,
Ko‘rdim oyoqdan boshgacha
o‘zimni bir hovuch suvda.

Tanidim bo‘ri, qo‘zini,
bu dunyoning har tusini,
Odamlarning nokasini,
sog‘ini bir hovuch suvda.

Topdim o‘tib ketganlarning,
bu dunyodan ko‘chganlarning,
Yuz yil oldin ichganlarning
izini bir hovuch suvda.

Otdim bor dardning toshini,
turdim, tik tutdim boshimni.
Eritdim ko‘zim yoshining
tuzini bir hovuch suvda.

OH, BU QIZNING BARMOQLARI

Oh, bu qizning barmoqlari
Barmoqlarimga tegmadi.
Yuragim og‘rigan kecha
Kelib, eshigim chertmadi.

Oh, bu qizning barmoqlari
Bir maktub yozrmi ekan?
Bir kun o‘ldi, deb eshitsa –
Qabrimni qazarmi ekan?

Oh, bu qizning barmoqlari
Yuir uzuk taqdi beliga.
Qiz edi, bir so‘z demadim,
Endi ne dey bu… kelinga?!

Oh, bu qizning barmoqlari
Uzun-uzun barmoqlari…
Chertmadi, ona, chertmadi
Eshigimni barmoqlari.

QO‘ShILSAK

Dardu g‘am dildan yotlanib,
Biroz sevinsak shodlanib,
Ko‘nglimiz ham qanotlanib,
Uchgan qushlarga qo‘shilsak.

Ko‘rmasak shu ko‘rganlarni,
Termasak shu terganlarni,
Yodga olib o‘tganlarni,
Shu yog‘ishlarga qo‘shilsak.

Tupursak egri ishlarga,
G‘iybatlarga, urushlarga,
Dunyoda na so‘kishlarga,
Na qarg‘ishlarga qo‘shilsak.

So‘zimizda rost bo‘lmasa,
Bu dunyoga bas kelmasa,
Demoqqa bir so‘z kelmasa,
Sassiz toshlarga qo‘shilsak…

ChIQAR

Qo‘lga qalam olgan chog‘da,
Satrlarim qorayganda
Kuylagimga sizgan qonday
Qayg‘ular varoqqa chiqar.

Jonimda so‘zlar siqilar,
Ortar, ustma-ust yig‘ilar,
Yuz qo‘shiq cho‘kar, bo‘g‘ilar,
Bir qo‘shiq qirg‘oqqa chiqar.

Kuygan ko‘p shoir so‘zidan,
O‘pgan yo‘q shoir ko‘zidan.
She’rning astari yuzidan
Qimmat, qimmatroqqa chiqar…

DEMAKI, ShOIRNING BOR-YO‘G‘I TILDIR

Demaki, shoirning bor-yo‘g‘i tildir,
Shapaloq urishga qo‘limiz ham bor.
Biroz boshimizda aqlimiz bordir,
Biroz kissamizda pulimiz ham bor.

Ko‘p botirlar yo‘qqa chiqdi o‘rtada,
Kimning baxti kimni yiqdi o‘rtada.
Na bo‘lsinki, bir ish yo‘qdir o‘rtada,
Hali sog‘imiz ham, so‘limiz ham bor.

Ming yildir tug‘ilib o‘larmiz, ey do‘st,
Yig‘lasak, bas qilib bilarmiz, ey do‘st.
Toki qadam tashlay olarmiz, ey do‘st,
Qabriston tomonga yo‘limiz ham bor.

SOVUSh

Bu odam o‘lar, shekilli,
Qo‘limda qo‘li soviydi.
Asta-asta so‘nar ko‘zi,
Peshona teri soviydi.

Saslar botar qulog‘ida,
Dodlar yitar tomog‘ida.
Yoriq-yoriq dudog‘ida
Bo‘salar yeri soviydi.

Ko‘zlarimda quriydi yosh,
Bu yo odam, yo qabrtosh.
Shundayin jim, yuvosh-yuvosh
O‘likdan tirik soviydi…

ONA

Bu qishni ham yo‘lga soldik,
Bu qor ham eridi, ona.
Erigan qorga qo‘shilib
Yig‘lasak yeridir, ona.

Qaytdi baxtning o‘zi bizdan,
Kim qutqarar bizni bizdan?!
Bu dunyoda o‘zimizdan
Dardimiz tirikdir, ona.

Kun nurga ko‘mdi to‘rt yonni,
Baxtimga tug‘ar kun qani?!
Balkim, soatim dunyoning
Vaqtida ortdadir, ona…

OY YoRUG‘I

Oy yorug‘i tushdi ko‘kdan,
jonimdan – qonimdan o‘tdi.
Ko‘pimning ichindan o‘tdi,
O‘zimning ichimdan o‘tdi,
o‘tdi, tovonimdan o‘tdi.

Oz qoldi-ya,
ikki bo‘lak qilsa meni.
Boshimdan ko‘kka mixladi,
tovonimdan yerga meni.
Yurgim keldi,
qadam qo‘ya olmadim…
Yonimdan odamlar o‘tmoqda,
oy yorug‘i, tegmading hech kimga.
Qo‘ygil meni, oy yorug‘i,
ketay o‘z yo‘limga, ishimga.

Bu ne ishdir, oy yorug‘i,
nega yo‘ling mendan o‘tdi?
Hamma adashdi, oy yorug‘i,
huv uzoqdan, yondan o‘tdi.

Dedilar: jinnimi – nedir,
har kim tamg‘a ildi menga.
Birov boqib mazax qildi,
birov boqib kuldi menga.

… Bu mening qo‘lim-oyog‘im,
Bu mening og‘zim-qulog‘im.
Birovdan kamchiligim yo‘q,
Yo‘q birovdan ortiqligim –
qo‘ygil ketay, oy yorug‘i!

Omon, otam, bu ne toshdir?!
Toshni otgan qayga qochdi?
Itlar poyimga tarmashdi,
qo‘ygil ketay, oy shu’lasi!..
Sen ohimga yetgin, ona,
ona, sening bolang menman.
Bu kecha oy shu’lasiga
chormixlanib qolgan menman.

Ona, mendan o‘tgan bu yorug‘ nedir,
ona, menki, yorug‘ tekkan emasman.
O‘zi mening baxtim shunday ekan-da,
o‘z baxtini so‘kkan emasman.

O‘lganim yo‘q, yig‘lamagin,
O‘taver, dam saqlamagin,
Eshigingni bog‘lamagin –
eshiging chertgan emasman.

Yalama, kovushim kirlidir,
Hurma, jonim sabrlidir,
Qochgil, ey Allohning iti,
men sening egang emasman.

Tilim – lol, boshim – quyi,
Uyning eng bechora o‘g‘li.
Qo‘ygil ketay, oy yorug‘i,
izlaganing men emasman…

YIQILAMAN

Rayner Mariya Rilkega

Yiqilaman, yiqilaman,
o‘zimdan ketaman.
Qalbimdagi sabrdan,
to‘zimdan ketaman.
Sig‘inmoqqa bir burchak yo‘q,
Yiqilmoqqa bir quchoq yo‘q –
yiqilaman, yiqilaman…

Bu dunyoni xudo o‘zi
saqlar mendan yuqorida,
Bu denyo deb yig‘lar ko‘zim,
yig‘lar mendan yuqorida;
Ko‘zim yoshi tomchi-tomchi
tomchilaydi o‘z boshimga.

Ko‘zimdan yiqildim, Alloh,
ko‘zim yoshidan yiqildim.
Har narsaning boshi So‘zdir,
So‘zning boshidan yiqildim…

Boshim uzra, voh, har kecha
bo‘ri uvlab yotar uzoq.
Ko‘kda yulduzlar har kecha
kechagidan ketar uzoq –
yiqilaman, yiqilaman.

O‘LIM

“Eshik” dostonidan

Na urushdan bolang keldi,
Na uyingga kelin keldi.
Ko‘zing ravshan, Zebo momo,
Eshikni och, O‘lim keldi.

Yuzi yo‘q, seni chaqirsa
nafasini yutub O‘lim.
O‘limlarning eng faqiri,
sho‘rlik O‘lim, yupun O‘lim.

Ne ham olsin, nimang bordir
birgina dardingdan boshqa.
Ajin tushgan aft-angoring,
bukilgan qaddingdan boshqa.

Bu O‘lim senga ne desin?
“Momo” desin? “Ona” desin?
Ona bo‘lsang, bolang qani?
Momosan – nabirang qani?

Nabirasiz, bolasiz kampir.
O, qiz kampir, yolg‘iz kampir.
Yostiqlar ho‘l bo‘ldi
ko‘zing yoshidan,
Boshingni ko‘targin, axir!

Ehtimol seskanding O‘limdan axir,
Uyqung qochdi, balkim.
Hech kim och ketganmas uyingdan axir,
Tur, qozon os, O‘lim ochdir, balkim.

Eshikka chiq, O‘lim xafa bo‘lib ketmasin,
yuzingni surt oyg‘iga-qo‘liga.

Yaxshiyamki, bu dunyoda har kimning
haqqi bordir haqdan kelgan o‘limga.

Dunyo botdi o‘g‘illarning qoniga,
Baliq kabi talpinadi, yolvorar.
Yaxshiyamki, O‘lim kelib oborar
Onalarning o‘lgan o‘g‘il yoniga.

Onalarni ko‘rib shoshar o‘g‘illar,
bir o‘g‘il ham onasini tanimas –
Onasining dardga to‘la yuzini,
yuzi to‘la dardini-da tanimas.

Peshonadagi biror ajinni,
sochidagi oq tolani tanimas.
-Bu kampir kimdir? – der.
O‘lim aytar: -Onangdir!
-Yo‘q, bu mening onam emas,
mening onam juvondir…

Ko‘zlari mo‘ltirab
O‘lim qolar o‘rtada,
Endi, axir, o‘z boshiga
ne tosh solsin bu O‘lim?
Qari-qari kampirlarni qaytarib,
Yosh-yoshgina onalarni
qaydan olsin bu O‘lim!?

O‘lim, nega lo‘qillatding ko‘zingni,
Nechuk buncha yo‘qotgansan o‘zingni?
O‘lim, senki oy-u kundan ayirib
umrimizni bizga parcha-parcha
bo‘lishtirgan o‘limsan.
Bu dunyoda
sen hammani bir-biridan ayirib,
U dunyoda ko‘rishtirgan O‘limsan.
Milyon-milyon jon olsang-da,
jonsizsan.
Temirmisan, po‘latmisan, sen kimsan?!
O‘lim, sening bolang yo‘qdir – pushtsizsan,
O‘lim, sening onang yo‘qdir – yetimsan.

Nega qaraysan
onalarning, o‘g‘illarning yuziga,
Pushtsiz O‘lim, yetim O‘lim, buyur, top:
Onalarning orasidan
ona axtar o‘zingga,
O‘g‘illarning orasidan o‘g‘il top.

Otamiz bo‘l, boshimizni silagin,
Onang senga alla aytsin, yotasan.
“O‘g‘il” bo‘lsang – qanday nonko‘r o‘g‘ilsan,
“Ota” bo‘lsang – qanday zolim otasan.

Chiq, ket, O‘lim, yo‘limizda aylanma,
O‘ngimizda, so‘limizda aylanma,
bunda senga ega bo‘lgan topilmas,
bola bo‘lgan, ona bo‘lgan topilmas.

Tirik-tirik o‘g‘illarni
olib ketding onalarning qo‘lidan,
Ammo endi
devor yanglig‘ yopishib bir-biriga,
Qattiq ushlab
avval o‘lgan bolalarning qo‘lidan,
Bir ona ham o‘g‘il bermas O‘limga.
… Va har o‘g‘il shunday
qo‘lidan taniydi o‘z onasini…

Har o‘g‘il o‘z onasining qo‘lini
silar, siypar, uqalaydi barmog‘in.
Nega qaraysan, ey Allohning O‘limi?!
Yaxshilikcha ketgin, O‘lim, yo‘ling oq bo‘lsin!..

OG‘RIQ

“Eshik” dostonidan

O‘g‘li urushda o‘lgan kun
Zebo momo ko‘kda edi –
qo‘llari ko‘kda, ko‘zlari ko‘kda.

-Ilohim, – derdi, – o‘zing madad ber,
yodingdan chiqarma bizlarni ko‘kda.

-Ilohim, – derdi, – joying balanddir,
qarasang, bolamni ko‘rarsan, balkim.
-Alloh bo‘lsang nima bo‘pti, – derdi, –
Allohni ham ona tuqqandir, – derdi, –
qarasang, bolamni ko‘rarsan, balkim…

Allohni ona tuqqan emasdi,
ammo onasining ovoziga
juda o‘xshadi Zebo momoning ovozi,
oldi boshidan aqlini.
Alloh qaradi, boqdi,
Bir yashil daraxtning ostidan topdi
Zebo momoning o‘g‘lini.

Zebo momoning o‘g‘li
chalqanchasiga cho‘zilgandi –
ko‘kragida tig‘ yarasi.
Ko‘zlari ochiq edi,
bosh ustida yaproqlarni ko‘rar edi,
bulutlarni ko‘rar edi –
Bulutlarga to‘la edi
yaproqlarning orasi.
Yaproqlarga to‘la edi
bulutlarning orasi.
Og‘rir edi, og‘rir edi yarasi.

-Bu qanday og‘riqdir, – derdi, – Alloh,
nahot bu og‘riqning oxiri yo‘qdir?!
-Koshki o‘lsam edi, tinchlanardim, – derdi, –
o‘limdan so‘ng og‘riq yo‘qdir.

Asta-sekin
yaproqlardan ajraldi bulutlar,
tutdi ko‘kning yuzini –
bulutlarni ko‘rmadi.

Asta-sekin
bir yaproq
kengayib-kengayib tutdi ko‘zini,
yaproqlarni ko‘rmadi.
Endi o‘ldim, shekilli, deb sevindi.

… Ammo yarasi hali ham og‘rir edi…
Cho‘chidi, seskandi: – Ilohim, nahot
o‘limdan so‘ng ham og‘riq bor ekan?!
Bilardiki, bu o‘limning
xad-xududi yo‘qdir.
Bilardiki, bu o‘limning
oxiri yo‘qdir.
Va, demak, shunday
yuz yil, ming yil kechajak,
yuz yil, ming yil og‘riyverar yarasi.
Rahmi keldi o‘ziga,
yig‘ladi ichkin-ichkin,
yig‘lab-yig‘lab o‘ldi,
qachon o‘lganini o‘zi ham bilmadi…

…Ammo ko‘zlari hali ochiq edi,
ko‘zlari
tikka Allohning ko‘ziga bovardi.
Alloh chidayolmadi,
olib qochdi ko‘zini –
Zebo momoni ko‘rdi.
Zebo momo: “O‘g‘lim”, – deb yig‘lardi.
Allohning yuragi og‘rir edi.
Alloh dedi: -Ey ona!
Zebo momo: “Nima gap, ey o‘g‘il? – dedi.
Alloh dedi: -Ey ona,
boshqa o‘g‘ilni nima qilasan,
kel, mening onam bo‘l, – dedi.
Zebo momo: -Yo‘q, – dedi, –
seni men tuqqanim yo‘q!
O‘rtandi, siqildi Alloh
qoldi samo yuzida.
Zebo momodan yashirib,
sho‘rlik cho‘zdi qo‘lini,
yumdi Zebo momo o‘g‘lining
ochiq qolgan ko‘zlarini, –
Ko‘z yoshidan
ho‘l bo‘ldi barmoqlari.
Etagiga surtli barmoqlarini,
barmoqlari yana ho‘l edi ammo.
Yana etagiga surtdi barmoqlarini,
ammo barmoqlari yana ho‘l edi…

QO‘ShIQLAR

“Eshik” dostonidan

BIRINChI QO‘ShIQ

Tiling kuysin, til egasi,
So‘zlamoqqa tilim kelmas.
Bu ne sirdir, sir egasi,
Ketgan ketar, kelgan kelmas.

