Haynrix Hayne (Christian Johann Heinrich Heine; 1797.13.12, Dyusseldorf — 1856.17.2, Parij) — nemis shoiri, publitsist, tanqidchi va mutafakkir. Bonn, Gyottingen, Berlin universitetlarida o‘qigan (1819—25). Birinchi she’riy to‘plami «Qo‘shiqlar kitobi» (1827) romantizm ruhida yozilgan bo‘lib, unda nemislar hayotidagi meshchanlik, xudbinlik qoralanadi. Keyingi «Yo‘l manzaralari» (1826-31) nasriy asarida ham shu yo‘nalishni davom ettirib, inson erki, shaxsini xo‘rlovchi tartiblarga qarshi chiqadi, bu tartiblarni himoya qiluvchi kuchlarni, davlat idoralarini tanqid qiladi. Shundan so‘ng Hayne Germaniyaning hukmron doiralari bilan kelisha olmay, 1831 yilda Parijga ketishga majbur bo‘ladi va u yerda umrining oxirigacha siyosiy mahbus sifatida yashab qoladi. «Frantsuz ishlari» (1832), «Lyutetsiya» (1854) kitoblari frantsuz siyosiy hayotining yilnomasidan iborat. 1843— 44 yillarda yozilgan «Zamonaviy she’rlar», shuningdek «Atta Troll» (1842), «Germaniya. Qish ertagi» (1844) poemalari o‘z davrining ilg‘or asarlaridandir. «Atta Troll» majoziy doston bo‘lib, «hayvonlar eposi» tarzida yozilgan, o‘tkir hajviy yo‘nalishga ega. Bunda Pireneya tog‘larida yashovchi xalq siymosida nemis meshchanlari va soxta inqilobchilar fosh qilingan. «Germaniya» dostonida esa og‘ir mehnat bilan yashayotgan nemis ishchilarining obrazi tasvirlangan. Shoirning ijodiy faoliyatida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan «Romansero» (1851), «E’tirof» (1854) she’riy kitoblari ham mavjud. Haynening asarlari 20-yillarda Cho‘lpon, 30-yillarda Mirtemir va 1997 yilda Abdulla Sher tarjimasida o‘zbek tilida nashr etilgan.
SILEZIYa TO‘QUVChILARI
Ko‘z yoshi to‘kmagan boqishlar qayg‘uli,
Dastgohda o‘tirib, tishlarin qayraylar;
Germaniya, to‘qiymiz biz kafaningni,
La’nati uch rangli jiyak tutamiz –
To‘qiymiz, to‘qiymiz!
Tangriga la’natki, unga biz sovuq
Ochlik, qashshoqlikda ibodat qildik!
Har soat biz undan ko‘maklar kutdik,
U bizni aldadi va laqillatdi –
To‘qiymiz, to‘qiymiz!
La’nat, u qirolga, zolim xoqonga.
Ingrashimiz unga ta’sir etmadi.
Bizdan u eng so‘nggi chaqani so‘rdi,
Mol kabi yotqizdi bizni pichoqqa…
To‘qiymiz, to‘qiymiz!
La’natlar bu yurtga, yolg‘on vatanga,
Unda baxt ko‘radi tubanlik, xo‘rlik.
Unda bemahal toptalgan g‘uncha…
Unda har o‘smirni mog‘ol bosadi.
To‘qiymiz, to‘qiymiz!
Dastgoh g‘ijirlaydi, mokisi chaqqon;
To‘qiymiz kecha-kunduz sira tolmasdan
Qari Germaniya, to‘qiymiz kafaning,
Uch qat la’nat ila jiyak tutamiz –
To‘qiymiz, to‘qiymiz!
Oybek tarjimasi
* * *
O‘tganimda men ayni sahar
Ko‘chang bo‘lib g‘amgin, darbadar:
Suyunardim, darchang yonida –
Turgan bo‘lsang, qo‘zim, sen agar.
Shahlo ko‘zlar tashlagay nazar,
Kiprik qoqmay boqarsan, dilbar:
– “Bechora na axtarar bunda.
Kim ekan bu g‘arib qalandar?..”
– “Men bir nemis shoiri, qo‘zim,
U o‘lkada mashhurman o‘zim,
Yaxshilarni yodlarkan meni –
Shaksiz eslar quralay ko‘zim!
U ellarda g‘amgin ancha bor,
Menga, qo‘zim, xuddi shu darkor:
Og‘ir qayg‘u tilga olinsa,
Ikkimizning qayg‘umiz bo‘lar…
* * *
Bas, ey ko‘ngil! Senga ne bo‘ldi?
Taqdiringga tan bergil sen ham.
