Abbos Abdulla (Abdulla Abbas Hacaloğlu) — ozarbayjon shoiri, adabiyotshunos, tarjimon. Ozarbayjon yozuvchilar uyushmasi a’zosi (1977).
* * *
Chiqdi qishlog‘idan shoir bir o‘g‘lon,
Bir ona og‘ushi qoldi o‘g‘ilsiz.
Ona “Yolg‘izman” deb osmadi qozon,
Qoldi o‘choq-qozon o‘tsiz-o‘tinsiz.
El undan xafadir, u esa eldan,
O‘zining gunohin so‘ng anglab olmish –
Bir shoir yuragi osilgan qildan,
Bir go‘zal og‘ushi onasiz qolmish…
DUNYoNING MENSIZ ShAHARLARI
Bu dunyoning shaharlari
Meni orzu qilarmikan?
Uylariga mehmon bo‘lsam,
Tanirmikan, bilarmikan?
Osmonga ustun tomlari,
Gul yozadi bodomlari,
Men yig‘lasam, odamlari
Ko‘z yoshimni silarmikan?
Bu dunyoning ko‘priklari
Bog‘lab turar ko‘kni, yerni.
Yo‘lga boqar Tabriz shahri,
Menga tole kularmikan?
Do‘st quchgali qo‘llar ochiq,
Bog‘liq qolgan yo‘llar ochiq.
Qarab turma, yo‘llarga chiq!
Shundoq bir kun kelarmikan?
Shundoq bir kun yetsa kelib,
Bu sohildan unga yelib,
To‘yga ketdik, deb sevinib
Abbos shunda o‘larmikan?
Ozarbayjon tilidan Usmon Qo‘chqor tarjimasi