Dunyo, yo‘l yotib zeriksin,
Suvlaring oqsin, tiniqsin,
Uy buzganning yop darchasin,
Bu eshikka kelin kelmas.

Ko‘kda bulut to‘lib ketar,
Qushlar qanot solib ketar.
O‘g‘illarni olib ketar,
Onalarga o‘lim kelmas.

IKINChI QO‘ShIQ

Shirin-shirin uxlar edik,
Bir zolim uyg‘otdi bizni.
Onalar bag‘ridan olib,
Bu dunyoga otdi bizni.

Tushdik yo‘llarning komiga,
Baxtimizning so‘rog‘iga.
Taqdir soldi-yu oldiga,
Qo‘lida o‘ynatdi bizni.

Bizki, yo‘l nima – bilmasdik,
Ham o‘lim nima – bilmasdik.
Bilsak, dunyoga kelmasdik,
Onalar aldatdi bizni….

UChINChI QO‘ShIQ

Kiprik ko‘zga ega emas,
Og‘iz so‘zga ega emas.
Dunyo bizga ega emas,
Dunyoning ham egasi yo‘q.

Dardimiz, g‘amimiz birdir,
Har dardning so‘ngi sabrdir.
Har umr so‘ngi qabrdir,
Buning “nechun”, “nega”si yo‘q.

Bizga umrni kim bichdi?
Falakning fe’liga tushdik,
Bir chevar qo‘liga tushdik –
Qaychisi bor, ignasi yo‘q.

TO‘RTINChI QO‘ShIQ

Umr o‘tar sekin-sekin,
Endi kun-kundan qisqadir.
Kel, bylashib ko‘ray, qardosh,
Qani, kim-kimdan qisqadir?!

Axtardim o‘tgan yo‘llarni,
Maysa, o‘t bitgan yo‘llarni.
Dunyoning butun yo‘llari
Mening sabrimdan qisqadir.

G‘am chekmagil, odam o‘g‘li,
O‘tgan o‘tur, bo‘lgan bo‘lur.
Qo‘lim bo‘shdir, dilim – to‘liq,
Tilim umrimdan qisqadir.

BEShINChI QO‘ShIQ

Bu o‘t qaysi o‘tdir ekan,
Qay qabr uzra bitdi ekan?!
Kim kimni unutdi ekan,
Kim kimning yodida qoldi?

Bilgan bormi men bilganni,
Aytmadim mingdan birini.
Qo‘shiqlarning eng shirini
Tilimning ortida qoldi.

O‘lsam ham, onam bolasi,
Oqarmas sochim qorasi.
Peshonamga bitgan yozuv
Sochimning ostida qoldi…

OLTINChI QO‘ShIQ

Ilohim, o‘ldi bu odam,
Ko‘zlari bog‘lidir endi.
Uni na sevmoq qo‘rqitar,
Na o‘lmoq qo‘rqitar endi.

Kimi bor, solsa yodga ki,
Bugun-erta dunyodagi
Bir yashil o‘tdir ul yoki
Qamishday quriyur endi.

Yig‘lamoqqa bir kasi yo‘q,
Daraxti yo‘q, soyasi yo‘q,
Eli, yurti, o‘lkasi yo‘q –
“Alloh”ning o‘g‘lidir endi…

ETTINChI QO‘ShIQ

Xandaqlarga quyosh boqur,
Uyg‘on, uyg‘on, yotgan o‘g‘il!
Qani, qurol tutgan o‘g‘il,
O‘g‘ilning qo‘llari qani?!

Uyda o‘rni qolar bo‘lsa,
Nega kelmas, kelar bo‘lsa?!
Bu kelin u kelin bo‘lsa,
Xinoli zulflari qani?!

Kim bu yurtga g‘am tashidi?!
Bu tog‘ emas, go‘r toshidir.
Bu ko‘l emas, ko‘z yoshidir,
Bas, yurtning ko‘llari qani?!

SAKKIZINChI QO‘ShIQ

Ko‘z yoshga cho‘milgan dunyo,
Yuzing-ko‘zing tozamidi?
Tiriklarning xotirida
O‘lganlari azizmidi?

Bizni ko‘rgan ko‘zgularing
Endi ko‘rar o‘zgalarni.
Ne bilarsan, eng go‘zali –
Ul yuzmidi, bul yuzmidi?!

Dardimizni oz chek, dunyo,
Har kelgan ketajak, dunyo.
Kelganlaring kechikkan yo
O‘lganlaring shoshganmidi?!

TO‘QQIZINChI QO‘ShIQ

Bir piyola choy quy, ichay,
Shirin bo‘lsin, achchiq bo‘lsin.
Onang mening onam bo‘lsin,
Chechang mening checham bo‘lsin.

Uy qurdik – omonat emas,
Bir kimsa ko‘chirgan emas.
Baxtimiz ochilgan emas –
Eshigimiz ochiq bo‘lsin.

Mensiz umring uzun bo‘lgay,
Bosh qo‘ymoqqa tizing bo‘lgay.
Yig‘lamoqqa ko‘zing bo‘lgay,
Oqarmoqqa soching bo‘lsin!

O‘NINChI QO‘ShIQ

Bulut keldi ko‘k boshiga,
Dedi, onam, ur boshingga.
Har qishloq, har uy boshiga
O‘g‘il ketdi, oh, qaytmadi.

Kunduz o‘tdi, kecha qoldi,
Daraxttlar silikisha qoldi,
Barglar o‘sha-o‘sha qoldi,
Butoqlari bo‘y otmadi.

Yillar yedi izlarini,
O‘g‘illarning tizlarini,
Onalarning ko‘zlarini
Yo‘llar yedi, hech to‘ymadi…

DEVOR

Qog‘oz emas – devordir bu,
Boshimni urguvchi devor.
Xayol surib, yig‘lab-kulib,
O‘rtanib turguvchi devor

Bir toq-tanho daraxt kabi
Ostida bitguvchi devor.
Yig‘laganda bolish kabi
Yuzimni surtguvchi devor.

Varaq emas, devordir bu,
G‘amdan oqarar har kecha.
U tomondan kimdir meni
Saslar, chaqirar har kecha.

Men o‘lsam, demangiz yolg‘iz,
yig‘langiz bizga, yig‘langiz.
Meni deya azob chekkan
ul yetim sasga yig‘langiz.
Bu devorning bul yuzinda
o‘lgan Romizni ko‘ming va
Bu devorning ul yuzinda
qolgan Romizga yig‘langiz…

KIM BILSIN…

Inson insondir, qardoshim, hayvon hayvondir:
xotini ham, erkagi ham,
kuchugi ham, mushugi ham.
Inson insondir, qardoshim, hayvon hayvondir:
sevilgani ham, so‘yilgani ham,
sog‘ilgani ham, yeyilgani ham.
…mana, baliqlar bor,
mana, bor qushlar…

Men odam bo‘lmasaydim,
bilingki, qush bo‘lardim.
Agar it bo‘lsam ham,
bilardimki, qushman,
hali qanotlari chiqmagan qushman.

Ehtimol,
kim bilsin, otam bolasi,
Ehtimol, rostdan ham it asli qushdir,
ammo itning ishi qush ishi emas,
tuproqdan ayrilibuchgisi kelmas,
osmonda qanotin ochgisi kelmas…

… Bu dunyo o‘zi ham bir parcha qushdir,
murg‘ak, bir tuxumday qushdir bu dunyo.
Xotinmi-erkakmi, itu mushukmi,
bir kun ko‘rajaksan: uchdi bu dunyo.
Uchib ketdi,
o‘tib ketdi qushlardan,
Chinqirib-chinqirib uchajak qushlar
dunyomizning ortidan,
Qanotlari charchaguncha,
uzilguncha uchajak,
O‘lguncha,
uchajak qushlar
dunyomizning ortidan.
O‘lik-o‘lik qushlar to‘kilar
samo bo‘shlig‘iga,
Havolarga, havolarga,
uzoq-uzoq, boshqa-boshqa dunyolarning
qumlog‘iga, toshlog‘iga,
o‘lik qushlar to‘kilar.
…qorishib yotar qushlar
toshlarning orasida….

Boshqa-boshqa dunyolarning odamlari
tosh o‘rniga
O‘lik qushlarni otajaklar
bir-birlariga.
Hech kim ajratmaydi –
qush qaysidir,
tosh qaysi….

…Ehtimol,
kim bilsin, otam bolasi,
Ehtimol, bizning dunyomizning ham
kesaklari, toshlari
Uchib ketgan dunyolarning
o‘lib tushgan qushlaridir, qushlari…

BULUT

Yuragimning g‘amini,
Ko‘zlarimning namini,
Qardoshimning to‘yida
lo‘ppi-lo‘ppi bug‘langan
Palovning damini
yutib ichiga
boshimning ustidan bir bulut o‘tar.

Onam bulut, jonim bulut,
Seni ko‘rdim, bag‘rimning ichi achishdi,
Ko‘zimning yoshi achishdi,
Uyimning devori-toshi achishdi –
ol bu tosh-devorning qo‘lidan meni,
qutqar meni, o‘zing bilan olib ket.

Oneam bulut, onamdan ortiq bulut,
Sochlari chilvir bulut,
Yonoqlari kulgich bulut –
balki meni sen tuqqansan,
men sening bolangman yoxud.

Men bulut o‘g‘liman, bulut bolasi,
Bulut parchasiman, bulut porasi,
bulutga to‘laman boshdan-oyog‘i.

Ustim – bulut, ichim – bulut,
Ko‘ksimda yuragim –
bulut,
Egnimda kiyimim, ko‘ylagim –
bulut.
Peshonamda sochim –
bulut.

Bulut-bulut sochlarimdan
endi hech ne qolmadi
Peshonamning ajinini yopomoqqa.
Meni izlamoqqa, azizlamoqqa
endi hech ne qolmadi –
Onam bulut, singlim bulut,
qutqar meni, o‘zing bilan olib ket.

Onam bulut,
Dardimdan ko‘zlari namlangan bulut.
O‘zini yodidan chiqarib,
anchadan boshimda aylangan bulut –
Seni ko‘rgan oni qonim jo‘sh urdi,
qaynayverdi, toshdi tomirlarimdan,
Qolmadi, qonim qolmadi,
Yarim jonim qolmadi,
tez o‘t, onam bulut, o‘ldirma meni…

… Yuragimning g‘amini
Ko‘zlarimning namini,
Qardoshimning to‘yida
lo‘ppi-lo‘ppi bug‘langan
Palovning damini
yutib ichiga
boshimning ustidan bir bulut o‘tar.
Yo‘ling oq bo‘lsin, ketgan bulut,
Ketib, ketib ko‘zimdan yitgan bulut.

Bir vaqt bu yerlarga kelsang, kelmasang,
Erga boqib meni ko‘rsang, ko‘rmasang,
qayg‘u chekma, yig‘lamoqdan kechib ket,
qo‘shin-qo‘shin bulutlarga qo‘shil, ket.
Menla-mensiz dunyo o‘sha dunyodir,
bu dunyoning shu turishi sog‘ bo‘lsin,
erda –toshi, ko‘kda qushi sog‘ bo‘lsin.
Qushlarning qanotlari
Silkib o‘tsin bulutlarni,
Ko‘k yuzining bulutlari
qo‘shin-qo‘shin sog‘ bo‘lsin.
Onam bulut, sen ham sog‘ bo‘l bulutlarning ichida,
Yomg‘iring sog‘ bo‘lsin,
boshing sog‘ bo‘lsin…

SUT TIShINING OG‘RIG‘I

Doston

Fuzuliyga, yana bolam Ravshanga

Birinchi sentyabrda, maktabda darslar boshlanganda maa’lum bo‘ldiki, to‘rtinchi sinfning hamma o‘quvchilari qimirlab qolgan sut tishlarini bu yoz tushirib qaytibdilar. O‘sha sinfda faqat bir bolaning og‘zida bir dona sut tishi qolgan ediki, bu ham Samad edi. Samad og‘zini ochib salom bergan zahoti o‘quvchilar bu tishni ko‘rdilar, kuldilar.
So‘ngra qalin bir ipning bir uchini Samadning tishiga bog‘ladilar, bir uchini – sinfxonaning eshigiga.
O‘sha yoz qishloqqa shahardan yangi muallima kelgandi, juda go‘zal qiz edi, ismi Chimnoz edi. Birinchi dars ana shu Chimnoz muallimaning darsi edi va, o‘zingiz tushunib yetganday, eshikni ochib Samadning tishini sug‘urgan ham Chimnoz muallima bo‘ldi.
To‘g‘risi, Samad qo‘rqoq emasdi, ammo eshikning orqasidan Chimnoz muallima tuflisining poshnachalari taqillaganda Samadning yuragi joyidan qo‘zg‘oldi, eshik tortilib ochilganda Samadning o‘zi ham joyidan qo‘zg‘oldi, o‘qday uchib Chimnoz muallimaning quchog‘iga tushdi. Samadning bo‘yi zo‘rg‘a Chimnoz muallimaning ko‘kragidan kelardi, shuning uchun Chimnoz muallimaning yuragi to‘g‘ri Samadning qulog‘i ostidan dukurlab tepardi.
Samadning tishiga bog‘langan ip ham uzilgandi, bir uchi eshikda osilib turardi. Ip uzilgandi, ammo uzilgan sut tishi ham Samadning og‘zida edi.
So‘ngra Samad o‘tib joyiga o‘tirdi; Chimnoz muallima darsda nimalarni o‘tdi, nima dedi, Samad eshitmadi – qulog‘ida faqat Chimnoz muallima yuragining dukurlashi eshitilardi. Samad oqshom to‘shakka kirib yotganida ham u yurakning dukurlashi hali qulog‘idan ketmagandi.
Yondosh uyda chiroq yonardi, otasi miltiq tozalardi, ehtimol, sahar-mardonda yana ovga chiqsa kerak. Devordagi qora gardishli suratdan onasi suqlanib otasiga boqardi.
Onasi Samadni tug‘ayotganda o‘lgandi. Samad bu dunyoga kelib ko‘zlarini ochganda, onasini o‘sha qora gardishning orasidan, o‘sha o‘lim panjarasidan suqlanib boqqan holda ko‘rgan edi.
Onasi otasini juda ham yaxshi ko‘rar ekan, aytishlaricha, bu qishloqda hech kim bu qadar kuchli sevgini ko‘rmagan ekan. Balkim, Samad tug‘ilgand a onasi u sevgi tufayli o‘lgandir, u sevgisini to‘qqiz oy yuragining ostida asragan o‘z farzandi bilan ham bo‘lishgisi kelmagandir.
Haligacha Samad onasi yuragining urishlarini yodida asrab kelardi, endi esa, qancha urinmasin, u dukurlashlarni yodiga keltirolmasdi, endi Samadning qulog‘ida Chimnoz muallimaning yuragigina sas berardi.
Shu lahzalarda Samadning o‘z yuragida ham nimadir kurtak otar, o‘sib, gurkirab borar, entiktirardi. Samad buni butun jonu tani bilan his qilardi, ammo uning nima ekanligini hech xayoliga keltirolmasdi va qalbini to‘ldirgan u entikishdan ham lazzat olardi, sevinardi, ham bir boladay qo‘rqardi.
Hali mevasi na bo‘lishidan xabarsiz, umrida ilk barg chiqargan yosh daraxtday o‘z jonida bo‘rtgan birinchi mevadan yegan boladay ham lazzat olar, sevinar, ham bir boladay qo‘rqar.
… Samadning yuragida kurtak otgan u mevaning ismi SEVGI edi…

Bu nechuk sevgidir, tushdi boshingga,
Allohdan qo‘rqmadi, mening bolam?
Boqmadi go‘dak yoshingga,
og‘zingdagi sut tishingga boqmadi, mening bolam –
bu nechuk sevgidir tushdi boshingga?!