Nimaiki qish payti so‘ldi,
Olib qaytar yana soz ko‘klam.
Yo‘qolgan yo‘q, hammasi butkul:
Ajab sozdir, go‘zaldir olam.
Nimaiki istasa ko‘ngil –
Sayla tugal, sev, yo‘q g‘ov bu dam!
* * *
Uyum-uyum yotsin qor, mayli
Qutqu solsin bo‘ronlar, mayli.
Darcha qoqsin, mayli, beqaror!
Bo‘ronlardan hayiqsin dillar.
Qor ostida gul ochar, gullar –
Yor timsoli va so‘lim bahor!
* * *
Ajab go‘zal bahor oyi – soz,
Jumla daraxt kurtak ochdi boz,
Ham uyg‘onib yosh ko‘nglimda ishq,
Birinchi gal bo‘ldim ishqiboz,
Ajab go‘zal bahor oyi – soz,
O‘rmonlarda qushlar xushovoz,
Iqror bo‘ldim dilbarga men ham,
Unga dedim o‘z ishqimdan roz.
* * *
Oq ko‘pikdan to‘qilgan qadar –
Chiroyi oq, yorqin, jilvagar;
Unashilgan begonaga qiz,
Chetga kelin bo‘lur u dilbar.
Ko‘ngil, ko‘ngil, to‘lqinlanma – tek,
Jek ko‘rgandan olmagil sen kek,
Mayli, toqat qil, esi past yor –
Qilmishlarin kechir, qo‘ling chek!
* * *
Yaydoq shimol, tog‘ cho‘qqisida
Bir qarag‘ay turar yakkahol,
Mudrar ham muz, ham qor ustida –
Chulg‘anmishdir oq kafan misol.
U bechora ko‘rar tushida,
Ovloq yerda – kun yoqda jim, lol –
Kunda kuygan qoya to‘shida
Kuyunar bir xurmo yakkahol.
* * *
Ular meni qiynadi rosa,
O‘likday nur o‘chdi rangimdan.
Ba’zilari sevgandan bo‘lsa,
Ba’zilari – dushmanligidan.
Ular og‘u qo‘shdi oshimga,
Ular qotdi suvga ham zahar –
Ba’zisi do‘st, kelar qoshimga,
Ba’zilari dushmandan battar.
Lekin o‘sha dilbarki – dilbar,
Sitamidan hanuz dil nolon;
Menga ravo ko‘rmadi hech sharr,
Sevmadi ham meni hech qachon.
Mirtemir tarjimalari
IShQIY QO‘ShIQLAR
DEBOChA
Bir ritsar yashardi qayg‘uli, kamgap,
Chehrasi qonsiz-u, uniqqan, rangpar;
Kezardi u doim gangib, tentirab –
Tund o‘ylar qo‘ynida bir o‘zi besar.
Hurkib u yovvoyi, chapdan yurardi,
Gullaru sho‘x qizlar o‘ngda turardi –
U munkib ketganda kulib ishvagar.
Shom qo‘ngach, uyidan chiqmay ko‘pincha,
O‘ltirar odamlar ko‘zidan nari.
Goh g‘amgin cho‘zilar qoqmasdan mijja,
Bir og‘iz so‘z aytmas, tunddir nazari.
Har kuni yarim tun bo‘lganda, lekin,
G‘aroyib kuy-qo‘shiq boshlanar sekin,
Shiqirlar eshikning, so‘ng zulfinlari
Va uyga ohista kiradi go‘zal,
Mavjlar ko‘pigidan libosi go‘yo,
Chaqnaydi, qulf urar yonadi yal-yal,
Tillahal yopinchi sochadi jilo.
Tillarang kokili – husniga husn,
Ko‘zida xush imo, hukmron fusun –
Bir-birin quchadi ikkala shaydo.
Yorini qucharu tobora mahkam,
Lovullab yonadi ritsar olovdek,
Qizarar rangpar yuz, uyg‘onar shu dam
Tanida quvvati yangi kuyovdek.
O‘yinqaroq go‘zal shunda noz bilan
Yorining boshiga yopib daf’atan
Oq harir chodrani, bir zum qolar tek.
So‘ng billur suv osti qasri shu mahal
Ritsarni sehriga tortar, al-amon!
Bezagu durlari yaraqlar yal-yal,
Qamashgan ko‘zlarin u ishqar hayron.
Quchar suv parisi, shunda, dilbari,
Oh, ritsar kuyovmish, kelinmish pari,
Hur qizlar soz chalib o‘ynarmish komron.
