Baxtiyor Vahobzoda (1925-2008)

Ozarboyjon xalq shoiri, taniqli olim Baxtiyor Vahobzoda (Bəxtiyar Mahmud oğlu Vahabzadə) 1925 yil 16 avgustda Ozarboyjonning Sheki shahrida tug‘ilgan. Boku Davlat universitetining filologiya fakultetini bitirgan.
Samad Vurg‘unning ijodiy faoliyati tahliliga bag‘ishlangan nomzodlik ishini 1951 yilda, doktorlik ilmiy ishini esa 1964 yilda himoya qilgan. Zamonaviy Ozarboyjon adabiyoti hamda adabiyot tarixi bo‘yicha yirik mutaxassis. U 40 yil davomida universitetda talabalarga ana shu fanlardan saboq bergan.
Bugungi kunda Baxtiyor Vahobzodaning nomi va asarlari o‘z mamlakati hududidan tashqarida ham ma’lum va mashhur. U Ozarboyjon Parlamenta deputati, Ozarboyjon Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, adabiyot va fan sohasidagi yuksak mukofotlar laureati edi. 2008 yilda Bokuda vafot etgan.
Asarlari dunyodagi ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan. O‘zbekistonda shoirning “Mening yo‘lim” nomli she’rlar kitobi 1981 yilda Jumaniyoz Jabborov tarjimasida chop etilgan.

KIMDIR MENING DUShMANIM

Kimdir manim
Eng qo‘rqinchli dushmanim?
Bilolsaydim buni men
Zarba bermasdan yovim
To‘sar edim yo‘lini,
Kesar edim qo‘lini.

Kimdir manim dushmanim?
Yaxshimni tilga olmay,
Yomonimni deganmi?
Yo‘q!
Aybimni yuzga solmay,
Yo orqamdan kulganmi?
Yo‘q!
Mening nuqsonlarimni
Mendan yaxshi bilganmi?
Yo‘q! Yo‘q! Yo‘q!

O, ularning ko‘zini
Taqolsaydim ko‘zimga,
O‘zgalar ko‘zi bilan
Boqolsaydim o‘zimga,
Qolmas edi armonim,
Bo‘lmasdi zarra dardim…
Men unda o‘z-o‘zimni
Aniq, yaqqol ko‘rardim.
Unda o‘z ayblarimga
O‘zim g‘anim bo‘lardim.
Ko‘rsaydim o‘z-o‘zimni.
Bo‘lardi o‘ylaganlarim.
Oh, meni mendan yaxshi
Ko‘ra bilgan do‘stlarim,
Orqamdan gap-so‘z qilib
Mendan kulgan do‘stlarim,
Kuling, oshkor kulingki,
Etsin quloqlarimga
Sizning har bir so‘zingiz,
Barcha gunohparimdan
Tezda xabardor bo‘lay,
Ko‘zim bo‘lsin ko‘zingiz.

Eng qo‘rqinchli yovning ham
Uddasidan chiqurman,
Lekin o‘zim o‘zimni
Bilolmay entikurman,
Bilolmay entikurman.

O‘zim o‘z qo‘lim ila
Bir kun bol icharman,
Bir kun zahar icharman,
Men hayot yo‘llaridan
Oyog‘im bilan emas,
Imonim-la kecharman.