Bu keksa dunyoda shu yosh yoshingda
tishlading har neni shu sut tishingda.
Totding bu dunyoning ko‘p achchig‘idan,
o‘tding yo‘talidan, qizamig‘idan,
sevgisiga
tutilding bu dunyoning.

Zolim sevgi, boqqil, seni nayladi,
bunday zolim o‘lim yo‘qdir, dard yo‘qdir.
Qo‘lingda qorayar emlash payvandi,
bolam, sevgidan emlash – payvand yo‘qdir.

Bu sevgidir, mening bolam,
umrlardan uzun sevgi:
bir qo‘lida
beshiklarni tebratgan,
bir qo‘lida
qabrlarni qazgan sevgi.

Bu sevgidir, mening bolam, –
bir asov tulporday
ortimizdan chopgan sevgi,
qayda bo‘lsak, o‘lim kabi
kelib bizni topgan sevgi.

Bu sevgidir, mening bolam,
ming yildirki – omon sevgi,
ko‘zidan yosh tomchilagan,
qo‘lidan qon tomgan sevgi…

… O, sen kimsan, mening bolam:
bu chandiqli yuzing tanish,
yamoq tushgan tizing tanish.
Chimrilganda – qoshing tanish,
yig‘laganda – ko‘zing tanish.
Bolalarning, go‘daklarning
eng faqiri, siqilgani,
hammadan ham sekin yurib,
hammadan ko‘p yiqilgani.

Ehtimol, sekin yurgin deb,
sevgi seni xohladi,
yo‘llaringni to‘rt tarafdan bog‘ladi.
Endi shunday, bu sevgidir
suvlaring ham, yemaging ham.
Sumbul kabi yuragingda
bu sevgi don bog‘ladi.

Qisqagina umrimizda
dunyoga boqa-boqa,
bolam, ming yillardan buyon
yashayapmiz shunaqa.

Ming yillardir
yuragimiz tomir-tomir
sevgiga bog‘lidir bu yer yuzida.
Changidan yulduzigacha,
o‘g‘lonidan qizigacha
bari hisoblidir bu ye yuzida.

Bu dunyoning sevgisi ham
o‘lchovli, hisoblab chiqilgan, bolam.
Barchamizga bo‘laklanib,
bo‘yimizga bichilgan, bolam.

Ammo, urfdan qolgan chopon ko‘rganday,
ko‘pdir bu dunyoda sevgidan kulib,
aftin burushtirgan, labin burganlar.
Ko‘pdir bu dunyoda qo‘l-qo‘l ushlashib,
yalang‘och kezganlar, ishqsiz yurganlar.

Sevgisiz o‘pichlar yalang‘och,
qizlarning yonoqlari
yaproqday quriydi och –
ko‘pdir daraxtning ildizidan kirib,
shoxida barg kabi hissiz yurganlar.

Kesilgan o‘rmonlar kabi,
quriyotgan ummonlar kabi
sevgi ham tugaydi bu yer yuzida.
Dunyoda qo‘li bo‘sh, tilanar sevgi,
u yonga-bu yonga bo‘ylanar sevgi,
sevganlarni izlar ko‘zi – topolmas,
yigitni topganda qizni topolmas –
sevganlar yolg‘izdir bu yer yuzida.

Mening bolam, sen-da yolg‘iz,
yolg‘iz, yer yuzinda yolg‘iz,
oy kabi, kun kabi yolg‘iz,
tuproqda don kabi yolg‘iz,
bog‘da shamol kabi yolg‘iz,
jonda yurak kabi yolg‘iz.
Sen ham yolg‘iz, mening bolam,
bu ko‘kning ostida yolg‘iz,
Dunyoda sevgi atalgan
bir yukning ostida yolg‘iz.

Lablaring nimadir deydi, pichirlar,
ko‘zlaringdan yosh to‘kilar, mening bolam.
Suyaklaring qisirlaydi, g‘ichirlar,
beling bukilar, bukilar, mening bolam.

Allohning ko‘zi qiydimi –
shoshdi bu ko‘kning egasi.
Sevgi sening yuking emas,
qani bu yukning egasi?!

Tangr o‘zi yeng shimarib
kirsin bu yukning ostiga,
Kuragini, yuragini
bersin bu yukning ostiga.

… Voh, ehtimol, jonim bolam,
yo‘qlikka baqirgan menman.
O‘zim bunda qarab turib,
o‘zgani chaqirgan menman.

Balkim, bu ko‘kning ostida
men ham gunohga botganman.
Sen kirgan yukning ostidan
elkamni olib qochganman.

Poyonsizdir dunyo yuki:
sevgisi – yuk, nafrati – yuk.
Uchrashganda suhbati – yuk,
ayrilganda hasrati – yuk.

Dunyo – bir yuk daraxti,
har yukning ko‘ki insondir.
Insonning yuki – bu dunyo,
dunyoning yuki insondir.

Peshonaga bitilganmish
elkamizga tushar yuklar.
Bolaginam, bu yozuvdan
qochmoq mushkul ekan-da.
Yuk ostidan yelkasini
olib qochsa kattalar,
bolalarning yelkasiga
yuk tushar ekan-da.

Bilmay qoldim, jonim bolam,
men oriqni kechirgin,
Elkamdagi qabariqni kechirgin!..

“Kechir!”… Gapga qara, Alloh! Hamma bir-biriga: “Kechir!” – deydi, ammo hech kim hech kimni kechirmaydi.
Biroq oyog‘imizga tekkan toshlar bizga “kechir” demadi.
Biz tosh bilan urgan qushga “kechir”demadik.
Shunaqa yashaymiz: toshlar, qushlar, odamlar. Bizni og‘ritganlar, biz og‘ritganlar.
Qushlar va bolalar bir-biriga o‘xshaydi. Bolalar ham tushlarida ucha oladi. Tushida uchgan bolaning bo‘yi o‘sadi, deydilar.
Tush yo‘q narsa, tushning joni yo‘q. Ehtimol, har uchgan qush joni kirib qanotlangan tiyra ko‘zli bir tushdir – bir go‘dakning tushidir. Bas, shunda y ekan, bolalar nega qushlarga tosh otadilar, qushlarning oyog‘idan daraxt shoxiga bog‘lab qo‘yadilar.
Mening bolam, ko‘rayapman, sen ham shu bolalarning orasidasan.
Bir daraxt tevaragida davra qurib o‘tiribsizlar. Shoxlardagi chumchuqlar sizga boqadi – oyoqlariga bog‘langan ipdan xabarsiz, sho‘rlik chumchuqlar. Bolalar to‘satdan qichqirishadi, chumchuqlar hurkib qo‘zg‘oladi.
Sen ham qichqirdingmi, mening bolam?!

Bu dunyoda bolalarga aldangan
qushlardan ham sho‘rlik ne bor, ilohim?
Oyog‘idan butoqlarga bog‘langan
qushlar nega qanot qoqar, ilohim?!

Sho‘rlik qushlar tipirchilar, urinar,
butoqlardan qanotlari tilinar.
Ko‘kdan yerga elangan qush patidan
bolalarning sochlariga oq tushar.
Daraxtlarni qo‘porolmas o‘rnidan,
sho‘rlik qushlar charchab, chirqiroq tushar.

U bolalar, u kichik jallodlarning
oyog‘i ostinda, azob ichinda
o‘lgan qushlar qon tomirga osilib
yurak kabi titrar ipning uchinda.

Qushlar emas, o‘lgan bizmiz, ehtimol.
Kim biladi – o‘lgan kimdir, tirik kim?!
Unda turgan
qo‘llari qon go‘dak menman, ehtimol,
unda o‘lgan u qush – mening yuragim.

Barglar tushar
u qushlarning ochiq qolgan ko‘ziga,
botiq-botiq oyoqlardan
qonli iplar yechilmas.
Endi shundoq bu qushlarning yuziga
osmon ham bir qulf eshikday –
ochilmas.

Chumchug‘ini ayirmaylik bulbuldan,
qush siyoqli yuraklarga yig‘laylik.
Ne zamonsoz shoirlarning qo‘lida
qo‘shiq yozgan laylaklarga yig‘laylik.

U qushlar ham biroz bizga yig‘lasin,
bu yuraksiz umrimizga yig‘lasin.
Balkim, bizdan xabarsizdir u qushlar,
yomonimiz, yaxshimizdan xabarsiz,
bu oqargan sochimizdan xabarsiz,
bu tirishgan yuzimizdan xabarsiz.

Ustimizda dog‘lar qolmish
u qushlarning qonidan,
yuz bir kiyim almashtirsak
endi u qon ketmagay.
U iplarning izi ham
jizillaydi butoqlarning jonida.
U qushlarning sasi hali
daraxtlarning qulog‘idan ketmagay.

Balkim shunday, qushlar so‘nggi fursatda
o‘la-o‘la bizni sevgan, qarg‘agan.
Balkim, Alloh bizni ip-la u paytda
u qushlarning oyog‘iga bog‘lagan.
Balkim shunday, u dunyoda tuproqdan
har sahar ul ipning uchidan tutib
uyg‘otar,
uyg‘otar bizni u qushlar,
ipga osib qo‘ygan o‘yinchoq kabi
o‘ynatar, o‘ynatar bizni u qushlar.

Peshonamiz tirishidan,
bag‘rimizning boshidan
biz u ipni yecholmaymiz o‘lguncha.
Bu dunyoning tuprog‘idan, toshidan,
Xotinlarning nozidan, qarg‘ishidan
ozod-erkin ucholmaymiz o‘lguncha.

Yig‘lagaymiz – bizga kular u qushlar,
Yashirinsak – yana ko‘rar u qushlar.
U qushlarni ko‘rmayin, deb
ko‘zimizni yumarmiz –
kelib tushimisha kirar u qushlar.
U qushlarning oyog‘iga yiqilib
yolvorarmiz: yoqamizdan yiroq ket.
Kecha-kunduz tinchligimiz yo‘qoldi,
biror oqshom uyqumizdan yiroq ket!..

… Tushimizda o‘lik qushlar tirilar,
qanot qoqib tebratar ko‘k yuzini.
Oyoqlarin qonli ipi cho‘zilar,
g‘ichirlatar daraxtning ildizini.

Qushlar tortar daraxtlarni ortidan,
chinorni ham, yong‘oqni ham qo‘porar.
Tuproq yerni qattiq ushlar daraxtlar,
qushlar tortar –
tuproqni ham qo‘porar.

Qushlar tortar, qalqar uylar-eshiklar,
bir-birini quvlar itlar-mushuklar.
Xotinlar ham, ushoqlar ham qichqirar,
qo‘rqoqlar ham, qochoqlar ham qichqirar.

Qichqiramiz: – Qutqar bizni, Allohim!
Qushlar qayga tortar bizni, Allohim?!
Balkim, qushlar torta-torta oborib,
yo‘qliklarga otar bizni, Allohim!..

Tosh keltirib, izlagaymiz qushlarni,
bitta-bitta ko‘zlagaymiz qushlarni.
Uchgan qushlar ko‘k yuzidan to‘kilar,
tosh otarmiz bir dona qush qolguncha.
U bitta qush yana bizdan zo‘r kelar,
yana tortar dunyomizni tolguncha.

O‘zi rostdan bitta qushmi, ilohim,
bu dunyoni shahar-shahar, o‘lka-o‘lka ko‘targan?!
Bu dunyoda eng oxirgi shoirning
yuragidir, balkim, bizni ko‘targan.

Biz u qushga, Alloh, nega tosh otdik?!
Xotin, go‘dak ham kesa-yu yosh otdik.
Bu dunyoda eng oxirgi shoirning
yuragini toshlaguncha tosh otdik.

U qushning ham so‘ngisini otaylik, –
kimning toshi tegar, qani, u qushga?!
Ko‘zimizni katta ochib boqaylik
ko‘k yuzidan ko‘chib kelgan u qushga.

Ko‘k yuzining uzanar har qarichi,
bu ne ishdir, ayt, ko‘klarning Egasi?
Nechun, aytgil, dunyoning ham, qushning ham
hech tuzalmas, hech tuzalmas yarasi?!

Qo‘l ber, bu dunyoning tog‘u tuzin tut,
tog‘u dashtning, axir, nedir gunohi?
Bu dunyoni o‘zing ushla, o‘zing tut,
yiqilarmiz, yiqilarmiz, ilohi!

Balkim, bir dam ko‘rolmadik u qushni,
Balkim, o‘zga dunyolarga to‘qnashib,
parcha-parcha to‘kiladi bu dunyo.
Ko‘k yuzidan u qush g‘arib tushadi.
U qush oxir qayga borib tushadi,
oxir qayga yiqiladi bu dunyo?1

Qutqar bizni bu qo‘rquvdan, Allohim,
Uyg‘ot bizni bu uyqudan, Allohim!..

… U uyqudan telba kabi uyg‘onib,
ko‘zimizni ochganda,
Qo‘rqa-qo‘rqa ko‘tarishib ko‘rpani,
qush o‘ligin axtaramiz
to‘shagimiz ichida…

O‘lik qushlar yerga qator-qator tushib yotardi.
Bolalardan biri:
-Tezroq bo‘linglar, qochdik, – dedi. – Chimnoz muallima kelyapti!…
Rostdan ham yo‘lning u chetidan Chimnoz muallima kelardi, o‘zi ham to‘g‘ri ular tomonga kelardi. Ehtimol, u qushlarning boshiga tushgan savdoni ko‘rgandi.
Bolalar yerdagi o‘lik chumchuqlarni yig‘ishtirib, tezda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar. Daraxtning ostida faqat Samad qoldi, yana bir – o‘lik chumchuq.
Chimnoz muallima keldi, o‘lik chumchuqni yerdan ko‘tardi va Samadga o‘girilib:
-Ertaga yo otang, yo onang maktabga kelsin! – dedi.
Samad indamadi.
-Gapiimni eshitmadingmi?!
Samad yana gapirmadi.
Shunda Chimnoz muallima Samadning qo‘lidan tutdi:
-Qayerda yashaysizlar? – dedi.
Samad boshi bilan imladi.
Chimnoz muallima Samadning qo‘lidan tutdi:
-Ketdik! – dedi.
Samad egilgancha Chimnoz muallimaning yonida yo‘lga tushdi.
Ketdilar, yetdilar, Samad eshikni ochdi, ichkariga kirdilar.
Samadning otasi yo‘q edi.
Chimnoz muallima qo‘lidagi o‘lik chumchuqning boshi ni siladi:
–Hech qisi yo‘q, kutib turaman! – dedi.
Shunday aytdiki, go‘yo Samadning otasi kelib, bu chumchuqni tiriltiradi.
So‘ngra Chimnoz muallimaning ko‘zi devordagi suratga tushdi:
-Onangmi? – dedi.
Samad boshini qimirlatdi.
-Onang ham uyda yo‘qmi?
Samad boshini tebratdi.
Chimnoz muallima suratga suqlanib boqdi:
-Qanday go‘zal onang bor-a, – dedi. – rostdan ham go‘zalmi yo suratda go‘zal chiqqanmi?
Samad oxiri tilga kirdi:
-Bilmayman, – dedi, – ko‘rganim yo‘q!
Chimnoz muallima suratning qora gardishini endi ko‘rdi, seskanib o‘lik chumchuqni qo‘lidan yerga tushirib yubordi.
Samad tez egilib, qushchani yerdan ko‘tardi. Shu payt eshik ochildi, otasi ichkariga kirdi, yelkasida miltiq bor edi, qo‘lida u ovlagan bir juft qirg‘ovul.
Samad otasining yonidan suqilib o‘tib, tashqariga chiqdi.
Chimnoz muallimao‘lik qushlarni ko‘targan Samadning otasini ko‘rib, o‘zini yo‘qotib qo‘ygandi.
Chimneoz muallima bu yosh umrida hali hech bir kishidan qo‘rqmagandi, ammo endi his qildiki, bu odamdan qo‘rqadi, eng og‘iri shu ediki, bu qo‘rquv unga lazzat baxsh etardi.
Chimnoz muallima bexosdan bu odamning qo‘lidagi bir juft qirg‘ovul bilan, yana bu kishi ovlagan barcha qirg‘ovullar bilan, kakliklar, bedanalar, jayronlar bilan, boshqa shunday jonivorlar bilan o‘zining qondoshligini, yaqinligini his qildi va bir juft qirg‘ovulni ko‘rsatib, yuragi dukurlay-dukurlay:
-Ovchimisiz?- dedi.
Samadning otasi Chimnoz muallimaning oyog‘idan boshigacha termulib:
-Ha, – dedi. – OVChIMAN!..