Atrofda qo‘shig‘u raqs, o‘yin-kulgu,
Qanotga aylanar oyoqlar bu dam;
Ritsarni titratar birdan muz tuyg‘u,
Pariga suqilar, quchoqlar mahkam –
Mash’allar yitaru beiz shu zahot,
Bir o‘zi o‘ltirar, qarasa, hayhot,
Zaxkash shoirona kulbada purg‘am.
1
Kelganida ajib, go‘zal May
Jam’i daraxt barg yozdi takror,
Shunda mening yosh qalbimda ham
Ishq uyg‘onib, ko‘z ochdi ilk bor.
Kelganida ajib, go‘zal May
Jam’iki qush kuyladi bedor,
Shunda men ham tilaklarimni
Mahbubamga ayladim izhor.
2
Gullar unib ko‘zyoshlarimdan
Bo‘y cho‘zadi bir-bir samoga
Va ohlarim mening aylanar
Bulbul uchun suyuk navoga.
Meni sevsang, seniki bo‘lgay,
Qo‘zichog‘im, shu gullar butkul
Va tonggacha darchang oldida
Jaranglatgay dunyoni bulbul.
3
Atirgul, nilufar, quyoshu kaptarim –
Shularni men yonib, quvonib sevardim.
Endi-chi, sevganim ularmas, yo‘q, o‘zga –
Oshiqman bir qizga, gul yuzga, cho‘g‘ ko‘zga;
O‘shadir endi, oh, yagonam, sevarim –
Atirgul, nilufar, quyoshu kaptarim.
4
Ko‘zlaringga boqsam, gulbadan,
Ko‘zim tinar qo‘shig‘u g‘amdan;
Lablaringga labimni bossam,
Bag‘ri butun, qodirman shu dam.
Ko‘kragingga bosh qo‘ysam farshda,
Men o‘zimni sezaman arshda;
Lekin: “Seni sevaman!” desang,
Achchiq ko‘zyosh qilar meni tang.
5
Tushda ko‘rdim kecha bo‘yingni
Go‘zal ro‘ying, suyuk ro‘yingni,
U muloyim, u malaknamo,
Juda rangpar, rangpardir ammo.
Qirmizidir lablaring faqat,
O‘lim o‘pgay, lekin, beshafqat.
Ko‘zingdagi ilohiy nur ham
Tezda so‘nib, topajak barham.
6
Yuzlaringni yuzlarimga qo‘y,
Ko‘z yoshimiz birlashib ketsin.
Yuragingni yuragimga bos,
Olovlari chirmashib ketsin.
Shu gulxanni bosganda bir kun
Ko‘z yoshimiz toshqini nogoh,
Mahkam quchib men seni nigun,
Armon bilan o‘lgayman, evoh!
7
Nilufarning billur jomini
Qalbim bilan to‘ldiray jo‘shib;
Jaranglatsin yorim nomini
Nilufardan taralgan qo‘shiq.
O‘shal qo‘shiq o‘xshar albatta
Lablardagi titroq qasamga –
Mo‘jizakor, totli soatda
Yorginamdan olgan bo‘samga.
8
Ming yillarki, g‘ujg‘on yulduzlar
Yuksaklarda qotgancha turar,
Ishq sog‘inchi yongan ko‘z bilan
Bir-biriga to‘ymay telmurar.
Eng boy tilda, eng go‘zal tilda
Roz aytadi ular o‘zaro;
Biror elda biror tilshunos
Tushunmaydi u tilni ammo.
Birgina men o‘rgandim uni
Va umrbod unutmasman hech;
Til darsligi bo‘ldi men uchun
Mahbubamning jamoli har kech.
9
Qo‘shiqlarning qanotlarida
Kel, uchaylik, jonim, ikkovlon –
Gangadan ham hatto narida
Nurga cho‘mgan go‘shalar tomon.
Unda sokin oydindagi bog‘
Qirmizlanib kutar baxtini.
Nilufarlar kutadi mushtoq
Opajoni kelar vaqtini.
Binafshalar qiqirlab sho‘xchan,
Yulduzlarga boqar mastona;
Shivirlaydi atirgullar shan
Bir-biriga xushbo‘y afsona.
Yaqinlashar ohular cho‘chib,
Tinglaydilar yellardan sado;
Mavjlaridan rezalar uchib,
Chayqaladi muqaddas daryo.
Yonboshlaymiz unda sen bilan
Panoh qilib yuksak hurmoni,
Sarmast bo‘lib ishqu oromdan,
O‘ng qilamiz totli ro‘yoni.
10
Bozillagan jaziramadan
Nilufarning dilida qo‘rquv,
Boshin egib mudraydi, qo‘msab
Tungi shirin ro‘yolarni u.