Jumaniyoz Jabborov tarjimasi

LOTIN TILI

Login tili!
Har so‘zingda dunyo qadar ma’no nihon.
Lotin tili!
Millat o‘lmish, ammo tili yashar hamon.
“Ona” degan, “Zamin” degan, “Vatan” degan
Kalimalar yo‘q bu tilda.
Lekin yana yashar bu til.
Tonglar bizning chegaradan
O‘zga yurtlar hududiga oshar bu til.
Balki… butun yulduzlarni kezar bu til.
Cho‘ng janglarda g‘olib chiqib,
O‘lgan mardga mengzar bu til.
Vatani yo‘q,
Millati yo‘q,
Yashar o‘zi.
Bilimlarning tamalidir
Lug‘atdagi har bir so‘zi.
Kim ham degay uni o‘lik,
Tabiblarning,
Olimlarning tilidir u,
Doim tirik.
Oy oti ham, yil oti ham bu tildadir.
Nabototu hayvonotning,
Tabiatu samovotning
Nomlari ham ushbu tilda bitiladir.
Kim ham degay: “o‘likdir u”,
O‘liklarning tili emas,
Tiriklarning tilidir u.
Atlantika sohilida
Jo‘sha-jo‘sha,
Tosha-tosha:
— Men ozodman, men baxtliman, —
Deydi notiq chet tilida.
So‘zla, notiq,
Ishonaylik endi nega —
Quloqqami
Yo ko‘zgami?
Amalgami
Yo so‘zgami?
“Men ozodman, baxtiyorman” so‘zlarini
O‘z tilingda aytmoqqa ham
Ixtiyoring bo‘lmasa gap,
Kim ham seni ozod atar?…
So‘zla, qanday ozoddirsan
Top kulbada qolib ketsa ona tiling?
Necha ulkan anjumanlar, yig‘inlardan
Gungday chiqsang, yonib diling.
Majlislarda ona tiling so‘zi yo‘qdir,
Balki… uning ulkan, rasmiy majlislarga
Chiqmoq uchun tuzi yo‘qdir?
So‘zla, balki sun’iydir u
Otasidan yo‘q xabari?
Balki bu til juda nochor,
Og‘ushiga sig‘magaydir
Buyuk olam fikrlari?..
Ajab holat:
Vatan ham bor,
Millat ham bor,
Ammo uning tili yo‘qdir.
Go‘yo ko‘zgu kabi porloq yuzi boru
Dili yo‘qdir…
O‘zing aytgil,
Qaysi tilni o‘lik deymiz?
Vatani bor,
Millati bor,
Kichik, yo‘qsil kulbalarda
asir bo‘lgan bir tilgami?
Yoki uzun asrlardan
o‘tib kelgan,
Xalqi o‘lgan,
O‘zi qolgan bir tilgami?

BIR KEMADA

“Dunyo” degan bir kemada safardamiz
Sen ham, men ham, u biri ham.
Yaratgan ham asli bizmiz
Sevinchni ham, kadarni ham.
Toleimiz azal-abad mushtarakdir.
To‘fon erur bizlar uchun tanho dushman.
Hamrohlarim taqdirimga javobgardir,
Barchasining qismatiga men ham eshman.

Bir kemada safardamiz,
Birlashtirar yo‘llar bizni.
O‘zgan kema, suzgan kema
Qaylargadir yo‘llar bizni.
Biz sherikmiz dengizdagi to‘fonga ham,
saboga ham,
Xush, yoqimli havoga ham.

Kema suzar,
To‘fonlardan hurkib qochgan
to‘lqinlarning quchog‘ida
qalqib-qalqib,
enib-chiqib…

Eh, ns qadar ayanchlidir
Bir kemaning yo‘lchilari tish qayrasa
bir-biriga,
urib-yiqib.

TO‘LDIR…

To‘ldir, yuragingni ssvinchga to‘ldir,
Bu hayot goh tikka, goh chikka yo‘ldir,
Dunyoda dard ham mo‘l, lazzat ham mo‘ldir,
Qaysini ololsang o‘z qismatingdir.

Shodlik kerak bo‘lsa, ol, yasoq* emas,
Dard chekkan yurakdan dard yiroq emas,
Dunyo ikki rangdir, faqat oq emas,
Yolg‘iz birin ko‘rmoq jaholatingdir.

Poyga maydonidir bu hayot, gulim,
Marraga mardona surgil ot, gulim,
Umr tekin kelgan, qimmat sot, gulim,
Tengi yo‘q bu boylik — o‘z sarvatingdir.

Baxtiyor, bildingmi, sen kimsan, nesan?
Ayt, ne shamollardir boshingdan esgan,
Dunyo motamida gar gam chekmasang,
Dunyoning to‘yi ham musibatingdir.
_______________
Yasoq – taqiqlangan.