Bir ov maydonidir bu qishloq, shahar,
miltiqsizu o‘qsiz bu qanday ovdir?!
Bir ozcha ovchidir hamma erkaklar,
xotinlar hammasi bir ozcha ovdir.

Bu makkor boqishning qurboni bo‘lay,
ayollar ovlanar, qizlar ovlanar,
Uzun kipriklari yordam berolmas,
ola ko‘zlar, qora ko‘zlar ovlanar.

Qanday soz, eshikni ochib kelibsan,
sen mening ovimsan –
tanidim seni.
Balkim, baxt qushisan, uchib kelibsan,
bas, qani yelkangda qanoting seni?

Devorlar gul ochar – qo‘ling teginsa,
Tortilar Tangrining qo‘li bu uydan.
Biroz tutun hidi, poroxning dudi,
Bir ozcha qon xidi kelar bu uydan.

O, yomon tikilar ko‘zing devorga –
suratga boqqanda yoshlanar ko‘zing.
Buraylik suratning ko‘zin devorga,
bu shahid sevgining ruhi yonmasin.

Balkim, bir tush erur u o‘lgan ayol,
yumsam ko‘zlarimni – qaytadi, balkim.
Sevgi ilohiydi u o‘lgan ayol,
usiz ilohsizman dunyoda, balkim.

O‘lganga baribir, sho‘rlik – qolgandir –
O‘lgan o‘ldi, qolgan endi naylasin?!
Deydilar: xudolar o‘lmas…
yolg‘ondir!..
Xudo o‘lgan yerda banda naylasin?!

Yarim zor, yarim hush ketar o‘lganlar,
Kim aytar, qo‘li bo‘sh ketar o‘lganlar:
Qo‘li tekkanidan oborar qo‘li,
Ko‘zi ko‘rganidan oborar ko‘zi.
Qabrlar ko‘payar – dunyo kamayar,
O‘lganlar parchalab oborar bizni.

Birozdan obketar har o‘lgan odam
har qolgan odamning tirikligidan.
Nonning ta’midanu
suvning totidan,
Chechakning isidan, gulning xididan.

Tirilar hammasi biroz-birozdan,
bir quruq soyamiz,
bir bo‘sh alvasti.
Allohim, chiqajak axir qachondir
tuproqning ustiga
tuproqning osti.

Bilaman, o‘lganlar tirilmas –
ammo
Mening u dunyo-la oldi-berdim bor:
Ehtimol, o‘limni o‘lim olgaydir,
O‘limni o‘lim-la almashmoq darkor.

Sen ham, go‘zal xonim, meni kechirgin,
seni qo‘rqitmasin qo‘limdagi qon.
Mening ovlaganim u barcha qushlar
u o‘lgan ayolga qurbondir, qurbon.

Yuz qushning, ming qushning o‘limi, balkim,
uning o‘limiga teng kela bilsa,
Oxiri kunlardan bir kuni, balkim,
uni u dunyodan men ola bilsam.

… Balkim, seni unda Tangrim ko‘ndirmish,
Balkim, u dunyodan kelgan malaksan?!
U ayol o‘lganda o‘lgandim, o‘lgan –
Ehtimol, sen meni tiriltirarsan…

Sochlaring bunchalar yumshoqdir, yumshoq,
sochingga teginsa –
qo‘lim tirilar.
Men o‘lgan edim-ku, ne bo‘ldi, Alloh,
balkim, tanimdagi O‘lim tirilar?!

Tirilar ko‘ksimda yurak, Allohim,
Tirikman!
Tirikman!
Tirikman yana!
Tiriklar yashashi kerak, Allohim…
O‘zing rahmat qilgin o‘lganlaringni…

…Samad murg‘ak tirnoqlari bilan bog‘da yerni kovlab, o‘lik chumchuqni ko‘mib qo‘ymoqchi bo‘lardi.
Tuproq jips edi, Samadning barmoqlarini og‘ritardi…

Iltijo qilamiz ming-ming til ila –
Dunyoning tosh sabri kabi sabr yo‘q.
Qabr yo‘qdir,
bir bolaning qo‘li-la
Qazilgan qush qabri kabi qabr yo‘q.

Bir hovuch qora tuproq
bas edi,
Qushlar bizdan ko‘z yoshi ham so‘ramas.
Bir qarichday qabr qazsak,
bas edi,
Bir barmoqday go‘r toshi ham so‘ramas.

Buncha o‘xshash qushlarning, bolalarning o‘limi –
Ikkisidan ham dunyoda bir yuk qolar:
Bolalardan – to‘ygunicha yasholmagan bir umr,
U qushlardan to‘ygunicha ucholmagan ko‘k qolar.

Odam o‘g‘li, sabab budir, ehtimol,
bolalarning
tobuti tosh kabidir.
Balkim, bu zil tobutlarga yuklangan
bolalarning yashalmagan umridir.

Yaxshiyamki, tobuti yo‘q qushlarning,
u tobutni yuklab qanday kezardik?
Butun osmon u tobutga yuklanib,
balkim, nozik yelkamizni ezardi.

Balkim, yetdi dodimizga bolalar,
O‘lga qushga qabr qazgan bolalar
bu tobutdan yelkamizni asradi.
Tepamizdan bosib turgan bu ko‘kdan,
Bu quyoshdan, bu yulduzdan, bu oydan,
bu bulutdan yelkamizni asradi.

Yaxshiyamki, yashayapmiz shunaqa,
har gunohni yuvgan, tuzgan topilar.
Yaxshiyamki, bu dunyoda bir parcha
chumchuqqa ham qabr qazgan topilar.

… Balkim, mening qabrimni ham qazgan bor,
kunduz qazar,
kecha qazar qabrimni.
Chumdugi-la cho‘qib-cho‘qib tuproqni
biror mitti qushcha qazar qabrimni.
Axir, hali men oz umr surganman,
O‘lim, balkim – uzoq, balkim, yaqindir.
U qushchani, balkim yuz bor ko‘rganman,
aytganmanki,
izlagani don-dundir.

U chumchuqning yemi, balkim, menman, men,
U chumchuqning chumduginda donman men,
cho‘qilar, cho‘qilar meni u chumchuq.
Kunlarimni, yillarimni cho‘qilar,
Qora sochim, qo‘llarimni cho‘qilar,
cho‘qilar, cho‘qilar meni u chumchuq.
U chumchuqning chumdugidan qutulib,
bekinmoqqa hech bir makon topmadim.
U chumchuqning qabog‘inda tutilib,
chidamoqqa jonimda jon topmadim.

Cho‘qilaydi, cho‘qilaydi bu chumchuq,
bu tanimdan
necha jonlar ayrilar.
Mendan qo‘pib,
qavat-qavat shilinib,
yana yangi,
yangi tanlar ayrilar.

Cho‘qilaydi, cho‘qilaydi bu chumchuq,
og‘riq chiqar tanimdan.
Tanimdagi og‘riqlardan ko‘karib,
qizim chiqar,
o‘g‘lim chiqar tanimdan.

Odam o‘g‘li, bas, sen nechuk, men nechuk,
bas, men kimman,
bas, men qaydan tug‘ildim?!
Balkim, shunday otamni ham
cho‘qilagan bu chumchuq,
Men otamning tanidagi
og‘riqlardan tug‘ildim.
Balkim, shunday na tanish bor, na yot bor,
bu dunyoda
hammamiz bir badanmiz.
Balkim, shunday biz odamlar, odamlar,
nasl-nasl cho‘qilangan bir tanmiz.

Ne bo‘lgayki,
hovuch-hovuch don sepilgan har yerda,
Ne bo‘lgayki,
boshdan-oxir
hovli-hovli sochildik.
Balkim, shunday bitta tandir
bu dunyoning avvali,
Balkim, “Alloh” deyilgan dam
shundoq birdan ochildik.

Balkim, shunday ming yillardir
u chumchuqning tumshug‘idan
tushib-tushib kelarmiz.
Ming yillardir shunday,
cho‘qilangan badandan
sachrab-uchib kelarmiz.

Peshonada hali bunday
ming-ming og‘riq-achchiq bor,
ming-ming kunduz-kecha bor.
Bir o‘limsiz TAN bor bu yer yuzida,
bir o‘limsiz ChUMChUQ bor…

Samad chumchuqni ko‘mib kelganda Chimnoz muallima uyda otasi ovlagan qirg‘ovulning patini yulardi.
Otasi devorga suyanib, bir qoniqish ila kulib qarab turar edi.
Ammo onasining devordagi yillar bo‘yi boqimb turgan surati o‘girilgan edi, qora gardishli suratning yuzi devorga burib qo‘yilgandi.
Samad shoshdi, bir suratga, bir otasiga termuldi.
Otasi birdan hushyor tortdi, suratning yuzini bu yonga o‘girdi. Samad badtar shoshib qoldi: suratdan termulib onasi jilmayardi
Samad suratdan ko‘zini oldi. O‘sha kuni qirg‘ovul go‘shtini og‘ziga ham olmadi.
O‘sha kundan keyin Chimnoz muallima gohi-gohi Samadlarnikiga kelib turadigan bo‘ldi, biroq har gal u kelganda, Samad sekin oradan chiqib ketar, uyga juda kech, Chimnoz muallima chiqib ketganidan so‘ng qaytardi, har gal qaytganda otasini xursand, baxtiyorlikdan jilmaygan holda ko‘rardi.
Bir gal Samad uyga qaytib, eshikni harchand itarmasin, ocha olmadi.
Eshik ichkaridan berk edi.
Samad oyoqlarining uchida cho‘zilib derazadan qaradi va otasi hamda Chimnoz muallimani ko‘rdi. Chimnoz muallima yirik, oq-oppoq qush kabi to‘shakka uzala tushgandi. Bu, ehtimol, otasi ovlagan eng go‘zal qush edi. Biroq u tirik edi. Chimnoz muallimaning oppoq qo‘llari otasining chayir bo‘ynidan quchardi, Samadning tushlariga kirgan charsildoq lablari otasining otash yuzidan, ko‘zidan o‘pardi, oyoqlari, bo‘liq oyoqlari…
… Qarama, bolam, yosh bola bunaqa ishlarga qaramaydi!.
Ammo Samad qarab turardi.
Devordagi qora gardishli suratdan onasi ham qarab turardi, qarab kulardi, go‘yo otasining baxtiyorligidan u ham sevinardi. Nega sevinardi, Alloh?!
So‘ng Chimnoz muallima chiqib ketdi, uyda yolg‘iz otasi qoldi, yana onasining surati.
O‘sha kuni Samad otasiga bir og‘iz ham gapirmadi, bosh ko‘tarib suratga ham boqmadi.
Ertasiga Chimnoz muallima Samadni doskaga – yozuv taxtasi oldiga chiqarganda Samad tosh kabi sukut saqlardi.
Chimnoz muallima:
-Yoz, – dedi.
Ammo Samad bu qora taxtaga hech nima yozmadi, ko‘zini u qora taxtaning qorong‘uligiga tikkancha turaverdi: go‘yoki bu qora taxta derazaday yarq etib ochilardi, cheksiz yo‘qlikka, bosh-oxirsiz zim-ziyo qorong‘ulikka ochilardi. Samad u derazadan boqib, qorong‘uda kimnidir ko‘rardi.
KIMNI?!

Beshikdan tobutgacha
umrimiz oq uzra qora bilan yozilar,
Bas, nechun, mening bolam,
bu taxtaning yuzi qora,
nega oq-la yozilar?

Hayot deganlari – uzun yo qisqa –
Dunyoning eng qiyin darsi ekan-da.
Bu qora, qop-qora yozuv taxtasi
Bizning umrimizning tersi ekan-da.

Yulduz-yulduz yirtilgan ko‘k yuziday
U taxtani so‘z-so‘z yirtgan biz bo‘ldik.
U qora taxtaning
qora betidan
To‘kilgan so‘zlarni tutgan biz bo‘ldik.

Yozdik va o‘chirdik bo‘yi-eninda,
Ul qora taxtaning har qarichinda
qo‘limizning izi namoyon.
Aldandik, mening bolam,
u yozuv taxtasiga,
Endi bildik, har yozuvning o‘chmog‘i ayon.

Yozdik va o‘chirdik –
sevinchu g‘amimiz
Har so‘zdan, harfdan, chizgidan o‘tdi.
Ul qora taxtadan o‘tdik hammamiz,
bilginki, bir qora ko‘zgudan o‘tdik.

U ko‘zgudan qo‘limizda yozilgan
necha-necha ism, otlar o‘tdi,
tug‘ishganlar, yotlar o‘tdi.
“Ot” deb yozdik,
“O‘t” deb yozdik, –
U ko‘zgudan
yilqi-yilqi otlar o‘tdi,
chaman-chaman o‘tlar o‘tdi.

O‘tgan o‘tdi – bir dam do‘nib
U ko‘zgudan so‘rolmadik.
Minolmadik u otlarni,
U o‘tlarni o‘rolmadik.

Mening bolam, bu ne ishdir,
boqdim, yo‘l tuta bilmadim.
U ko‘zgudan hamma o‘tdi,
sen nega o‘ta olmading?!
Talpinarsan, urinarsan,
u ko‘zguning ichindasan,
Balkim, hozir ot choparsan,
balkim o‘roq-pichandasan.

Nega buncha ivigansan –
terdanmi yo ko‘z yoshidan?!
Biror fursat suving chiqmas
u ko‘zgudan qirg‘oqqa.
U ko‘zgu bosar boshingdan,
bo‘ying chiqmas u ko‘zgudan qirg‘oqqa.

Qurigan, yorilgan lablaring bilan
chaqirarsan, sas bermaslar sasingga,
talpinib, kuchanib uryon solarsan.
Nozik qo‘llaring-la, oyoqlaring-la
u yozuv taxtasiga
mixlanib qolarsan.