Oshuftasi uning to‘lin oy
Uyg‘otganda suyuklisini,
Ko‘rsatadi oyga nilufar
Ishva bilan oppoq yuzini
Va qulf urar, chaqnar, lovullar,
So‘ng qotadi ko‘kka boqib lol;
U bo‘y sochar yosh to‘kib, titrab,
Ehtirosu ishqdan bemajol.
11
Rayndaryo, go‘zal daryoni
Va mavjlarni qilgancha ko‘zgu,
Qutlug‘ Kyoln alqab samoni,
Cho‘ng jomeni ko‘z-ko‘zlar mangu.
Ul jomeda, bordir, ma’buda, –
Oltin halda aks etgan jamol;
Tund umrimga mening osuda
Quvonch nurin sochdi ul ayol.
Farishtalar, gulu g‘unchalar
Ul ayolni qutlarlar o‘rab;
U yorimga o‘xshar munchalar:
O‘sha ko‘z-qosh, o‘sha yuzu lab!
12
Sen sevmaysan, sevmaysan, jonon
Va lekin men qilmayman parvo;
Chunki seni ko‘rsam bas, shu on
Baxt taxtida podshoman, podsho.
Menga nafrat, faqat nafrat bor
Ol dudoqdan chiqqan har so‘zda,
Lekin o‘psam shu labdan, bir bor
Unutgayman barini tezda.
13
So‘z bermagin, bo‘sa bergin, bas,
Ayol onti ishontirolmas!
So‘zing boldek shirin-u, biroq,
Bo‘sang undan ming bor totliroq!
U – meniki, ishonchlidir u,
So‘z esa – dud, yitgay betutquv.
So‘z ber, jonim, endi men – o‘zga:
Ishongayman birgina so‘zga!
Men ko‘ksingga bosh qo‘yganim vaqt
Ishongayman borligiga baxt;
Ishongayman sen bilan xurram
Yashashimga u dunyoda ham.
14
Yorimning qarog‘in madh eta-eta,
To‘qidim g‘aroyib kantsona*lar men.
Yorimning dudog‘in madh eta-eta,
To‘qidim bol kabi tertsina**lar men.
Yorimning yonog‘in madh eta-eta,
To‘qidim ulug‘vor stans*** lar men.
Yorimda yurak yo‘q, afsuski, netay,
Eng go‘zal sonetlar qoldi to‘qilmay.
________
* K a n ts o n a – qo‘shiq. (Ital.)
** T ye r ts i n a – qofiyalangan uchlik. (Lot.)
*** S t a n s – she’riy satrlar. (Frants.)
15
Kiborlar ko‘r, kiborlar nodon,
Didsizlashar kundan-kun minba’d!
Ular koyir fe’lingni, jonon:
Senda yo‘qmish biror fazilat.
Kiborlar ko‘r, kiborlar nodon,
Tushunmasdan qilarlar xato:
Bilmaslarki, har bo‘sang – bir jon,
Tiriltirgay o‘likni hatto.
16
Ayt-chi menga, jonginam, bugun:
Sen emasmi, yozda, mabodo,
Kirib shoir tushiga suzgun,
Uning hushin talagan ro‘yo?
Biroq, bunday g‘uncha og‘izni,
Bunday ko‘zu sehrli nafas,
Bunday shirin, suyukli qizni,
Yo‘q, shoirlar yaratgan emas.
Yuholaru zuluk-ilonni,
Badbashara, yovuz, beqiyos,
Afsonaviy ne-ne hayvonni
Yaratolgay shoirlar, bu – rost.
Lekin seni, sening ul makkor
Atvoringu aldamchi nigoh
Va ishvali kulgingni, dildor,
Yaratolmas shoirlar, evoh!
17
Shaffof mavjlar ko‘piklaridan
Tug‘ilgandek balqib turar ul
O‘zga yorning o‘pichlaridan, –
Qulf urgancha bugun misli gul.
Qalbim, qalbim, chekmagil faryod,
Sug‘ura bil g‘am nishlarini:
Loqayd bo‘lgin, kechirgin bedod,
Nodon yorning qilmishlarini.
18
Ginam yo‘qdir, garchand darding – yurakda igna,
Sen manguga mendan kechding! Qilmayman gina.
Lekin qancha chaqnamasin ko‘zing olmosi,
Yorishmagay qalbingdagi zulmat dunyosi.
Buni ko‘pdan men bilardim. Bo‘lmishdi ayon
Tushlarimda yuragingni quchgan zimiston,
Tushlarimda yuragingni ilon so‘rardi –
Sen ham baxtsiz ekaningni ko‘rib turardim.
19
Men gina qilmayman: sen baxti qaro; –
Azizam, bizlarga baxt yo‘q dunyoda!