* * *

Hududsiz anglardik bir vaqt dunyoni,
Tarqaldi u ko‘hna tasavvur, gumon.
Soatlarda kezib cheksiz samoni,
Angladik, ne qadar kichik bu jahon.

Dunyoni qaytadan bo‘lishmoq uchun,
Qon to‘kdi qirollar, shohlar bir zamon.
Bugun bir bombada qalqiydi ochun,
Gohida ne qadar kichik bu jahon.

Erning u burchidan lahzalar aro
Xabarlar yetadi bizga ko‘p oson.
Ming yillar yashadik, sir edi dunyo,
Bilguncha ne qadar kichik bu jahon.

Dilda umidlari, orzusi cheksiz,
Xayollar ortidan ulg‘aydi inson.
Oqillar dunyoga sig‘madi hargiz,
Eh, gohi ne qadar kichik bu jahon.

* * *

Chamandagi gul, chechakning
Sog‘-so‘lida alafi bor.
Dunyoda har baxtsizlikning
Ham zarari, ham nafi bor.

Vaqt — tabiblar tabibidir,
Hayot inson habibidir,
Yoydan chiqqan o‘q kabidir,
Har umrning hadafi bor.

Yurakdadir so‘z ildizi,
Mangu qolar unda izi,
Ko‘p og‘irdir mehnat o‘zi,
Ado etsang sharafi bor.

Yurak — tilsim, yonar par-par,
Har burjida minglab gavhar,
Inson ko‘kda oyga mengzar,
Ko‘rinmagan tarafi bor.
___________________
* Hadaf — maqsad, nishon.

Nosir Muhammad tarjimalari

UNUTMOQ UChUN

Ayrildik…zo‘r keldi bizga hujumlar,
Ayrildik, qisinib ta’nadan, so‘zdan.
Bizdan rozi qoldi hadlar, hukmlar,
Biz rozi emasmiz o‘z-o‘zimizdan.

Ayrildik biz aytgan qo‘shiq yarimta,
fikrlar parishon, ko‘ngil yarimta.
Ayrildik fikrlar qalqigan zamon,
Endi na sensan,na men o‘zimman.

Boshimga to‘fonlar hayqirig‘idek,
To‘fonlar zalvori to‘kilgan manim.
Tog‘larga tirmashib ortiga toshgan,
U qor suvlarga qorishdim men ham.

Tolening hukmila ayrilib sendan,
Bir og‘ir hukmdan parishon men ham.
Yondirgan ham o‘zim, yoqilgan ham men,
Hijron oloviga chayqalgan ham men!

Ayrildik, bilmadik, nechun kerak biz,
Ayrildik… ayrilmoq istamasdan biz.
Yuragimda yo‘qdir, senga g‘azab kin,
Yodimga tushmaydi, yomoning lekin.

Nafratsiz ayriliq ayriliqmidir,
Nafratsiz ayriliq visoldan shirin,
Gulim seva-seva ayrilishdik biz,
Yurak ko‘kdan tushgan toq simga o‘xshar.

Bizning ko‘zi yoshli badbaxt sevgimiz,
Otalik-onalik yetimga o‘xshar.
Deymanki, men seni unutmoq kerak,
Mumkinmi?
Orzuga amal ham kerak!
Unuta bilmoqchun sani sevgilim,
Qaytadan tug‘ilmoq tug‘ilmoq kerak!!

BIRI SENSAN, BIRI MEN

Bir buloqning ikki ko‘zi,
Biri sensan, biri men.
Bir olmaning ikki yuzi,
Biri sensan, biri men.

Qo‘sha simning titramasi,
Biri sensan, biri men.
Bir pardaning ikki sasi,
Biri sensan, biri men.

Ochiq samo kuy qurshog‘i,
Biri sensan, biri men.
Tong yulduzi saxar chog‘i,
Biri sensan, biri men.

Bu hayotda ikki rangdir,
Biri sevinch, bir g‘am.
Sevinch kimdir, qahr kimdir,
U ham sensan, hamda men.