U qora taxtada yo‘qolar, yitar
qop-qora ko‘zlaring, bolam.
U qora taxtada ko‘karar, bitar
yaproq-yaproq so‘zlaring, bolam.

U so‘zlarni terolgan – yo‘q, bilgan – yo‘q.
Yuz chaqirsang,
yordam qilib kelgan – yo‘q.

Koshki, birov madad bersa dodingga,
u chormixni o‘zing sug‘ur, voh, bolam.
Dor kuni o‘z isming yetsin dodingga,
o‘zing o‘z otingni chaqir, voh, bolam.

Yo‘qsa, tiling duduqlanar, shosharsan –
o‘z oting tilingga botmaydi go‘yo.
Urinarsan, talpinarsan, tosharsan,
o‘z otingga kuching yetmaydi go‘yo.

Kel, qiynama birovni ham, yotni ham –
kuching yetmas o‘z muqaddas otingga.
Mening bolam, og‘ir kunda oti ham
bu dunyoda madad bermas odamga.

Kim qolar dunyoda?

Umr yo‘li
dunyoning eng ketsa-kelmas yo‘lidir.
Mening bolam,
bu dunyoda o‘lguncha
har kim shunday o‘z ismining qulidir.

O‘lguncha jonimiz-la
boqajakmiz ismimizni,
Etimiz, qonimiz-la
boqajakmiz ismimizni.

Mayli, joni bo‘lmasa-da,
Go‘shti, qoni bo‘lmasa-da –
Yana, yana bu dunyoda har nening
ismi o‘z jonidan chiqar.

Toshning, suvning, yerning, ko‘kning
ismi o‘z jonidan chiqar.
O‘z ismiga ketar kuchi,
har ne kuchdan tushib qolar.

“Suv” deguncha – suv charchaydi,
“Tosh” deguncha – tosh yumshalar.
“Er” deguncha –
er ham biroz botar yerga,
“Ko‘k” deguncha
ko‘k ham biroz ko‘kdan tushar.

Ichimizni bir sevgi yegan kabi,
Titrab-qaqshab “sevaman” degan kabi
sevgimiz charchab qolar.

…Bas, sen nechuk, mening bolm,
O‘z ismingni chaqirmoqqa,
U yozuv taxtasidan
talpinib chormixni sug‘urmoqqa
hali kuching qoldimi?

Er yuzida
oyoq qo‘yib turmoqqa
hali bir qarich yering,
Ko‘k yuzida
boqmoqqa bir qarich ko‘king qoldimi?
Bir qarich yer-osmon orasida
o‘smoqqa,
qalqmoqqa bir qarich bo‘ying qoldimi?

Erda – yering,
ko‘kda ko‘king qolmasa, bolam,
O‘z ismingni qichqirmoqqa
yana kuching qolmasa –
Endi qo‘rqma,
chaqirmoqqa yana bir ot toparsan,
undan ko‘mak, undan imdod toparsan.

Uni chaqir og‘ir kunda, og‘ir damda,
o‘z dardingni unga de, bolam,
Bu qora taxtaga, bu ko‘r taxtaga
yuzingni tut:
-Ona!.. – de, bolam.

… Qora taxta, ko‘zingni och,
Ko‘r meni, qora taxta.
U qorako‘z, u qorasoch
Onamni ber, qora taxta.

Qora taxta, xudodan qo‘rq?!
“Yo‘q” – dema, yo‘q, qora taxta!
Qora taxta, onamni tug‘,
Onamni tug‘, qora taxta!..

O‘sha kun Samad maktabdan qaytganda, onasi yana jilmayib devordagi suratdan boqardi.
Otasining qo‘shog‘iz miltig‘i ham devorda osig‘liq edi, biroq otasining o‘zi yo‘q edi.
Samadning ko‘zlari yoshga lim to‘lgandi, Samadning yig‘lagisi kelardi. Onasiga o‘girilib: -Kulma! – dedi.
Ammo onasi hali ham kulib boqardi.
Samad kursini oyog‘i ostiga qo‘yib ko‘tarildi, onasining yuzini devorga o‘girdi.
So‘ngra miltiqni devordan olib keldi, o‘qlarning joyini bilardi, bordi, bir juft patron keltirdi, miltiqqa joyladi, tepkilarning ikkisini ham tortib, pastga qo‘ydi.
Keyin bir qalin ipning uchini miltiq tepkilariga tugib, ikkinchi uchini eshikka bog‘ladi, yuzi devorga o‘girilgan surat ostidagi kursiga o‘tirdi, miltiqning qo‘ndog‘ini yerga tirab, qo‘shog‘izni naq dukurlayotgan yuragiga qadadi.
Samadning chehrasida g‘alati bir tus bor edi: go‘yoki bu paytda u umrida hech qachon o‘ynamagan eng qiziq o‘yinini o‘ynayotgan edi.
Samad bog‘lagan ip miltiq va eshik orasida tarang tortilgandi, eshik ochilgan zahoti o‘q uning yuragiga otilardi. Samad goh ipga, goh eshikka termulag‘termula kutardi: NIMANI kutardi, Alloh?!

O‘lguncha
qancha-qancha eshikdan o‘tar odam,
Dunyo –
yuzimiga tutilgan eshiklarga to‘liqdir.
Ehtimol, yuzimizga
yopilgan eshikdanmas,
Yuzimizga ochilgan
eshikdan qo‘rgulikdir.

Bolaginam,
hammamiz ham tug‘ilganda yig‘larmiz.
Onalarning tanidan
quvilganda yig‘larmiz.

Balkim yashamoq emas,
dunyoga kelmog‘imiz,
Balkim, tug‘ilgan kuni
boshlanar o‘lmog‘imiz.

Oyog‘imiz yerga tekkan zahoti
Qadam qo‘yib, yildan-yilga o‘larmiz.
Bu dunyoda bir daf’alik o‘lguncha,
xudo bilan, necha bora o‘larmiz.

Bir nozli xotinga aylangan kuni
bir go‘zal qiz o‘lar, bolam,
Mo‘ylovi chiqqan kuni
bir o‘smir – quvnoq – o‘lar.
Bu dunyoda oz yashagan
oz o‘lar, bolam,
Bu dunyoda ko‘p yashagan ko‘proq o‘lar.

Hech kim ko‘rmas marhumlarning qonini,
Bizlar sog‘miz, sog‘ odamga kim yig‘lar?
Kim biladi,
qo‘l-oyog‘i titragan bu kampir
bir nozli xonimning olmish jonini,
Bu sho‘rlik cholning bukri belida
navqiron yigitning, balkim, qabri bor.

Ham o‘likmiz, ham tirikmiz, Alolohim,
biz nechuk insonlarmiz?!
Bu dunyoda kezib yurgan
jonli qabristonlarmiz.

Bolam,
hayron boqarsan, peshonam ajiniga,
Bir vaqt men ham bola edim – sening yoshingda.
Yillar o‘tdi, o‘ldi-ketdi u bola,
Ko‘mdim u bolani peshonamning tirishiga.

U bolaga hech kim aza tutmadi,
Tuqqan onam ham hech yig‘lamadi,
Hech o‘zim ham yig‘lamadim, o‘zim ham –
Hech bilmadim,
u bolaning qo‘li qachon
tushib qoldi qo‘limdan,
u bolaning yuzi qachon
yitdi-bitdi yuzimda.

Bolam, zolim ajal bu yon chopguncha,
Kelib bizni bu dunyodan topguncha,
Ismimizni bilgunicha
olamning qabrtoshlari,
Umrimiz cho‘zilguncha cho‘ziladi,
Ortadi peshonamizning ajinlari,
Peshonamizda
yangi-yangi qabrlar qaziladi.

Taqdir otib o‘ynar
bizni somon cho‘pidek,
Oylar, yillar
guruh-guruh o‘tadi ustimizdan,
Qo‘limizdan
qancha qo‘l uzilib tushadi,
Qancha-qancha yuzlar tushib ketadi
yuzimizdan.

O‘zimizni
qancha aldab ovutsak, foydasizdir.
Yuzimizni,
qo‘limizni tutsak, foydasizdir.
Foydasi yo‘q, go‘zalmisan yo xunuk –
Tug‘ilgandan o‘lguncha
oylar, yillar yuzingni
Qismat yozib-chizib, qoralaguncha
hammaning yuz-ko‘zini,
Yuzimiz ham varoq-varoq yirtilar.

Tunlar boqib biz termulgan ko‘zgular
bu kun tanimaydi bizni.
Yaxshiyamki, bu dunyoda biz
hali tanib olayapmiz har kun, ilohim,
tanib olayapmiz bir-birimizni.

Yaxshiyamki, o‘zimizni
tanib olayapmiz, shukur,
Ko‘zgularda yuzimizni
tanib olayapmiz, shukur.
Hali oqarganmas qora sochimiz,
peshonamiz tirishib qat-qat bo‘lmadi,
Hali peshonamiz tirishlaridan
ko‘zgular charsillab qars-qurs sinmadi.

Hali botmaganmiz ming-ming gunohga –
Bolam, vaqti keldi,
bu dunyodan ketaylik,
bir go‘zal yuz bilan ketaylik
Allohning dargohiga…

Eshik ochilishi bilan miltiq otildi.
Eshikni ochgan odamni sen ko‘rmading, bolam. U odam kim edi?!
Balkim, qo‘shni bolalardan biri edi, seni o‘ynamoqqa chaqirib kelgandi.
Balkim, Chimnoz muallima edi, yana sizlarnikiga kelgandi.
Ehtimol, eshikni ochgan otang edi.
…mening bolam, balkim, u eshikni ochgan MEN edim…

Asliyatdan Karim Bahriyev tarjimalari

MEN BIR ChANGMAN

Samolarda
Uchib yurgan changman men.
Ko‘kdan yerga
Qarab turgan ko‘zman men.
Men bir ko‘zman
kiprigi yo‘q, qoshi yo‘q.
Men bir changman
oyog‘i yo‘q, boshi yo‘q.
Hasad bilan
odamlarga, hayvonlarga, qushlarga.
yog‘ilaman bu dunyoning sho‘riga.
Ulkan chang zarrasidek
bu dunyo ham chang bo‘lar
ming-ming yulduz ichida.
Bu dunyoning ichi changdir.
Bu dunyo chang ichida.
Osti ham usti ham
changdir, chang.
Bu dunyoning
avvali ham oxiri ham
changdir, chang.
Men bir changman
bilmam, qay bir changdan qo‘pganman.
Yo avvaldan,
yo oxirdan qo‘pganman.
Charchaganman, chang bo‘lmoqdan, Ollohim
Badansiz, jonsiz bo‘lmoqdan, Ollohim.
Men bir ayol jismiga
jam bo‘lmoqni istayman.
Bu dunyoda
inson kabi tug‘ilmoqni istayman.
Jismimga jon istayman,
etdan-suyakdan,
ko‘z yoshidan,
terdan,
qondan,
ilikdan.
Men bir changman, ozoddurman samoda
Ne ajabki,
ozod emas hech bir odam dunyoda.
Sen bu jonsiz ozodlikni
kel, mendan ol, Ollohim!
Tez ol, meni qafasga sol, Ollohim!
Havosizman,
etish, menga havo ber.
Nafasimga
badan otli qafas ber.
Menga sas ber
sasga qafas — og‘iz ber.
Menga so‘z ber,
so‘zga qafas — qog‘oz ber!..

* * *

Bu dunyoning azobi ko‘p,
Haqlidan haq-hisobi ko‘p,
Qo‘ylaridan qassobi ko‘p,
Qo‘ylarga ko‘p qiyin ekan.

Bo‘ynida arqon sollanur,
Bir tutam o‘tga aldanur,
Eb, semirmoqlikdir ishi
Qo‘ylarga ko‘p qiyin ekan.

To‘nkalar shay turar yonda
Jon olur pichoqlar qonda,
Cho‘ponlar bo‘ri tomonda,
Qo‘ylarga ko‘p qiyin ekan.

It bo‘lib hurmadik Oyga,
Boshimiz qoldi baloga,
Qo‘y bo‘lmagan bilolmagay,
Qo‘ylarga ko‘p qiyin ekan.

Ozarbayjon tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi

* * *

Hech bilmayman men seni,
qachon, qayda yo‘qotdim,
Yomg‘ir yuvdi,
ehtimol, shamol qo‘pordi seni?
Bu sevgining hikmatin
oxiriga yetirdim,
Axtarmayman —
axtarsam, aniq, topardim seni.

Dunyoda bir qo‘rquvim
seni yo‘qotmoq edi,
Sen yo‘qsan —
bu dunyoda endi boshqa qo‘rquv yo‘q.
Biroq, sensiz tushungin,
har ne shikast yer endi,
Soatmining aqrabi,
choynakning tutqichi yo‘q.

El esganda xilpirar
ko‘ylagimning etagi,
Ko‘ylagimning oxirgi
tugmasidek uzilding.
Bari ko‘pdan sovrilgan,
daraxtning shoxidagi,
Eng oxirgi, eng shirin
mevasidek uzilding.

— Dardi bor o‘z dardini
suvga deydi, — dedilar,
Yaxshiyam, suvlar keldi,
bu g‘amdan ozod bo‘ldim.
— Xurmoning sarasini
ayiq yeydi, — dedilar,
Ketding, qaysi ayiqning
bo‘g‘zidagi dod bo‘lding?

Sensiz, sira o‘ylama,
kulib yurmasaman takror,
Sen yodimga tushgan dam
azoblandim har tunda.
Bola paytim, qachondir,
umrimda axir bir bor,
Mushugim yo‘qolganda,
azob chekkandim shunday…

Ortiq bola emasman —
har yitganga yig‘lasam,
Orom olgum bemalol,
uyqum dev uyqusidir.
…Kim bu yarim oqshomda
eshigim chertayotgan?
Bu ne ovoz?
Aytasan:
— mushuk miyovlashidir…

* * *

Xabar kelar yana umring qishidan,
Sovuq qotib, sochlaringga qor tushar.
So‘ngra eski kitoblarning ichidan,
Ahyon-ahyon eski maktublar tushar.

Egilasan, ko‘tarib yashirincha,
Urinasan, xotin-bolang ko‘rmasin.
Jim ketasan xonangning bir burchiga,
Yashirincha o‘qiydirsan har so‘zin…

Bu ne sevgi maktubidir, Yo Rabbim,
Hozirgacha og‘rir har bir so‘zi ham.
Yozgan qizning nedir oti, Yo Rabbim,
Yoddan chiqib sifati ham, yuzi ham.

O‘qiganda lol satrlar saslanar, —
Asta-asta sasi tushar yodingga,
Bir harfdan — qoshi tushar yodingga,
Bir harfdan — ko‘zi tushar yodingga.

U nigohdan yolg‘iz yodgor varoqda,
Ko‘z yoshingning doyasini ko‘rarsan.
Ko‘ylaklari nafas olar yotoqda,
Derazada soyasini ko‘rarsan.

So‘ng boqasan titrab eshik tomonga,
“U soyani xotin-bolang ko‘rdimi?”
Tez maktubni irg‘itasan kuldonga,
Yondirasan har so‘zini, satrini.

So‘zlar yonar — qog‘ozni ham yondirar,
So‘zlar yonar — u qizni ham yondirar,
So‘zlar qochar u olovning ichidan,
Boqsang agar bosar seni sovuq ter.

Goh-gohida qora qaldirg‘ochlardek,
Uchib ketar qora-qora harflar.
Faqat u qiz qocha bilmas bu o‘tdan,
Bir qush bo‘lib ucha bilmas bu o‘tdan.