O‘limni quchguncha bemor qalblar to,
Azizam, bizlarga baxt yo‘q dunyoda.
Sen mazax qilasan, labing burasan,
O‘jar nur ko‘raman ko‘zingda har dam,
Ko‘ksingni g‘oz tutib, mag‘rur turasan –
Va lekin baxtsizsan men kabi sen ham.
Ko‘rinmas yig‘i bor, labingda, qara,
Yashirin ko‘z yoshdan ko‘zing aftoda.
Yuraging tubida berkinmish yara, –
Azizam, bizlarga baxt yo‘q dunyoda.
20
Kuy boshladi g‘ijjagu nay,
Jo‘r bo‘ldi-ku nog‘oralar:
Oh, men sevgan qizni, netay,
Bugun erga bermoqdalar.
Yangrar g‘ijjak, qo‘shnog‘ora,
Shovqin aro ammo bir oh:
Maloiklar, dili pora,
Qismatimiz qarg‘ar, evoh.
21
Butunlay unutding ko‘pdan buyon sen
Yuraging sohibi bo‘lganimni men.
Ul yurak bir shirin, bir jajji, bir quv,
Undan quv, shirinroq narsa yo‘q, suluv.
Butunlay unutding sen ko‘pdan buyon
Yuragim bo‘lganin ishq, sitamdan qon.
Bilmam, ishq ko‘pmidi unda yo sitam?
Bilganim – cho‘ng edi ikkalasi ham!
22
Bilganida gullar mabodo
Yuragimning jarohatini,
Yig‘lardilar dardimga oshno
Ayamasdan shafoatini.
Bilsa edi bulbullar ne hol, –
Mening ishqim ta’malarini,
Kuylardilar men uchun darhol
Eng yoqimli na’malarini.
Bilsa edi sitamlarimni,
Oltinnigoh yulduzlar uchib,
Ketkizay deb alamlarimni,
So‘zlardilar yonimga tushib.
Ular bilmas qayg‘umni, ammo,
Bir go‘zalga faqat u ayon:
Chunki o‘sha, o‘sha beparvo
Qilmish mening yuragimni qon.
23
Nechun so‘lmish birdan atirgul,
Aytgil menga, jonginam, nechun?
Nechun ko‘m-ko‘k maysalar malul,
Binafshalar bosh egmish nigun?
Nechun tilar havoni yetim
Bo‘zto‘rg‘ayning alamli sasi?
Nechun hayot daraxtidan jim
Taraladi o‘lim nafasi?
Nechun quyosh sochar sovuq nur,
Adirlarga boqar xo‘mrayib?
Nechun borliq kulrang, besurur,
Qabr kabi yotar shumrayib?
Nechun g‘arib, xastaman o‘zim,
Aytgil menga, jonginam, bu payt?
Aytgil menga, suyukli qo‘zim,
Nechun meni tashlab ketding, ayt?
24
Ular qancha tarqatdilar gap,
Qancha g‘iybat, qanchalar yolg‘on!
Bilmadilar, lekin, yomonlab,
Dil dardimni, afsus, hech qachon.
Achindilar ular g‘aming yeb,
Rahmi kelib chayqatdilar bosh
Atadilar meni yovuz deb,
Quloq tutding g‘iybatga yuvvosh.
Eng yomoni, lekin, to hanuz
Ko‘rinmadi g‘iybatlarida –
Nimadanki men qilsam nomus –
Yopiq qoldi qalbim qa’rida.
25
Jo‘kilar gullagan, bulbullar xushxon,
Quyosh ham jilmayar do‘stona, quvnab:
Bo‘ynimga chirmashib, lab cho‘zding komron,
Potragan ko‘ksingga, so‘ng, bosding yonib.
Qarg‘alar qag‘illar, barglarda g‘ussa,
Quyosh ham xo‘mrayar, avzoyi o‘zga;
«Alvido!» dedik biz – xo‘shlashuv qisqa,
Kiboriy ta’ziming o‘xshardi muzga.
26
Biz u payt hislardan yonardik lov-lov,
U dunyo na go‘zal, qanday bokira!
Kun bo‘yi o‘ynardik biz «kelin-kuyov»,
Janjalu arazni bilmasdik sira.
Biz u payt o‘pishib, bo‘sa sanardik,
Quchishib sho‘xu shan, erkalanardik.
Bolalik qildig-u, o‘rmonda bir kun
Berkinmachoq o‘ynab, yashirdik izni.
Shu-shu biz izlaymiz, chorlaymiz nigun,
Lekin topolmaymiz bir-birimizni.
27
Sodiq qolding sengina har vaqt,
Bir sengina qo‘llading qoim,
Taskin bo‘lding shafiq, muloyim,
Mendan yuzin o‘girganda baxt.