Bu dunyoda hamroh ekan,
Ham g‘amu hamda sevinch.
Sen mendursan,
Men — sendursan,
Go‘zaldir g‘amu-sevinch.

SEN KETDING

Sen ketding, bilgilki, dunyo bo‘shaldi,
Yoz ham ko‘chib ketdi, yeri bo‘sh qoldi.
Bahor yuragimni endi qish oldi,
Yozga o‘rganganman qishni naylayin?

Bag‘rimni o‘pirib sen ketding demak,
Bu ishqsiz yuragim nimaga kerak?
Sovuq tosh-ey bo‘ldi u kunday yurak,
Siynamga osilgan toshni naylayin?

Hamisha ayriliq kecha-kunduzi,
Birimiz osmonda birimiz yer chizib.
Ustunning qoshiga yarashar uzuk,
Gar uzuk bo‘lmasa qoshni naylayin?

Nega yashayin men, men nega sensiz,
Na yerga boqarman, na ko‘ray sensiz,
Menku ko‘r bo‘larman bir lahza sensiz,
Ko‘r ko‘zning ustida qoshni naylayin?..

TUShARSAN YoDGA

Unutmoq istayman!..
O‘zim-o‘zimdan,
Bir da’fa ayrilib, hayajonlanib.
Kechalar xayolim bir fikrda man:
Sani tushunmayman, sani anglamam.

Bu shunday qayg‘uki, bu shunday g‘amki,
Ozdirar ming yillik yo‘lingdan seni.
Saharda, oqshomda tushunamanki,
Tushunmog‘im shartmas hech zamon seni.

Unutsa ham fikr-xayoldan qancha,
Yurakdan quvolmas sevgan-sevganin.
Men o‘zim-o‘zimga “unut”degancha,
O‘zimni unutib toparman seni.

“Unutdim” deymanu, undan ne foyda!
Yodimdan chiqmasdan tusharsan yodga.
Bu ishqning o‘tini o‘chirish qayda,
G‘azabim sel kabi oshib toshsada,
Yodimdan chiqmasdan tusharsan yodga…

AQL OLARDIM

– Bu ne ilinj, bu ne noladir,
Ey, yurak ayt istaging nadir,
– So‘rma, qo‘y, mening ko‘ngil dardimni.
Hissim bo‘lmasaydi, anglashilardim.
Yo‘q! Agar bilsaydim o‘z istagimni,
Men yurak olmasdim, aql olardim.

FIKR QANOTLARIM

Mening qanotlarim bor:
Shirin-shirin orzular,
Buyuk-buyuk xayollar,
Qanotlarimdir mening!
Dunyo qanotlarim uchun
juda kichikdir,
Kichikdir.
Koinotdir – Vatanim!…
Orzular dunyosiga
Uchgan zamon o‘g‘illar
Yaraldi afsonalar,
Esdaliklar,
naqllar…
Uchiray, xey, uchiray!…
Men tepa-tuz bilmasman,
Kecha-kunduz bilmasman.

Xayolning bir haddi yo‘q,
Xayolning bir haddi yo‘q,
Qoyalarning sarhadi yo‘q!
Qushlar nega ozoddir?!
Ozodligi tashbehi,
yasharlar qush otida,
Ozodlik
uchir,
uchir
Qushning sarhad bilmagan,
U qo‘sha qanotida.
Fikr qanotlari ham ozoddir!
Sarhadi yo‘q…
Samo kabi hadi yo‘q!…
Fikr ham ming xil bo‘lur.
Ba’zan samoning o‘zi,
Fikrimga dastur bo‘lur!
Uchir,
Uchir
xayollar,
Samodan ham u yonga,
Bo‘shliqdan manzilim bor.
Unda fikrim qangoti,
Ko‘rar tutib dunyoni…
Sen neni istaysan?
Boq!
O‘zimga boq!
Ne g‘am!
Mendan juda buyukdir,
Boshim uning poyida.
Uning boshi somoda
so‘ngsiz samoda.
Udir fikrim, tushuncham!. .
Men ozodman, ozodman!
Manzili ko‘rinmagan,
Bir abadiy yo‘lim bor.
Meni yerdan keltirgan
Haddu-hududi giryon, tug‘yon
Fikr qanotlarim bor.