U qiz yonar bu olovning ichida, —
Go‘yo qalqar olovining tillari,
Bu olovning tillariga tenglashib,
Yona boshlar inja soch tolalari,
Birozdan so‘ng sochlarini silagan,
Uzun-uzun barmoqlari, qo‘llari…

U qiz yonar ko‘kka yetar tutuni,
Qog‘oz yonib — quldon ichra kul bo‘lar.
So‘ng to‘satdan u kuldondan yumalab,
Erga tushib bir uzuk nur taratar.
Sen o‘zingnni yo‘qotarsan, boqarsan,
U uzukni ko‘tararsan, boqarsan…

Bu uzukni axir qayda ko‘rganding?
Bu uzukni ko‘rmagansan balki hech.
Sen u qizga qachon uzuk berganding?
Unga uzuk bermagansan balki hech…

Xotining ham birdan kirar eshikdan,
— Qo‘lingizda nima? — deydi.
— Uzukdir.
— U uzukni qanday yaxshi, topdingiz,
Qancha paytdir yo‘qotgandim, ezilib,
So‘ngra kelar, sendan olar uzukni,
— Buning rangi nega buncha qoraygan?
Barmog‘iga zo‘rlab solar uzukni,
— Nahot darrov bir o‘lchamga kichraygan…

Quldon esa tutab yotar haliyaam,
U maktubning kuli birdan toshlanar.
Mo‘ltir-mo‘ltir senga qarar xotining,
U tutundan bir juft ko‘zi yoshlanar…

— Hech bo‘lmasa derazani oching, — der, —
Bunday qanday o‘tiribsiz, ayting, hay?
Bu ne yong‘in hidi axir, Xudoyim,
Go‘yo odam yonib-yonib ketganday…

ILTIJO

Bilmayman, qayerdan topdi umrimni,
Bir telba ot kabi chopdi umrimni,
Tog‘laru toshlarga otdi umrimni,
Qadrimni bilmadi bu odam mening —
Xudoyim, ol meni uning qo‘lidan…

Xudoyim, qoshkiydi bu yer yuzinda —
Bir o‘zga odamga tush aylasayding,
Yo meni odam, yo‘q, qush aylasayding,
Yo shundayin qaro tosh aylasayding.
Shu odamga meni ko‘rdingmi ravo —
Xudoyim, ol meni uning qo‘lidan…

Ol meni, ber meni, o‘zgalarga ber,
Siniq oynalarga, ko‘zgularga ber,
Bo‘linib yuz pora, ming pora bo‘lay,
Bu odam yuzimga boqa bilmasin.
Meni ko‘zgularning siniqlaridan,
Bir joyga hech qachon yig‘a bilmasin.

Bo‘linsam, dardim ham bo‘lindi balki,
Har dardim yuz parcha, ming parcha bo‘ldi.
Bir dardim qolmadi o‘zimdan yakka,
Butun dardlarimdan men yakka bo‘ldim…

Bu zamin ustida, osmon ostida,
Bo‘linsam, har parcham har yonga tushsa.
Qachondir, xayolning xush soatida,
Xudoyim, boshqatdan yodingga tushsam —
Boshqatdan yig‘asan bo‘laklarimni:
Siniq qo‘llarimni, oyoqlarimni,
Og‘zimni, burnimni, quloqlarimni.
Xudoyim, boshqatdan qo‘llaysan meni.
Dunyoning eng go‘zal ko‘zgusi bo‘lsam,
Boshqatdan dunyoga yo‘llaysan meni.
Bu odam bo‘lmayman, o‘zgasi bo‘lsam —
Xudoyim, ol meni uning qo‘lidan.

* * *

Kel, qo‘lga-qo‘l tutib ketaylik,
Endi biz bo‘lmagan yerga.
Har dardni unutib ketaylik,
Dardimiz bo‘lmagan yerga.

Bunda tashlab o‘zimizni —
Ajin tushgan yuzimizni,
Eskirgan bu so‘zimizni.
Ketdik so‘z bo‘lmagan yerga.

Hech kimsa topmasin xabar,
Kel, ketaylik jim shu safar,
Bu uy, bu ko‘cha, bu shahar,
Bu dengiz bo‘lmagan yerga.

Otam o‘g‘li oz ekanim,
Topilar so‘ng “sen” deganim,
Bu Romizni keltirar kim,
Bu Romiz bo‘lmagan yerga?

Kel, qo‘lga-qo‘l tutib ketaylik,
Endi biz bo‘lmagan yerga.
Har dardni unutib ketaylik,
Dardimiz bo‘lmagan yerga.

SO‘NGGI UChRAShUV

Bu bevaqt sevgining ajali yetdi,
So‘ndi qismatimiz ertami yo kech.
Qayga o‘z baxtini sudradi, ketdi,
Ayt, nega dardimiz tugamadi hech?
Dunyo qulamadi biz ayrilganda,
Osmonlar silkinib yig‘ladi biroz.
Men senga masrurlik tiladim unda,
Sen menga halovat tilading biroz.
Halovat tilading uy eshigimga,
Bolam beshigiga,
Nabirasi tiz ustiga chiqqan
Otamu onamga ham.
Bir payt sendan oldin rostimga chiqqan,
Seni mendan olgan xotinimga ham…
Istadim so‘nggi bor boshing bag‘rimga,
Dedingki, “Ne kerak, yo‘q yaxshi emas…”
Yig‘lading, dedimki, “Qo‘ygin, yig‘lama”
Dedingki, “Bu yomg‘ir. Ko‘z yoshi emas…”

Bu uchrashuv — so‘nggi uchrashuv, yana,
“Bugun ayrilamiz” deya kelgansan.
Bas, nega men ila so‘ng ayriliqqa,
Eng go‘zal ko‘ylaging kiya kelgansan.
Ayt, nega chiroyli eding u damda?
Bu haqida qancha yozgim, bilmayman.
Ehtimol, so‘nggi bor mening yodimda,
Go‘zal qolmoqmidi orzung, bilmayman.

Bir sevgi g‘am tomon qayrildi u kun,
Yomg‘ir to‘xtab, bulut yugurib ketdi.
Bir qizla bir yigit ayrildi u kun,
Har biri har taraf yuz burib ketdi.

U qizdan go‘zal qiz topilmas boshqa,
Dunning boshqa undek yigiti yo‘qdir.
Ammo, bu dunyoda baxtli bo‘lmoqqa,
Endi hech birining umidi yo‘qdir…

YoZ KEChASI

Chechaklar tug‘ilar bu yoz kechasi,
Bu yoz kechasida sevmoq mumkinmi?
Tersam gullarini ayni shu yozning,
Sollanib quchsaydim butoqlaridan.
Eshitsam ismimni suyukli qizning,
Hali lab tegmagan dudoqlaridan,
Bu yoz kechasida o‘lmoq mumkinmi?

Chechaklar tug‘ilar bu yoz kechasi,
Olis shifoxona xonalarida.
Boshini darchadan cho‘zib boqadi,
Yotgan hastalarning har birisiga.
Hali qo‘rqoq hidi, uyalchang hidi,
Qorishar xonaning yot hidiga ham,
Malham hidiga ham, yod hidiga ham.

Chechaklar tug‘ilar bu yoz kechasi,
Gullar ochiladi o‘q ovoziga.
Gul ochiladi,
oppoq ko‘ylaklarning yoqalarida,
soppa-sog‘ yuraklar yaqinida ham,
gul ochiladi.
Atirgul ochilar, lola ochilar,
Gullar ochiladi basma-basiga.

Chechaklar tug‘ilar bu yoz kechasi,
Parijda, Tabrizda, hovlimizda ham.
Bu yoz yuraklarda chechaklanajak
Balki, hasratimiz, balki so‘ngsiz g‘am.

Yo‘llarga otlanar chechakli qizlar,
Na boqmoqqa kuch bor, na ko‘z yummoqqa.
Na gul bermoqlikka bir kimsamiz bor,
Na bir kimsamiz bor gullar olmoqqa…

Tersam gullarini ayni shu yozning,
Sollanib quchsaydim butoqlaridan.
Eshitsam ismimni suyukli qizning,
Hali lab tegmagan dudoqlaridan,
Bu yoz kechasida o‘lmoq mumkinmi?

* * *

Biroz uzun kechdi umrim, deysan jim,
aytasan: do‘stlar ham zerikdi biroz…

Meni to‘ydirmoqdan charchadi dunyo,
Cho‘ragi charchadi, suvi charchadi.
Meni kezdirmoqdan bezdi yo‘llari,
Ko‘zimga boqmoqdan ko‘zi charchadi.
Istaganlar istamoqdan charchadi,
Charchaganlar charchamoqdan charchadi, —
Biroz uzun kechdi umrim, deysan jim.

Yo‘llar oyoqlarim ostidan qochar,
Aytarlar sababi
bunchalik bo‘lmas,
Shoirning matlabi bunchalik bo‘lmas,
Do‘stlar ham birma-bir boqar yuzimga.

Qanchalik do‘stim bor,
shaharga to‘la,
Ko‘pining yuragi qahrga to‘la,
Qon-u qarindoshdan
o‘zgadan kechib,
Baxtidan, o‘zidan, ko‘zgudan kechib,
ko‘pi yig‘lamoqqa bahona izlar.

Oz qoldi, juda oz, sabring deysan sen,
Do‘stlar, kuting, ketar kunim ham kelar.
Nega kuchim yetmasa ham,
qo‘lga qora bog‘latmoqqa,
do‘stlarni yig‘latmoqqa,
albatta, kuchim yetar…

Faqat, mening kuchim yetmagay, na qilay axir,
na qilayin axir bu qismat, —
kuchim yetmas bu dunyodan ketmoqqa.
Bu dunyo — Darband qal’asi,
Na yo‘li bor, na darvozasi,
Qardoshim, otam bolasi,
kuchim yetmas bu dunyodan ketmoqqa.

Yig‘ib kuchog‘imga
turfa-turfa gullarni,
Oppoq bulutlarni sochib boshimdan,
Daryoni suv olar ko‘zim yoshidan,
Igna bilan go‘r qaza-qaza,
Tizzamdan yer beza-beza,
Aldadim umrimni o‘ttiz yoshimdan, —
kuchim yetmas bu dunyodan ketmoqqa.

Ortimda og‘iz ekanlar,
Shoirlarning ehsonini yeganlar,
Shoir odam
erta o‘lar, — deganlar,
Shoir bo‘lmoqqa hech kuchim yetmaydi,
O‘ldir meni, o‘lmoqqa yetmas kuchim,
kuchim yetmas bu dunyodan ketmoqqa…

* * *

Meni oldi sendan,
ketdi bu poyezd,
Osmonda bir hovuch tutun xat qoldi.
Sochingda qo‘limning qoldi tumori,
Kaftingda qo‘limdan issiq taft qoldi.

Boqma, bu poyezdlar xorguncha, boqma,
Boqma, ikki ko‘zing tolguncha, boqma,
Qoshlaring ostida juft yaproq kabi
Ko‘zlaring bemajol so‘lguncha, boqma.

Olisdan, yaqindan o‘tar bu poyezd,
Oqshom tushgohingdan o‘tar bu poyezd,
Kulsang, kulguyingni simirar albat, —
Oh cheksang, ohingdan o‘tar bu poyezd.

Men ketdim, o‘rnidan jilmadi dunyo,
Dunyoning kuzagi, bahori qoldi,
Kaftingda qo‘limdan qoldi issiq taft,
Sochingda qo‘limning tumori qoldi.

* * *

Bo‘sh qoldi dunyoning sen bo‘lgan yeri,
Dunyoning
sen bo‘lgan yeridan endi
G‘ozlana-g‘ozlana moshinlar o‘tar,
Nozlana-nozlana xonimlar o‘tar,
Yoshlar o‘tishadi
tupurib sigaret qoldiqlarini.
Dunyoning sen bo‘lgan yeridan faqat
men o‘ta olmayman.

Bosh olib ketaman kechalar bilan,
Uzun yo‘llar bilan, ko‘chalar bilan,
Dunyoning sen bo‘lgan yeridan shunday
bosh olib ketaman,
ketolmayman hech.
Ertaga tug‘ilar sahar yangidan,
battarroq so‘kilar qizil tong yeri.
Butun yer yuzining har tarafidan
ko‘rinar dunyoning sen bo‘lgan yeri.

Dunyoning sen bo‘lgan yeriga bir kun
yog‘ish yog‘ajak.
Oqshom ko‘ylagida, hurkib-uyalib
kelgancha ostona kutarsan meni,
hamda yona-yona kutarsan meni.
Qo‘shilib yig‘larsan yog‘gan yog‘ishga,
Qo‘limdan ne kelar?
Meni bag‘ishla*…

Na sen tinajaksan, na yomg‘ir tinar,
yomg‘irga qo‘shilib oqarsan tinmay.
Yig‘lay-yig‘lay oxir bu yoz kechasi
erib tomchilarga boqarsan tinmay.
Qarasam qo‘rqaman
yog‘gan yog‘ishga,
Hech yig‘lay olmayman…
Meni bag‘ishla!

*kechir

* * *

Bu qishloq yonidan poyezd o‘tadi,
Har kecha tushida titrar bu qishloq,
Har kecha ko‘ksini yirtar bu qishloq,
Yo‘qotar o‘ksinib o‘zin bu qishloq, —
Bu qishloq yonidan poyezd o‘tadi.

Bir-bir vagonlarga chiqar bolalar,
Qishloqdan ketmoqlik — qismat bitimi.
Toshar yuraklari, toshar ko‘zlari, —
Sunbula bargini, lola hidini,
Darbadar ko‘zlari, g‘amgin ko‘zlari
To‘kib ust-boshidan, —
Bir-bir vagonlarga chiqar bolalar.

Maktublar keladi so‘ngra shahardan,
Onalar o‘qisa yig‘lagaydirlar,
Sandiqlarga qo‘yib saqlagaydirlar.

Kuchuklar quvadi kapalaklarni,
Akalar yig‘adi go‘balaklarni,
Yangi yorongulu, ishqpechaklarni, —
Shaharga dastalab yo‘llagaydirlar.

Maktublar keladi so‘ngra shahardan,
Qishloqdan ketganlar kelmaslar biroq…

Kuchuklar hasratda tikar ko‘zini
Qishloqning ulg‘aygan ushoqlariga.
Serhirs kapalaklar urar o‘zini,
O‘tkinchi poyezdning chiroqlariga.

Bu qishloq yonidan poyezd o‘tadi…

* * *

Sochdan tirnoqqacha hirs ichradurman,
Aylanib dustoqqa hirs ichradurman, —
Bu kibr ichinda, bu hirs ichinda,
Yuragim o‘ziga qo‘l topolmaydi.
Bir gul ifori ham, bir qush hidi ham,
Ortiq ko‘nglim sari yo‘l topolmaydi.