Non-suvimdan bo‘lding xabardor,
Qarz ham berding, kiyim-kechak ham
Va safarga otlanganim dam
Boshpurtni ham keltirding tayyor.
Jonim! Seni asrasin Xudo
Kun tig‘idan, ayozdan doim
Va shafqating uchun, iloyim,
G‘azabini ko‘rmasin ravo.
Olmonchadan Abdulla Sher tarjimasi
TUSh
(“Ro‘yolar” turkumidan)
Men ko‘ribman g‘aroyib bir tush,
Lol bo‘ldimu boshdan uchdi hush.
Tun-kechada ko‘rgan vahimam
Tinchlik, orom bermaydi bir dam.
Bir bog‘ ekan, yam-yashil bo‘ston,
Har yog‘ida jannatdan nishon.
Chaman-chotir ochilmish gullar,
Menga xandon boqarmish ular.
Qushlar, qushlar bu tushda najib,
Chirqillashar g‘aroyib, ajib.
Oltin quyosh yonar osmonda,
Ko‘rku chiroy, fusun har yonda.
Nechog‘ go‘zal, farog‘atli bog‘,
Shinam, so‘lim, tarovatli bog‘!
Borliq atrof olar ko‘zingni,
Zavqlarga g‘arq ko‘rgung o‘zingni.
Lim-lim hovuz, tursangiz qarab,
Suv quyilar unga sharqirab.
Qo‘llarida oq mato, yolg‘iz,
Shoshilmasdan kir yuvar bir qiz.
Nozik ado farishtasimon,
Oltin sochi o‘g‘irlar iymon.
Suygulimdek tuyular, hayhot,
Meniki-yu… menga yetti yot.
Suv quyilar, suv oqar jo‘shib,
Suvga boqib qiz aytar qo‘shiq:
“Sharqirayber, oqaber, oq, oq!
Yuvib bergin kirimni tezroq!”.
Boramanu yoniga asta,
Shivirlayman unga shikasta:
“Ayt-chi, oyqiz, gar bo‘lmasa sir,
Kimga atab yuvmoqdasan kir?”
Javob berar ul nozikbadan:
“Bilib qo‘ygin, bu – senga kafan!”
G‘oyib bo‘lar shu lahza arvoh,
Men qolurman degancha: “Evoh!..”
…G‘aroyib bir o‘lkadadurman,
Ro‘baro‘mda dahshatli o‘rmon,
Daraxtlari o‘rlagan ko‘kka,
Ko‘z uzolmay boqaman tikka…
“Taq-taq!” sasi keladi nogoh,
Xuddi kimdir boltada shu choq
Daraxt kesar edi; ul tomon –
Yurdim asta, dilda hayajon.
Yalanglikda pahlavonsimon
Bo‘y cho‘zgandi yam-yashil eman.
Shu on yermi, ko‘kdanmi olis –
Paydo bo‘lar bolta tutgan qiz.
Qiz boltani o‘ynatar jo‘shib,
Jo‘shib-jo‘shib ham aytar qo‘shiq:
“Hoy, boltajon, keskir bo‘l, keskir!
Keskirlikda tezgir bo‘l, tezgir!”
Boramanu yoniga asta,
Shivirlayman unga shikasta:
“Sir bo‘lmasa, kimga, do‘ndiqcha,
Yasamoqchi eding sandiqcha?”
“Rost aytaman, so‘zim yodda tut:
Senga tobut yasayman, tobut!”
G‘oyib bo‘lar shu lahza arvoh,
Men qolurman degancha: “Evoh!..”
… Ro‘baro‘mda taqir yer paydo,
Fayzi ham yo‘q, mash’um, bedavo.
Gung-lol turdim tikilib birpas,
Es-hushim ham o‘zimda emas…
Boqamanu dilim g‘ashlanar:
Oq doira ko‘zga tashlanar.
Tikilibroq boqqan mahalim,
Ko‘rdim: turar yana go‘zalim!
Qo‘llarida o‘tkir belkurak,
Er qaziydi tez-tez, jonsarak.
Noziknihol, ranglari bo‘zday,
Ko‘rinadi menga yovuzday.
Belkuragin tutgancha, jo‘shib,
U kuylaydi g‘alati qo‘shiq:
“Ey, belkurak, sen katta, zo‘rsan!
Ey sen qabr, chohday chuqursan!..”
Boramanu yoniga asta,
Shivirlayman unga shikasta:
“Ayt-chi, oyqiz, gar bo‘lmasa sir,
Kimga atab qazursan qabr?”
Javobdan naq aqldan ozdim:
“Bu qabrni sen uchun qazdim!..”