BAXTIYoRMAN MEN

Umrimning kuzida sevdim, sevildim,
A’lo bilaman ki, ilk bahorman man.
Orqangda suringan soyangman sening,
Qayda qaror tutsang, unda borman man.

May bo‘lsang, yoningda bir qadah bo‘lgum,
Gul bo‘lsang, g‘unchani o‘pgan men bo‘lgum.
Ot bo‘lsang, bir onda anjom o‘zimman.
Tog‘ bo‘lsang, cho‘qqingga yoqqan qorman men.

Boshimni qo‘yarman kunda yuz karra,
Bir bor oyog‘ingni bosganing yerga.
Ishqingdir uchirgan meni ko‘klarga,
Bu ishqning kuchiga minnatdorman man.

Ishqni chegaralash, asli gunohdir,
Johilning har ishi, so‘zi gunohdir.
Ishqni gunoh sanash asli gunohdir,
Kim dedi, ishqimda gunohkorman man?

O‘zing bir olamsan, ishqing bir olam,
San bo‘lgan ko‘ngilda na gunoh na g‘am!
Sansiz bu dunyoning eng badbaxtiman,
Sen bilan dunyoda Baxtiyorman man…

Dilbar Haydarova tarjimasi

SAMANDAR

O‘t-olov qushidir samandar qushi,
U na ko‘k qushidir, na-da yer qushi.
Olovlar ichida yonib yashar u,
Yonib-yoqilmoqni hayot sanar u.
Yashar o‘t ichida ko‘z kabi va yo
O‘lar u yonmoqdan bezganday go‘yo…
Ichidan o‘t olib yonmasa agar,
Hayot mahv bo‘lmasmi yerda muqarrar.
Ey ko‘ngil, sen-da yon misli samandar,
Yondirgin ishqimni qiyomat qadar!

SO‘RAMA

So‘rama, men seni nechun sevmisham,
Nechun yaralibdir, nechun bu olam?
So‘ragil, bulutlar nechun evrilur,
Nechun u goh yomg‘ir, goh bulut erur?
So‘ragil, so‘ragil, nechun dod solar,
O‘zini sohilga urib dolg‘alar?
So‘ragil, esganda sarxush shabboda
Nega pichirlashar gul-chechak bog‘da?
Nechun sevganimni bilmadim man-da.
Sevarman, sevarman… inson sevganda
Yolg‘iz o‘z ko‘nglidan tinglaydi bir sas,
Nechun sevganini sevganlar bilmas.
Nechun sevganini bilsa gar yurak,
Sevmaydi demak,
Sevmaydi demak!

HAYF

Hayf u ko‘zlarga, u boqishlarga,
O‘zga bir kishiga boqajak hamon.
Hayf u ilohiy ko‘zu qoshlarga,
Bu o‘tli boqishdan kim qolgay omon.

Hayf u olovli o‘tgan chog‘larga,
Uchgan yot butoqqa tez qo‘nar, ishon.
Hayf gul misoli u dudoqlarga,
O‘zga bir dudoqqa tutashar bu on.

Gulim, hayf senga, hayfdir menga,
Men asray bilmadim muhabbatimni.
O‘zim bila turib berurman yana
O‘zga bir kishiga saodatimni.

IShQING BIR OLAM

Umrim davomida sevdim, sevildim,
O‘ylay bilurmanki, ilk bahorman men.
Ortingda suringan soyangman sening,
Qayda qaror tutsang, unda borman men.

May bo‘lsang, yoningda paydo qadahman,
Gul bo‘lsang, atringni o‘pgan sabohman.
Garchi sen bir maysa, tanangda shoxman,
Tog‘ bo‘lsang, cho‘qqingga yoqqan qorman men.

Boshimni qo‘yarman kunda yuz karra
Bir bor oyog‘ingni bosganing yerga.
Ishqingdir uchirgan meni ko‘klarga,
Bu ishqing kuchidan minnatdorman men.