Sepdim o‘z yaramga men o‘z kulimni,
Odam o‘z kuliga belanar shunday.
Tishim parchaladi bir-bir tilimni,
She’rlarim hijoga bo‘linar shunday.
Men shunday odamman, uzoq turgin, bas,
Uzoq yur hayrimdan, yerimdan mening.
Ortiq qalamim ham bir gul o‘stirmas,
Qizlar lazzat olmas she’rimdan mening.
Qochdim meni sevgan ko‘zlardan endi,
Ular muhabbati ko‘zida qolsin.
Uy qura olmasman so‘zlardan endi,
Ular cho‘lning to‘g‘ri yuzida qolsin.
Sen ham tosh otmoqqa o‘zgasini top,
Meni butun umr toshlagan odam.
Gilosni — murabbo, qo‘zini — kabob,
Shoirni haykal deb xushlagan odam.
Yo‘q, haykal bo‘lolmam bu yer yuzida,
Ortiq tosh bo‘lmoqqa yo‘qdir havasim.
Tosh bo‘lib huv buyuk Fuzuliyning-da,
Yonida turmoqqa yo‘qdir havasim.
Men sening qoshingda turaman, sening…
Huv ko‘cha boshida elangan Buvi.
Boshidan mol-davlat yog‘gan o‘lkaning,
Baxtiyor kunlarin tilangan Buvi.
Hech kim qo‘l tekkizmas oppoq sochingga,
Kumush kokilingdan o‘paman sening.
Qo‘rqma pul qo‘ymayman men hovuchingga,
Egilib qo‘lingdan o‘paman sening.

* * *

Dema, shoirniki dil sofligidan,
Shapaloq urmoqqa qo‘limiz ham bor.
Boshimizda biroz bordir aqlimiz,
Kissamizda biroz pulimiz ham bor.

Ko‘p borliklar yo‘qqa chiqdi o‘rtada,
Kimning baxtni kimni yiqdi o‘rtada?
Ne ajabki, hech ne yo‘qdir o‘rtada,
Hali o‘ngimiz ham, so‘limiz ham bor.

Ming yilki tug‘ilib-o‘lamiz, otam,
Yig‘lasak, sovura bilamiz, otam,
Hali axir yura bilamiz, otam,
Hali ketmoqlikka yo‘limiz ham bor.

* * *

Piyoz to‘g‘ray-to‘g‘ray yig‘lagan ayol,
umring piyoz kabi achchiq va taxir.
Malaksan, uzilmish qo‘ling-qanoting,
dard tutgan Haq bermas davosin axir.

Ko‘zingda suzilgan yoshni kim artar?
«Ko‘z yoshi» deganing nedir?
Achchiq suv.
Shirin bo‘sa ila boshlar sevgilar,
so‘nggida hamisha piyoz achchig‘i.

U o‘pich yondirmas dudoqlaringni,
muzlagay o‘t to‘la u quchoq endi.
Sanar bitta-bitta barmoqlaringni,
har kecha sen yuvgan chintovoq endi.

Kelar «er» deganing qoq tun yarmida,
bir qoshiq xo‘raging boqmas totiga.
Tushingda tilingdan qo‘pgan ismlar
biri ham o‘xshamas sening otingga…

Piyoz to‘g‘ray-to‘g‘ray yig‘lagan ayol,
ko‘zlaring yoshini arta bilmayman.
Na qilay, men senga bir begona, yot,
na qilay, yoningga kela bilmayman.

Bir ishqni izlayman dunyodan men-da,
U sevgi qaydadir?
Bilmayman biroq.
…Kim piyoz to‘g‘raydi mening uyimda,
piyoz to‘g‘ray-to‘g‘ray kim yig‘layajak?

* * *

Senga tosh otar har o‘rnidan turgan,
Seni sevganlaring toshqoloq aylar.
Bir qo‘lida tosh bor, birida Qur’on,
Tosh otgan bilarmi ne gunoh aylar?

Artarsan ko‘zingdan oqqan yoshlarni,
O‘pib, azizlarsan so‘ngra toshlarni,
Aytarsan: «Bor bo‘ling, jon qardoshlarim,
Meni yangi toshga kim qo‘noq aylar?»

Har tosh o‘zi kabi cho‘g‘ bo‘lib yonar,
Jonga tamg‘a misol bosilib yonar,
Qontalash yaralar qon bo‘lib yonar,
Seni boshdan-oyoq o‘tchiroq aylar.

Yolg‘iz tilsiming bor —
Sevgi tilsimi,
Kim uzar Tangriga bog‘li bu ipni,
Tangri tangri bo‘lsa, o‘z elchisini
Ming bir tosh ostida yana sog‘ aylar.

Senku chidagaysan dardin olib tan,
Tosh charchamas, toshlar sensiz voy aylar.
Qo‘rqma, Tangri senga o‘sha toshlardan,
Bir uy qurajakdir va saroy aylar…

* * *

Sening soyang tushar bunda har yerga,
Bu uyga-eshikka,
ko‘rpa-to‘shakka,
Bolam mishil-mishil yotgan beshikka
sening soyang tushar kechayu kunduz.
Soyang tushar
ayolimning yuziga,
Yashirar yuzining gunohlarini…

Daraxt soyasiga,
tosh soyasiga,
Ulov soyasiga, qush soyasiga
ilashar, yopishar, qorishar soyang.
Barcha soyalarni yig‘ib joniga,
boshqatdan jonimga qo‘shilar soyang.

Bir qara, ozgina seni unutib
boshimni hasratga qoramanmi men?
Bir qara, soyangning uchidan tutib
yursam, aytgin, senga boramanmi men?

Balki eng bardoshli soyadir, soyang,
tolmaydi, o‘zgaga qayrilmaydi u.
Tangridan in’omdir, ehtimol, soyang,
o‘lguncha yonimdan ayrilmaydi u.

Oqshomlar soyangni ustimga tortib
uyquga ketsaydim bu dunyoda kosh.
Songga yuzimni, ko‘zimni surtib
yig‘lay olsam edi bu dunyoda kosh.

Hech yig‘lay olmayman…
yog‘ar yomg‘ir, qor,
Soyang qolar yomg‘ir, qor, boq ostida.
Soyang yanchib o‘tar
og‘ir moshinlar,
Soyang toptaladi oyoq ostida.

Soyang suyangancha toshga, tuproqqa
tiklanmoq istaydi, turmoq istaydi.
To‘xtab mening ila olg‘ama-olg‘a
ko‘zlarim ichiga boqmoq istaydi.

Tez-tez bu shaharda aldanar ko‘zim,
sen bo‘lib ko‘rinar ko‘zimga qizlar.
Balki parcha-parcha yulqulab, kesib,
soyangdan to‘n tikar o‘ziga qizlar.

Soyangga qanchalik qo‘llar uzanar,
u boshdan bu boshga qisilar soyang.
Oylar o‘taverar, yillar uzanar,
kunma-kun torayar, qisqarar soyang.
Soyang qisqarganda
uzoqlashasan,
Ehtimol, qaydadir titroqlashasan…

Shu bois sen mendan, men sendan uzoq,
o‘lguncha yashaymiz toq-toq
dunyoda.
Shu bir qarich soyang qolgan bo‘lsa gar
men g‘arib emasman, demak, dunyoda.

Kun kelib qaydadir unsiz o‘tgan payt
so‘ngso‘zim soyangga yozsalar sening.
Qoshki, vaqt bitganda, ajal yetgan payt
qabrimni soyangda qazsalar sening…

* * *

Bulut kabi o‘lmoq,
bir yoz yog‘ishida.
Umid kabi o‘lmoq —
bir qiz boqishida.

Bir yel qanotida
yaproq kabi o‘lmoq.
Bir qabr oldida
tuproq kabi o‘lmoq.

Bir gul kabi o‘lmoq —
bir guldon ichida.
Bulbul kabi o‘lmoq —
bir hijron ichida.

Bir sas kabi o‘lmoq —
bir kar qulog‘ida.
Bir so‘z kabi o‘lmoq —
bir lol dudog‘ida.

Kundan-kunga o‘lmoq,
qayta-qayta o‘lmoq,
o‘lib ham tirilmoq,
so‘ngra yana o‘lmoq…

* * *

Bu kuz kechasida bo‘sh ko‘chalarni
Kezadirman yolg‘iz bir ushoq kabi.
Qo‘ng‘iroq qil, deya qichiydi qo‘lim,
Biroq bu yo‘qlovim tuyular endi,
Yuzingga tortilgan shapaloq kabi.
Bu qo‘ng‘iroqni huv esingdan chiqqan,
Ishq-muhabbat to‘la yillardan deb bil.
Bir paytlar sochingni ming bor silagan,
Seni qadrlagan qo‘llardan deb bil.
Sensiz bu qo‘llar ham, bilgin, yetimdir —
Bu kuz kechasida,
oy yorug‘ida,
Cho‘ntagimni titar u qo‘llar endi
Bir ikki chaqaning axtarishida.
Topdim,
sekin-asta terdim raqaming,
Avvali besh edi, oxiri ikki.
Ovozing to‘satdan hurkitdi meni:
“Alo, eshitaman, kim bu, kim edi?”
Ne deyin?
Sen uchun men kimman axir,
Eski sevgilingmi yo bir tanishmi?
Umrning har kechgan xato, gunohi,
Bir shirin tushmidi yo aldanishmi?
Hozir u tushlardan olislardasan,
Hozir bu yo‘qlovga na ehtiyoj bor.
Qara, dardlaringdan naqadar o‘lgan,
Qara, sevging uchun naqadar och bor?
Ovozing eshitdim…
Etar, bo‘ldi bas,
Kechirgin bu telba istagimni ham.
Bitta so‘z demasdan, o‘ylamay-netmay,
Qo‘dim telefonning dastagini ham.
…Yana yolg‘iz kezdim bo‘sh ko‘chalarni,
Ostonadan qaytgan bir qo‘noq kabi.
Qo‘ng‘iroq qil, deya qichiydi qo‘lim,
Biroq, bu yo‘qlovim tuyular endi,
Yuzingga tortilgan shapaloq kabi.

BU DARAXT O‘LADI…

Bu daraxt o‘ladi,
Yuzidan, ko‘zidan to‘kilar o‘lim.
Bu daraxt o‘ladi
bugun yo erta…

Bu daraxtga qo‘ngan u qush o‘ladi,
Yuzidan, ko‘zidan to‘kilar o‘lim.
U qush ham o‘ladi
bugun yo erta.

U qushga don sepgan u qiz o‘ladi,
Yuzidan, ko‘zidan to‘kilar o‘lim.
U qiz ham o‘ladi
bugun yo erta.

U qizni sevib bo‘lmaydi,
u qushga boqib bo‘lmaydi,
daraxtga chiqib bo‘lmaydi.

Daraxtga chiqmadim,
qushga boqmadim,
qizni sevmadim.

Qush uchdi issiq bir yerga,
Qiz ketdi.
Qiz ketdi erga,
Daraxt esa turar hamon.

Bir men borman va bir daraxt,
Arqon topib
bu daraxtga o‘zni osmoq
qolgan faqat.

QORA QO‘L

Qora qo‘l —
orqamdan ergashgan soya,
Undan na ayrilib, na qochib bo‘lar.
Qora qo‘l shoir-la kelar dunyoga,
Ehtimol, shoirdan avval tug‘ilar.

Shoir tug‘ilgan payt kelar qora qo‘l,
Turadi shoiring bosh tarafida.
Ehtimol doyadan,
onadan avval,
Qora qo‘l shoirni tutar kaftida.

U siqar kaftida
shoirni qattiq,
Hovuchida o‘ynar shoir baliqdek.
U siqar shoirni,
toshga do‘ndirar,
Siqar dardini ham, qo‘rquvini ham.
Qora qo‘l ishonmas,
odam jo‘natar,
Oqshomlar shoirning uyqusiga ham.

U siqar shoirni,
suvga do‘ndirar,
Suv oqar shoirning bilaklaridan,
Suv oqar bo‘ynidan, ko‘kraklaridan,
Suv oqar —
shoirning sochidan toshib,
Shoir —
qora qo‘lning hovuchidan toshib,
Qorishar daryoga, sellarga yana,
Qorishar oylarga, yillarga yana.

…Ehtimol, shoirni o‘ldirmagan hech,
Na dushman qarg‘ishi,
na do‘st olqishi.
Qora qo‘l shoirni itaradi: — O‘t!..
So‘ng izidan o‘tar hattoki o‘zi.

Shoir yotganida yarador, hasta,
Qalbida bir orom tuyar qora qo‘l.
Keyin esa shoir mozori uzra,
Birinchi gullarni qo‘yar qora qo‘l…

1966 y.

O‘LIM
“Eshik” dostonidan

Na urushdan qaytdi bolang,
Na uyingga kelin keldi.
Ko‘zing oydin, Zebo momo,
Eshikni och, o‘lim keldi!..

Yuz yo‘qdir chaqiray desa,
jim turibdi bir boq o‘lim.
O‘limlarning eng faqiri —
ojiz o‘lim, qashshoq o‘lim.

Nimang bor olib ketgulik —
yolg‘iz dardingdan tashqari.
Cho‘tir tortgan sifatingdan,
egik qaddingdan tashqari.

Bu o‘lim senga ne desin,
“Ona”mi yo “Momo” desin?
Ona bo‘lsang qani bolang,
Momosan, nevarang qani?
Nabirasiz, sen bolasiz,
Qari qizsan, qari yolg‘iz,
Yostiqlar nam bo‘ldi
ko‘zing yoshidan,
Nega gapirmaysan bir og‘iz?!

Ehtimol, hayiqib o‘limdan axir,
Kechalari uyqung qochdi ehtimol.
Hech kim och ketmagan uyingdan axir,
Tur, ovqat qil, o‘lim ochdir ehtimol.

Eshikni och, o‘lim o‘ksib ketmasin,
yuzingni surt oyog‘iga, qo‘liga.
Yaxshiyamki, bu dunyoda barchaning
haqqi bordir Haqdan kelgan o‘limda.

Ohlar xuddi baliq kabi o‘ynoqlar…
Dunyo botgan o‘g‘illarning qoniga,
Yaxshiyamki, o‘lim kelib obketar,
Onalarni o‘g‘illarning yoniga.

Onalarin ko‘rib hayron o‘g‘illar,
birortasi o‘z onasin tanimas —
Onasining hasrat to‘la yuzini,
yuzga to‘lgan dog‘ini ham tanimas.
Manglaydagi na biron bir ajinin,
sochidagi oqini ham tanimas.
— Bu ayol kimdir? — deydi,
O‘lim aytar: — Onang shu.
— Yo‘q, bu mening onam emas,
u juda yosh ediku…

Ko‘zlarini jovdiratib
o‘lim qolar o‘rtada,
Axir endi
o‘z boshiga ne g‘am solsin bu o‘lim?
Keksa-keksa ayollarni qaytarib,
Yosh-yoshgina onalarni
qaydan olsin bu o‘lim?

O‘lim! Qachon yumasan ayt ko‘zingni,
Nega axir yo‘qotmaysan o‘zingni?
O‘lim! Bizni oydan-kundan ayirib
umrimizni soniyalab
o‘lchab bergan o‘limsan.
Bu dunyoda
sen hammani bir-biridan ayirib,
U dunyoda uchrashtirgan o‘limsan.

Millionlab jon olsang ham,
jonsizsan,
Temirmisan yo po‘latmi, nedansan?
O‘lim, sening bolang yo‘qdir — o‘gaysan,
O‘lim, sening onang yo‘qdir — yetimsan.

So‘yla, qanday qaragaysan,
onalarning, o‘g‘illarning yuziga,
Mangu o‘lim, yetim o‘lim, yugur, chop.
Onalarninn orasidan
ona axtar o‘zingga,
O‘g‘illarning orasidan o‘g‘il top.

Otamiz bo‘l, boshimizni sila, kel,
Onamiz bo‘l, shunda iqbol topasan.
“O‘g‘il” desak — sen bir nonko‘r o‘g‘ilsan,
“Ota” desak — sen bir zolim otasan.