Shu kalomlar aytilgan zahot,
Ro‘baro‘mda ochildi lahad.
Yuragimni qamradi haros,
Shu lahadga quladim bexos.
Qabr meni qa’riga yutdi!
Qichqirdim-u uyg‘onib ketdim…
* * *
Birga jo‘sh urardi tuyg‘ularimiz,
O‘rtada teng edi shodlik ila g‘am.
“Er-xotin” o‘yinin o‘ynar edik biz,
Ammo urishmadik biror marta ham.
Yig‘lasak ham birga, kulsak ham birga,
O‘pishdik, suyushdik – joy yo‘qdir sirga.
Erkimiz bo‘sh qo‘ygan hayotning izni…
Bir kun bekinmachoq o‘ynab o‘rmonda,
Shundoq yashrindikki, bir-birimizni
Hanuz topa olmay qoldik armonda…
* * *
Qorong‘ida uylar ko‘rinar
Sirli sharpa, xayolot sifat.
Yomg‘irpo‘shga o‘ralganimcha
Men boraman, bir oz betoqat…
Minorada soat zang urar,
O‘n ikki! Eh, qolmas qarorim!
Toqatlari toq bo‘lib magar
Derazadan boqar dildorim!
Oy-chi, meni kuzatar doim,
Yuzlarimni yoritar nuri.
“Xayr!” deyman unga silkib qo‘l
Va kiraman uyga yugurib.
“Rahmat senga, sadoqatli do‘st,
Yo‘llarimga nur sochding so‘lim.
Senga endi ijozat, borgin,
O‘zgalarning yoritgin yo‘lin.
Agar qay bir oshiq notavon
Taqdiridan nolisa, darhol
Xuddi meni yupantirganday,
Boshin sila, asta ko‘nglin ol!..”
VALTASAR
Yulduzlar so‘ndilar, tun-chi, zimiston,
Uyquga g‘arq edi butun Vavilon.
Faqat shoh saroyi edi nurafshon,
Unda – baqir-chaqir, ham shovqin-suron.
Mehmonlar aytildi bunda sarbasar,
Bayram qilmoqchiydi podsho Valtasar.
A’yonlar yayrashib o‘ltirar bunda,
Maylar qadahlarda yaltirar bunda.
Obro‘si oshgandir may qadahlarning,
Shodmon lahzalarning, xush farahlarning.
Birdan podsho turdi o‘rnidan, ajab,
Nenidir esladi, bo‘ldi darg‘azab.
Jahl chiqsa aql qochar, deganday,
Ulug‘ ruhlarga ham tosh otdi atay.
Tanobin tortadi gunohkorlarning,
Badnomlar aylaydi aybi borlarning.
“Keltirishsun, – deydi podsho, – barini,
Yahudiy o‘lkasin boyliklarini.
Podsho askarlari topgan dafina,
Iegova g‘orat etgan xazina –
Shunda bo‘lsin bari!” Podsho olar may,
Oltinrang qadahni qo‘lidan qo‘ymay,
Sipqorar, og‘zida ko‘pik, g‘azabnok,
Uyat so‘zlarni der, dillar bo‘lar chok:
“Iegova, isnod tushar bo‘yningga,
Vavilon podshosi shunday der senga!..”
Lekin podsho so‘zi uzilib qolar,
Dilni sirli vahma egallab olar.
Birdan qiyqiriqlar tinar shu zahot,
Zalga kirib kelar go‘yoki mamot!
Birdan oq devorda – o‘ngmi yoki so‘l –
Shundoq paydo bo‘lar yonib turgan qo‘l.
Nelardir devorga yozar shu asno,
So‘ng esa yo‘qolar zulumot aro.
Podsho o‘lik misol ranglari oppoq,
Qotib qolgan edi telba bir nigoh.
Hammani, hammani qamradi dahshat,
Qo‘llarda qaltiroq, dillarda vahshat.
Sehrgarlar ham lol, uqisholmas chin
Lov-lov yonib turgan so‘zlar ma’nosin.
Tong otmay podshoga berdilar jazo:
Boshini tanidan etdilar judo…
* * *
Qo‘shiqlarim zaharlangan, rost,
Kim ham yetar mening dodimga.
Tap tortmading, bor zaharingni
Quya olding gul hayotimga.
Qo‘shiqlarim zaharlangan, rost,
Kuch yetgancha berding ozor san.
Yuragimda ilonlarim ko‘p,
Sen ham shular ichida borsan.
DIL IZHORI
(“Shimoliy dengiz” turkumidan)
Oqshom sekin quyula boshlar,
Shov-shuv qilib ko‘tarilar suv.
