Gerrit Kauvenar (1923-2014)

Gerrit Kauvenar (Gerrit Kouwenaar) shoir sifatidagina emas, adib va Bertold Brext dramalarining tarjimoni sifatida ham tanilgan. 1941 yilda “Bahor tongi” nomli she’riy to‘plami bilan adabiyotga kirib keldi. 1940-50 yillarda niderland she’riyatida “eksperimentalistlar” deb atalgan oqim asoschisi bo‘lib nom qozondi. Uning “Men askar emasman” (1951) hikoyalar to‘plami ham adabiy jamoatchilik o‘rtasida qiziqish uyg‘otdi. Ko‘plab adabiy mukofotlar laureati bo‘lgan. G.Kauvenar Niderlandiyada kitoblari eng ko‘p o‘qiladigan mualliflardan biri sanaladi.

BUGUN ERTA TUShDI QORONG‘I

Bugun erta tushdi qorong‘i
Tug‘ruqxonaga aylandi xonam;
Onam ko‘ylagining jimjimalarida
Qonlar qotib qolmish – xuddi bezakday.
Men esa – yig‘loqi chaqaloq –
Tarozida yotibman chirillab-yig‘lab.
Men tug‘ildim, mana, dunyoga keldim,
Nafas olmoqdaman, haqiqat-ku bu,
Yo‘rgakda uxlayman pishillab,
Noyabrning uzun kechalarida;
Tush ko‘raman:
Otam va onam
Payhon bo‘layozgan maysada yotib,
Ilohiy va metin qonunga ko‘ra
“Nimadir” olishar bir-biri ila.

Uchib o‘tar allaqanday qush,
Ustimda silkitar qanotlarini;
Men paydo bo‘lishim mumkin
ertaroq
Kechikkan yo‘lovchilar oldida
tonggi shabbodaday huzurbaxsh,
Bokschining zarbasiday zalvorli!

Ertaroq qorong‘i tushgan xonada
Sukut saqlar mening davru davronim.
Tilim tanglayimda chalar qo‘ng‘iroq,
Yangrab turar ovozsiz bong,
jarang-jurunglar.

TIL

Tilni o‘ylab topgan-ov qushlar,
Men – zamin o‘ylab topgan
va yaratgan odam,
hech ucha olmayman,
qanot yo‘q, qanot,
erdan sag‘al ko‘tarilib turaveraman.

Devorlar ostida yashirinib turib,
Men – nurning shu’lasi,
uyning soyasi,
derazadan yalt-yult ko‘rinaman sal.

Men – qutida yaproq yozgan daraxtman,
qafasdagi qushman.
Til o‘ylab topaman men ham o‘zimcha.
Odamlar esa
hadiksirab so‘z ichiga yashirinadilar.

Rus tilidan Muhiddin Omon tarjimasi