Chiq, ket o‘lim, o‘rtamizda adashma,
O‘ngu so‘lga boqaverib talashma, —
Bunda seni ko‘zlayotgan bir zot yo‘q,
Onalikka, bolalikka nomzod yo‘q.

Tiriklayin o‘g‘illarni
yulqib olding onalarning qo‘lidan,
Biroq endi
yo‘l bermayin bir-biriga,
Qattiq ushlab
ko‘pdan o‘lgan bolalarning qo‘lidan,
Biror ona o‘g‘il bermas o‘limga.
Va har o‘g‘il endi o‘z onasini
qo‘llaridan tanib olar, albatta…

Tumor qilar, tavof aylar, silaydi,
Har o‘g‘il-chun duoga ochilar qo‘l,
Ko‘pam boqma, ey Allohning o‘limi,
Yaxshisi ket, o‘lim, senga oppoq yo‘l!..

* * *

O‘sha majlisda, esla,
Faqat bir men yot edim.
Qo‘shilmasdim hech kimga,
Hammadan ozod edim.

Yakkayu yolg‘izliging
Tegdimi yot ko‘ziga.
Elkalar uzra boqib
Jim jilmayding yuzimga.

U tabassum, bilmadim,
Nening ishorasiydi?
Ehtimol, men ko‘zlagan
Dardlarim chorasiydi…

U payt juda yosh edim,
Ne ko‘rgandim men axir.
Umrim esa hali g‘o‘r,
Yo‘q edi bir gunohim.
Hali xato, gunohlar,
Yiroq edi u chog‘da.
Men tomon qator-qator
Kelishardi uzoqdan…

U majlisda, balki sen —
Eng go‘zal ayol eding.
Men seni tanimasdim,
Sen meni tanimasding.
Hech bilmadim, kim eding,
Kimdir sening oting-da.
Lek o‘sha tabassuming
Yodimdadir, yodimda…

Balki, o‘sha tabassum…
Anglasaydim men dali,
Yakuni yo‘q bir ishqning
Avvaliydi, avvali.

Ko‘zim o‘ngida hamon —
Xaloskor tabassuming,
U ham ona, ham singil,
Hamda yor tabassuming.

Shundan so‘ng ko‘p yil kechdi —
Bari uzundan uzun.
Na senga duch keldim men,
Na ko‘rdim oydin yuzing…

Balki u majlisdagi,
O‘sha tanho, toq o‘g‘lon,
Chiqqan yodingdan sening,
Yodingdan chiqqan, tamom…

Baxtiyordirsan bugun,
Er ham bor, oila ham.
Lek o‘sha tabassuming
Men bilandir hali ham —
Yashirincha asranib
Chechak kabi, gul kabi,
O‘rtamizda yashaydi
Ishq to‘la ko‘ngil kabi…

BU KO‘ZGUGA BIR PAYTLAR JUFT BOQARDIK…

Bu ko‘zguga bir paytlar juft boqardik,
Bu ko‘zguda endi o‘rning bo‘sh qoldi.
Balki, sendan bu ko‘zguning jonida,
Dudoq qoldi, kiprik qoldi, qosh qoldi.

Ko‘zyoshlaring joni ichra… Ehtimol
Zarra-zarra erigaydir bu ko‘zgu.
Bir kun sening oyog‘ingni dunyoda
Oyoq tutib yugurgaydir bu ko‘zgu.

Balki, seni axtargancha kezgaydir
Millionlab odamlarning ichida.
Ko‘rgan zahot tanigaydir yuzingni
Eng qorong‘u oqshomlarning ichida.

Qochgaydirsan biroq uning qo‘lidan,
Parvo qilmay aldanishlar, bariga, —
Odamlarni, ulovlarni, uylarni
Uloqtirib bu ko‘zgudan nariga.

Ammo yana to‘ymagaydir bu ko‘zgu,
Ham qishlog‘u shaharni yutaverar.
Sendan yiroq ketmagaydir bu ko‘zgu,
Eru ko‘kni kaftida tutaverar.

Sen qochgan payt sollanadi sochlaring,
Bu ko‘zguga poy tushadi sochingdan.
Ipak to‘ning sollanganda ko‘zguga
Nasib etar ko‘ylaging bir uchidan.

Qochaverib o‘zingni toldirasan,
So‘ngra birdan qo‘lga olib bir toshni, —
Bu ko‘zguga otasan, sindirasan,
Va ko‘zgudan sachrab ketar ko‘zyoshing.

Har parchasi qayiq kabi suzajak —
To‘rt tarafi yoshing bilan to‘lgan dam.
Bu ko‘zguning balki har parchasida
Dudoqlarning akslanadi to‘satdan.

…Bular bari bor-yo‘g‘i bir ertakdir,
Sen esa yo‘q, sen ketarsan, deb unut.
Bu ko‘zgu ham o‘z o‘rnida turar jim,
Bu ko‘zgu ham yana sog‘dir, yana but.

Singan ko‘zgu balki qayta tiklanmas,
Balki Tangri shundoq etmish bu ishni.
Bu ko‘zguning ehtimol har parchasi,
Tomchi-tomchi yoshing ila birlashdi.

Balki sendan bu ko‘zguning jonida
Dudoq qolgan, kiprik qolgan, qosh qolgan.
Ko‘zyoshlaring jonidadir hali ham,
Ko‘zyoshlaring qurimagan, fosh qolgan.

Bu ko‘zgudan chiqib kelar xonimlar,
O‘zlariga boqib-boqib o‘tishar,
Dudog‘ingdan dudoqlari olar rang,
Kiprigingdan kiprik taqib o‘tishar.

Ko‘zyosh bilan to‘lar balki ko‘zlari,
Mo‘ltirashib yeru ko‘kka yig‘lashar.
Bu ne dardir?
Bilisholmas o‘zlari,
Hech birovi bilmas nega yig‘lashar…

SENTIMENTAL YoMG‘IR

Bir qiz barmoqlaridan nozik,
sentimental yomg‘ir,
Pianino tillari kabi
chalar ko‘chalarni.
Shunday kunda mushuklar ham mehribonlashar,
o‘pmoq istar musichalarni…

Shunday kunda
siqilaman uyimda,
Musiqali o‘yinda
so‘zsiz qo‘shiq aytgan mug‘anniy kabi.
Bir yomg‘ir qo‘shig‘in
kuylamoq istayapman.
Bulutlarning yomg‘ir barmoqlariga
teginmoq istayapman.

Tomchilar,
yog‘ar bulutlarning ko‘z qorachig‘i.
Bulutlar ko‘r bo‘lar bu tun,
ochilar,
tuproqning ko‘zlari — guvalaklari.

To‘satdan samoning yanoqlarida,
quyosh tabassumdek ko‘ringan kabi,
Bu oniy quyoshga sevinajakmiz, —
sevgisidan qo‘lin uzgan bir qizning,
oniy sevgisiga sevingan kabi.

Chorpoyilarimizni
quyoshga chiqaramiz, quyoshga.
Chorpoyilarga osib,
quyoshda quritajakmiz,
Bu yomg‘irli tunda
nam tortgan tushlarimizni.

…Bir qiz barmoqlaridan nozik,
sentimental yomg‘ir,
Pianoning tillari kabi
chalar ko‘chalarni.
Bunday kunda mushuklar ham mehribonlashar,
o‘pmoq istar musichalarni…

1969 y.

* * *

Men sevmagan ayollarning
go‘zali ham ko‘p edi.
Har birisi shirin ertak,
har birisi tush edi.

Qo‘llarimni sochiga tekkizmadim,
Hasrat chekib yuragimni ezmadim,
Boshim egib yo‘llarida kezmadim,
men sevmagan ayollarimning.

Men sevmagan ayollarning
qanchasidir sevildi,
To‘ylar bo‘ldi,
qishlog‘ining ko‘chalari sevindi,
Qanchasidir
er uyida tepkilandi, so‘yildi,
men sevamagan ayollarimning.

Men sevmagan ayollarla
oshib-toshar yer yuzi,
Er yuzining
Erevani, Istanbuli, Pariji,
Otdi o‘zin Eyfel minorasidan
men sevmagan ayollarning birisi…

* * *

O‘ziga qaytmoqda har ne, o‘ziga,
ko‘zimga qaytmoqda ko‘zyoshlarim ham…

Qisar nafasini qush, kapalaklar,
Quyosh —
o‘z taftini tortar ichiga,
shamollar hirsini tortar ichiga,
atrini ichiga tortar chechaklar.

O‘ziga qaytmoqda har ne, o‘ziga,
Ona, boshim qo‘yay bir zum tizzangga,
axir men ham qaytmoqdaman…
Qayerdan qaytyapman,
qayerda edim,
Men nega ketgandim, ayt, nega qaytdim,
balki uxlaganding,
bevaqt uyg‘otdim,
Balki uyg‘otmoqqa arzimas, ona?
— Yotmoqqa arzimas ehtimol, bolam…
— Balki, bu qaytmoqqa arzimas, ona?
— Ketmoqqa arzimas ehtimol, bolam…

…Barcha yo‘llarimning so‘nggida ne bor, —
bildir, ey ona,
Barcha yo‘llarim
to‘lg‘onib-to‘lg‘onib oxirda yana
sening huzuringga
keltirsa, ona,
sen meni yoningdan nega ayirding?

* * *

Piyoz to‘g‘ray-to‘g‘ray yig‘lagan ayol,
umring piyoz kabi achchiq va taxir.
Malaksan, uzilmish qo‘ling-qanoting,
dard tutgan Haq bermas davosin axir.

Ko‘zingda suzilgan yoshni kim artar?
“Ko‘z yoshi” deganing nedir?
— Achchiq suv.
Shirin bo‘sa ila boshlar sevgilar,
so‘nggida hamisha piyoz achchig‘i.

U o‘pich yondirmas dudoqlaringni,
muzlagay o‘t to‘la u quchoq endi.
Sanar bitta-bitta barmoqlaringni,
har kecha sen yuvgan chintovoq endi.

Kelar “er” deganing qoq tun yarmida,
bir qoshiq xo‘raging boqmas totiga.
Tushingda tilingdan qo‘pgan ismlar —
biri ham o‘xshamas sening otingga…

Piyoz to‘g‘ray-to‘g‘ray yig‘lagan ayol,
ko‘zlaring yoshini arta bilmayman.
Na qilay, men senga bir begona, yot,
na qilay, yoningga kela bilmayman.

Bir ishqni izlayman dunyodan men-da,
U sevgi qaydadir?
Bilmayman biroq.
…Kim piyoz to‘g‘raydi mening uyimda,
piyoz to‘g‘ray-to‘g‘ray kim yig‘layajak?

* * *

Sensan mening so‘lim-sog‘im,
Sensan yaqinim-uzog‘im,
Sendan boshqa kim bor axir
maydonda, Olloh?

Xonsan, o‘rning baland necha,
Qulingdirmiz kunduz-kecha,
Dunyo otlig‘ bu ko‘p ko‘hna
zindonda, Olloh.

Na jimib, na so‘zlagayman,
Na hol-ahvol so‘ragaysan,
Bir ruh kabi yashagaysan
har jonda, Olloh.

Sensan barchaning so‘ng onti,
Sensiz ne bo‘lsa, yolg‘ondir,
Farishta sening qulingdir,
shayton-da, Olloh.

Ko‘z yopmoqni o‘zing bajar,
Kim ko‘z yumsa, haqni quchar,
Har og‘izdan bir so‘z uchar
so‘ng onda, “Olloh!..”

* * *

Senga tosh otar har o‘rnidan turgan,
Seni sevganlaring toshqoloq aylar.
Bir qo‘lida tosh bor, birida Qur’on,
Tosh otgan bilarmi ne gunoh aylar?

Artarsan ko‘zingdan oqqan yoshlarni,
O‘pib, azizlarsan so‘ngra toshlarni,
Aytarsan: “Bor bo‘ling, jon qardoshlarim,
Meni yangi toshga kim qo‘noq aylar?”

Har tosh o‘zi kabi cho‘g‘ bo‘lib yonar,
Jonga tamg‘a misol bosilib yonar,
Qontalash yaralar qon bo‘lib yonar,
Seni boshdan-oyoq o‘tchiroq aylar.

Yolg‘iz tilsiming bor —
Sevgi tilsimi,
Kim uzar Tangriga bog‘li bu ipni,
Tangri tangri bo‘lsa, o‘z elchisini
Ming bir tosh ostida yana sog‘ aylar.

Senku chidagaysan dardin olib tan,
Tosh charchamas, toshlar sensiz “voy” aylar.
Qo‘rqma, Tangri senga o‘sha toshlardan,
Bir uy qurajakdir va saroy aylar…

Ozar tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi

ONALAR ALDADI BIZNI

Shirin-shirin uyqudaydik,
Bir zolim uyg‘otdi bizni.
Onalarning quchog‘idan,
Bu dunyoga otdi bizni.

Tushdik yo‘llarning oqiga,
Baxtimizning so‘rog‘iga,
Qotib qoshu- qabog‘iga,
Qo‘lida o‘ynatdi bizni.

Bizki yo‘l nadir bilmasdik,
Bizki ol nadir bilmasdik,
Bilsak dunyoga kelmasdik,
Onalar aldatdi bizni.

* * *

Shukr har o‘tgan kecha,
Kelgan har tongga shukur.
Shukr kiyim boshgacha,
Boshdagi qalpoqqa shukur.

Eshigimni taqillatgan,
Jallodmisan, ajalmisan?
Oshyonimga yaqinlashgan,
Har kelgan mehmonga shukur.

Amr et, bo‘ynimni boltala,
Ketsam tuproq oshyoniga,
Yana de, la’nat shaytonga,
Yana de, Allohga shukur!

* * *

Ko‘kdagi turnada mening hayolim,
Do‘naman tushdagi ko‘kka savolim,
Bu nigoh ichida, hayol ichida,
Yuragim o‘ziga joy topa olmas.
Bir chechak kulgisi, bir qush sasi ham,
Yuragimga qayta yo‘l topa olmas.

Sepdim o‘z yaramga o‘zim kulimni,
Odam o‘z kuliga belanur shunday.
Tishim parcha-parcha kesar tilimni,
She’rim hijolarga bo‘linur shunda.

Men shunday odamman, mendan uzoq yur,
Uzoq tur xayrimdan, she’rimdan manim.
Qalamimdan qayta chechak gullamas,
Qizlar sarxush bo‘lmas she’rimdan mening.

Qochdim meni sevgan ko‘zlardan yana,
Hammaning sevgisi ko‘zida qolsin.
Uy tikan degayman so‘zlardan yana,
Qo‘y bari u cho‘lning o‘zida qolsin.

San ham tashlamoqqa o‘zgasini top,
Meni umr bo‘yi tashlagan odam.
Gilosi murabbo, qo‘zisi kabob,
Shoiri haykaldek hushi yo‘q odam.

Yo‘q haykal bo‘lmasman bu yer yuzida,
Mening tosh bo‘lishga yo‘qdir havasim.
Tosh bo‘lib baxtiyor Fuzuliy kabi,
Yoningda turishga yo‘qdir havasim.

Men sening yoningda turaveraman,
Saning yoningdaman keksa tilanchi.
Boshingdan bor davlat yoqqan o‘lkaning,
Baxtiyor kunida turgan tilanchi.

Hech kim g‘am chekmaydi, oqargan sochga,
U kumush sochingdan o‘paman sening.
Qo‘rqma pul qo‘ymayman sening hovchingga,
Egilib qo‘lingdan o‘parman sening.

Ozarboyjonchadan Dilbar Haydarova tarjimasi