Sevgiga had qo‘ymoq tuzuk gunohdir,
Johilning har ishi, so‘zi gunohdir,
Ishqni gunoh demak o‘zi gunohdir,
Kim aytar, ishqim-la gunohkorman men?

O‘zing bir olamsan, ishqing bir olam,
Sen bo‘lgan ko‘ngilda na kadar, na g‘am!
Sensiz bu dunyoning badbaxti bo‘lsam –
Sening-la dunyoda baxtiyorman men.

Ozarbayjonchadan Gulbahor Said G‘ani tarjimasi

NOMSIZ ShE’R

Ko‘zimda ko‘l bo‘ldi, gul bo‘ldi yoshlar,
Tark etdi birma-bir do‘stlar, tanishlar…
Baxtsizlik – yurakka sanchilgan tikan,
Udir yolg‘izlikning egiz qardoshi;
Yolg‘izlik – tog‘day yuk, bellarni bukkan,
Dunyoning eng ulkan, eng og‘ir toshi…

Yolg‘on – ming bo‘yoqli,
Haq-chi, bo‘yoqsiz.
Yolg‘on qip-qizildir, haqiqat oqdir.
Yolg‘on – shir yalang‘och, yolg‘on hayosiz,
Haqiqat har zamon sal tortinchoqdir.

VIJDON

Ikki yo‘lning o‘rtasida turgancha,
Goh u yondan, goh bu yondan qo‘rqaman.
Devdan emas, pashshachalik kuchi bor,
O‘zini dev sanagandan qo‘rqaman.

Ul dargohda Haq devoni qurilgay,
Ne topgansan, bari bir-bir so‘rilgay;
Iddaosi bo‘ynimizga yuk ilgan –
Avf etilgan sharaf-shondan qo‘rqaman.

Bu dunyodan bir umidim mezondir,
Men qo‘rqqan kas u mezonni buzgandir,
To‘q kimsaning quturishi yomondir,
Ochdan emas, men to‘ygandan qo‘rqaman.

Kim hamkordir nafs degan shaytonga,
U tupurar haqiqatu vijdonga;
Axir vijdon qiymat bergay insonga –
Vijdonidan qo‘rqmagandan qo‘rqaman.

AQLNING KO‘ZI BOR

Do‘stim, bir g‘alati so‘z aytding, zotan
Dedingki, ko‘rmasam – hech ishonmayman.
Dedim, sen orifsan, men bir avomman,
Men ko‘z-la ko‘rsam-da, inonmam, ammo.
Bilmayman – ko‘zimga ko‘ringan dunyo
Aslan haqiqatmi yo sirli ro‘yo?..

Baland-past dunyoda men yashab yurib,
Angladim o‘ng-chap ne, ne butun-yarim.
Bildim – haqiqatdir aqlim-la ko‘rib,
Ammo ko‘zlarim-la ko‘rmaganlarim.
Aqlning ko‘zi bor, u yo‘l ko‘rsatar,
Ko‘zda-chi, aql yo‘q, u bizni aldar.

ALVIDO

Do‘stlarim, umrimning safosi bitdi,
Toqqa ketdim, dala-tuzga alvido.
Ko‘zga tuman cho‘kdi, boshga qor yog‘di,
Bahorga alvido, yozga alvido.

Sen ishqni har zamon muqaddas deding,
Kunlarga yopishmoq puch havas deding,
Ko‘pni istamading, ozga bas deding,
Derman: ko‘p yo‘q esa, ozga alvido.

Endi tomiridan uzilgan menman,
O‘rgangan oshyoni buzilgan menman,
Endi na sen sensan, na-da men menman,
Endi biz bizmasmiz, bizga alvido.

Baxtiyor, yarangdan oqqan qon har on
Seni kechmishingga bog‘lar har zamon;
Zulmat yuragingni yog‘dulantirgan,
Yo‘lingga sham tutgan ko‘zga alvido.

Ozarbayjon tilidan Tohir Qahhor tarjimasi