O‘ltiraman dengiz bo‘yida,
To‘lqinlarning o‘yinin ko‘rib.
Ko‘nglim esa dengiz kabi titrab qaltirar.
Dengiz kabi qayg‘u-hasrat qamragan uni,
Yorug‘ chehram, sog‘indim seni,
Charog‘bonim har joyda o‘zing,
Hamma joyda chorlaysan meni,
Sen har yerda, sen hamma yerda mujassam –
Shamollarning uvillashi,
dengizlarning guvullashi,
Mening ko‘nglim fig‘onlarida.
Qamish bilan qumga yozdim:
“Agnessa, men seni juda sevaman!”
Ammo yuvib ketdi yovuz to‘lqinlar,
Iz ham qo‘ymadilar dil izhorimdan
Yovuzlar…
Ey, sinayotgan qamish, ey sochilayotgan qum,
Ey mavj urgan to‘lqinlar,
Ishonchim yo‘q sizlarga ortiq!
Osmon qorayadi, yuragim esa yonar, o‘rtanar.
Bas, boraman Norvegiya o‘rmonlariga
Va eng baland archa tanlab olaman avval,
So‘ng kuchli qo‘l bilan yerdan shartta sug‘urib,
Botiraman lang‘illagan Etna-vulqonga,
So‘ngra o‘tga to‘yingan ul ulkan qalam-la
Shunday so‘zlar yozajakman osmon toqiga:
“Agnessa, men seni juda sevaman!..”
Har tunda lovullab alanga olar
Yuksakda balqigan o‘tli yozuvlar.
Nabira, chevara, evaralar ham
Zavqu hayrat bilan o‘qurlar ayon,
Qalblari bemisl shodlikka to‘lar,
Chunki, u so‘z emas, Osmon so‘zlari,
Osmon so‘zlariyu, imon so‘zlari:
“Agnessa, men seni juda sevaman!”
* * *
Sevishardi ular bir-birin,
Uchrashishmas edilar biroq.
Ishq deb bo‘ldi jonlari halak,
Lek adovat ayladi yiroq.
Ayrildilar; eslar bir-birin
Endi tushda ko‘rganlarini.
Bilmasdilar ular o‘zlarin
Allaqachon o‘lganlarini…
GRENADYoRLAR
Rus asirligidan Frantsiyaga
Ikki askar qaytar, boshlar egik, xam.
Yo‘q biron jo‘yali fikr miyada…
Olmon yerlariga qo‘ydilar qadam.
Dashnomlar tinglash bor isnodlar uchun,
Poymolu xor bo‘lgan mamlakat sha’ni,
Maydonda chilparchin jangovar qo‘shin,
Hatto imperator asir tushgani…
Noxush xabarlardan bag‘ri-dili qon,
Askarlarning biri sherikka dedi:
“Birodar, yuragim zirqirar yomon,
Eski yaralarim ochilib ketdi!..”
O‘zgasi der: “O‘rtoq, etsam dil izhor,
Ortiqchaman endi jahonda men ham.
Lekin uyda xotin, bola-chaqa bor…
Ammo hech vaqo yo‘q, bari ship-shiydam.
Boshga tushganini ko‘radi chin mard,
Xotin, bola-chaqa ko‘rar bir kunin.
Ko‘nglimni qiymalab turar boshqa dard:
Imperator – asir, asirdir, bu chin!
Ushbu vasiyatim xotiringda tut:
Gar bunda tugasa askar hayotim,
Mening jasadimni yurtga olib ket,
Ul yerda dafn et, shuldir murodim!
Qizil tasmaga tiz ordenlarni sen,
Yuragim ustiga terib qo‘y qator.
Nayza ber, nayzamga suyangayman men,
Qurol tutqizmasang qo‘limga – bekor!
Xuddi soqchilikda turgandek vazmin,
Men sergak yotaman lahadda, o‘rtoq,
Zambarak ovozin, burg‘ular sasin,
Otlarning kishnashin eshitganim chog‘,
Bas, ayon, U kelar mozorim sari,
Bayroqlar dillarga soladi surur.
Shunda, Imperator, sodiq askaring
Qabridan chiqadi poyingga mag‘rur!
* * *
Ajralishar ekan ikki dil,
Xayr, deya qolmayin bardosh,
Bir-biriga uzatarlar qo‘l,
Oh chekarlar, ko‘zdan to‘kib yosh.
Bizga ajrash bo‘lmadi qiyin,
“Xayr!” dedik ikki bag‘ri tosh.
Har tomonga ketdigu keyin
Ayri-ayri ko‘zdan to‘kdik yosh…
Rus tilidan Muhammad Ali tarjimasi